3. Axloqiy madaniyat va kasbiy odob muammosi.
Davlat va fuqarolik jamiyatidagi axloqiy yuksaklik darajasini ular fuqarolari axloqiy madaniyati belgilaydi. Axloqiy madaniyat shaxsning jamiyat axloqiy tajribalarini egallashi va bu tajribalardan boshqa odamlar bilan bo’lgan munosabatlarida foydalanishi, o’z-o’zini muntazam takomillashtirib borishi singari jihatlarni o’z ichiga oladi. Qisqasi, u shaxs axloqiy taraqqiyotining belgisi hisoblanadi. Zero axloqiy madaniyat axloqiy tafakkur madaniyatining qator unsurlarini o’z ichiga olgan tuzilmadir. U shaxsning o’zgalar bilan o’zaro munosabatlarida namoyon bo’ladi.
Axloqiy madaniyatning eng muhim unsurlaridan biri-muomala odobi. U mohiyatan o’zaro hamkorlikning shakllaridan biri. Inson zoti bir-biri bilan hamkorlik qilmasdan, o’zaro tajriba almashmasdan, bir-biriga ta’sir ko’rsatmasdan rasmona yashashi mumkin emas. Muomala odam uchun ehtiyoj, zarurat, sog’lom kishi usiz ruhan qiynaladi, kayfiyati tushib boradi. Bu o’rinda buyuk ingliz yozuvchisi Daniel Defo qalamiga mansub mashhur «Robinzon Kruzoning sarguzashtlari» asarini eslashning o’ziyoq kifoya: Jumaboyni topib olgan Robinzonning naqadar quvonishiga ham sabab ana shunda.
Muomala odobi boshqa kishilar qadr-qimmatini, izzatini joyiga qo’yishni, an’anaviy axloqiy me’yoriy talablarni bajarishni taqazo etadi. Shuning barobarida, u insondagi yaxshi jihatlarni namoyon etishi, ko’zga ko’rsatishi bilan ham ajralib turadi. Uning eng yorqin, eng sermazmun va eng ifodali namoyon bo’lishi so’z, nutq vositasida ro’y beradi. So’zlash va tinglay bilish, suhbatlashish madaniyati muomalaning muhim jihatlarini tashkil etadi. Shu bois muomala odobi o’zini, eng avvalo, shirinsuhanlik, kamsuqumlik, bosiqlik, xushfe’llilik singari axloqiy me’yorlarda namoyon qiladi.
Muomala odobining yana bir «ko’zgusi» bu –insoniy qarash, nigoh. Ma’lumki, odamning qarashida, yuz ifodasida, qo’l harakatlarida uning qay sabablardandir tilga chiqmagan, so’zga aylanmagan hissiyoti, talablari o’z aksini topadi. Chunonchi, suhbatdoshining gapini oxirigacha eshitmay, qo’l siltab ketish – muomaladagi madaniyatsizlikni anglatadi. Ba’zan qarab qo’yishning o’zi so’zdan ham kuchliroq ta’sir ko’rsatadi. Deylik, bir quruvchi usta o’z shogirdining xatti-harakatlaridan noroziligini bildirish uchun bosh chayqab, jilmayib qo’yishi mumkin. Ikkinchi usta esa, bir lahza o’qrayib qarash bilan munosabatini ifodalaydi. Birinchi usta yuz ifodasi va xatti-harakati bilan; «Obbo shovvoz-ey, sal shoshilibsan-da, ha, mayli, zarari yo’q, shunaqasi ham bo’ladi», degan ma’noni anglatsa, ikkinchi ustaning qarashidan; «Yana ishni rasvo qilibsan-ku, padarla’nat, qachon odam bo’lasan?!», degan so’zlarni uqish mumkin. Shubhasiz, birinchi usta muomalada odobga rioya qilgan bo’lsa, ikkinchisi uning aksi – shogirdining emas, o’zining odobsizligini ko’rsatmoqda.
Umuman olganda, muomala odobi kishilarning nasihat va odob o’rgatishsiz bir-biriga ta’siri, tarbiya va o’z-o’zini tarbiya vositasi sifatida diqqatga sazovor. Shu sababli yoshlarimizda muomala odobini shakllantirish hozirgi kunda jamiyatimiz oldida turgan muhim vazifalardan. Bunda ota-onaning, mahalla-ko’yning ta’siri katta. Undan foydalana bilash kerak. Zero axloqiy komillikka erishish muomala odobini egallashdan boshlanadi.
Axloqiy madaniyat yaqqol ko’zga tashlanadigan munosabatlar ko’rinishidan biri, bu – etiket. U ko’proq insonning tashqi madaniyatini, o’zaro munosabatlardagi o’zni tutish qonun-qoidalarining bajarilishini boshqaradi. Agar muomala odobida inson o’z munosabatlariga ijodiy yondoshsa, ya’ni bir holatda bir necha muomala qilish imkoniga ega bo’lsa, etiket muayyan holat uchun faqat bir xil qoidalashtirib qo’yilgan xatti-harakatni taqozo etadi.
Etiketning qamrovi keng, u, ma’lum ma’noda, xalqaro miqyosda qabul qilingan muomala qonun-qoidalarini o’z ichiga oladi. Masalan, siyosiy arbob etiketi, mehmondorchilik etiketi va h. k. Etiketga rioya qilishning mumtoz namunasini biz tez-tez televizor ekrani orqali ko’rib turamiz. Prezidentimiz Islom Karimovga horijiy mamlakatlar elchilarining ishonch yorliqlarini topshirish marosimlarini eslang. Unda faqat bir xil holat, halqaro miqyosda o’rnatilgan qoida hukmron. Uni Prezidentning ham, elchilarning ham buzishga haqqi yo’q. Yoki juda oddiy, kichkina bir misol: dasturxonda tanovul payti, pichoqni o’ng qo’lda ushlash zamonaviy mehmondorchilik etiketining qat’iy qoidalaridan biri sanaladi – uni buzish atrofdagilarda hayrat va istehzo uyg’otadi. Shu bois etiketni odat tusiga aylantirilgan, qat’iylashtirilgan muomala odobi deyish ham mumkin.
Etiket – takallufning mayda-chuyda jihatlarigacha ishlab chiqilgan odob qoidalari sifatida ijobiy, kishining ko’zini quvontiradigan muomala hodisasi. Lekin, ayni paytda, u asl axloqiy asosini yo’qotgan majburiy mulozamat tarzida ham namoyon bo’ladi: etiket qoidalarini bajarayotgan kishi aslida o’z xohish-ixtiyoriga qarshi ish ko’rayotgan bo’lishi ham mumkin. Bu jihatdan u munofiqlikning bir ko’rinishiga aylanadi. Masalan, siz ertalab ishga shoshilib, darvozadan chiqdingiz, deylik. Ro’parangizda tanishingiz yoki qo’shningiz uchraydi. Siz ko’rishib, hol-ahvol so’rashib uni: «Qani uyga kiramiz, choy qilamiz, bir hangomalashamiz», deb ichkariga taklif qilasiz. Lekin, aslida, siz uning uyga kirishini aslo istamaysiz, vaqtingiz yo’q, hatto, shu uchrashganda ketgan vaqtingizni o’ylab, pitirlab turibsiz. Demak, siz o’z istagingizga qarshi, etiket-mulozamat yuzasidan yolg’on gaplarni aytasiz, hunuk eshitilsa ham na chora – munofiqlik qilasiz. Shunga qaramay, umuman olganda, etiket shaxsni muayyan tartib-qoidaga, qanday ichki ruhiy sharoitda bo’lmasin, bosiqlikka, muloyimlikka va sabr-toqatga o’rgatishi bilan ahamiyatlidir.
Dostları ilə paylaş: |