Oila, fuqarolik jamiyati va davlatning axloqiy asoslari hamda shaxs axloqiy tarbiyasi


 Axloqiy tarbiya hamda uning yo’llari va vositalari



Yüklə 95,5 Kb.
səhifə4/4
tarix02.01.2022
ölçüsü95,5 Kb.
#47128
1   2   3   4
Oila, fuqarolik jamiyati va davlatning axloqiy asoslari hamda shaxs axloqiy tarbiyasi

4. Axloqiy tarbiya hamda uning yo’llari va vositalari.

Axloqiy madaniyat kasbiy odobda ham yaqqol ko’zga tashlanadi. Chunki inson voyaga etib, bir kasbning boshini tutgach, o’z kasbi doirasida odamlar bilan muntazam munosabatda bo’ladi. Bu munosabat, bir tomondan, hamkasabalar davrasida ro’y bersa, ikkinchi jihatdan, u kasb talabiga binoan uchrashadigan turli toifadagi odamlar bilan yuzaga keladi. Ayni paytda, kasbiy odob axloqiy madaniyatning eng yuksak shakllaridan biri, uning jamiyat axloqiy hayotidagi o’rni yuksak. Shu bois kasbiy odobga bafurjaroq to’xtalish joiz.



Har bir jamiyatda muayyan guruhlar borki, egallagan kasblari ularni boshqa jamiyatdoshlariga nisbatan imtiyozli darajaga olib chiqadi. Ko’pchilik jamiyat a’zolarining hayot-mamotlari, sog’ligi, ma’naviy sog’lomligi, huquqiy himoyasi, ilmiy salohiyatining namoyon bo’lishi kabi omillar o’shanday imtiyozli kasb egalarining o’z kasbiy burch mas’uliyatini qay darajada his etishlariga, halollik va vijdon yuzasidan ish ko’rishlariga bog’liqligi hammaga ma’lum. Chunonchi, tabobat xodimini, jarrohni olaylik. Deylik, u har bir operaцiya kunida bir necha kishini hayotga qaytaradi; yuzlab odamlar uning yordamiga muhtoj, unga umid va ishonch ilinji bilan qaraydilar. Bordi-yu, shaxsiy manfaat yo’lida jarroh o’z bemoriga xiyonat qilsa-chi, ya’ni, uni qasddan halok etsa-chi? Kim uni shunday qilmasligini kafolatlaydi? Yoki jurnalistni olaylik. U shaxsiy manfaati yo’lida, kasbining kamyobligidan foydalanib, begunoh kishilarni ma’naviy azobga qo’yishi, atayin jamiyat oldida sharmanda qilishi va shuning hisobiga o’zining ba’zi bir muammolarini hal qilib olishi mumkin emasmi? Mumkin. Zero, to haqiqat yuzaga chiqquncha, nohaq tanqidga uchragan shaxsning adoi tamom bo’lishi hech gap emas. Xo’sh, jurnalistning shunday qilmasligini kim kafolatlaydi? Shu bois boshqalarning qo’lidan kelmaydigan ishlarni bajara oladiganlar faoliyatida o’zboshimchalik, manfaatparastlik, xudbinlik va kasbni suiste’mol qilish singari illatlarga yo’l qo’ymaslik uchun, shuningdek, ular axloqiy darajasini yuksak bosqichda turishini ta’minlash maqsadida ko’p hollarda o’zaro qoidalar majmui yaratilgan. Bu qoidalar majmui, odatda, qasamyod yoki me’yorlar ko’rinishini olgan. Uni buzish o’ta odobsizlik va axloqsizlik, hatto jamiyatga xiyonat tarzida baholanadi. Bunday qasamyodlar juda uzoq tarixga ega. Misol tariqasida hozirgi kunda ham o’z ahamiyatini yo’qotmagan Qadimgi Yunon Hakimi hippokrat (milodgacha V-IV asrlar) tomonidan qisqa va lo’nda shaklda tuzilgan, tabobat xodimlari kasbiy odobi, qonun-qodalari jamlangan mashhur «Hippokrat qasami»ni keltirish mumkin.

Tarixda o’z dushmanini davolagan tabiblar ham ko’p uchraydi. Chunonchi, qadimgi hind eposi «Ramayana»da (II-asr) behush yotgan Lakshman boshida turgan devlar shohining xos tabibi kechinmalari shu jihatdan muhim. Tabib oldida ikki yo’l bor edi: biri – saltanat dushmanini muhtoj bemor sifatida davolash, ikkinchi yo’l davolashdan bosh tortish bilan uni o’limga mahkum etish. Tabib uzoq mulohazadan so’ng, tabiblik odobi qoidalariga bo’ysunishni – Lakshmanni davolashni afzal ko’radi. Zero kasbiy odob qonun-qoidalari talabiga ko’ra, bemor to’shagi ustidagi tabib uchun do’st yoki dushman degan tushunchalar o’z ma’nosini yo’qotadi, uning qoshida faqat tibbiy yordamga intizor, shafqatga muhtoj, zaif inson yotadi. Davolanib hayotga qaytgan Lakshman devlar mamlakatining tengsiz buyuk jangchisi va saltanat valiahdi Indirjidni jangda halok etadi hamda tabib fuqaro bo’lgan Lanka davlatining tanazzuliga yo’l ochadi. Lekin, kitobxon tabibni xiyonatkor yoki sotqin demaydi, aksincha, uning ma’naviy jasaratiga, halolligiga, kasbiy burchiga sodiqligiga hayrat bilan tasannolar o’qiydi. Yoki mashhur rus olimi akademik Andrey Saxarovning taqdirini olaylik. Buyuk nazariyotchi, fizik, termoyadro sohasida tengi yo’q mutaxassis, vodorod bombasining asosiy kashfiyotchisi, Vatan mudofaasini mustahkamlashdagi xizmatlari uchun o’nlab orden va medallar sohibi, ikki marta Sotsialistik Mehnat Qahramoni, obro’li, badavlat bu insonga nima etishmasdi? Nega u hammasidan kechishga – ommaviy qirg’in qurollarini, jumladan, o’zi yaratgan vodorod bombasi sinovlariga ochiq bayonotlar bilan qarshi chiqishga ahd qildi. Natijada qatag’onlarga asoslangan Sho’rolar tuzumi uni ilmiy jamoatchilikdan ajratib, poytaxtdan olisdagi Rossiya shaharlaridan biriga badarg’a qildi, uning nomini matbuotda yoki kitoblarda qayd etilishini ta’qiqladi. Vaholanki, u hammadan izzatliroq yashay olishi mumkin edi. Saxarov yuksak axloq yo’lini tanladi – olimlik burchi, odobi talablarini bajarishni har qanday boylik, izzat-ikromdan baland qo’ydi. Buyuk olim o’z kashfiyoti insonning eng oliy huquqi bo’lmish – yashash huquqiga rahna solishi mumkinligi va qisman solayotgani uchun uni amalda qo’llanilishiga qarshi kurashdi. U sho’rolar mafkurasining o’zini Vatan mudafaasi quvvatini susaytirishga harakat qilgan salkam xiyonatkor fuqaro deb e’lon etishiga, boshiga behisob tuhmatlar, ta’na-dashnomlar yog’dirishiga sabot bilan chidadi, ahdidan qaytmadi, yovuzlik saltanati qo’lida o’z olimlik iste’dodining qo’g’irchoq bo’lishiga, harbiy murvatga aylanishiga yo’l qo’ymadi. Oxir-oqibatda u inson huquqlarining jahon tan olgan eng buyuk himoyachilaridan biri sifatida butun insoniyat tahsiniga sazovor bo’ldi. Bunday misollarni ko’plab keltirish mumkin.

Bulardan tashqari, muallimlik odobi, huquq-tartibot hodimlari odobi, muhandis odobi singari birqancha kasbiy odob turlari borki, ular ham jamiyatda axloqiy munosabatlar silsilasida muhim ahamiyatga ega. Shuni ham aytish kerakki, barcha kasbiy odob qonun-qoidalarining ta’sir doirasi, miqyosi bir xil emas. Ba’zi bir kasbiy odobning buzilishi oddiy odobsizlik doirasidan chiqib, axloqsizlikka aylanib ketadi.

Insonning axloqiy hayoti uning axloqiy tarbiyasi bilan chambarchas bog’liq. Zero axloqiy tarbiya insonning shaxs bo’lib etishuvini ta’minlaydigan uzluksiz jarayonlaridan biri. Unda individ axloqiy qadriyatlarni anglab etadi, o’zida axloqiy fazilatlarni barqaror etadi, axloqiy tamoyillar va me’yorlar asosida yashashga o’rganadi. Axloqiy tarbiya insoniyat tarixi mobaynida ikki muhim masalaga javob izlaydi: bulardan biri-qanday yashamoq kerak, ikkinchisi – nima qilmog’-u, nima qilmaslik lozim. Ana shu savollarga javob izlash jarayoni axloqiy tarbiyaning amaliy ko’rinishidir.

Tarbiya ona qornidan boshlanadi degan gap bor. Uning asl ma’nosi, avvalo, ota-onaning o’zi axloqiy tarbiya ko’rgan bo’lishi kerak degani. Zero qush inida ko’rganini qiladi: ota-ona oilada yuksak axloq namunasini ko’rsatishi lozim.

Shuni ham alohida ta’kidlash lozimki, axloqiylik insonda faqat axloqiy tarbiya vositasidagina vujudga keladi, degan moddiyatchilik qarashlari ko’p yillar mobaynida hukmronlik qilib keldi. To’g’ri, axloqiy tarbiyaning ahamiyati nihoyatda katta. Lekin axloqiylik insonga uning insoniylik belgilaridan eng muhimi sifatida ato etilgan ilohiy ne’mat. Shu ma’naviy ne’mat – asosni axloqiy tarbiya yordamida takomillashtiramiz. Aks holda maymun va itlardan ham axloqiy mavjudot tarbiyalab etkazishimiz mumkin bo’lur edi.

Axloqiy tarbiyaning barcha zamonlar uchun dolzarb bo’lgan yo’li bu – namunaviylik tamoyili. Oilada, avvalo, yuqorida aytilganidek, ota-ona bolaga axloqiy namuna bo’lishi kerak. Maktabda va oliy o’quv yurtida muallimlarning ta’lim berish usullaridan tortib, to «mayda-chuyda» xatti-harakatlarigacha o’z shogirdlari tomonidan shaxsiy namuna tarzida qabul qilinishini nazardan qochirmaslik lozim. Ustoz-shogirdlik munosabatlaridagi muomala odobi, halollik, rostgo’ylik yoshlar axloqiy tarbiyasining shakllanishini ta’minlovchi omillardandir.

XULOSA

Shunday qilib, axloqiy tarbiya inson farzandini takomilga, komillikka etkazish yo’llaridan biri. Uning vositalari ko’p. Ularning bir qismi an’anaviy tarbiya vositalari bo’lsa, yana bir qismi zamonaviy vositalar. Odatda, har ikki turdagi vositalardan foydalaniladi. Chunonchi, maktabgacha bo’lgan axloqiy tarbiyada ertak va rivoyatlar vositasidagi an’anaviy tarbiya bilan o’yinchoqlar va o’yinlar vositasidagi zamonaviy tarbiya muvaffaqiyatli qo’llaniladi; bunda bolaning qizg’anchiqlik, g’irromlik qilmaslikka, halol bo’lishga o’yinlar yordamida da’vat etiladi. Bolalar axloqiy tarbiyasida televidenie, radio, qo’g’irchoq teatri, kino san’ati katta rol o’ynaydi.

Umuman, axloqiy tarbiyaning eng kuchli vositasi-san’at. Bu vosita aholining barcha tabaqasini, turli yoshdagi shaxslarni qamrab oladi. Ayniqsa, san’atning badiiy adabiyot turi keng qamrovli. Ertakdan tortib, romangacha bo’lgan janrlarda chop etilgan asarlar shaxsning axloqiy shakllanishida ulkan xizmat ko’rsatadilar. Ular orqali kitobxon tarbiyalanuvchi sifatida ezgulik va yovuzlik nimaligini badiiy idrok etadi; ideal tanlashda ham ularning ahamiyati katta. Bundan tashqari, badiiy adabiyotning bevosita axloqiy tarbiyaga mo’ljallangan hikoyatlar, rivoyatlar va nasihatlar majmualari borki, biz ularni, yuqorida ko’rganimizdek, pandnomalar deb ataymiz: «Kalila va Dimna», «Qobusnoma», «Guliston», «Zarbulmasal» singari bunday mumtoz asarlar an’anaviy axloqiy tarbiya vositasi sifatida necha asrlardan buyon qanchadan-qancha avlodlarga xizmat qilib keldi, bundan buyon ham shunday bo’lib qolajak.

Hozirgi paytda axloqiy tarbiyaning eng kuchli zamonaviy vositasi sifatida televidenieni keltirish mumkin. U deyarli barcha san’at turlarida yaratilgan asarlarni ekranlashtirish va ekranda ko’rsatish imkoniga ega. Bundan tashqari, unda maxsus axloqiy tarbiyaga bag’ishlangan muntazam ko’rsatuvlar ham berib boriladi. O’zbek tilidagi «Otalar so’zi-aqlning ko’zi», «Rivoyat», «Oqshom ertaklari» singari ko’rsatuvlar bunga misol bo’la oladi. Shu bois televidenie hech qachon engiltaklikni targ’ib etuvchi qo’shiqlar, salkam pornografik reklamalar, inson qalbini qatttiqlashtiradigan «o’ldir-o’ldir»lardan iborat videofilmlar korxonasi bo’lib qolmasligi kerak.



Axloqiy tarbiyaning aqliy-ma’naviy va jismoniy tarbiya bilan qo’shib olib borilishi maqsadga muvofiq. O’shanda jamiyatimiz har jihatdan kamol topgan fuqarolik jamiyatiga aylanadi. Mamlakatimizda buning uchun barcha huquqiy-ijtimoiy shart-sharoitlar yaratilgan.

Adabiyotlar:



1. Karimov I.A. O’zbekiston buyuk kelajak sari. T., «O’zbekiston». 1998.

2. Karimov I.A. O’zbekiston XXI asrga intilmoqda. T., «O’zbekiston». 1999.

3. Karimov I.A. Donishmand xalqimizning mustahkam irodasiga ishonaman. «Fidokor» gazetasi, 2000 yil, 8-iyun.

4. Gegel G. Filosofiya prava. M., «Misl», 1990.
Yüklə 95,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin