2.2.Bolalarda tolerantlik tafakkurini shakllantirishda maktab, oila va mahalla hamkorligining pedagogik shart-sharoitlari
Yoshlarda tolerantlik tafakkurini shakllantirishda ta’lim jarayonining barcha ishtirokchilari, ya’ni oila, maktab, nodavlat tashkilotlari hamkorligining ta’minlanishi juda katta ahamiyat kasb etadi. Chunki xuddi mana shunday tartibda ta’lim jarayoni tashkil qilinganda bolada bilim olish uchun ham, bilimlarni sinab, tajribadan o’tkazish uchun ham, bilimlarni o’zgalarga ko’rsatish uchun ham, bilimlarni hayotiy norma va axloqiy misollar bilan tasdiqlab olish uchun zarur pedagogik poligon yaratilgan bo’ladi. Mazkur hamkorlik pedagogik jarayonning uzviyligi, bir biriga aloqadorligi, bir birini to’ldirishi uchun juda katta imkon yaratadi. Bola oilada olgan bilimlarini, maktabda olgan bilimlar bilan to’ldirib boradi. So’ngra nodavlat tizimlaridagi tashkil qilingan turli tadbirlar orqali, ularni tasdiqlaydi, hayotiy misollar bilan insonlar taqdirida o’z bilimlarining nechog’li zarur ekanligiga iqror bo’ladi.
O’zbek xalqi milliy qadriyatlari tizimida mahalla o’ziga xos o’rin tutadi. O’zbek xalqi “Mahalla – ham onang, ham otang” deb bejiz aytmagan. Mahalla tizimi ko’pchilik hollarda oilalarni inqirozlardan asrab qoluvchi vosita hisoblanadi.
Oilada yoshlar tolerantligini shakllantirishda ta’lim va tarbiya jarayonining uzluksizligi, davomiyligi, maqsadli tashkil qilinishi, kompleksliligi, oilaviy ta’limning maktab ta’limi jarayoniga integrasiya qilinganligi, oila ichida va oiladan tashqarida tolerantlik muhitining mavjudligi kabi omillarga aloqador tarzda rivojlantiriladi. Bu jarayonda tolerantlik fazilatlarini shakllantirish oila tizimi va maktab ta’limi tizimiga mutanosib tarzda, ta’lim jarayoni xususiyatlari va metodlarini nazarga olgan holda, ularning bir-birinining mazmunini to’ldirishini hisobga olgan holda tashkillantirilishi juda katta ahamiyat kasb etadi. Mahalla orqali esa bola turli inqirozli vaziyatlar yechimini ko’radi, mahalladagi tadbirlar orqali bolaning ilmiy bilimlari rang-barang hayotiy voqyealar bilan boyitiladi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, oila, maktab va mahalla tizimlari o’rtasida tolerantlik mazmunining turli qirralarini shakllantirish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Demak, oiladagi tolerantlik xususiyatlarining shakllantirilishi uning umumiy ilmiy mazmunining oila ta’limi, maktab ta’limi va mahalla ta’limi jarayonlari uchun mutanosib va maqsadli tarzda bo’linishi hisobiga differensiasiya qilinadi.
Yoshlar tolerantligini shakllantirishda oila, maktab va mahallada hamkorligiga o’zbek millatining o’ziga xos milliy qadriyatlari asosida hamda maxsus dasturlar asosida tashkillashtirilishi juda katta pedagogik samaralar asosi bo’lib xizmat qilishi mumkin. Shu bois, tadqiqotda o’smir yoshdagi bolalarning oila, maktab va mahalla hamkorligidagi milliy va umumbashariy omillarini nazarda tutgan holdagi tarbiyaviy modeli taklif qilindi. Mazkur model o’smir yoshdagi bolalar tolerantligini shakllantirishda pedagogik maqsadning yoshlarga qaratilgan davlat siyosati va yoshlarni oilaga tayyorlash maqsadlari bilan uzviy bog’lashga imkon yaratdi.
Yoshlar tolerantligini shakllantirishda oila, maktab va mahalla hamkorligi yoshlarda quyidagi sifatlarni tarbiyalashga qaratildi: oilaga muqaddas va mas’uliyatli munosabat, oilani e’zozlash, ma’naviy barkamollik, tolerantlik asosidagi axloq normalari, oilada o’zaro munosabatlar va muloqot madaniyati, tashabbuskorlik, faollik, ijodkorlik, tibbiy va ma’naviy sog’lomlik, jismoniy va ruhiy barkamollik, yetakchilik va tadbirkorlik, o’zaro muhabbat, adolat, insonparvarlik, insoniylik, to’g’rilik, kamtarlik, samimiylik, ota-onaga hurmat, mehr-muruvvat, sahovat, bag’rikenglik, sadoqat, vafodorlik, gunoh ishlardan qochish, sabr-toqat, o’z va’dasi ustidan chiqish, ilmli bo’lish, iffat, rostgo’ylik, pokizalik, halollik, himmat va bardoshlilik, xushxulqlilik, shukr, hayo, tejamkorlik, halimlik, viqor, rahm-shavqat va shukronalik.
Yoshlar tolerantligini shakllantirishda quyidagi tarbiyaviy vositalardan foydalanish maqsadga muvofiq ekanligi aniqlandi:
a) oiladagi tolerantlik shaxsiy tolerantlik va jamiyatdagi tolerantlik jarayonlariga qanday ta’sir ko’rsatishini keng va amaliy misollar bilan tushuntirish;
b) atoqli kishilar, allomalar, badiiy asarlar va kino filmlar qahramonlari hayotidan olingan dalillar orqali tolerantlik g’oyalarini targ’ib qilish;
v) xalq og’zaki ijodi namunalari, milliy qadriyatlar tizimi va islom dini, boshqa dinlar tarixida tolerantlik bo’yicha bildirilgan fikrlarni tushuntirish va targ’ib qilish;
g) oilaviy udumlar va an’analar tizimida tolerantlik g’oyalarini bolalar tafakkuriga singdirish, ularning tolerantligini kuchaytirish va takomillashtirish;
d) ota-onalarning tolerantlik borasidagi bilim va malakalarini kuchaytirish, ular uchun mahallada maxsus seminar-treninglar tashkil qilish.
Mahalla tizimi orqali oila va bolalar tolerantligini shakllantirishda maxsus dasturlar va ish rejasi orqali faoliyat yurgizish, faoliyat doirasiga seminarlar, treninglar, davra suhbatlari, o’zaro muloqotlar, mutaxassislar bilan maxsus uchrashuvlar, ibratli oilalar targ’iboti, ko’rik tanlovlar o’tkazish, anketa-so’rovnomalar asosida aholi qatlamlari ichidagi ijtimoiy muammolarni aniqlash kabi shakllar samarali natijalarni beradi. Mahalla bunday tadbirlarni o’tkazishda jamoa orasidagi qiziqishni va ixtiyoriy tarzdagi manfaatdorlikni hisobga olishi zarur bo’ladi. Mana shunday tarzda oila, maktab va mahalla hamkorligi o’rnatilganda pedagogik ish faoliyatining samaradorligi oshiriladi. Shu bois, maktab va mahalla tizimi orqali oiladagi o’smir yoshdagi bolalar tolerantligini shakllantirish faoliyatini quyidagi individual va ommaviy tadbirlar orqali olib borish maqsadga muvofiq hisoblanadi: - ommaviy tadbirlar; - guruhlar bilan ishlash; - yakka tartibda ishlash; - oilalar bilan maxsus ishlash.
Yoshlar tolerantligini shakllantirishda diniy omil, din va davlat munosabatlarini to’g’ri va mutanosib anglatishni nazarda tutadi, shuningdek, sof diniy aqidalar tarkibidagi insonparvarlik omillarini o’z mazmuniga qamrab oladi. Diniy aqidaparastlikning qoralanishi va inkor etilishi yuqorida ko’rsatilgan ikki jihat: din va davlat munosabatlari va sof diniy aqidalar nuqtai nazaridan ham zamonaviy talabga javob berishini yoshlarga kengroq tushuntirilishini talab etadi. Ana shu ikki jihatni aloqadorlikda va bir-birini to’ldirish asosida yoshlar ongiga singdirish yoshlar tafakkurini dunyoviylik va tolerantlik asosiga qurish imkoniyatini yaratadi.
Diniy marosim va urf-odatlar mazmunini to’g’ri anglash, ularning qaysi birlari odat, qaysilari farz ekanligini bilish, amri ma’ruf, mavlud, aqiqalar, motam marosimlari bilan bog’liq an’analarni o’tkazishga qo’yiladigan sog’lom islom talablarni qabul qilish, umuman islom diniga bo’lgan munosabatni dunyoviylik asosida talqin qilish kabi masalalar ham oiladan tashqarida maktab tizimi va mahalla tizimi orqali o’smir yoshdagi bolalar ongida shakllantirilishi lozim.
Mahalla va maktab hamkorligi asosida “Islom tarixi to’garagi”, “Kitobxonlar oilasi”, “Siz so’rang, biz javob beramiz” qutichalari, “Eng ma’rifatli va bilag’on imom xatib” tanlovlari, “Mahalla – tolerantlik o’chog’i”, “Mahalla demokratiya darsxonasi”, “Ma’naviy va ma’rifiy, mafkuraviy sog’lom inson”, “E’tiqod erkinligi”, “Diniy bag’rikenglik va totuvlik asoslari”, “Buzg’unchi va yot g’oyalardan o’zini asrash, sog’lom mafkuraviy g’oyalar tizimi”, “Yoshlarga qaratilgan turli tahdidlardan asrash ko’nikmalarini targ’ib qilish”, “Yoshlar zararli odatlarlarga qarshi” va boshqa turli tadbirlarni o’tkazish juda katta ahamiyat kasb etadi.
Tolerantlik na faqat inson faoliyati bilan, balki inson tafakkuri va ongi, uning yashash tarziga bo’lgan munosabati va mentaliteti, o’z hayot tarziga bo’lgan munosabati, inson ma’naviyatining bir qirrasi bilan aloqador bo’lgan empirik-psixologik jarayon hisoblanadi. Shu bois, tolerantlik targ’iboti na faqat oila, maktab va mahallaning, yoki muayyan individning, balki butun jamiyatning munosabati va faollik darajasiga aloqadordir.
Shunday qilib, oilada yoshlar tolerantligini shakllantirish o’ziga xos pedagogik jarayon bo’lib, unda na faqat oilaning o’zi, oila a’zolarining sayi-harakatlari, balki ijtimoiy-pedagogik institutlardan bo’lgan maktab ta’limi va mahalla ta’limi kabi tizimlar ham faol ishtirok etadi.
Dostları ilə paylaş: |