O‘lchashlar yaqinligi – bir xil sharoitlarda (bir xil o‘lchash vositasi, aynan o‘sha operator) bajarilgan o‘lchash natijalarining bir-biriga yaqinligini aks ettiruchi o‘lchash sifati. O‘lchashlarni bajarish usuliyati uchun o‘lchashlar yaqinligi juda muhim xarateristikalardan biri hisoblanadi.
O‘lchashlarning qayta tiklanuvchanligi – Turli sharoitlarda (turli vaqt, turli joy, turli usul va o‘lchash vositalari bilan, har xil operatorlar tomonidan) bajariladigan o‘lchash natijalarining bir-biriga yaqinligini aks ettiruvchi xususiyat. Mahsulotni sinash muolajalari uchun qayta tiklanuvchanlik juda muhim tavsiflardan biri hisoblanadi. O‘lchash ishonchliligi – mos kattaliklarning chin qiymatdan og‘ish ehtimollik tavsiflarining ma’lum yoki noma’lumligiga bog‘liq holda barcha natijalarni ishonchli va ishonchsizga ajratuvchi o‘lchash sifatining tavsifi. Ishonchliligi noma’lum bo‘lgan o‘lchash natijalari soxta ma’lumotlar manbai bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Variatsiya – ma’lum sharoitlar o‘zgarmas bo‘lganida o‘lchash diapazonining berilgan nuqtasida kattalik qiymatini orttirib yoki kamaytirib o‘lchashdagi o‘lchash vositasi ko‘rsatishlari orasidagi farq.
H = |Xort – Xkam|;
O‘lchash vositasi ko‘rsatishlarining variatsiyasi tasodifiy faktorlar ta’sirida yuzaga kelsa ham o‘zi tasodifiy kattalik emas.
Darajalash tavsifi (DT) deb eksperiment yo‘li bilan o‘lchash vositasi chiqish va kirish signali orasidagi bog‘lanishga aytiladi. Bu xarakteristika – analitik, grafik va jadval ko‘rinishida berilishi mumkin. DT ichki va tashqi sabablar ta’sirida o‘zgarishi mumkin. Masalan: tokning tez o‘zgarishida o‘lchash vositasi qo‘zg‘almas qismi inersiyasiga ko‘ra tok o‘zgarishini kuzata olmaydi.
O‘lchash vositasi xatoligi – uning asosiy metrologik tavsifidir.
Asosiy xatolik – bu o‘lchash vositasining normal ekspluatatsiya sharoitidagi xatoligidir.
Odatda metrologik tavsiflar o‘lchash vositalarining me’yorlangan va ishchi sharoitlari uchun alohida-alohida me’yorlanadi. Me’yorlangan sharoit deb ta’sir etuvchi kattaliklar ta’sirida metrologik tavsiflar o‘zgarishini hisobga olmasa ham bo‘ladigan shariotlarga aytiladi.
Ekspluatatsiyaning normal sharoiti:
Xona harorati 293 ± 5K yoki 20 ± 5 °C;
Havoning nisbiy namligi 65 ± 15% (20°C da) ;
Tarmoq kuchlanishi 220V ± 10% chastotasi 50 Gs±1%;
Atmosfera bosimi 97,4 ÷ 104 KPa;
hamda elektr magnit maydonlari ta’sirining yo‘qligi.
Ishchi sharoit esa, me’yorlangan sharoitdan ta’sir etuvchi kattaliklar diapazonining biroz kengligi bilan farq qiladi.
O‘lchash vositalari ishlatilganda titrash va zarblar bo‘lmasligi kerak yoki ularning qiymati stelka (pero) tebranishlarining eng kichik shkala bo‘limi uzunligining 0,1 qismidan ortmaydigan darajada bo‘lishi kerak.
Ishchi sharoitlarda, ya’ni normal sharoitdan farqli bo‘lgan, ta’sir etuvchi kattaliklarning keng diapazonida zaruriy hollarda o‘lchash vositasining qo‘shimcha xatoliklari me’yorlanadi. O‘lchash vositasining asosiy xatoliklarini me’yorlashning uchta usuli mavjud:
O‘lchash diapazonida o‘zgarmas bo‘lgan yo‘l qo‘yiladigan (±Δ) absolyut yoki keltirilgan (±γ) xatoliklar chegaralarini normalash;
Absolyut yoki keltirilgan xatoliklarning yo‘l qo‘yiladigan chegaralarini o‘lchanayotgan kattalikning funksiyasi sifatida normalash;
Barcha o‘lchash diapazoni yoki bir va bir nechta uchastkasi uchun asosiy xatolikning yo‘l qo‘yiladigan o‘zgarmas chegaralarini normalash.
Asosiy va qo‘shimcha xatoliklarni ajratish murakkab bo‘lgani uchun o‘lchash vositasini qiyoslash normal sharoitlarda o‘tkaziladi.
Qo‘shimcha xatolik ham asosiy xatolik kabi (absolyut, nisbiy va keltirilgan xatoliklar) ko‘rinishga ega bo‘ladi.
Turli ta’sir etuvchi faktorlar tomonidan yuzaga kelgan qo‘shimcha xatoliklar alohida normalanadi.
Ba’zi hollarda qo‘shimcha qarshilik koeffitsient tarzida me’yorlanib, xatolik me’yoriy qiymatdan chetlanganda – qanchaga va – necha marta o‘zgarganini ko‘rsatadi. Masalan: agar voltmetrning temperaturaviy xatoligi har 10°C da ±1% ga teng bo‘lsa, bu muhit harorati har 10°C ga o‘zgarganda qo‘shimcha xatolik 1% ortishini ko‘rsatadi.