«O’zstandart» agentligi vakolatiga:
metrologiya sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish,
metrologiyaga oid faoliyatni mintaqalararo va tarmoqlararo
muvofiqlashtirish;
milliy etalonlarni yaratish, tasdiqlash, saqlash va qo‘llab-quvvatlash hamda
ularning xalqaro darajada solishtirilishini ta’minlash qoidalarini belgilash;
o‘lchov vositalari, usullari va natijalariga qo‘yiladigan umumiy metrologik
talablarni aniqlash;
davlat metrologiya tekshiruvi va nazoratini amalga oshirish;
metrologiya masalalari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarni va normativ
hujjatlarni qabul qilish, shu jumladan davlatning boshqa boshqaruv organlari
bilan hamkorlikda qabul qilish;
metrologiya sohasida ilmiy va muhandis-texnik kadrlar tayyorlash;
O’zbekiston Respublikasining metrologiya sohasidagi xalqaro
shartnomalariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
metrologiya masalalari bo‘yicha xalqaro tashkilotlar faoliyatida qatnashish;
O’zbekiston Respublikasining o‘lchovlarning yagona birlikda bo‘lishini
ta’minlash tizimi faoliyat olib borishi va rivojlanishini hamda uning xalqaro
o‘lchov tizimi va boshqa mamlakatlarning o‘lchovlar tizimlari bilan
uyg‘unlashuvini ta’minlash;
iste’molchilar huquqlarini, fuqarolarning sog‘lig‘i va xavfsizligini, atrof
muhitni hamda davlat manfaatlarini noto‘g‘ri o‘lchov natijalarining salbiy
oqibatlaridan muhofaza qilishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish
kiradi.
O’zbekiston Respublikasi metrologiya xizmati davlat metrologiya xizmatidan va
yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlaridan tarkib topadi.
«O’zstandart» agentligi boshchilik qiladigan davlat metrologiya xizmatiga
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi davlat
metrologiya xizmati organlari kiradi. Davlat metrologiya xizmati organlari davlat
metrologiya tekshiruvi va nazoratini, shuningdek faoliyatning boshqa turlarini
amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
Yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlari zarurat bo‘lgan hollarda
o‘lchovlarning yagona birligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni bajarish va metrologiya
nazoratini amalga oshirish uchun tuziladi. Yuridik shaxslar metrologiya
xizmatlarining huquq va burchlari davlat metrologiya xizmati organlari bilan
kelishib olingan nizomlar bilan belgilanadi.