DANIEL DEFO (1660–1731) Daniel Defo jahon adabiyoti tarixiga o’lmas «Robinzon Kruzo» asarining muallifi sifatida kirgan. U ingliz va Yevropa adabiyotida roman janriga asos solgan mashhur yozuvchidir. O’z zamonasining ilg’or ziyolilaridan bo’lgan D.Defo ajoyib publisist, talantli jurnalist sifatida ham shuhrat qozongan. Daniel Defo savdogar oilasida tug’iladi. Uning otasi Jems Fo puritanlik mazhabiga sodiq edi. (Puritanlar – Jeneva ruhoniysi Jan Kalvin ta’limoti tarafdorlari edilar.) Puritanlik o’sha payotda ko’tarilib kelayotgan burjuaziya mazhabi bo’lib, ular diniy e’tiqod har kimning shaxsiy ishi deb bilgan holda, Angliyaning amaldagi rasmiy davlat cherkovi dinini tan olmas edilar. Puritanlar reaksion monarxiyaga qarshi kurash olib bordilar. Puritan mazhabi o’z muhiblaridan jo’n hayot kechirishni talab qilar, o’yin-kulgi, teatr tomoshalari ham ular nazarida katta gunoh hisoblanar edi. Bo’lajak yozuvchini otasi puritan diniy akademiyasiga o’qishga beradi. Ammo D.Defo savdo ishiga qiziqib, umrining oxiriga qadar yirik kommersant bo’lib qoladi. Tijorat ishlari bilan Yevropaning juda ko’p mamlakatlariga–Portugaliya, Ispaniya, Italiya va Fransiyaga boradi. D.Defo savdo-sotiq ishi bilan shug’ullangani holda mamlakat hayotida yuz berayotgan voqealarga ham aralashadi. Ko’p sonli maqola va pamfletlarida feodal-aristokratlar bilan cherkov reaksiyasini fosh qiladi. Burjua –parlamenti tartiblarini yoqlab chiqadi. Daniel Defoning adabiy faoliyati nihoyatda keng va rang-barang. Uning bir talay maqola va pamfletlaridan tashqari, ekonomika, tarix, pedagogika, statistiqa, geografiya, falsafa, meditsinaga bag’ishlangan bir qancha asarlari bor.
SHARL PERRO (1628 —1703) Ma’lum yozuvchi tomonidan xalq ertaklari asosida yaratilgan asar adabiy ertak deyiladi. Yozuvchi adabiy ertakni yaratishda o’z oldiga qo’ygan maqsadga mos bo’lgan xalq ertagini tanlab oladi va unda aks ettirilgan voqea – hodisalarni qayota ishlab, o’zi yashab turgan davr talabi asosida yangi asar ijod etadi. Hamid Olimjonning «Oygul bilan Baxtiyor», Asqad Muxtorning «Adolat» ertaklari bunga misol bo’la oladi. Jahon bolalar adabiyotida adabiy ertaklarning asoschisi sifatida buyuk fransuz shoiri va adibi Sharl Perro nomi ma’lum va mashhurdir. U o’zining «Zolushka», «Etik kiygan mushuk», «Qizil shapkacha» ertaklari bilan butun dunyo bolalari qalbini ishg’ol etgan edi. Ha, Sharl Perro shoir va tanqidchi olim bo’lishiga qaramay bizgacha yetib kelgan o’n bir adabiy ertak muallifi sifatida shuhrat qozongan. Aslida esa Sh.Perro yozgan ertaklar voqealari (syujeti)ni o’z xalqi og’zaki ijodidan olgan edi. Qizil shapkacha haqidagi ertaklar o’rta asrlardayoq paydo bo’lgan edi. Xalq ertagida buvasinikiga mehmonga keta turib yo’lda bo’riga duch kelgan qizaloq haqida hikoya qilinadi. Ha, Qizil shapkacha o’zining birinchi xavfli yurishiga chiqqanida XV asr edi. Demak, uning yoshi ancha ulug’ – VI asrga teng ekan. XVI asrda bu ertakning adabiy nusxasi yangicha talqini Sh.Perro tomonidan yozildi. Unda onasining pand-nasihatlariga quloq solmagan qizaloqni bo’ri paqqos tushiradi. Faqat o’rmonchilar tomonidan tasodifan buva va nabira qutqarib qolinadi. Demak, Sh.Perro o’z zamonasi uchun axloqiy qoidalarni qat’iylashtirdi, bolalarni laqma, maxmadona bo’lishidan qayotarishni ertakning g’oyaviy-badiiy maqsadiga aylantirdi.