Tayanch tushunchalar: yahudiylik, Tavrot, Yaxve, hinduizm, Vedalar, braxmanlik, Konfutsiy, Rigveda, Samaveda.
Yahudiylik dinining yuzaga kelishi. Tavrot yahudiylik dinining muqaddas kitobi. Yahudiylik (Iudaizm) dini miloddan avvalgi 2000 yilliklarining oxirlarida vujudga kelgan, yakka xudolik g'oyasini targ'ib qilgan dindir. U millat dini bo'lib, faqat yahudiy xalqiga xos. Abu Rayhon Beruniy o'zining “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” kitobida, yahudiylar bu so'zni somiy tillardagi hoda, ya'ni “tavba qilmoq, tavba qilganlar” so'zidan kelib chiqqan, – deb da'vo qilsalarda, aslida bu fikr noto'g'ri, deb yahudiylarning kelib chiqishi haqida to'xtalib o'tadi. Yahudiy so'zining kelib chiqishi Banu Isroil xalqi ustidan hukmronlik qilgan Ya'qub payg'ambarning o'g'li Yahudo nomidan olingan.
Rivoyatlarga ko'ra, Ya'qub payg'ambarning 12 ta o'g'illari bo'lib, ularning to'rtinchisi Yahudo edi. 12 ta o'g'ildan keyinchalik 12 ta qabila tarqaldi. Yahudo avlodlari bo'lgan yahudiylar boshqa qabilalarni o'zlariga bo'ysundirdilar. Shundan so'ng bu qabilalarning barchasi “yahudiy” deb atala boshladi. Yahudiy xalqining yana bir nomi Banu Isroildir. Isroil so'zi Ya'qub payg'ambarning ikkinchi nomi bo'lib, “bani” – bolalar ma'nosini beradi. Ya'ni “Banu Isroil” – “Isroil avlodlari” ma'nosini beradi. Yahudiy xalqiga nisbatan “evrey” so'zi ham ishlatiladi. Ammo u qadimiy somiy tillarida “ibriy” so'zining o'zgargan shaklidir. Bu so'z “abara, ya'buru” – “kechib o'tmoq” fe'lidan kelib chiqqan. Ilk yahudiy qabilalari Mesopotamiyada yashagan edilar. Miloddan avvalgi XV asrlarda Ibrohim payg'ambar boshchiligida Dajla va Furot daryolaridan kechib o'tganlar. Falastinga kelishda esa Urdun daryosini kechib o'tganlar. Shu sababli ham yerli aholi ularni shu nom bilan atagani haqida manbalar xabar beradi.
Tavrot, Injil va Qur'onda xabar berilishicha Ibrohim payg'ambarning o'g'li Is'hoqdan Ya'qub tug'ilgan. Uning 12 o'g'lidan 11 chisi Yusuf payg'ambar edi. Banu Isroilning Misrga ko'chib kelishiga u bilan akalari o'rtasida bo'lib o'tgan voqea sabab bo'ldi. Bu voqea Qur'oni karimning Yusuf surasida batafsil bayon etilgan. Yusuf qissasi Qur'oni karimda “eng go'zal qissa” deb nomlangan. Unda yozilishicha, Yusuf otasining eng sevimli farzandi bo'lib, akalari unga hasad bilan qaraydilar. Uni otadan uzoqlashtirish maqsadida sahrodagi quduqqa tashlaganlar. Otalariga “Yusufni bo'ri yedi”, – deb xabar beradilar. Yusufni esa bir karvon quduqdan chiqarib, Misrga olib ketgan. U Misrda podshoh saroyida ulg'aydi va keyin Misr taxtiga podshoh bo'ldi. Keyinchalik u o'z yaqinlari – ota-onasi, aka-ukalarini ham Misrga olib kelgan. Banu Isroil qavmining Misrga kelish qissasi Tavrotda ham uchraydi.
Keyinchalik Misr fir'avni Banu Isroil qavmiga zulm qilgach Muso payg'ambar boshchiligida bu xalq yana Kan'on (Falastin) yerlariga qaytdilar. Qur'onda yahudiylar va Muso payg'ambar haqidagi voqealar “Baqara”, “Toho” va boshqa suralarda batafsil bayon qilingan.
Yahudiylik ta'limoti to'rt narsaga asoslanadi:
1. Olamni yaratuvchi yagona xudo Yahvega imon keltirish. “Yahve” so'zi “Xudo, Parvardigor” ma'nosini bildiradi. Tavrotning “Chiqish” kitobida Xudoning Musoga aytgan ushbu so'zi keltiriladi: “Yahve – ota-bobolaringiz Ibrohim, Is'hoq, Ya'qublarning pravardigori, u meni sizga yubordi” (Chiqish 3). Mil.avv. VI asr oxirlarida yahudiy ruhoniylari “Yahve” so'zi o'rniga “Adonay” (rab, xoja) so'zini qo'llashga buyurganlar. Faqat ruhoniylargina ibodat vaqtida Yahve nomini tilga olganlar. Boshqa kishilar behudaga uning nomini tilga olishlari mumkin emas hisoblangan.
Yahudiylik ta'limotiga ko'ra, Yahve olamlarni yaratishni yakshanbada boshlab juma kuni tugatdi, shanbada esa dam oldi va yahudiylarga ham shunday qilishni buyurdi. Shanba kuni yahudiylik dinida ulug' kun hisoblanib, o'ta dindor yahudiylar bu kuni hech qanday mehnatga qo'l urmaydilar.
2. Yahudiylar Yer yuzidagi xalqlarning “eng mumtozi” va u dunyoda berilajak in'omlarning eng haqlisi ekanligi haqidagi ta'limot. Ular o'zlarini Xudo tomonidan saylangan, muqaddas xalq ekanini, yahudiyning ruhi Xudoning bir qismi hisoblanishini da'vo qiladilar.
3. Messiya-xaloskorning kelib chiqishi haqidagi ta'limot. Oxirzamonda Yahve yahudiylar orasidan bir xaloskorni chiqaradi va u quyidagi vazifalarni bajaradi:
1) Dunyoni qaytadan isloh qilgan holda qurish.
2) Butun yahudiylarni Sinion (Quddus yaqinidagi tepalik) atrofida to'plash.
3) Ularning barcha dushmanlarini jazolash.
4) Oxirat kuniga ishonish ta'limoti.
Oxirat xaqidagi tasavvurlar asosan Talmudda bayon etilgan. Yahvega e'tiqod qilganlar oxiratda uning tomondan mukofotlanadilar. Qonunlarini buzganlar shafqatsiz jazolanadilar.
Yahudiylikda Muso payg'ambar Tur tog'ida Yahve bilan uchrashganda Yahve tomonidan 10 ta lavha tushirilgan degan ta'limot mavjud. Unda 10 ta nasihat bor edi. Ular “ikkinchi qonun” kitobida bayon etilib, yahudiylar ularga rioya qilishlari diniy majburiyat hisoblanadi. Ular quyidagilardir:
1. Yahvedan boshqani iloh deb bilmaslik;
2. But va sanamlarga sig'inmaslik;
3. Zaruratsiz Xudo nomi bilan qasam ichmaslik;
4. Shanba kunini hurmat qilish va uni xudo uchun bag'ishlash;
5. Ota-onani hurmat qilish;
6. Nohaq odam o'ldirmaslik;
7. Zino qilmaslik;
8. O'g'irlik qilmaslik;
9. Yolg'on guvohlik bermaslik;
10. Yaqinlarning narsalariga ko'z olaytirmaslik.
Muqaddas diniy manba – Talmudda yahudiylik marosimlari tizimi bayon etilgan. Unda yahudiylar amal qilib, bajarishi lozim bo'lgan 248 ta buyruq, 365 ta taqiq mavjud. Ular yahudiyning ovqatlanishi, kiyinishi, ozodaligi, kun tartibi, ibodatlari, marosimlar va bayramlarga taalluqli masalalarni qamrab olgan.
Har bir yahudiy ushbu buyruq va taqiqlarga umri davomida rioya qilishi shart. Masalan, yahudiy farzandi tug'ilganining sakkizinchi kuni xatna qilinadi. Ular maxsus qassoblar-shoyixet tomonidan diniy qoidalarga muvofiq so'yilgan go'shtlarnigina iste'mol qiladilar. Kiyinish qoidalari erkaklarga tegishli bo'lib, ular sidirg'a matodan uzun qilib tikilgan kiyim kiyadilar. Kiyimning cho'ntaklari beldan pastda joylashishi lozim. Boshlari esa doimo yopilgan bo'lishi lozim. Ibodat paytida yahudiylar maxsus ibodat choyshabi “tales”ni yelkalariga tashlab oladilar. Uning chetlarida 613 ta tugun tugilgan bo'lib. Bu narsa “248 ta taqiq va 365 ta buyruqni bajarishni yelkamga olaman”, – degan ma'noni anglatadi.
Yahudiy dinining muqaddas manbalaridan biri Tanax bo'lib, u miloddan avvalgi XIII asrda Isroil xalqini Misrdan olib chiqib ketgan Muso payg'ambarga Tur tog'ida berilgan Tora (Tavrot), Nevim (Payg'ambarlar) va Ketuvim (Kitoblar) qismlaridan iborat. Ikkinchi manba Tanaxdan keyinroq paydo bo'lgan yozma manba – Talmud. Mazkur ikki manbani yahudiylar “Kitve kodesh” (Muqaddas kitoblar) deb ataydilar.
Tavrot Musoga tegishli bo'lgan besh kitobni o'z ichiga oladi.
1) “Borliq” yoki “Ibtido”
2) “Chiqish”
3) “Levit”
4) “Sonlar”
5) “Ikkinchi qonun”
Qadimiy ahdning ichida obro'li qismi Tavrot bo'lib, u xristianlik an'anasiga ko'ra “Tora” (ta'limot) hisoblanadi. Har ikkala dinda bu kitob Xudoning kalomi deb e'tiqod qilinadi. “Ahd” so'zi Xudoning insonlar bilan tuzgan “ahdnomasi”ni anglatadi. Tavrot va Zabur matni ibriy va aramey (eski yahudiy) tillarida yozilgan. Ularda Sulaymon payg'ambarning matallari, “Xudo yarlaqagan” Isroil xalqining tarixi bayon qqilingan.
“Ibtido” mil.av. 1400 yillarda Xudoning buyrug'iga ko'ra Muso payg'ambar tomonidan yozilgan. Unda xudo olamni qanday yaratgani, odamzotni gunohga botgani, oqibatda olamga azob va o'lim kelishi, xalqlarning jahonga tarqalishi tarixi, Odam ato, Momo Havo, Hobil, Qobil, Hazrati Nuh, Lut, Iborohim, Is'hoq, Ismoil, Ya'qub, Yusuf, Fir'avn va boshqa shaxslar, to'fon, Bobil minorasi, tillar chatishuvi, Sadum va Hamoraning harob bo'lishi kabi qadimiy hodisalar o'rin olgan.
“Chiqish” kitobida Muso payg'ambarning tug'ilishi, hayoti, Misr Fir'avni tomonidan qattiq zulmga tortilgan yahudiylarni Yahve amri bilan ozod etgani, unga Tur tog'ida Yahve tomonidan o'nta “Vasiyat” (zapoved`-taqiq)ning berilishi bayon etilgan. Yahudiylarning ibodatlari, rasm-rusumlariga taaluqli ko'rsatmalar berilgan.
“Levit” kitobi turli-tuman urf-odatlar va diniy marosimlarga oid ko'rsatmalarni o'z ichiga oladi. Unda xudo yo'liga qurbonlik qilish, uni amalga oshirish tartibi, yahudiy xalqga hayvon va parrandalardan qaysilarining go'shtini iste'mol qilish va iste'mol qilmaslik haqida ko'rsatmalar berilgan.
“Sonlar” kitobida yahudiy xalqning Muso payg'ambar boshchiligida Misrdan chiqqanining ikkinchi kuni ularga urushga yaroqli barcha erkaklarning hisobini olishga buyurdi. Kitobda yahudiylarning Misrdan chiqqan Banu Isroil qavmining Muso payg'ambar bilan kechirgan hayotlari, tortgan qiyinchiliklari, olib borgan janglari, qabila, urug' avlodlari asosiy namoyandalarining nomlari bayon etilgan. Yahve Musoga janglarda qo'lga kiritilgan o'lja va asirlarning hisobini olish va ularni qanday taqsimlash borasida ko'rsatmalar beradi.
“Ikkinchi qonun” kitobi 34 bobdan iborat. 27, 31, 34 boblaridan tashqari qismlari birinchi shaxs nomidan yozilgan. Bibliyadagi rivoyatga ko'ra birinchi avliyo Xilkiya nomli shaxs Issiya ibodatxonasida qonun kitobini topgan “Ikkinchi qonun”ning asosi ana shu qonun kitobi hisoblanadi.
“Neviim” (Payg'ambarlar) kitobi ikki qismga bo'linadi. Birinchi qismga avvalgi nabiylarning kitoblari kirgan bo'lib, ular: Isus, Navin, “Hukmlar”, Samuilning ikki kitobi va ikkita “Podshohlik”, Ruf, Yesfir, Yezdra, Nesmiya, Paralifominon kitoblari; ikkinchi qismga keyingi payg'ambarlar kitoblari kirgan bo'lib, ular 3 ta kichik payg'ambar Osiya, Ioil, Amos, Avdiy, Iona,Mixey, Naum, Avvaxum, Sofoniya, Aggey, Zaxariya, Malaxiyalarning kitoblaridir.
“Ketuviim” (Kitoblar) qismi “Zabur”, “Qissalar”, Iov kitobi, Solomonning “Qo'shiqlar qo'shiqlari”, Ruf kitobi, “Ieremiya yig'isi”, Yekkleziast, Yesfir, Daniil, Yezdra kitoblari va solnomalar kitobini o'z ichiga oladi.
Dostları ilə paylaş: |