Zardushtiylik dinining vujudga kelishi. Spitama qabilasidan bo‘lganPourushaspa o‘g‘li Ashoga Zaratushtra (yunoncha – Zoroastr, pahlaviycha – Zaraxustra "boqiy yulduz" va "chiroyli tuyalarga ega bo‘lgan") ushbu dinning asoschisi hisoblanadi. Zardushtiylar e’tiqodiga ko‘ra, bu nom unga Axura-Mazda (yunoncha, Ormuzd –"Donishmandlik sohibi") tomonidan berilgan. Zardushtning yashagan davri va joyi haqida turli taxminlar mavjud. Tadqiqotchi M.Boysning ta’kidlashicha, u mil. avv. 1500-1200 yillar orasida yashagan. Uning fikricha, Zardusht o‘z da’vatini Kishtosib Lafrost ismli podshoh davrida boshlagan. Bunga u zamonaviy zardushtiylarning hozirgacha mil.avv. 1738 yil shoh Vishtasp tomonidan qabul qilingan "fasli" kalendaridan foydalanib kelayotganlarini dalil qilib ko‘rasatadi.
Zardushtiylikning vatani masalasida ikki xil qarash mavjud. Jumladan, ayrim olimlar zardushtiylik Qadimgi Eron hududida keng tarqalgani, "Avesto"ning sharhlari pahlaviy tilida yozilganidan kelib chiqib, uning vatani Midiya (hozirgi Eron hududi) deb hisoblasalar, ko‘pchilik tarixchilar esa "Avesto"da Xorazm Zardushtning vatani, Axura-Mazda bilan aloqa bog‘langan va ozarxurra (muqaddas olov) birinchi bor yoqilgan joy ekani qayd qilinganiga asoslanib, Xorazmni e’tirof etadilar.
Zardushtiylik ta'limoti. Ezgu fikr, ezgu so’z, ezgu amal tamoyili. Zardushtiylik ta’limotiga ko‘ra, Zardusht o‘ttiz yoshga etganida unga payg‘ambarlik vazifasi berilgan. U o‘z tarafdorlari bilan birga Aivitak suvi qirg‘oqlarida xilvat (yolg‘izlik, chilla)ga chiqib ketgan. Xilvatning 45-kechasi samoga ko‘tarilib, Vohumanah (Behmen) deb nomlangan farishta bir necha farishtalar bilan birga uning ko‘kragini yorib, ruhini poklaganlar. Vohumanah uni jannat, ya’ni Axura-Mazdaning huzuriga olib borgan. O‘sha erda u dinning hukmlari bilan birga yulduzlar, sayyoralar, jannat, jahannam va boshqa narsalarning ilmini o‘rgangan. SHundan so‘ng Axura-Mazda unga muqaddas kitob "Avesto"ni in’om etdi. Zardusht ta’limoti ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi kurashning azaliy ekaniga asoslangan axloqiy xarakterdagi din bo‘lib, unda adolatli bo‘lish, oqillik, yaratuvchanlik va mehnatsevarlik bilan yagona xudoga sig‘inish targ‘ib qilingan. Bu kurashda ezgulik tarafdori Axura-Mazda oxir-oqibat yovuzlik tarafdori bo‘lmish Anxra-Maynyu (yunoncha, Axriman - yomonlik, buzg‘unchilik ibtidosi) ustidan g‘alaba qozonadi. SHuning uchun ko‘pchilik dinshunoslar zardushtiylikni assimetrik dualizmga mansubligini qayd qilishgan.
Ta’limotga ko‘ra, birinchi inson Govmard (forscha - ho‘kiz-odam) bo‘lgan. Birinchi shoh Yima (Jamshid) hukmronligi oltin davr hisoblangan. Uning davrida kishilar bekamu-ko‘st, baxtiyor yashaganlar. 900 yil o‘tgach, shoh Yima g‘ururga berilib, man etilgan sigir go‘shtini eydi va yovuzlik ramzi Axriman hukmidagi kuchlar bosh ko‘taradi. Oqibatda olamni muzlik qoplaydi. Yima Axura-Mazda amri bilan odamlar va hayvonlarni sovuqdan saqlab qolish uchun qo‘rg‘on qurib, unga har bir jonzotdan bir juftini joylashtiradi. Insoniyat tarixining ilk oltin davri tugagach, yaxshilik va yomonlik o‘rtasidagi kurash davri bo‘lgan ikkinchi davr boshlangan. Uchinchi davrda Axura-Mazda g‘alaba qilib, ezgulik saltanati qaror topadi, o‘lganlar qayta tiriladi.
Zardushtiylik ta’limotiga ko‘ra, dunyo sinovlardan emas, balki yovuzlikka qarshi kurashdan iborat, xolos. Ta’limotda insoniyat yashayotgan dunyo muhim hisoblanadi. SHuning uchun unda dunyoviy lazzatlardan oxirat uchun voz kechish masalalari ilgari surilmaydi.
Zardushtiylikka ko‘ra, ezgu amallar qilish orqali yovuzlikni engish mumkin. Har bir zardushtiy hayotini ezgu fikr - xumata, ezgu so‘z - xuxta, ezgu amal - xvartsha asosiga qurishi hamda yovuz fikr - dujvartshta, yovuz so‘z - dujuxta, yovuz amal - dujmatadan saqlanishi zarur.
Har bir inson vijdon amriga binoan ezgulik va yovuzlik orasidagi farqni topa olishi lozim. Har kim Anxra-Maynyu va uning tarafdorlariga qarshi kurashishi zarur. Jumladan, Anxra-Maynyu yaratgan chayon, ilon va boshqa turli yirtqich hayvonlar xrafstra (jirkanchli) deb atalib, ularni o‘ldirish mumkin.
Zardushtiy uchun har doim pok holda bo‘lish ahamiyatli hisoblanadi. Inson o‘zini pok saqlashi uchun yomon o‘y-xayollar, kasallik, o‘liklarga yaqinlashmasligi hatto ularga qaramasligi ham zarur. Istisno tariqasida nopok bo‘lib qolgan kishi yangidan poklanishi kerak. Inson jasadini olovda yoqish, muqaddas olovni o‘chirish va ruhoniylarni o‘ldirish eng og‘ir gunohlardan sanaladi. Zardushtiylar reinkarnatsiyani rad etadilar.
Zardushtiylikda imon uchta narsaga asoslanadi: fikrlar sofligi, so‘zning sobitligi, amallarning insoniyligi.
Har bir zardushtiy kuniga besh marta yuvinib, poklanib, quyoshga qarab uni olqishlab sig‘inishi shart hisoblanadi. Sedre – oq kiyim, koshti (kustu, kusti) – oq jundan to‘qilgan belbog‘.
Zardushtiylik ibodatxonalarida doimiy ravishda olov yonib turadi. Ularda dunyodagi to‘rt unsur – suv, olov, er va havo ulug‘lanadi.
Zardushtiylik bir yilda har biri besh kundan davom etadigan oltita bayramni belgilaydi. Bu bayramlar orasida goxanvar – har biri o‘ttiz kundan iborat bo‘lgan 12 oydan keyingi besh kunlik bayrami asosiy o‘rinni egallaydi. Yilning 360 kunidan qolgan kunlari xursandchilik, diniy marosimlar bilan o‘tkazilar edi. SHunday qilib yangi yilning – Navro‘zning yaxshi kirib kelishiga umid bildirilar edi.
Zardushtiylikda bir kecha-kunduz besh qismga bo‘linadi: ratu (belgilangan ilohiy tartib), xavani (sahardan tushgacha), rapitvina (tushdan soat 3-4 gacha), uzayyarina (oqshomgacha), avistrutrima (yarim tungacha), ushaxina (tun yarmidan sahargacha). Sutkaning bu nomlari ham xudoga o‘xshatilib, har biriga ibodat qilinadi – bir kunda besh marta namoz o‘qiladi.
Ko‘pchilik dinshunoslar zardushtiylikni dualizmga oid deb hisoblasalar-da, lekin unda Axura-Mazdadan keyingi darajalarda turuvchi o‘ziga xos xudolar panteoni mavjud ekanini ta’kidlash lozim. Ularning eng buyuklari Amesha Spenta (Abadiy muqaddas) – Axura Mazda yaratgan 7 maxluqdan biri. Boshqa fikrga ko‘ra, Amesha Spenta – Axura Mazdaning timsoli, YAzatlar - Axura Mazda yaratgan quyi ruhlar bo‘lib, ular Erdagi turli hodisa va holatlarga mas’uldirlar. Eng mashhur yazatlar Sraosha, Mitra, Rashnu va Veretragna hisoblanadi. Fravashi Osmonlarda yashovchi va Zardushtga vahiy olib tushuvchi maxluqotlar. SHu bilan birga Spenta-Manyu (yorug‘lik, yaralish ibtidosi), Asha Vaxishta (adolat, haqiqat), Voxu Mana (aql, ezgu fikr, tushunish), Xshatra Vairya (qudrat, qat’iylik, hukmronlik), Spenta Armaiti (muhabbat, ishonch, rahm, fidoyilik), Xaurvatat (salomatlik, mukammalllik), Ameretat (baxt, abadiylik) ezgulik tarafdorlari hisoblanadi. Anxra-Maynyu, Drudj (yolg‘on), Indra (zo‘rlik, zulm), Akem Mana (yomon fikr, adashtirish), SHaurva (qo‘rqoqlik, pastkashlik), Taramaiti (takabburlik), Taurvi (kasallik, nuqsonlik), Zaurvi (qarilik, o‘lim) esa yovuzlik tarafdorlari hisoblanadi.
Zardushtiylikda har bir dindor shubhasiz tasdiqlashi zarur bo‘lgan muhim aqidalar ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, oliy mehribon xudo Axura Mazdaning yagona va mavjud, Gegig (Er) va Menog (Ruh) olamlari mavjud, Zardusht insoniyat tarixida Axura Mazdaning ilk payg‘ambari, "Avesto"ning barcha qismi ilohiy haqiqat, muqaddas olov Xudoning Erdagi timsoli, Mobadlar Zardushtning birinchi shogirdlari va vahiylarning muhofazachilari, poklanish marosimlarini bajaruvchi, muqaddas olovni saqlovchi va ta’limotning sharhlovchilari, barcha yaxshiliklarning barhayot fravashilari mavjud bo‘lib, odamlarning fravashilari Erda yovuzlikka qarshi kurashish yo‘lini tanlaganlar, yakunda ezgulik va yovuzlik kuchlarining uyg‘unlashishi, kelajakda Saoshyanta (xaloskor) kelishi va uning yovuz Frasho Kereti ustidan g‘alaba qozonishi, oxiri zamonning sodir bo‘lishi, o‘limdan so‘ng hisob-kitobning bo‘lishi, adolatning qaror topishi, yovuzlikka qarshi kurash va poklikni saqlab qolish maqsadida zardushtiylik an’analari va marosimlarga amal qilishning zarurligiga e’tiqod qilish shart qilingan.
Zardushtiylikka ko‘ra, inson vafotidan uch kundan so‘ng uning ruhi jasadidan ajralib, Osmon (Qo‘shiqlar uyi)ga olib boruvchi CHinvad ko‘prigi (Ajratish ko‘prigi)ga boradi. CHinvadda inson ruhini ezgulik yazatlari Sraosha, Mitra va Rashnu himoya qiladi. Agar inson ruhining ezgu amallari bir tola soch vaznida ham yovuz amallardan og‘ir kelsa, qo‘shiqlar uyiga boradi. Aks holda uning ruhini dev Vizaresh do‘zaxga tashlaydi. Chinvadda inson o‘z Daen (imon)ini uchratadi. Ezgu amal sohibiga imon go‘zal qiz qiyofasida ko‘rinib, uni ko‘prikdan olib o‘tishga yordam beradi. Yovuz amal egasini esa, jodugar ayol ko‘prikdan do‘zaxga yiqitib yuboradi.
Zardushtiylikka ko‘ra, dunyoga 3 nafar saoshyanta kelishi lozim. Ular Zardusht ta’limotini qayta tiklaydi, qiyomatga yaqin ularning oxirgisi Anxra-Maynyu bilan jang qilib, barcha yovuzlik kuchlarini mag‘lub etadi. Barcha o‘lganlar qayta tiriladi va olov orqali hisob-kitob qilinadi. Odamlar erigan metall oqimida barcha gunoh va nuqsonlardan tozalanadi. Yaxshi odamlar uchun olov sut bug‘idek tuyuladi, yomon odamlar esa yonib ketadilar. Shundan so‘ng olam o‘zining asl holatiga abadiy qaytadi.