Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi o‘zbekiston respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti



Yüklə 0,92 Mb.
səhifə4/72
tarix26.12.2023
ölçüsü0,92 Mb.
#197564
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   72
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi o‘zbekiston respubl

Ikkinchisi, Xudo bilan insonlarni bog‘lab turuvchi kult yoki kultlar majmuasi. Yuqorida aytilganidek har bir dinda topinish obekti - Xudo bo‘lishi lozim. Yaratuvchi bilan insonni bog‘lab turadigan ibodat va marosimlar majmui (qurbonlik, ro‘za, bayramlar) kult deb ataladi. Kultlar kundalik yoki mavsumiy, yakka tartibdagi yoki jamoaviy kabi ko‘rinishlarda bo‘lishi mumkin. Jumladan, islom dinida «Namoz mo‘minning me’roji» (ya’ni Alloh taoloning huzuriga ko‘tarilishi) hisoblansa xristianlikdagi «sirli marosimlar»da Muqaddas Ruhning o‘zi ishtirok etadi, deb hisoblanadi. Shu tariqa, mavjud barcha dinlarda kultlar vositasida e’tiqodchilar o‘z ilohlari bilan bog‘lanadilar.
Uchinchisi esa e’tiqodchilarni o‘zida jamlaydigan diniy tashkilotlarning mavjudligi. Diniy tashkilot, bu bir din izdoshlarining jamoaviy ravishda o‘z diniy rasm-rusum, ibodat marosimlarini o‘tkazadigan, diniy ta’lim oladigan muassasalaridir. Bu, islomda - masjid, madrasa, xristianlikda - cherkov, seminariya, yahudiylikda - sinagoga va hokazo.
Dinlar tarixi, ular bilan bog‘liq jarayonlar, dinning inson hayotining turli jabhalari bilan o‘zaro ta’sirlashuvini o‘rganuvchi fan «Dinshunoslik» deb ataladi.
Dinshunoslik barcha ijtimoiy fanlar qatori ham o‘zining o‘rganish obektiga ega. U dinning paydo bo‘lishi, ijtimoiy mohiyati va jamiyatdagi rolini tadqiq qilish bilan birga diniy e’tiqodlarning paydo bo‘lishi va rivojlanishi, ularning jamiyat taraqqiyotidagi evolyutsiyasini ilmiy jihatdan o‘rganadi.
Dinlarni o‘rganish uzoq tarixga ega. Bu boradagi ilk ma’lumotlarni Qadimgi Gretsiya va Rim yozuvchilari asarlarida ko‘rishimiz mumkin. Ulardan eng mashhuri «tarix otasi» nomini olgan Gerodot (mil. avv. V asr) o‘zi tadqiq qilgan xalqlarning dinlari haqida ma’lumotlar keltirgan. Bu qiziqish O‘rta asr Yevropasida ham mavjud bo‘lgan. Lekin boshqa dinlar haqida ma’lumot beruvchi shaxslar, xristian dinining hukumron mafkurasi ta’siri ostida bir tomonlama va yuzaki fikr bildirganlar.
Islom olamida ham dinlarni o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlar uzoq tarixga borib taqaladi. Milodiy VII-VIII asrlardayoq diniy tortishuv(munozara)larni o‘z ichiga olgan «maqola»lar (keyinchalik «maqolot»), VIII -IX asrlardan e’tiboran esa boshqa dinlarga «raddiya»lar yozila boshlangan. Keyingi asrlardan esa «al-Firaq» (Firqalar), «ar-Radd» (Raddiya), «ad-Diyonot» (Dinlar) va «al-Milal» (Xalqlar) yo‘nalishidagi adabiyotlar vujudga kelgan.
«Ad-Diyonot» (Dinlar) yo‘nalishida yozilgan ilk asar Hasan ibn Muso an-Navbaxtiyning (vaf. 910) «al-Aro vad-diyonot» (E’tiqodlar va dinlar) kitobi hisoblanadi. Keyinchalik Mas’udiy (957) o‘zining «ad-Diyonot» (Dinlar), Masbihiy (1029) «Darkul bug‘yati fiy vasfid diyonoti val ibodoti» (Dinlar va e’tiqodlar vasfida maqsad me’yori) kitoblarini yozganlar. Shuningdek Beruniyning (973-1048) «Tahqiqun ma lilhind min maqulatin, maqbulatin fil-aqli av marzulatin» (Aqlga maqbul yoki noma’qul bo‘lgan Hindistonga oid izlanishlardan) nomli kitobi ham shular sirasiga kiradi.
«Al-Firaq» (Firqalar) yo‘nalishida yozilgan kitoblarga Abu Mansur Abdulqodir al-Bag‘dodiyning (vaf. 1038) «al-Farq baynal-firaq» (Firqalar orasidagi farq) asari hamda Abul-Maoliy Muhammad ibn Ubaydullohning (vaf. 1092) «Baynal-adyon» (Dinlar orasida) asarlarini kiritish mumkin.
«Al-Milal» yo‘nalishida Qozi Abu Bakr Baqilloniyning (vaf. 1012) «al-Milal van-nihal» (Dinlar va xalqlar), Abu Muhammad Ali Ibn Hazmning (vaf. 1064) «Kitobul-fasl fil-milal val-ahvoi van-nihal» (Dinlar, havo va xalqlar haqida ajraluvchi kitob), Abul-Fath Muhammad ibn Abdulkarim ash-Shahristoniyning (vaf. 1183) «al-Milal van-nihal» asarlarini sanash mumkin.
«Ar-Radd» (Raddiya) yo‘nalishida ham ko‘plab asarlar dunyo yuzini ko‘rgan. Ularga Imom G‘azzoliyning (vaf. 1111) «ar-Raddul jamil» (Go‘zal raddiya), Ibn Kalbiyning (vaf. 819-821) «Kitobul-asnam» (Butlar kitobi) nomli asarlarini alohida qayd etish lozim.
Darhaqiqat, Musulmon Sharqi o‘lkalarida bu sohada ko‘plab asarlar yaratilgan bo‘lib, keyinchalik ular «Dinshunoslik» fanining taraqqiyoti uchun fundamental manba bo‘lib xizmat qilgan. Jumladan, Abu Rayhon Beruniyning «al-Osor al-boqiya an al-qurun al-xoliya» («O‘tmish xalqlardan qolgan yodgorliklar»), «Hindiston», Muhammad ibn Abdulkarim Shahristoniyning «al-Milal van-nihal» («Dinlar va oqimlar»), Ibn Hazm Andalusiyning «al-Fasl fil-milal val-ahvo van-nihal» («Dinlar, adashgan firqalar va mazhabni ajratish») kabi asarlari, shuningdek, Ibn Nadim (987-988) va Abul Hasan Omiriy kabilarning tadqiqot ishlari ko‘plab Yevropa tillariga tarjima qilingan. Bu esa, islomiy va arab ilmlarini o‘rganuvchi G‘arb mutaxassislarining dinlar tarixiga oid islomiy tadqiqot ishlaridan asosiy manba sifatida foydalanishlari uchun qulay imkon yaratdi. Bunday asarlarda mualliflar tarixiy voqe’likni to‘g‘ri va xolis yoritganlar. Ular o‘zlari musulmon bo‘la turib, boshqa din va e’tiqodlar haqida ma’lumot berish yoki ularni tavsif qilishda noxolislikka olib kelishi mumkin bo‘lgan har qanday shaxsiy hissiyotlarni suiiste’mol qilmaganlar. Buni Shahristoniyning quyidagi so‘zlari tasdiqlaydi: «Men har bir firqani (din yoki diniy yo‘nalishlarning hech birini) yoqlamay, kamsitmay, ularning kitoblarida qanday bo‘lsa, shundayligicha, undagi xatolarni ajratib ko‘rsatmay bayon qilishga ahd qildim».
Beruniy o‘zining «Hindiston» asari haqida shunday yozadi: «Bu kitob bahs-munozara kitobi emas, tarix kitobidir. Hindlarning dinlarini ularning o‘zlaridan o‘rganib, fikrlarini tanqid qilmay bayon qilaman». Bu Beruniy asarlarining butun dunyoga mashhur bo‘lishiga sabab bo‘ldi.
Ibn Nadim esa: «Dinshunoslik fani hijriy IV-V asrlarga kelib mustaqil fan sifatida shakllandi.», deb yozadi. Bu milodiy X-XI asrlarga to‘g‘ri kelib, aynan shu davrda Beruniy o‘zining «Hindiston» asarini yozgan.

Yüklə 0,92 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   72




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin