Islomda iymon, taqdir, rizq tushunchlarining talqini. Aqida mavzusi to‘rt qismga bo‘linadi: ilohiyot, nubuvvat, kavniyot va sam’iyot.
Ilohiyot iloh va unga oid masalalar haqida bahs yuritadi. Nubuvvatda vahiy, payg‘ambarlik va ularga tegishli masalalar haqida bahs yuritiladi. Kavniyotda esa, borliqdagi mavjudotlar – inson, farishta, jin va sababiyat qonunlari haqida bahs yuritiladi. Sam’iyot eshitish bilangina sobit bo‘ladigan aqidalar haqida bahs yuritadi. Bular asosan g‘ayb olamiga tegishli masalalar bo‘lgani uchun bu turni «g‘aybiyot» ham deyiladi.
Islom besh asosga qurilgan. Ular: imon, namoz, zakot, ro‘za va haj. Bular islomning sharti – rukni hisoblanadi.
Imon so‘zi ishonmoq, tasdiqlamoq ma’nolarini bildirib, istilohda, kalimai shahodatni aytish, ya’ni «La ilaha illalohu Muhammadun Rasululloh» («Allohdan boshqa iloh yo‘q, Muhammad uning rasuli»)ni til bilan aytish va dil bilan tasdiqlashdir. Buni chin dildan aytgan kishi musulmon hisoblanadi.
Hadislarda imonning etti sharti bor ekani qayd etilgan bo‘lib, ular quyidagilardan iborat:
Allohning borligi va birligi, Qur’on va hadislarda bayon qilingan barcha ism va sifatlariga ishonish, uning barcha buyruqlarini qabul qilish va barcha qaytariqlaridan tiyilish.
Tarixda ulamolar Allohning borligi haqida alohida to‘xtalib, dalil keltirmaganlar. Zero u davrlarda Xudoning borligiga barcha ishongan (xudo yo‘q degan tasavvur bo‘lmagan). Ammo zamonamizga kelib Xudoning borligiga ishonmaydiganlar chiqqandan keyin olimlar bu mavzuni ham aqida kitoblariga kiritganlar va u aqidaning bosh mavzusiga aylangan. CHunonchi Allohning borligiga imon keltirmagan odamga aqida mavzusini tushuntirishning hojati yo‘q.
Qur’onda «YOki ular hech narsadan (ya’ni, YAratuvchisiz) yaralib qolganmilar?! YOki ular o‘zlari yaratuvchimilar?! YOki osmonlar va Erni ham ular yaratganmi?! Yo‘q! Ular (baribir) imon keltirmaslar»(Tur, 35-36), deyilgan va Xudoning borligiga ishonmaydiganlarga dunyo o‘zidan-o‘zi yaralib qolishi mumkin emasligi aytilgan.
Aqida ilmida Allohning yagonaligi masalasi ham alohida ahamiyatga molik sifatida o‘rganiladi. Bu «tavhid» deyiladi. Tavhid lug‘atda biror narsaga birlik va yagonalikni nisbat berishdir. Istilohiy ma’noda Allohga shirk keltirishning turli ko‘rinishlaridan voz kechish, Allohning zotida, sifatida, ishlarida, ismlarida, hukmlarida ham sherigi yo‘q deb, e’tiqod qilishga aytiladi.
Allohning sherigi yo‘qligi borasida Qur’on oyatlari va hadislarda ko‘plab misollar mavjud. Jumladan, «Agar ikkisi (Er va osmon)da Allohdan o‘zga ilohlar bo‘lganida, har ikkisi buzilib ketgan bo‘lur edi. Bas, Arsh egasi bo‘lmish Alloh ular sifatlayotgan (sheriklardan) pokdir»(Anbiyo, 22), «Alloh farzand tutgan emas va U bilan birga biror iloh ham bo‘lgan emasdir. Aks holda, har bir iloh o‘zi yaratgan narsa bilan (kibrga) ketib, bir-biridan ustun bo‘lib olur edi (natijada Eru osmon buzilib ketgan bo‘lur edi). Alloh ular vasf etayotgan narsadan pokdir» (Mu’minun, 91) oyatlarini keltirish mumkin. Bu oyatlarda Allohning sherigi bo‘lganida koinotdagi nizom buzilib ketishi ko‘rsatilmoqda. Alloh o‘zi yaratgan narsalarni o‘zi tadbirini qiladi.
Islom dinida Allohga ishongan kishi uning ismi va sifatlariga ham imon keltirish lozim. Qur’nda «Allohning chiroyli ismlari bordir. Uni o‘sha (ism)lar bilan atangiz!»(A’rof, 180), «Uning go‘zal ismlari bordir» (Hashr, 24) deyilgan. Bu ism va sifatlar orqali Alloh haqida bilimlarga ega bo‘linadi. Barcha ulamolarning fikriga ko‘ra Alloh ismlarini o‘rganishdan maqsad Unga loyiq bo‘lmagan sifatlarni bermaslik. SHuningdek, «Allohning to‘qson to‘qqizta ismi bor» ekani haqidagi hadisni muhaddislar rivoyat qilganlar.
Olimlardan imom Abu Hanifa o‘zining «al-Fiqh al-akbar» asarida Alloh haqida shunday degan: «U o‘zi yaratgan narsalardan birortasiga o‘xshamas. Unga ham biror narsa o‘xshash emas. O‘zining zotiy va fe’liy sifatlari bilan azaldan bor bo‘lgan va abadiy bor bo‘lur. Zotiy sifatlari – hayot, qudrat, ilm, kalom, eshitish, ko‘rish, iroda. Fe’liy sifatlari – xalq etish, yasash va boshqa shu mazmunga dalolat qiluvchi sifatlar. U o‘zining barcha ism va sifatlari bilan birgalikda doim bo‘lgan va abadiy bo‘lajak. Unga biror ism yoki sifat keyin qo‘shilib qolgan emas».
Boshqa o‘rinda: «Qur’onda O‘zi zikr etganidek, Allohning qo‘li, yuzi, nafsi (O‘zi) bor deb bilamiz. Bular Uning sifatlaridan, lekin qanday, qanaqa deyilmas. Hatto, qo‘li-qudrati yoki ne’mati ham deb ta’vil etilmas. Aks holda uning bir sifatini yo‘qqa chiqarilgan bo‘lur. Bu esa qadariylar va mo‘‘taziliylar so‘zidir. Biz aytamizki, qo‘li o‘ziga xos, kayfiyatsiz sifatdir. SHuningdek, Uning g‘azabi va rizosi ham o‘ziga xos kayfiyatsiz sifatlaridandir», deyilgan.
Islom ta’limotiga ko‘ra, Allohning ismi va sifatlarini boshqa biror maxluqotga o‘xshatish mumkin emas. Uning holati, kayfiyati, surati haqida bahs qilinmaydi, ya’ni Alloh ko‘radi, eshitadi, biroq biz insonlar va boshqa maxluqotlar kabi emas, balki u haqda bahs qilish bid’at hisoblanadi.
Allohning buyrug‘ini bajarish va qaytariqlaridan qaytish ham imonning bir bo‘lagi. CHunonchi islom ta’limotida Allohning buyruqlarini bajarish insonga oxiratda jannatga tushishiga olib keladi. Aksincha, uning qaytargan narsalaridan qaytmasa do‘zaxda azoblaydi deb bilinadi.
Musulmon odam farishtalarga ham ishonishi lozim. Farishtani arab tilida malak, ko‘pligi maloika deyiladi. Ularga ishonmagan musulmon hisoblanmaydi. Qur’onda, «(Ularning) har biri Allohga, farishtalariga, kitoblariga va payg‘ambarlariga birortasini ajratmasdan (hammasiga) imon keltirdi»(Baqara, 285) deyilganidan farishtalarga ishonish imonning asoslaridan hisoblanadi.
Farishtalar nurdan yaratilgan, nurning tezligi o‘ta kuchli bo‘lganidan ham farishtalar ko‘zga ko‘rinmaydi. Farishtalarning sonini Allohdan boshqa hech kim bilmaydi, ular Allohning buyrug‘idan chiqmay doimo uning aytganini bajaradigan xos bandalar hisoblanadi. Ular Allohning barcha maxluqotlaridagi elchilar deyish mumkin. Xudoning xuzuridan ishni olamga olib tushib, o‘shaning tadbirini qiladilar. Ularning jinsi yo‘q. Xohlagan qiyofaga kira oladilar. Oyatda «Biz unga ruhimiz (ya’ni Jabroil)ni yubordik. Bas, u (Maryamga) chin odam bo‘lib ko‘rindi»(Maryam, 17).
Qur’on va sunnatda farishtalar muayyan vazifalari borligi haqida ham ma’lumot berilgan. Masalan, tog‘larga, yomg‘irga, bulutga, quyoshga, oyga, ekinga va hatto ona qornidagi bachadonga vakil qilingan farishtalar sinfi bor. SHu bilan birga insonga vakil qilingan farishtalar odamning ishlarini yozib boradilar. Oxirat ishlariga ham vakil qilingan farishtalar mavjud: o‘limga, qabrdagi savol-javobga, jannatga, do‘zaxga va hokazo. Masalan, «Birortalaringizga o‘lim kelgan paytda, uni elchi (farishta)larimiz erinmay (o‘z vaqtida) vafot ettirurlar»(An’om, 61), «Biz faqat farishtalarni do‘zax egalari (qo‘riqchilari) qildik va Biz faqat kufrga ketgan kimsalarni sinash uchun ularning sanog‘ini (o‘n to‘qqizta) qildik... Parvardigoringizning qo‘shinlarini (farishtalarning adadi va sifatlarini) Uning o‘zigina bilur» (Muddassir, 31), «Farishtalar esa (osmon) atrofida (Allohning amriga muntazir bo‘lib) tururlar. Ularning ustida Rabbingiz Arshini u kunda sakkiz (farishta) ko‘tarib turur»(Hoqqa, 17).
Farishtalarning aniq ko‘rinishlari haqida ma’lumotlar manbalarda berilmagan. Faqat ba’zi jihatlari aytilgan, jumladan, «...farishtalarni ikki, uch, to‘rt qanotli elchilar qiluvchi...»(Fotir, 1)
Farishtalardan 4 tasi: Jabroil, Mikoil, Isrofil va Azroil bosh hisoblanadi.
Ilohiy kitoblarga imon keltirish. Alloh tarafidan payg‘ambarlariga kitoblar tushurilganiga imon keltirish. Buni «(Ularning) har biri Allohga, farishtalariga, kitoblariga va payg‘ambarlariga birortasini ajratmasdan (hammasiga) imon keltirdi» (Baqara, 285) oyatidan bilish mumkin.
SHu bilan birga bu kitoblarga umumiy imon keltiriladi. Ammo ularning adadi va ismlari haqida aniq ma’lumot yo‘q. Muhammad payg‘ambarga (a.s.) Qur’on nozil qilinganidek, boshqa payg‘ambarlarga ham kitob tushirilgan. Ulardan manbalarda zikr qilib o‘tilganlari quyidagilardir: Ibrohim payg‘ambarga «Sahifalar», bu haqda Qur’onda «Ibrohim va Muso sahifalarida (ham) bordir» (A’lo, 19) deyilgan. Bir hadisda «Abu Zar: Ey, Allohning Rasuli, Ibrohimning sahifalarida nima bo‘lgan?» - deb savol berganda, Payg‘ambar (a.s.): «Barchasi zarbulmasal bo‘lgan...» dedilar. Bu hadisdan uning mavzusi qanday bo‘lganini bilish mumkin. Olimlar uni ma’lum varaqlardan iborat ekani va kitob holiga etmaganini aytganlar.
Keyingisi «Tavrot» bo‘lib, u Muso payg‘ambarga, «Zabur» Dovud payg‘ambarga berilgan. Iso payg‘ambarga esa «Injil» nozil qilingan. Islom ta’limotiga ko‘ra Muhammad payg‘ambarga (a.s.) «Qur’on» nozil qilingan. SHuningdek, biror payg‘ambarga biror kitob nozil qilinsa, u o‘zidan avvalgi shariatni o‘zgartirgan yoki butunlay yangi qarashlarni olib kelgan deb hisoblangan.
Payg‘ambarlarga imon keltirish. Islom dini ta’limotiga ko‘ra Alloh insonlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish uchun payg‘ambarlarni yuborgan va bu payg‘ambarlarga imon keltirish vojib hisoblanadi. «...Payg‘ambarlariga birortasini ajratmasdan (hammasiga) imon keltirdi»(Baqara, 285). SHuning uchun ularning barchasiga birdek ishonish shart. Ulardan birini inkor qilish barchasini inkor qilish bilan barobar.
Alloh Odam (a.s.)dan boshlab. Muhammad payg‘ambar (a.s.)gacha bo‘lgan oraliqda payg‘ambarlar yuborgan. Ularning soni, hadis asosida 124 000 nafar deyiladi. Barchasining ismi Qur’onda kelmagan, balki 25 nafar payg‘ambarning nomi zikr qilingan.
Payg‘ambarlar ikki qismga bo‘linadi: nabiy va rasul.
Nabiy va rasul orasidagi farq: 1. Alloh kimga vahiy yuborib, o‘sha xabarni boshqalarga etkazishni buyursa, o‘sha odam nabiy va rasuldir. Ammo xabarni boshqalarga etkazishni tayinlamasa, nabiy hisoblanadi, rasul emas; 2. Rasul yangi shariatni olib keladi. Nabiy esa, yangi shariat bilan kelmaydi. Balki, o‘zi oldingi shariatga amal qiladi va boshqalarni shunga amal qilishga da’vat qiladi; 3. Rasul umumiy bo‘lib, farishtalarga ham, insonga ham ishlatilgan. Qur’onda: «Albatta, u (Qur’on) bir ulug‘ rasul (Jabroil Alloh huzuridan keltirgan vahiy) so‘zidir»(Takvir, 19). Bu oyatda farishta Jabroil nazarda tutilgan. Umuman olganda payg‘ambarlar ham oddiy ison bo‘lib, ular boshqa insonlarni Allohning ko‘rsatmasiga amal qilishga chaqirish uchun kelganlar. Ular orasida rasullar 313 nafarni tashkil etadi.
Alloh Payg‘ambarlarni oddiy odamlardan tanlagan. Payg‘ambarlar o‘zlarida Allohning buyruq va qaytariqlarini aks ettirib, boshqa odamlarga namuna bo‘lganlar. Ular ovqat eb, suv ichganlar. Tirikchilik qilib bozorlarda odamlarga aralashib yurganlar.
Payg‘ambarlarning oddiy kishilardan ajrab turadigan birgina sifatlari ma’siyat qilish, shahvatlarga berilish, muruvvatga zarar etkazadigan va insonlik qadrini ketkazadigan narsalardan saqlanganliklaridir. Ular mo‘‘jiza ko‘rsatib, payg‘ambarliklarini tasdiqlaganlar. Payg‘ambarlarning mo‘‘jizalari turlicha bo‘lgan. Iso payg‘ambar kasal odamni davolagan, Muso payg‘ambar dengizni ikkiga bo‘lgan, Muhammad payg‘ambar (a.s.) suv solingan meshga qo‘llairini tiqqanlaridan keyin o‘sha idishdagi suvdan juda ko‘pchilik ichgani va boshqa mo‘‘jizalarini misol qilib keltirish mumkin.
Payg‘ambarlarning ko‘rsatgani mo‘‘jiza bo‘lsa, avliyolarning ko‘rsatgani karomat bo‘ladi.
Oxirat kuniga ishonish ham imonning bir bo‘lagi hisoblanadi. Islom ta’limoti bo‘yicha bu dunyo sinov-imtihon maydoni hisoblanadi. Alloh bu dunyoni bir kun tugatadi va insonlar qilgan ishlariga javob beradilar. Alloh qiyomatda barcha yaratgan narsalarini jonini oladi va qayta tiriltiradi. Insonlar qilgan ishlariga javob beradilar.
YAxshi ishlarni qilgan bo‘lsa mukofotini, yomon ishlar qilgan bo‘lsa jazosini oladilar va ularning qilgan barcha ishlari insonga ko‘rsatiladi. Ularning qilgan ishlari tarozuda tortiladi.
Insonning boshiga tushadigan yaxshilik yoki yomonlik Alloh tarafidan bo‘lishiga – taqdirga imon keltirish. Batafsil qilib aytganda, taqdir – insonga keladigan barcha yaxshilik va yomonlik, borliqdagi har bir hodisa va voqealar yoki oxiratda bo‘ladigan hamma ish Allohning taqdiri, ilmi, irodasi va belgilab qo‘ygani bo‘yicha sodir bo‘lishiga imon keltirish hisoblanadi. Xursandchilik va xafalik, hayot va o‘lim, boylik va kambag‘allik, kasallik va sog‘lomlik va boshqa barchasi Allohdan deb bilishdir. Taqdir masalasini Allohdan boshqa hech kim bilmaydi, hatto payg‘ambarlar ham va farishtalar ham bu sirdan voqif emas.
Qadar masalasida chuqur ketib bahs qilish xato deb bilinadi. Taqdirda baxtli deb yozib qo‘yilgan odam baxtlidir. SHuningdek, taqdirda baxtsiz yoki badbaxt deb yozib qo‘yilgan inson baxtsizdir. Bir oyatda: «U o‘zi qiladigan biror narsa haqida javobgar emas, balki ular (Allohning oldida bandalar) javobgardirlar»(Anbiyo, 23), deyiladi.
SHuningdek, Alloh qiyomatgacha nima bo‘lishini ham biladi. Agar ularni bilmasa, Uning komil sifati nuqsonli bo‘lib qoladi. Mazkur ilohiy ilm «qazoi-qadar» deb ataladi.
Qazo – Allohning hamma narsalarning kelajakda qandoq bo‘lishini azaldan bilishi. Qadar esa, o‘sha narsalarning Allohning azaliy ilmiga muvofiq ravishda vujudga kelishiga aytiladi.
Bunda johil kishilar o‘ylaganidek, Alloh tomonidan bandani majbur qilish yo‘q. Balki, Alloh taolo tomonidan banda nima qilishini oldindan bilish bor. CHunki Allohning ilmi chegara bilmasdir.
Ko‘pchilik odamlar qazo va qadarni Alloh tomonidan O‘zi takdir qilib qo‘ygan ishlarga bandani qahr bilan majbur qilish, deb hisoblaydilar. Ularning bu fikrlari noto‘g‘ridir. Qazo va qadarning ma’nosi, bandalarning kelajakda bo‘ladigan ishlarini Alloh tomonidan muqaddam bilib turilishidir. Qazo va qararni noto‘g‘ri tushunish oqibatida qadariy, jabariy va boshqa oqimlar kelib chiqqan.
O‘lgandan keyin qayta tirilishga ishonish ham imon shartlaridan biridir. Qiyomat kuni bo‘lganda, barcha insonlar qayta tirilib, mahshargohga yig‘iladilar. U kunda yaxshi ishlarning mukofoti (jannat), yomon ishlarning jazosi (do‘zax) beriladi. Barcha ishlar Xudoning huzurida ko‘riladi. Banda amallari hisob-kitob qilinadi. Har bir kishining qilgan ishlari kitobi – nomai a’moli o‘qiladi. YAxshi amallar va yomon ishlar hammasi o‘lchanadi.
Bu borada Qur’on oyatlari va hadislarda misollar ko‘p. Masalan, «Ular: «Holimizga voy! Kim bizlarni uxlayotgan joyimizdan uyg‘otdi?» – deganlarida, (ularga aytilur): «Mana shu Rahmon va’da qilgan va payg‘ambarlar so‘zlagan rost narsa (qiyomat)dir»(Yasin, 52).
Qiyomat tik turish ma’nosini bildiradi. O‘sha kunda hamma qabridan tik turib tirilishiga shu nom berilgan. Qiyomat – hisob kuni, oxirat kuni, mahshar kuni kabi bir qancha nomlar bilan ham yuritiladi. Qiyomat masalasi qachon bo‘lishi masalasi qadimdan dolzarb masala bo‘lib kelgan. Islom ta’limoti bo‘yicha uning qachon bo‘lishini Allohdan boshqa hech kim bilmaydi. Hatto payg‘ambar va farishtalar ham. Faqat uning alomatlari bildirilgan.
Islom ta’limotiga ko‘ra qiyomatda insonlar savol-javobdan o‘tadigan joy – mahsharga yig‘iladilar. Mahsharda savol-javobdan keyin insonlarga do‘zax ustidagi sitor nomli ko‘prikdan o‘tishlari aytiladi.
Qiyomatdan o‘tgan inson jannat (bog‘, bo‘ston) yoki do‘zaxdagi joyiga boradi. Alloh jannatni ham, do‘zaxni ham yaratib qo‘ygan. Ular inson etib boradigan so‘nggi manzil hisoblanadi.
Diniy aqida bo‘yicha, jannat imon keltirgan, taqvodor, yaxshi insonlar uchun tayyorlab qo‘yilgan. Ular u erda rohat va farog‘atda yashaydilar. Qiyinchilik, kasal, qarilik va o‘lim yo‘q. Istagan narslari muhayyo bo‘ladi. Bularning barchasi bu dunyoda qilib o‘tgan amallari tufayli beriladi. U erdagi narsalar tugamaydi, insonlarga man qilib qo‘yilmaydi. Jannatdagi eng oliy ne’mat, bu Allohning diydorini ko‘rishlik hisoblanadi.
Do‘zax esa, jannatning aksi kofir, munofiq va gunohkor – diniy talablarni bajarmaganlar uchun tayyorlab qo‘yilgan va ularga turli azob-uqubat beriladigan jazolash joyi. U erda azob uchun olov, qaynab turgan buloq bo‘ladi. Eydigan va ichadigan narsalari ham ularni azoblash uchun bo‘ladi. Do‘zax ham abadiy qoluvchi hisoblanadi. Ulardagi azoblar engillatilmas va vaqtinchalik bo‘lmaydi. U bir necha tabaqa chuqurlikdan iborat, gunohlari darajasiga qarab jazolanadilar.
Jannatdagi rohatlar va do‘zaxdagi uqubatlar ham jasad va ham ruh uchun bo‘ladi. Qiyomat, jannat va do‘zaxning vasfi haqida Qur’onning ko‘p oyatlarida ma’lumotlar berilgan.