Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi o‘zbekiston respubl
Qurʼon, hadis, fiqh, aqida ilmlarining shakllanish tarixi. Qur'oni karim – Alloh taolo tarafidan 23 yil mobaynida Muhammad payg'ambarga oyat-oyat, sura-sura tarzida nozil qilingan ilohiy kitob hisoblanadi. Manbalarda berilishicha, “Qur'on” so'zi arabcha “qaraa” – “o'qimoq” o'zagidan olingan bo'lib, “O'qiladigan (kitob)” ma'nosini beradi deb talqin etiladi. Qur'on 114 sura (arab. – “bo'lak”, “devor”, “to'siq”) va 6236 ta oyatdan tashkil topgan. Uning “mo''jiza”, “belgi”, “alomat” kabi ma'nolari ham bor.
Makkada nozil bo'lgan Qur'on suralarining xronologik tartibi quyidagicha:
1. Makka davri (610-615 yillar). Bu davrda yuksak adabiy ijod namunalari bo'lgan “saj'” janriga yaqin shakldagi suralar nozil bo'lgan. Yevropa olimlari ularga “Nazmiy suralar” deb nom berganlar.
2. Makka davri (616-619 yillar), musulmonlar doimiy ta'qib ostida yashagan va ko'pchilik Habashistonga ko'chib ketgan vaziyatda nozil bo'lgan. Bu suralarda Allohning nomi “Rahmon” sifatida ko'p tilga olingani sababli Yevropa olimlari ularni “Rahmon suralari” deb ataganlar.
3. Makka davri (620 yil boshlaridan 622 yil sentyabrigacha). Bu davrda ham musulmonlar ta'qib ostida yashaganlar, maxfiy ravishda, ko'pincha shahardan tashqarida ibodatga to'planganlar. Bu davr suralarida islomning aqida va ta'limotiga keng o'rin berilgani sababli, yevropalik tadqiqotchilar ularga “Payg'ambarlik suralari” deb nom berganlar.
Madinada tushirilgan 24 ta suraning nozil bo'lish davrini tarixiy voqealarni aniqroq ko'zda tutgan holda besh bosqichga ajratish mumkin:
Birinchi davr (622 yil oktyabrdan 624 yilgacha). Musulmonlar Madinaga ko'chib kelganlaridan makkaliklar bilan birinchi yirik to'qnashuv – Badr jangigacha o'qilgan to'rt sura bu davrga kiradi.
Ikkinchi davr (624 yil martidan 625 yil martigacha). Badr jangidan keyin Uhud jangigacha o'tgan bir yil ichida o'qilgan uch surani o'z ichiga oladi.
Uchinchi davr (625 yil martidan 627 yil martigacha). Uhud jangidagi mag'lubiyatidan keyin Xandaq jangigacha o'tgan ikki yil ichida beshta sura o'qilgan.
To'rtinchi davr (627 yil aprelidan 630 yil yanvarigacha). Xandaq jangidan so'ng Makkaning olinishigacha o'tgan salkam uch yil ichida o'qilgan sakkizta sura shu davrga kiradi.
Beshinchi davr (630 yil fevralidan 632 yil mayigacha). Makka fathidan keyin Rasululloh vafotigacha o'tgan ikki yildan ortiqroq muddat ichida o'qilgan to'rtta sura shu davrga kiradi.
Payg'ambar hayotlik chog'larida yana vahiy tushib qolishi mumkinligi nazarda tutilib, Qur'on jamlanib, kitob holiga keltirilmagan edi. Muhammad alayhis-salom vafotlaridan keyin Qur'on kishilarning xotirasida va yozgan narsalarida saqlanib qoldi. Payg'ambardan so'ng musulmonlarga Abu Bakr Siddiq xalifa etib saylandi. Uning xalifalik davrida (632-634) “murtadlik (dindan qaytish) harakatlari” yuzaga keldi. AbuBakr Siddiq bu isyonchilarga qarshi shiddatli janglar olib bordi.
Ushbu janglarda ko'plab Qur'onni to'liq yod olgan qorilar halok bo'ldilar. Umar ibn Xattob taklifiga binoan Abu Bakr Siddiq sahobalardan Zayd ibn Sobitni chaqirib, unga Qur'onni jamlash va yozma holga keltirish vazifasini topshirdi. Shunday qilib, Zayd ibn Sobit va Umar ibn Xattob mashaqqatli urinishlardan keyin Qur'onning ilk yozma nusxasini jamlashga erishdilar. Bu to'plam “suhuf”, ya'ni “sahifalar” deb nomlandi. Abu Bakr Siddiq vafot etganidan so'ng sahifalar Umar ibn Xattob (634-644) uyida, u vafotidan keyin esa uning qizi – Payg'ambar alayhis-salom ayollari Hafsada qoldi.
Vaqt o'tishi bilan islom olamining hududlari kengayishi natijasida musulmonlarning soni ko'paya bordi. Turli tillar va shevalar o'rtasida mavjud farqlarga ko'ra Qur'onni qanday o'qish kerakligi borasida ixtiloflar chiqa boshladi. Bu holatni ko'rgan xalifa Usmon ibn Affon sahoba Zayd ibn Sobitga barcha suralarini yig'ib, taqqoslab chiqib, qaytadan Qur'on matnini jamlashni buyurdi. Qur'onning birinchi rasmiy nusxasi 651 yilda taqdim etildi. U asl nusxa hisoblanib yana uchta, ba'zi manbalarga ko'ra yettita nusxa ko'chirtirilib, yirik shaharlar – Basra, Damashq, Kufaga jo'natiladi. “Imon” deb nomlangan asl nusxa esa Madinada, xalifa Usmon huzurida qoldi. Ko'chirilgan nusxalar “Mus'hafi Usmon” deb ataldi.
Hadis so'zining arab tilidagi lug'aviy ma'nosi “so'z”, “yangi”, “suhbat”, “hikoya”, “rivoyat” ma'nolarini anglatadi. Uning istilohiy ma'nosi Muhammad payg'ambarning aytgan so'zlari, qilgan ishlari va taqrirlari, ya'ni ko'rib qaytarmagan va qo'llab-quvvatlagan ishlaridir. Hadislar ikki qismdan: aynan xabar beruvchi matn va uni rivoyat qilgan roviylar zanjiri – sanaddan iborat.
Hadis ikki xildir:
- al-hadis al-qudsiy (bu kabi hadisda, ma'no Allohdan, lafz esa Payg'ambardan bo'ladi);
- al-hadis an-nabaviy (bunda esa, ma'no ham lafz ham Payg'ambarnikidir).
Hadislar ilk davrda faqat og'zaki ravishda avloddan-avlodga uzatilgan. Yozma ravishda hadislarni to'plamaslik haqidagi Payg'ambarning ko'rsatmalari asosan ilk islom davriga taalluqli edi. Rasululloh o'z so'zlarini yozib olishdan sahobalarni qaytarishlariga sabab hadislarning Qur'on oyatlariga aralashib ketmasligi uchun edi. Chunki vahiy nozil bo'lib turgan paytda ba'zi kishilar Qur'on oyatlarini yozib borar edilar. Boshqa hadisda esa Rasululloh: “Bu og'izdan – deya o'z og'izlariga ishora qildilar – faqatgina haq so'z chiqadi” – deb, o'z so'zlarini yozib olishga buyurganliklari haqida rivoyat qilingan. Abu Dovud
o'zining “Sunan” asarida ikki hadisni ketma-ket keltiradi. Ulardan birida Payg'ambar o'z so'zlarini yozib olishdan qaytargan bo'lsalar, ikkinchisida unga buyuradilar.
Keyinchalik esa bu yozuvlar katta to'plamlarga asos bo'ldi. Shunday ilk to'plamlardan biri Madinadagi Urva ibn Zubayrga (vaf. 94/712 yoki 99/717 y.) va ikkinchisi Suriyaga ko'chib ketgan Muhammad ibn Muslim Zuhriyga (vaf. 124/741 y.) tegishli.
Hadis ko'pincha sunna so'zi bilan ham yonma-yon keladi. Sunna so'zining lug'aviy ma'nosi – “odat”, “tariqa – yo'l” bo'lib, istilohiy ma'nosi – payg'ambar odatlari, tutgan yo'llari, taqrir (ko'rib qaytarmagan) va buyurgan ishlariga nisbatan ishlatiladi. Bundan kelib chiqib aytish mumkinki, hadislarningzamirida sunna yotadi. Islom ta'limotida e'tiqod mezonlarini belgilash va fiqhiy masalalarni hal etishda Qur'ondan keyin sunnaga asoslaniladi.