Islom dinining paydo bo‘lishidagi ijtimoiy-siyosiy va madaniy sharoitlar. Payg‘ambarlik va vahiyning talqini. “Johiliya” so’zi arab tilida bilimsizlik, nodonlik ma’nolarini beradi. Islomdan avval arablar orasida “al-Vasaniya” – ko’pxudolik hukm surib, ular yakkaxudolik e’tiqodidan bexabar bo’lganligi sababli bu davr “johiliya” deb atalgan. Bundan tashqari xalq orasida norasida qizlarni tiriklayin ko’mish, mayxo’rlik va boshqa axloqiy buzuqliklar keng yoyilgan edi. Ba’zi tadqiqotchilar johiliya davri yuz ellik-ikki yuz yil davom etgan degan fikrni bildiradilar. Biroq ushbu davrning muddati manbalarda aniq belgilanmagan.
Arabistonda har xil xudolarning timsollari – sanamlar qachon paydo bo’lgani haqida muayyan tarixiy ma’lumotlar yo’q. Ba’zi tarixchilarning xabar berishicha, Arabistonga birinchi bo’lib sanam keltirib va unga ibodat qilishni boshlab bergan Amr ibn Luhay ismli shaxs bo’lgan. U SHomga tijorat maqsadida tez-tez safar qilib turardi. Shomda esa butparastlik, turli sanamlarga sig’inish odatlari ancha avval shakllangan edi. Arabistonning turli yerlarida muayyan sanamlarning qarorgohi mavjud bo’lib, ular ziyoratgohlar sifatida ma’lum edi. Makka Arabistonning diniy markaziga aylangach, u yerdagi Ka’ba sanamlar to’plangan joyga aylanib qoldi. Islom arafasida arablar orasida butparastlik shunchalik avjida ediki, hatto har bir xonadonning o’z sanami bo’lgan.
Ibn al-Kalbiyning arab ko’pxudoligiga bag’ishlangan “Kitob al-asnom” (“Butlar kitobi”) asarida tilga olingan datlabki besh sanam (ayol xudo timsoli) Vadd, Suvo’, Yog’us, Yo’uq, Nasr bo’lib, Qur’onda ham zikr qilingan (“Nuh” surasi, 22-23-oyatlar). Qur’onda zikr qilingan eng qadimgi sanamlar jumlasiga Lot, Manot va Uzzo ham kiradi. Johiliya arablarining tasavvurida bu uchala sanam ham ayol xudolar bo’lgan.
Islomdan oldin Arabistonning ko’p joylarida yahudiy jamoalari mavjud bo’lgani haqida ma’lumotlar bor. Yahudiylar bilan birga Arabiston yarim oroliga yahudiy dini ham kirib keldi. Arabiston yahudiylari haqida, asosan, Qur’on, hadis, tafsir, siyra va tarix kitoblari xabar beradi. Bu mavzuga aniqlik kiritadigan hozirga qadar topilgan hujjatlarning eng qadimiysi Yangi Bobil podshohi Nabonidga (mil. av. 555-539 y.) tegishli xronikadir. Unda aytilishicha, miloddan avvalgi 552-542 yillar SHimoliy Arabistondagi Teyma shahrini o’ziga poytaxt qilib olgan Nabonid bu yerdagi shaharlarni o’zlashtirish maqsadida Bobildan talaygina aholini ko’chirgan. Ular orasida ko’pchilikni yahudiylar tashkil qilgan. Ma’lumki, bundan oldinroq (mil. av. 586 y.) Navuxodonosor II Quddusni zabt qilganida salkam 30 ming yahudiyni asir qilib, Bobilga keltirgan va “Bobil asirligi” 50 yil davom etgan. SHundan so’ng ham ba’zi yahudiylar Falastinga qaytmay Bobilda qolib ketganlar.
Arabiston yarim orolida yahudiylik bilan bir qatorda xristianlik dini ham tarqalgan. Xristianlar bu yerda keng targ’ibotchilik ishlarini olib borganlar. Ular Arabistonga qachon kirib kelganligi noma’lum. Tarixiy manbalarda xabar berilishicha, qul savdosi bu yerga xristianlarning kirib kelishida asosiy omillardan biri bo’lgan. Vizantiya viloyatlari va O’rta yer dengizi orollaridan keltiriladigan oq tanli erkak-ayol qullar odatda uy ishlari va hunarmandchilik ishlariga jalb qilinar edi. SHahar boylari chiroyli xristian qizlarni o’zlariga joriyalikka olar, ular ona bo’lganlaridan keyin ozod qilardilar. Masalan, Makkadagi Banu Maxzum urug’ining boylari qo’l ostida yunonistonlik joriyalar ko’p bo’lgan.
Johiliya jamiyatida o’zlarining katta bobolari Ibrohim alayhis-salom dinini saqlab qolgan bir jamoa kishilar “haniflar” deb atalgan. Ular sanamlarga sig’inmas, balki yagona xudoga ibodat qilganlar. Haniflar ochiqdan-ochiq butparastlarni tanqid qilardilar. Bu tanqidlar, tabiiyki, zodagonlarga yoqmas edi. SHuning uchun ham ular bir yerda muqim turmay, o’lka bo’ylab ko’chib yurishga va qalandarona hayot kechirishga majbur bo’ldilar. Ushbu toifa kishilardan Zayd ibn Amr, Varaqa ibn Navfal, Ubaydulloh ibn Jahsh, Usmon ibn Huvayris, Quss ibn Sayidolarni keltirish mumkin.
“Islom” – (arab. bo’ysunish, itoat etish) – Allohga til bilan imon keltirib, dil bilan tasdiqlash, uning ko’rsatmalariga bo’ysunishni anglatadi.