13-amaliy mashg‘ulot. Badiiy tasvir vositalari va she’riy san’atlarni o‘qitishda integrativ yondashuv
Ona tili darslarida badiiy matnlar bilan ishlash pragmatikasi Mashg‘ulot maqsadi: Ona tili darslarida badiiy matnlar bilan ishlash pragmatikasi haqida ma’lumot berish
Ta’limning rivojlanuvchi va takomillashib boruvchi texnologiyasi boshqa fanlar qatori ona tili ta’limida ham keng miqyosdagi umumpedagogik vazifani bajaradi. O‘quvchi nutqiy mahoratining yuksalib borishi – ona tili ta’limi mazmuni, o‘quv jarayoni va uning to‘g‘ri shakllantirilishiga bog‘liqligi isbot talab qilmaydigan haqiqat bo‘lsa, nutq tilning ifoda vositalaridan foydalangan holda voqyeylikka aylangan fikrdir. U nutq a’zolarining ongli harakati jarayonida paydo bo‘ladi. Ruhiy hodisa bo‘lgan tilning ifoda vositalari nutq ixtiyoriga o‘tgach, haqiqatga aylanadi. Demak, nutqning vazifasi – ong, xotira va tafakkurning uyg‘unlikdagi faoliyati mahsulini barcha uchun tushunarli, adabiy me’yoriy shaklga kiritish, uni moddiylashtirish (axborotga aylantirishdan) va tinglovchiga yetkazishdan iborat. Shu bilan bir qatorda ona tili o‘qitish metodikasi lingvodidaktik asoslarga ham egaki, bunda til birliklarini nafaqat grammatik xususiyatlariga, balki lug‘aviy ma’nolariga ham asoslangan holda o‘rganish, umumiy va xususiy hodisalarni fikrlash, so‘z boyligini oshirish, og‘zaki nutq, mustaqil matn yaratish ko‘nikmalarini shakllantirish, uning rang-barangligi va uslubiy ravonligiga erishish ko‘zda tutiladi. Nutqiy – amaliy ko‘nikmalar zanjirining eng muhim, yakunlovchi halqasi o‘quvchida mustaqil fikrlash, fikr ifodalash va matn yaratish ko‘nikmalarini shakllantirish tizimi ustida ishlash – o‘quvchi nutqiy iqtidori, matn yaratish ko‘nikmasining malakaga aylanishi, tafakkur mahsulining moddiylashuvidir. Boshqacharoq aytganimizda tafakkur, nutq, matn yaratish xodisalarini o‘zaro uyg‘unlik va uzluksizlikda, til bo‘limlari va boshqa fanlar bilan mustahkam aloqadorlikda, yozma fikr ifodasini yengillashtiruvchi muayyan bir tizimda o‘rganish kommunikativ savodxonlikning eng so‘nggi natijasi – ijodiy matn yaratish va uni mustaqil tahrir qilish ko‘nikmalarining shakllanishiga olib keladi. O‘quvchilar umumiy o‘rta ta’lim maktablarida DTS talablari bo‘yicha belgilangan ona tili o‘qitish mazmuni va undagi matn ustida ishlash va matn yaratish mavzusi yuzasidan quyidagi bilim, ko‘nikma va malakalarni egallashlari lozim:
Grammatikaga oid bilimlarni egallash – fonetika, leksikologiya, so‘z tarkibi, so‘z yasalishi, morfologiya va sintaksis, yozuv va imlo, tanish belgilari nutq uslublari, uslubiyatga oid tushunchalarni o‘rganish, ular amaliyotiga oid BKMlarni egallash;
-birinchi yo‘nalish: - O‘quvchilarning lug‘at zaxirasini kengaytirish va boyitish, so‘zning lug‘aviy ma’nolari ustida ishlash (uyadosh so‘zlar, ma’nodoshlar, zid ma’noli, shakldosh, tarixiy, olinma so‘zlar v.h.), o‘quvchi uchun notanish bo‘lgan so‘zlar ma’nosi va qo‘llanish doirasini aniqlash;
-ikkinchi yo‘nalish; - o‘zbek adabiy tili me’yorlari, to‘g‘ri talaffuz, to‘g‘ri yozish, so‘z tanlash, so‘z birikmalari hosil qilish, gap tuzish me’yorlari, til birliklarining uslubiy imkoniyatlari xususan, uyadoshligi (bir mavzu, guruh va uyaga mansub so‘zlar, fanlararo va sathlararo aloqa) va ma’nodoshligi (sinonimiyasi); mustaqil va ijodiy fikrlash, fikrni to‘g‘ri aniq ravon ifodalash, gramatik sinonimiya (frazeologik sinonimiya, lug‘aviy sinonimiya, qo‘shimchalar sinonimiyasi, gap va matn sinonimiyasi) namunalari ustida ishlash, ifodali o‘qitish (qiroat san’ati) bilan shug‘ullanish;
-uchinchi yo‘nalish: - O‘quvchilarda fikr mahsulini og‘zaki va yozma ravishda izchil, to‘g‘ri, ravon ifodalash ko‘nikmalarini egallash, matn tahlili, matn ustida ishlash va matn yaratish faoliyatlarini qamrab oladi
Foydalanilgan adabiyotlar: 1. To‘xliyev B, Inog‘omova R, Abdulahatova R. “darsliklar bilan ishlash metodikasi”. Toshkent, 2008 yil.
2. To‘xliyev B, Yusupova Sh, Haqberdiyeva Z. “Yuksak ma’naviyatli shaxs tarbiyasi” Toshkent, 2010 yil.
3. To‘xliyev B, Niyozmetova R, Boltayeva I. “darsliklar ustida ishlash”. Toshkent “Fan” nashriyoti 2007 yil.
4. Umarova H. “Qiziqarli grammatika” Toshkent, “Halq merosi”, 2002 yil.
5 . Yo‘ldoshev M. Badiiy matn va uning lingvopoetik asoslari. T., 2007y. 30. Yo‘ldoshev M., Yadgarov Q. Badiiy matnning lisoniy tahlili. T., 2007.