Adabiy portret janri rivojida munaqqidning o‘rni. Tanqidchi ko‘p yillik ijodi mobaynida G‘.G‘ulom, Oybek, K.Yashin, S.Ayniy, A.Qahhor, A. Muxtor, O.Yoqubov, O‘.Hoshimov, A.Oripovlarning ijodiy portretlarini yaratdi. Bu yo‘nalishdagi tadqiqotlar "Iste’dod jilolari" (1976) kitobida o‘z ifodasini topdi.
O.Sharafiddinov o‘z fikriga qat’iy ishonuvchi munaqqid hisoblanadi. Shu bois kezi kelganda, u katta shuhrat egasi bo‘lgan ijodkorlarning u yoki bu asari, fikriga o‘zining tanqidiy munosabatini bildirishdan cho‘chimaydi. Masalan, G‘.G‘ulomning "Egalari egallaganda” dostoni badiiy jihatdan bo‘sh ekanini dadil aytadi. Yoki S.Ayniyning dastlabki ijod namunalarini tahlil qilarkan, uning nazmdagi kamchiliklarini ro‘yi-rost ko‘rsatib, ularning omillarini aniqlaydi.
Shu bilan birga O.Sharafiddinovning S.Ayniy haqidagi adabiy portretida ayrim kamchiliklar ham ko‘zga tashlanadi. To‘g‘ri, maqolaning "Ulkan hayotning ilk sahifalari" deb nomlanishidayoq ko‘rinib turganidek, S.Ayniy ijodining dastlabki namunalarini tahlil etishga bag‘ishlangan. Adibning keyingi bosqich ijodini o‘rganish maqsad qilib ko‘yilmagan. Bunday maqsadni ko‘zlasa, munaqqid boshqacha yoki boshqa maqola yozgan bo‘lar edi, albatta. Lekin shunga qaramay, maqola adabiy portret xususiyatini kasb etishi uchun, u muxtasar ravishda bo‘lsa ham, siqiq obzor xarakterida bo‘lsa ham, adibning yaxlit ijodiyoti haqida tasavvur bergani nazarimizda o‘rinli bo‘lar edi. Hozirgi holatda ham, o‘quvchida adabiy portret nihoyasiga yetkazilmagandek taassurot qoldiradi. Oybek haqidagi adabiy portretda esa uning poetik mahorati va adabiy-tanqidiy mahorati tahlil qilingani holda adibning nasriy mahorati bir muncha e’tibordan chetda qoladi. Holbuki, adabiy portret janri ijodkor ma’naviy, ijodiy, ruhiy qiyofasini bir butunlikda yaratishni talab qiladi. Buni munaqqid bilmaydi emas, lekin maqolada bu muammolarning u yoki bu qirrasini yoritish bilangina cheklanadi.
O.Sharafiddinov tanqidchilikning tarixiy-biografik yo‘nalishi rivojiga ham munosib ulush ko‘shdi. Bu xislat, uning, ayniqsa, “Yalovbardorlar” kitobiga kirgan maqolalarida bo‘rtib ko‘rinadi. Kitobdagi mashhur yozuvchilar hayoti va ijodiga bag‘ishlangan maqolalarda ba’zan davrining siyosiy va mafkuraviy ruhi sezilib tursa-da, adiblarning umumjahon madaniy-adabiy taraqqiyotiga qo‘shgan hissalarini yoritilishi jihatidan qimmatlidir.
Munaqqid kitobda turli millatga mansub yozuvchilar ijodini tadqiq etar ekan, ularning, eng avvalo, milliy qiyofasini hamda milliy xarakter yaratish mahoratiga alohida e’tibor beradi. “Yalovbardorlar” kitobidagi sotsialistik realizm bilan aloqadorlikda aytilgan ayrim mulohazalar eskirgan bo‘lishiga qaramay, badiiy asarning go‘zallik va ma’naviyat bilan aloqador fazilatlarini chuqur his qilishi jihatidan o‘zbek tanqidchisining yuksak iqtidori va boy ma’naviy olamini ko‘rsata bilishi, shuningdek, o‘quvchilarga mahorat sirlarini tushuntirib bera olishi bilan o‘z ahamiyatini yo‘qotmay kelmoqda,
Cho‘lpon ijodi tadqiqotchisi va jonkuyar targ‘ibotchisi. O.Sharafiddinov 60-70-yillardayoq Cho‘lpon va Fitrat ijodi haqida goh pinxon, goh oshkor o‘z fikrlarini ayta boshlagan munaqiddir. Bu yo‘nalishda u matbutotda fikrlarini ochiq aytish imkoniyatiga ega bo‘lmadi, lekin talabalarga o‘qigan ma’ruzalarida fikrini ochiq aytishdan o‘zini tiyolmadi. Buning uchun rasmiy doiralardan ko‘p bor dakki ham eshitdi. Yoshlar dunyoqarashida Cho‘lpon haqida tasavvur shakllanishiga va rivoj topishida jonbozlik ko‘rsatib, bu borada zimdan ilmiy tadqiqot ishlariga tayyorgarlik ko‘rib bordi.
Cho‘lpon singari qatag‘on bo‘lgan shoirlar ijodidagi qator namunalardan tashkil topgan “Tirik satrlar” to‘plami tayyorlanishiga O.Sharafiddinov bosh-qosh bo‘ldi. Xuddi shu davrda o‘zbek adabiyotining fidoyilari E.A.Karimov va N.Karimovlar “O‘zbek tili va adabiyoti masalalari” jurnalida Cho‘lponning ayrim she’rlari va maqolalaridan namunalarni yoritishga jur’at etadilar. Har qalay, bu urinishlar 90-yillar ostonasidagi qarashlarning uyg‘onishiga zamin bo‘ldi. XX asrning 80- yillar oxirida matbuotda Cho‘lpon haqida qator maqolalar e’lon qilindi.
O.Sharafiddinovning "Cho‘lpon" nomli (1991) asari ulug‘ san’atkor haqidagi birinchi, xayrixohlik bilan yozilgan ilmiy-taxliliy, ayni vaqtda ommaviy tadqiqot asar edi. Kitob lo‘nda-lo‘nda besh bobdan - hayoti va ijod yo‘li, she’riyati tahlili, nasrining talqini, adabiy-tanqidiy faoliyatiga munosabat, tarjimonlik mahoratiga bir nazardan iborat. Kitobning birinchi bobi asosida keyinroq tanqidchi "Cho‘lponni anglash" nomli teran va mazmunli asar yaratdi.
Muallif Cho‘lpon haqida 20-yillardan shu kungacha kim, qayerda nima deganini yaxshi biladi, hatto xorijiy cho‘lponshunoslik tarixi haqida ham ma’lumot beradi. Elining asl o‘g‘loni, buyuk farzandi Cho‘lponni asrab-avaylay olmagan, muhimi, uning sha’ni-qadri uchun kurashmagan zamondoshlaridan xafa bo‘lib ketishini ham yashirmaydi. U Cho‘lponni qancha o‘qisa, anglasa, inson erki, ruhning ozodligini shuncha aniq his qiladi, aksincha, sho‘ro hukumati mohiyatini uqishga qancha intilsa, erksizlik, tutqunlik qonun-qoidalarini aniq-ravshan idrok etadi. Demak, Cho‘lpon ijodining mohiyati sho‘ro tuzumi asoslariga zid edi. Insonning erkin ruhini tasvirlovchi asarga totalitar tuzumda o‘rin bo‘lishi qiyin. "Cho‘lponni anglash" risolasining tub mohiyati mana shunda.
“Kecha va kunduz” romani O.Sharafidsinov so‘zboshisi bilan chop etildi. Uning rahbarligida Cho‘lponning avval bir jildlik, so‘ng uch jildlik asarlari nashrga tayyorlandi “Adabiyot nadur” to‘plami bosilib chiqdi. Cho‘lpon adabiy merosiga oid o‘nlab maqolalar, ikkita risola yaratildi. Cho‘lponga intilish, hatto, aytish mumkinki, O.Sharafiddinovning shaxs sifatida kamol topishiga ta’sir ko‘rsatdi, iste’dodini tarbiyaladi, aniq maqsadga yo‘naltirdi. Uning "She’r ko‘p, shoir-chi?", "Hayotiylik jozibasi, sxematizm inersiyasi", "Haqiqatga sadoqat maqolalari Cho‘lpon ruhida yozilgan. Olimning qator shogirdlari cho‘lponshunoslikni rivojlantirib kelmokdalarki, bunda ustozning xizmatlari ulkan.
Munaqqidning Cho‘lpon 100 yilligi munosabati bilan Fanlar Akademiyasi katga zalida qilgan ma’ruzasi asosida "Xalq so‘zi” gazetasida "Cho‘lpon harakatga chorlaydi" maqolasi chop etildi. Unda Cho‘lpon asarlari bizni erk, ozodlik, mustaqillikni e’zozlashga o‘rgatishiga urg‘u berildi. Cho‘lpon ijodini targ‘ib qilish, uning asarlarini mehr va katta muhabbat bilan tahlil va talqin etish munaqqid ijodining yetakchi yo‘nalishlaridan biri sanaladi.