Hujjatlarni tizim bo’linmalarida arxivlarga topshirish
Tashkilotlarda ish yuritish jarayonida to’plangan hujjatlar keyinchalik yo uzoq muddatda arxivda saqlab qolinadi, yoki qisqa muddat saqlanib, keyin yo’q qilib tashlanadi. Tashkilotlar ularning faoliyatida va tasarrufidagi tashkilotlar faoliyatida vujudga keladigan, doimiy saqlanadigan hujjatlarning tanlab olinishini, hisobga olinishini, saqlanishini, ishlanish sifatini va ushbu hujjatlarni o’z vaqtida davlat saqloviga berishni ta’minlaydilar.
Doimiy va uzoq vaqt (10 yildan ko’proq) saqlanadigan hujjatlarni saqlash uchun tashkilotlarda idoraviy arxivlar tashkil etiladi yoki ularning vazifalari boshqa tarkibiy bo’linma (maxsus ajratilgan mansabdor shaxslar)ga yuklanadi.
Doimiy va uzoq muddat saqlanadigan, tugallangan hujjatlar yig’majildlari ma’lumot ishlari uchun tarkibiy bo’linmalarda ikki yil davomida qoldirishadi, keyin esa tashkilotlar rahbarlari bilan kelishilgan holda idoraviy arxivga topshiriladi.
Hujjatlarni idoraviy arxivga topshirishga tayyorlash quyidagilarni o’z ichiga oladi:
hujjatlarning muhimlik qiymati ekspertizasini o’tkazish;
hujjatlar yig’majildlarini rasmiylashtirish;
hujjatlar yig’majildlarining ro’yxatini tuzish;
hujjatlarni yo’q qilishga ajratish to’g’risida dalolatnomalar tuzish.
Hujjatlarning muhimlik qiymatini ekspertiza qilishni tashkil etish va o’tkazish, shuningdek tobe tashkilotlarning ekspert xizmati faoliyatini nazorat qilish uchun tashkilotlarda doimiy faoliyat ko’rsatuvchi markaziy ekspert komissiyalari (MEK) tashkil etiladi.
Vazirliklar, idoralarga qarashli tashkilotlar va tarkibiy bo’linmalarda hamda jamoat tashkilotlarining markaziy organlarida doimiy faoliyat ko’rsatuvchi ekspert komissiyalari (EK) tashkil etiladi. Ekspert komissiyalari haqidagi nizomlar amaldagi nizomlar asosida ishlab chiqiladi, arxiv muassasalari bilan kelishiladi va tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlanadi. Ekspert komissiyalari maslahat organlarn hisoblanadi. Ularning qarorlari tashkshilotlar rahbarlari tomonidan tasdiqlanadi.
Muhimlik qiymati ekspertizasi natijalari bo’yicha doimiy va uzoq vaqt saqlanadigan hujjatlar ro’yxati tuziladi.
Hujjatlar va hujjatlar yig’majildlarini yo’q qilishga tanlab olish dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi; hujjatlar va hujjatlar yig’majildlarini yo’q qilishga ajratish to’g’risidagi dalolatnomalar ekspert komissiyasi majlislarida hujjatlar yig’majildlari ro’yxatlari bilan bir vaqtning o’zida ko’rib chiqiladi.
Hujjatlarni davlat saqloviga topshiruvchi tashkilotlar uchun dalolatnomalar, doimiy saqlanadigan hujjatlar yig’majildlari ro’yxati arxiv muassasalarining ETK tomonidan tasdiqlangandan so’ng, tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlanadi. Dalolatnomalar tasdiqlangandan keyin, yo’q qilishga ajratilgan hujjatlar va hujjatlar yig’majildlari hujjatlashtirishni ta’minlash xizmati yoki tashkilotning idoraviy arxivi xodimlari tomonidan ikkilamchi xom ashyo tayyorlovchi idoraga topshiriladi.
Hujjatlar yig’majildlari varaqalari qora grafit qalam bilan yoki raqamlagich bilan varaqning yuqoridagi o’ng burchagiga, hujjat matniga tegib ketmasdan, “bet” (b) so’zisiz va tinish belgilarisiz arab raqamlari bilan belgilanadi.
Doimiy va uzoq vaqt saqlanadigan hujjatlar yig’majildi muqovasi belgilangan shakl (9-ilovaga qarang) bo’yicha rasmiylashtiriladi.
Doimiy va uzoq saklanadigan hujjatlar yig’majildlari muqovalaridagi yozuvlarga yil tugagach aniqliklar kiritiladi: hujjatlar yig’majildlari muqovasidagi sarlavhalarning tikilgan hujjatlar mazmuniga muvofiqligi tekshiriladi, zarur hollarda hujjatlar yig’majildi sarlavhalariga qo’shimcha ma’lumotlar kiritiladi (buyruqlar, bayonlar, hisobot turlari va shakllarining tartib raqamlari qo’yib chiqiladi va h.k.).
Muqovadagi sana hujjatlar yig’majildining yuritila boshlangan va tugallangan yiliga muvofiq kelishi kerak, hujjatlar yig’majildi yuritila boshlaganidan ancha oldingi yillarga oid hujjatlar mavjud bo’lgan hujjatlar yig’majildida sana ostida “...yillarga doir hujjatlar mavjud” deb yozib qo’yiladi.
Bir necha jildlar (qismlar)dan iborat bo’lgan hujjatlar yig’majildlari muqovalariga har qaysi jild (qism) hujjatlarining oxirgi sanasi qo’yib chiqiladi.
Aniq kalendar sanasi belgilanganda, yil, kun, oy ko’rsatiladi. Yil va kun arab raqamlarida belgilanadi, oy nomi so’z bilan yoziladi.
Tashkilot (uning tarkibiy bo’linmasi) nomi hujjatlar qamrab oladigan davr davomida o’zgarganda yoki hujjatlar yig’majildi boshqa tashkilot (tarkibiy bo’linma)ga berilganda, muqovaga ushbu tashkilot (tarkibiy bo’linma)ning yangi nomi yozib qo’yiladi.
Doimiy va uzoq vaqt saqlanadigan hujjatlar yig’majildlari muqovalaridagi yozuvlar aniq, o’chmaydigan qora siyoh yoki tush bilan yozilishi lozim.
Hujjatlar yig’majildi oxirida alohida varaqqa tasdiqlovchi yozuv joylanadi, unda hujjatlar yig’majildining raqamlangan varaqlari soni raqam va so’z bilan ko’rsatiladi. Tasdiqlovchi yozuv uni tuzgan xodim tomonidan lavozimi va tuzgan sanasini ko’rsatgan holda imzolanadi.
Doimiy va uzoq vaqt saqlanadigan va muhimlik qiymati ekspertizasdan o’tkazilgan, mazkur talablarga muvofiq rasmiylashtirilgan shaxsiy tarkib bo’yicha tugallangan hujjatlar yig’majildlari bo’yicha har yili ro’yxatlar tuziladi. Vaqtincha saqlanadigan hujjatlar yig’majildlariga ro’yxatlar tuzilmaydi.
Tarkibiy tuzilmalarning hujjatlar yig’majildlari ro’yxatlari hujjatlar uchun javobgar xodim tomonidan bevosita idoraviy arxivning metodik rahbarligi ostida tuziladi.
Ro’yxatlar doimiy saqlanadigan, uzoq vaqt saqlanadigan hujjatlar yig’majildlariga, shaxsiy tarkib bo’yicha hujjatlar yig’majildlariga va bir turdagi (mavzular bo’yicha hisobotlar, ratsionalizatorlik takliflar va h.k.) hujjatlar alohida-alohida tuziladi.
Hujjatlar yig’majildlarining ro’yxatlari tashkilotlarning har bir tarkibiy bo’linmalari hujjatlar yig’majildlariga, tarkibsiz tashkilotlarda uning faoliyati jarayonida tashkil topgan har bir kalendar yilda yuritilgan barcha hujjatlar yig’majildlariga tuziladi.
Tarkibiy bo’linmalar tomonidan tayyorlangan ro’yxatlar idoraviy arxiv tayyorlaydigan tashkilotlar yig’ma ro’yxatini tayyorlash uchun asos bo’lib xizmat qiladi va idoraviy arxiv ular bo’yicha hujjatlar yig’majildlarini davlat saqloviga topshiradi.
Tashkilotlar tarkibiy bo’linmalarining ro’yxatlari ikki nusxada tuziladi, ulardan bittasi hujjatlar yig’majildlari bilan birga idoraviy arxivga beriladi, ikkinchisi esa, nazorat nusxasi sifatida, tarkibiy bo’linmada qoldiriladi (10-ilovada uning shakli berildi); uzoq vaqt saqlanadigan hujjatlar yig’majildlaridagi qaydlar “saqlash muddati, ro’yxatlar bo’yicha modda” degan qo’shimcha ustunga ega bo’ladi.
Ro’yxatlarning har qaysi nusxasining oxirida arxivga amalda berilgan (qabul qilingan) hujjatlar yig’majildlari soni raqam va so’z bilan yoziladi, qabul qilish-topshirishni amalga oshiruvchi xodimlarning imzolari qo’yiladi, sanasi ko’rsatiladi.
Idoraviy arxiv mudiri hujjatlarni va hujjatlar yig’majildlarini qabul qilishda ularning to’g’ri to’ldirilganligini tekshiradi.
Hujjatlar va hujjatlar yig’majildlari arxivda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridaga Bosh arxiv boshqarmasi tomonidan belgilangan tartibda saqlanadi. Hujjatlar yig’majildlari arxivdan tashkilotlar xodimlari so’rovlari bo’yicha tilxat bilan beriladi. Arxivdan olingan hujjatlarga biror-bir belga qo’yish va yozuvlar tagiga chizish taqiqlanadi.
Doimiy saqlanadigan hujjatlar yig’majildlaridan hujjatlarni olib qo’yishga va berishga ruxsat etilmaydi. Istisno hollarda prokuratura va sud organlarining so’rovlari bo’yicha, tashkilot rahbarining ruxsati bilan olish olib qo’yilgan hujjatning aniq tasdiqlangan
nusxasini hujjatlar yig’majildida majburiy qoldirish va hujjat aslining olinish sabablari to’g’risidagi dalolatnomani solib qo’yish yo’li bilan amalga oshiriladi.
Arxivdan olingan hujjatlar, zarurat tugashi bilanoq, biroq 15 kundan kechiktirmasdan, arxivga qaytarilishi kerak. Arxiv mudiri hujjatlar va hujjatlar yig’majildlarining o’z vaqtida qaytarilishini nazorat qilib boradi.
Tashkilotda ishlamaydigan shaxslarning hujjatlar yig’majildlaridan foydalanishi faqat tashkilot rahbarining yozma ruxsatnomasi bo’yicha amalga oshiriladi.
Hujjatlar yig’majildlari va hujjatlar idoraviy arxivda 15 yil davomida saqlanadi, shundan so’ng belgilangan tartibda O’zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxiviga beriladi.
Arxiv mudiri arxivga topshirilgan hujjatlar yig’majildlarining saqlanishiga, ularni davlat saqloviga topshirish uchun tayyorlashga javobgar hisoblanadi.
Dostları ilə paylaş: |