Huquqiy tarbiya – bu o‘quvchilarni rivojlangan demokratik davlat qonun-qoidalari asosida shaxs haq-huquqlari me’yorlari bilan qurollantirishga qaratilgan jarayondir.
Biz demokratik davlat barpo yetmoqdamiz. «demokratiya- bu adolat degani». Demak adolatli davlat qurmoqdamiz. Bunday mamlakatda har tomonlama yetuk, o‘z xaq-huquqlarini biladigan, ularni himoya qila oladigan kishilar yashaydilar. Bugungi kundagi yoshlarimizni mustaqil fikrlaydigan siyosat va inson huquqini chuqur biladigan, konstitutsiya qonunlariga amal qilayotgan, o‘z fuqarolik burchlarini yaxshi his etadigan qilib tarbiyalashiyalashimiz lozim.
Ekologik tarbiya –bu o‘quvchilarda atrof-muhitga, tabiatga nisbatan Ekologik munosabatlarni shakllantirish jarayonidir. «Ekologiya » - yunoncha so‘z bo‘lib, tirik mavjudotlarning yashash sharoiti va tevarak atrofdagi muhit bilan o‘zaro munosabatlari hamda shu asosda yuzaga keladigan qonuniyatlarni o‘rganadigan fandir.
Barkamol insonning muhim fazilatlaridan biri uning Ekologiya madaniyatidir. Ekologik madaniyatga ega shaxs barcha tirik mavjudotlarning yashash sharoiti, muhiti, qonun-qoidalarini puxta biladi, tabiat muvozanatini saqlashga hissa qo‘shadi. U atrof-muhitga nisbatan beparvo bo‘lmaydi, aksincha uni yaxshilashga, sog‘lomlashtirishga hissa qo‘shadi.
Iqtisodiy tarbiya –bu o‘quvchilarda iqtisodiy tafakkur va madaniyatni shakllantirishga qaratilgan jarayondir. Bozor iqtisodiga o‘tayotgan bir paytda yoshlarda iqtisodiy tafakkurni tarbiyalash muhim ahamiyatga egadir. O‘quvchilarda iqtisodiy tarbiya tejamkorlik, mehnasevarlik, tashabbuskorlik, ishbilarmonlik, iqtisodiy hisob-kitob va ayni shu kabilar haqida fikrlay olish kabi qobiliyatlarni kamol toptirishdir.
Iqtisodiy tarbiya–maktabda asosan tabiiy-matematik fanlar asosida beriladi. Unda o‘quvchilar ishlab chiqarishning turli sohalari, bozor, oila budjeti, iqtisodiy geografiya, marketing kabi ko‘plab zamonaviy tushunchalar bilan qurollanadilar.
Jismoniy tarbiya –o‘quvchilar tanasidagi barcha a’zolarini sog‘lom o‘sishini ta’minlash barobarida ularni aqliy va jismoniy mehnatga, Vatan mudofasiga tayyorlashdir. Jismoniy tarbiya mazmuniga ko‘ra bola organizmi ichki a’zolari funksiyasi faoliyatini boshqarish, o‘quvchilarning sog‘ligini mustahkamlash, gigiena qoidalariga ko‘nikashini tarkib toptirish, mohirliklarini o‘stirish, mehnat qilish qobiliyatlarini oshirish, ularda iroda, chidamlilik qat’iyan intizom, do‘stlik his-tuyg‘ularini kamol toptirish, jismoniy qobiliyatlarini shakllantirishdan iborat.
Barkamol inson nafaqat ma’naviy jihatdan, balki jismoniy jihatdan ham yetuk bo‘lmog‘i lozim. Shuning uchun ham jismoniy tarbiya barkamol inson tarbiyasining yana bir tarkibiy qismidir.
Jismoniy tarbiya yosh avlodni jismoniy jihatdan sog‘lom o‘sishlarini, baquvvat bo‘lishlarini va vatanimiz himoyasi uchun qo‘rqmas, jasur, harbiy ilmlar, qurol aslohatlardan foydalanishni biladigan qilib tarbiyalashni o‘zining oliy maqsadi deb biladi.
O‘quvchilarga jismoniy tarbiya maktabda harakatli o‘yinlar, gimnastika, sport, turizm hamda sinfdan va maktabdan tashqari sport mashg‘ulotlari turlari vositasida amalga oshiriladi.