Rejim (kun tartibi). Bolalar hayotining rejimi (tartibi) – bu bedor yurish, uxlash, ovqatlanish, faoliyat xilma-xil turlarining har kuni muayyan izchillikda takrorlanib, oqilona almashinib turishidir. Tartib rivojlanish uchun qulay sharoit ta'minlashi kerak, shuning uchun u bolaning yoshi, uning salomatligi, kattalar mehnatining xususiyatlari, bola tarbiyalanayotgan oila turmushi va muassasaga bog‘liq tarzda o‘zgaradi.
Muayyan vaqt ichida tartibning asosiy tarkibiy qismlari bir maromda va doimiy bo‘lishi uning ajralmas xususiyatlaridir.
Tartibning bir maromdaligi tabiat hodisalarining maromi, organizm faoliyatining maromiga asoslanadi. Bu bedor yurish va uxlashning, tana haroratining o‘zgarishi, nafas olish, yurak urishining qisqarish maromida, ovqat xazm qilish traktining ish maromida namoyon bo‘ladi va hokazo.
Oqilona tartib: 1) bedor yurish va uxlashning eng maqbul nisbati asosida quriladi, bu vaqtda boshmiya qobig‘i uchastkalari o‘rtasidagi vazifalar qayta taqsimlanadi, olingan axborot qayta ishlanadi; 2) aqliy va jismoniy ishlarning nisbati, ovqat hazm qilish maromini hisobga olish asosida quriladi.
Tartibdan chetga chiqish darhol bolaning kayfiyatida, shu bilan birga uning xulq-atvorida namoyon bo‘ladi.
Tartibni tuzishda quyidagilarni hisobga olish zarur:
Oliy asab faoliyatining yosh xususiyatlarini.
Ovqat xazm qilish sistemasi ishidagi yosh xususiyatlarini.
Alohida xususiyatlar: asabiy bolalar va asab tizimi zaif bo‘lgan bolalar ko‘proq uxlashlari kerak.
Harakatga bo‘lgan yosh ehtiyojlari: bir kecha kunduzdagi harakat miqdori 3 yoshli bolalarda 10-19 ming qadamni, 7 yoshli bolalarda 14-25 ming qadamni tashkil qiladi.
Yil fasli, iqlim sharoitlarini bolalarni uyqusini tashkil etishni hisobga olish lozim.