O`RTA OSIYO JADIDLARINING YANGI USUL MAKTABLARI FAOLIYATIDAN LAVHALAR Hayitov - BuxDU magistranti
Annatatsiya. Ushbu maqolada Jadidlar tomonidan O`rta Osiyo, xususan, Xorazm, Buxoro va Qo`qon hududlarida yangi usuldagi makatablarning tashkil etilishi, ta`limiy islohotlari, ko`zlangan maqsad va belgilangan vazifalari xususida so`z boradi.
Kalit so`zlar. Usuli jadid, demokratik tizim, ta`limiy islohot, maktabxona, No`g`oy maktab, usuli savtiya, tovush usuli, Chor hukumati, ijtimoiy tuzum, rus-tuzem.
Аннотация. В данной статье рассматривается создание джадидами новых школ в Средней Азии, в частности в Хорезме, Бухаре и Коканде, образовательные реформы, цели и задачи.
Ключевые слова. Метод модерн, демократическия, реформа образования, школа, ногайская школа, метод савтия, звуковой метод, царское правительство, общественный строй, русский строй.
Annotation. This article discusses the establishment of new schools, educational reforms, goals and objectives by the Jadids in Central Asia, in particular in Khorezm, Bukhara and Kokand.
Keywords. Method modern, democratic system, educational reform, school, Nogai school, method savtiya, sound method, Tsarist government, social system, Russian system.
XX asrda Turkiston o`lkasida Jadidlar tomonidan xalqning ma`naviyatini boyitish, o`rta asrlarga xos qoloqlik va xurofotlardan ozod etish, demokratiya tizimini o`rnatish orqali ozod va farovon jamiyat qurish kabi g`oyalar ilgari surilgan. Buning uchun avvalo yoshlar tarbiyasi g`oyat muhim ahamiyat kasb etgani holda, barcha taraqqiyparvarlarning e`tibor va e`tirof markazida bo`lgan.
Shu maqsadda yangi usul maktablari tashkil etilgan. Bu turdagi maktablar - musulmon maktablarining ta`lim usuli va dasturlarini isloh qilib, bolalarga ona tilidan xat-savod o`rgatgan va g`oyalarni ilgari surgan o`quv yurtlari demakdir. Dastlab Qirimning Bog`chasaroy shahrida 1884 yilda Ismoilbek G`aspirali tomonidan tashkil etilgan va u "Usuli savtiya tadrijiya" ya`ni, rivojlanuvchi tovush usuli maktablari bo`lgan. XIX asrning oxiri XX asr boshlarida Turkistonda tijorat va sanoatning rivojlanishi bu sohalarni boshqara oladigan shaxslarni yetishtirish ehtiyojini tug`dirgan. 1 Ko`p asrlik maktabxonalar yoshlarga zarur dunyoviy bilim va ko`nikma bermas edi. Shuning uchun yangi usulda ta`lim berayotgan maktablar ochila boshlandi. 1893 yil Buxoro amiri Abdulahadxon ruxsati va Mo`minxo`ja Vobkendiy va G`ijduvonlik Domla Fozil sa`y-harakati bilan dastlabki yangi usul maktablari ochildi. Turkiston hududida keying yangi usul maktablari 1898 yil Qo`qonda Salohiddin domla va Samarqanddagi Paxta zavodi huzurida tatar mualliflari tomonidan ochilgan. 2 Mahaliy aholi tomonidan bu davrda bu turdagi maktablar "No`g`oy maktab" deb atalgan. 1900 yildan boshlab Toshkentda Jadidchilik harakatining yirik namoyondasi Munavvarqori Abdurashidxonov, Samarqandda Abduqodir Shakuriy tashkil qilgan Yangi usul maktablari o`z ishini boshlagan. Bunday maktablar Andijon va Namanganda, Xiva xonligida ham ochilgan.
1908 yil Buxoroda Burhonov tomonidan tashkil etilgan boshqa Yangi usul maktabi ko`p o`tmay yopib qo`yilgan. Yangi usul maktablarida maktabxonadagi yakka o`qitish usulidan sinfga dars berishga o`tilgan. Sinflarda Geografiya xaritalari, Globus va boshqa shu turdagi ko`gazmali qo`llanmalar mavjud bo`lgan. Yangi usul maktablarida xat-savod bolalarning ona tilida tovush usuli - "Usuli savtiya" o`rgatilgan. Maktablar asosan 1-4 sinflardan iborat boshlang`ich maktablar bo`lgan.
1913-1914 o`quv yilidan ayrim joylarda ikki bosqichli tizim joriy qilina boshlanadi. Bu tizimdagi maktablar "Namuna maktablari" deb atalib, ularning birinchi bosqichi tahriziy, ya`ni, boshlang`ich sinflar, ikkinchi bosqichi Rushdiy, ya`ni, "Yuqori sinflar" deb atalgan. Xususan, Abdurashidxonovning namuna maktabi Shakuriyning Samarqanddagi va A. Ibidiyevning Qo`qondagi maktabida Rushdiy tipdagi sinflar ham ish boshlagan. 3 Shu bilan bir qatorda Yangi usul maktablarida bir qator dolzarb muammolar ham mavjud edi. Ammo ta`kidlash joizki, muammolarning aksariyati ularning faoliyatiga to`sqinlik qila olmagan. Masalan, ulrning hech biri uchun maxsus binolar qurilmagan. Ular xususiy bo`lib, ko`p hollarda xususiy maktablar uchun muallimning o`z uyidan yoki biror bo`sh turar joy binolaridan hamda ba`zi shaxslarning "Tashqi hovli"(XX asrning oxirlariga qadar mahalliy aholining turar joyi "Ichki hovli" va "Tashqi hovli" qismlaridan iborat bo`lgan)laridan foydalanilgan.
Chor hukumati amaldorlari bunday maktablar milliy madaniyatning o`sishiga yordam berishidan cho`chib, podsho hokimiyati uchun xatarli deb hisoblashgan. Shuning uchun ularning faoliyatini bo`g`ib qo`yadigan turli choralar ko`rildi. Xususan, 1911 yilda mahalliy millat maktablarida (Rus-tuzem maktablaridan tashqari) o`quvchilar qaysi millatdan bo`lsa muallim ham shu millatdan bo`lishi kerakligi haqida qaror qabul qilindi. 4 O`quv jarayonidagi darslar muayyan maktab rahbari va muallimlar tomonidan tuzilgan o`quv rejasi va darsliklar asosida olib borilgan. Masalan, A. Shakuriy o`z maktabining 1-2 bosqich sinflari uchun o`uv dasturi va rejasini Behbudiy bilan birga tuzgan. Yangi usul maktablarida dunyoviy fanlar bilan bir qatorda diniy fanlar ham o`qitilgan. "Alifbe" kitobi bilan "Alifboyi Qur`oniy" ham o`rgatila boshlangan. Dunyoviy fanlardan Fizika, Kimyo, Geometriya, Arifmetika, Geografiya, ayrim maktablarda 4- sinfdan Rus tili ham o`qitilgan. Rus tilidan imtihonlar Toshkentdagi ikki bosqichli rus-tuzem maktabida o`tkazilgan va o`uvchilar bilimi 5 ballik tizim asosida baholangan.
Yangi usul maktablarida yuqori sinflar uchun Fizika, Kimyo, Geometriya kabi o`quv fanlaridan o`zbek tilida darslik, o`quv qo`llanmalari bo`lmagan. Muallimlar bu fanlar bo`yicha tatar, turk tillarida nashr etilgan qo`llanmalardan foydalanishga majbur bo`lishgan. Ayrim muallimlar o`zlari darslik yozib shu asosida ta`lim berganlar. 5 Saidrasul Saidazizov "Ustodi avval" (1902), Behbudiy "Risolai asbobi savod"(1904), "Risolai Jug`rofiya umroniy" (1905), Munavvarqori "Adibi avval", "Adibi Soniy"(1907), Abdulvohid Burhonov "Rahbari xat"(1908), Fbdulla Avloniy "Birinchi muallim" (1910) "Ikkinchi muallim"(1912), Rustambek Yusufbek o`g`li "Ta`limi avval", Ibodiyev "Ta`sil ul- alifbo" darslilarini yozib nashr etishgan.
1904-1905 yillarda rus- yapon urushi, 1905-1907 yillarda bo`lgan 1- rus inqilobi, 1908- yilda Turkiyada bo`lgan Yosh Turklar inqilobi jadidlar dunyoqarashiga kuchli ta`sir ko`rsatdi. Jadidlar o`z gazeta va jurnallari, yangi usul maktablari, turli kutubxona va qiroatxonalar, havaskor teatr truppalari tevaragida to`planishar edi. Ularning ko`pchiligi shu davrning ko`zga ko`ringan ijodkorlari- shoir-u yozuvchilar edi. Ular o`z asarlari bilan tarixan yangi milliy adabiyot yaratdilar.
Jadidlar musulmon maktablarining ta`lim usuli dasturlarini isloh qilib yangi usul maktablarini ochishgan. 1900 yilda Toshkentda Munavvarqori tashkil qilgan yangi usul maktabi ish boshlagan. Keyinchalik u namuna maktabiga aylantirilib, unda 5-6 sinf kabi yuqori sinflar bo`lgan. 6 Turkistondagi dastlabki oliy o`quv yurti Turkiston xalq universiteti (hozirgi O`zbekiston Milliy universiteti)ning 1918 yilda Toshkentda ochilishi ham jadidlar faoliyati bilan bog`liq. Munavvarqori Abdurashidxonov tashabbusi bilan 1918 yil 12- mayda Turkiston xalq universiteti tarkibida musulmon xalq dorilfununi tashkil qilinadi. 1919 yil Toshkentning eski shahar qismida Jadidlar tashabbusi bilan Turkiston xalq konservatoriyasining milliy (Eski shahar) bo`limi tashkil etildi. 7 Jadid ma'rifatparvarlarining milliy o‘zlikni anglash borasidagi muhim ishlaridan biri yosh avlod ma'rifatida diniy ta'limga alohida e'tibor qaratishi bilan belgilanadi. Avvalambor, diniy ruhda yosh avlodning xatsavodini chiqarish, diniy e'tiqodni mustahkamlash, din tarixini bilishga alohida diqqat qildilar. Birgina o‘quvchilar uchun islom dini tarixini o‘rgatishga mo‘ljallangan bir qator darsliklar yaratildi.8 Munavvarqori Abdurashidxonovning “Havoiju-diniya” Abdulla Avloniyning “Muxtasari tarixi anbiyo va tarixi islom”, Abdurauf Fitratning “Muxtasar tarixi islom” kabi darsliklari shular jumlasidandir.
Mahmudxo`ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Shakuriylar xalqni tez va qisqa fursatda savodli qilish uchun yangi usul maktablarini tashkil qilishda ularning har biri o`z maktablari uchun dasturlar va dars jadvallari tuzib darslik va o`quv qo`llanmalar yaratishda ular diniy bilim berishdan tashqari, yozish, o`qish hisobni o`rgatish bilan bir vaqtda jug`rofiya, tibbiyot, fors, arab, rus tillarini o`qitishni yo`lga qo`yishdi.
Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Shakuriy xalq ommasining ko`proq yuqori qatlamini ziyoli qilish orqali o`z maqsadlarini amalga oshirishni maqsad qilgan bo`lsa, Abdulla Avloniy esa "ilm-ma`rifat shunday bir vositaki, uning yordamida butun bir ijtimoiy tuzumni yaxshi tomonga o`zgartirish mumkin, lekin buning uchun ma`rifat ishlariga hammaning manfaatlarini birga qo`yish kerak", degan barcha davrlar uchun dolzarb fikrni ilgari surishdi va anashuni hisobga olib maktablar tashkil etishdi.
Turkiston jadidlari tomonidan amalga oshirilgan bu kabi ta`limiy islohotlar, ayniqsa, shu masalaga yo`naltirilganligi bilan Ismoil Ga`spirali tomonidan ilgari surilgan Qrim jadidchiligidan qaysidir ma`noda farq qilar edi. Yangi usuldagi maktablar Qo`qon, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shahrlarda, ularga tutash bo`lgan shahr va qishloqlarda tashkil etilganligining ham tarixiy ahamiyati beqiyosdir. Sababi, bu shaharlar azal-azaldan ilm-ma`rifat maskani sifatida e`tirof etiladi. Shu asnoda, ko`hna tarix charxpalagida toblangan xalqimizning bunday turdagi yangi usul maktablariga ehtiyojmandligi hech zamonda, hech qaysi bir tadqiqotchini ajablantirmagan.
Xulosa o`rnida shuni alohida e`tirof etish mumkinki, Jadidlar tomonidan Yangi usul maktablarining tashkil etilishi tom ma`noda millatning avvalo ma`naviy hayotini yuksaltirish asnosida kelgusida zamonaviy jamiyatda uning xalqaro darajadagi mavqeini yuksaklarga ko`tarishga qaratilgan edi. Ta`lim sohasidagi bu kabi islohotlar Chor hukumati matasaddilari va mahalliy diniy mutaasiblar tomonidan qoralanib ma`lum ma`noda ta`qib ostiga olingan bo`lsada, ular bu harakatlardan oz bo`lsada chekinishmadi, harakatdan to`xtashmadi. O`sib kelayotgan yosh iste`dodli yoshlarga Turkiston o`lkasining rivojida kelgusidagi harakatlantiruvchi asosiy kuchi sifatida qaralib, ularning bir qanchasi Turkiya va Olmoniya kabi xorijiy mamlakatlarga o`qishga yuborilganligi bir qator tarixiy manbalarda qayd etilgan. Zero, Abdulla Avloniy g`oyat o`rinli ta`kidlaganidek: "Tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot, yo najot, yo saodat, yo falokat masalasidur".
1 Fedorov M.P. Xlopkovodstvo v Sredney Azii. Sankt-Peteburg, 1898. - S. 215