O`rta osiyo xalqlarining



Yüklə 110,5 Kb.
tarix05.03.2023
ölçüsü110,5 Kb.
#86732

BAHOUDDIN NAQSHBANDIYNING FALSAFIY QARASHLARI
O’zbekiston qadim-qadimdan ulug’ allomalar, valiy insonlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan yurt. Bu tabarruk zaminda islomiy ilmlarning barcha turi rivojlanib, dunyoga mashhur nazariy tadqiqotlar yaratilgan, o’ziga xos mavqega ega ilmiy maktablar shakllangan. Jumladan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti ham yurtimizda keng taraqqiy etdi. Dunyoga mashhur uch buyuk tariqat – yassaviya, kubraviya, naqshbandiya tariqatlarining Markaziy Osiyoda paydo bo’lgani ham buning yorqin dalilidir. Tariqatlar islomiy g’oyalarni tarqatish, Xudoga bo’lgan muhabbat orqali taqvo va tavhidni chuqurroq anglash, uni go’zal axloq normasiga aylantirish, nopok ishlar, yomon axloq va badnafslikka qarshi kurashish bilan shug’ullanib kelganlar. Ayniqsa, naqshbandiya tariqati bu borada el orasida alohida obro’-e’tiborga sazovor bo’lib, uning ta’siri Markaziy Osiyodan tashqarida ham sezilib turgan. Turkiya, Kavkaz, Rossiya, Hindiston, Janubiy Osiyo o’lkalarida uning tarafdorlari ko’paygan, ular hozir ham bor. Buning boisi, birinchi navbatda, tariqat asoschisi Bahouddin Naqshband hazratlarining shaxsiyati, u yaratgan ta’limotning hayotiyligi va qulayligidir.
“Naqshband” (naqsh soluvchi) nomi bilan mashhur bo’lgan Bahouddin Muhammad 1318 yilda Buxoro shahri yaqinidagi Qasri Hinduvon qishlog’ida tug’ilganlar. Ilohiy iste’dod sohibi bo’lgan bu zot avval Xoja Muhammad Boboyi Samosiy, so’ngra Sayyid Amir Kulol qo’lida tarbiyalanib, tariqat odobi, tasavvuf ta’limotini egalladilar. Shu bilan birga, Xalil ota va Qusam Shayx suhbatlarida bo’ldilar. Ammo ul zotning o’z e’tiroflariga ko’ra, butun qalblari bilan Xojai Buzurg – Xoja Abduxoliq G’ijduvoniy ruhoniyatiga bog’langanlar. Ya’ni Bobo Samosiy hazrat Bahouddinni “qabul nazari” bilan kashf etgan bo’lsa, Amir Kulol tariqat odobini o’rgatgan. Ammo ruhoniyat jihatdan hazrat Bahouddinning piri murshidlari Abdulxoliq G’ijduvoniydir. Chunki Bahouddin Naqshband o’zlarini xojagon tariqatining davomchisi deb hisoblab, ushbu tariqat g’oyalarini rivojlantirishni o’z oldiga vazifa qilib qo’yadi.
Abdulxoliq G’ijduvoniy o’z tariqatida jahriy zikr, samo’ va xilvatga keng o’rin bermay, yangicha uslub qo’llaydi. Sunnatga e’tibor berib, bid’atu xurofotlardan yiroqlashishga ahamiyat beradi. O’z shogirdlariga: “Fiqh va hadis ilmini o’rgan, johil so’fiylardan yiroq bo’l, moling fiqh kitoblari bo’lsin, seni maqtasalar g’ururlanma, malomat qilsalar ranjima, insonlardan hech narsa tama qilma, futuvvat ahlidan bo’l va Haq taolo senga nima bersa xalqqa ehson qil!”, deb doimiy aytib yurganlar va shunga da’vat etganlar. Bu qoida keyinchalik xojagon tariqatining bosh xususiyati sifatida davom etdi va taxminan ikki asrdan so’ng naqshbandiya tariqatiga meros bo’lib o’tdi. Abdulxoliq G’ijduvoniy va izdoshlarining, jumladan xojagon-naqshbandiya tariqati uch asosiy tamoyilga tayanadi: islomiy qoidalarga asoslanish; ahli sunna val jamoa e’tiqodiga rioya; malomatiylik (o’zini o’zi malomat qilish) tushunchasiga bog’liqlik.
Islomiy qoidalarga bog’liqlik. Xojagon-naqshbandiya tariqati ta’limotining asosiy xususiyatlaridan biri – amri ma’ruf va nahy munkarga qattiq rioya qilish, din ulamolariga hurmat ko’rsatib, bid’at amallardan saqlanishdir. Shu jihatdan bo’lsa kerak, xojagon maktabi turli bid’atlardan, botiniylik va hurufiylik kabi botil ta’limotlar ta’siridan o’zini muhofaza eta olgan. Husayn Vassof (vaf. 1929 y.) bu holatni o’z kitobida bunday ifodalaydi: “Bu oliy tariqatda bid’at ishlar yo’qligi va ularning maslaklariga (shariatga nisbatan) e’tiborsizlik doxil etmaganidan umumislomiy jamoatchilik nazdida (bu tariqat) haqiqiy ma’noda e’tirof etilgan va tez orada keng tarqalgan. Bu tarqalishda ta’sirli omil islom ulamosining (xojagonga) rag’bat ko’rsatishidir”. Husayn Vassofning XX asr boshida bergan bu bahosi xojagonning barcha davrlardagi mavqeiga daxldordir.
Abdulxoliq G’ijduvoniy fanoyi nafs martabasiga o’ng qo’lda Qur’oni karimni, chap qo’lda hadisi sharifni ushlagan holda, ularning nuri bilan yurgan kishigina erisha oladi deydi. Shogirdlariga: “Fiqh va hadis ilmini o’rgan, johil so’fiylardan uzoq yur!”, deya nasihat qilishi uning diniy hukmlarga nechog’li e’tibor berganligini ko’rsatadi. Xojagon mashoyixining: “Xojalar (din olimlari) bizning sayyidlarimiz” deya ulamoi kiromga hurmat bajo keltirganligi ma’lum. Xoja Ali Romitaniyning majlisida olimlardan biri uni maqtab: “Siz mag’zsiz, biz esa po’stloq”, debdi. Shunda Xoja Ali Romitaniy: “Mag’z po’stloqning himoyasidadir”, degan ekan. Uning bu so’zini izohlagan Muhammad Arzangiy yong’oq po’stlog’i (po’chog’i)ning shariatga, mag’zining esa tariqatga o’xshashini, po’stloqsiz mag’z chirib ketishini bayon etadi. Ya’ni, mag’z po’stloqqa muhtoj bo’lganidek, tariqat ahli ham shariat olimlariga muhtojdir.
Do’st va muridlariga diniy amrlarga va ilmga suyanishni tavsiya etgan Sayyid Amir Kulolning: “Biror kishi sizlardan mazhabga doir savol so’rasa-yu, javob berolmasangiz, bundan ham xunukroq ish bo’lmaydi. Bu holat sizning g’aflatda ekanligingizni bildiradi… Olimlarga yaqinlashing, chunki ular ummatning mash’alidirlar”, – degani rivoyat qilinadi. Sayyid Amir Kulolning o’g’li Sayyid Amir Hamza Abu Hafs Umar Nasafiyning (XII asr) so’zlaridan bahs yuritarkan, botil yo’ldagi so’fiylardan qochib, diniy farmonlarga bog’liq ravishda yashashni tavsiya etadi.
Bahouddin Naqshband ko’proq hadis ilmidan tahsil olib, ilmga va ilm ahliga katta ahamiyat berardi. Shu xususiyati bois Buxoro madrasalaridagi ko’plab mudarris va talabalar unga shogird bo’lishib, suhbatlariga qatnay boshlaganlarida ba’zi olimlar madrasalar bo’shab qolishidan andeshalanganlar. Shunda Bahouddin Naqshband olimlarga: “Tariqatimizni sizga tushuntiraylik, agar shariatga va sunnatga to’g’ri kelsa yo’limizda davom etaveramiz, agar to’g’ri kelmasa voz kechamiz”, – degan ekan. U halol va harom masalasida juda ehtiyotkor bo’lar, shubhali taomlar yemas, muridlariga ham yedirmas edi.
“Biz Allohning lutfi bilan (ma’nan) nimaga erishgan bo’lsak, Qur’oni karim oyatlari va hazrat payg’ambar alayhissalom hadislariga amal qilganligimizdandir. Bu amaldan biron natijaga erishmoq uchun taqvo qilib, shariat qoidalariga azimat bilan rioya qilmoq, ahli sunna val jamoa asoslariga amal qilmoq hamda bid’atlardan qochmoq kerak”, – deydi Bahouddin Naqshband.
Bahouddin Naqshband hazratlarining taniqli shogirdlaridan bo’lmish Xoja Ubaydulloh Ahror “Faqarot” asarida fano va baqo martabalariga faqat hazrati payg’ambarga, diniy asoslarga va ahli sunna val jamoa yo’liga ergashish bilangina erishmoq mumkinligini aytadi. U faqirlarning haqqidan qo’rqib, vaqf molni yeyishdan o’zini saqlar edi. Halol ozuqa tasavvuf yo’lida kamolotga erishish uchun muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlardi. Payg’ambar alayhissalomga ergashish, olimlarga hurmat ko’rsatish lozimligini aytarkan, ilmni tirikchilik va mansab uchun vosita qilib olgan olimlardan uzoqlashish lozim deydi.
Xojagon-naqshbandiya mashoyixlari dunyoqarashida islomiy amr va taqiqlarga shunchaki itoatlar bilan emas, balki azimat (taqvo) bilan amal qilish mavzusi muhim o’rin tutadi. Bahouddin Naqshbandning tushida Abdulxoliq G’ijduvoniy: “Doimo oyoqni shariat va istiqomat sajjodasiga qo’yish, azimat va sunnat bilan rioya etish, ruxsat va bid’atdan yiroq turish lozim”, deya tavsiya qilgani uchun Xoja Bahouddin azimat bilan harakat qilmoq niyatida jahriy zikrni tark etib, xafiy zikrni boshlagan. Hatto rivoyat qilinishicha, sovuq qish bo’lishiga qaramay, diniy fatvoga ko’ra tayammum qilish o’rniga, qiyinchilik yo’lini tanlab, Revartun qishlog’idan Qasri Orifonga qadar borib, katta qiyinchiliklar bilan suv topib g’usl qilgan ekan.
Ahli sunnatga bog’liqlik. Ahli sunna val jamoa aqidasiga e’tiqod qilingan Buxoro diyorida dunyoga kelib, keng tarqalgan xojagon tariqati islomiyatning sunniy jihatini e’tirof aylagan bo’lib, bu xususiyatini doimo muhofaza etib kelgan. Mashoyixlar silsilasining boshqa ko’plab tariqatlari kabi hazrat Ali (k.v.)ga emas, balki hazrat Abu Bakr Siddiq (r.a.)ga borib taqalishi ham xojagonning sunniylikka bergan ahamiyati timsolidir.
Tasavvuf yo’lida ilgarilash uchun ahli sunna e’tiqodiga rioya qilish lozimligi, chunki ahli sunna firqai nojiya (najot topgan guruh) ekanligini qayd etgan Xoja Ubaydulloh Ahror: “Agar xojagon tariqati darvishlarining e’tiqodini so’rasalar, ular ahli sunna val jamoa e’tiqodidalar, deb ayt”, deydi. Ahroriya sho»basidan Shahobiddin G’ovand Mahmud (vaf. 950/1543 yildan keyin) ham: “Shayxlarimizning usuli hazrat payg’ambar sunnatiga va ahli sunna val jamoa mazhabiga ergashmoqdir”, degan ekan.
Safaviylarning bosqinlari tufayli xojagon mansublari Xuroson va Eron tuproqlaridan ko’chib keta boshlaganliklari, naqshbandiylikning Hindiston va Onado’li o’lkalarida tez tarqalishiga imkon ochdi. Naqshbandiya vakillarining usmonli va shayboniy davlat rahbarlari bilan munosabatlari mustahkamlandi.
Malomat tushunchasi asoslariga bog’liqlik. IX asrda Nishopurda Hamdun Qassor (vaf. 271/884 y.) asos solgan malomatiylik maktabining bosh asoslari davrlar o’tishi mobaynida boshqa tariqatlarga ham ta’sir qilgan. Bular orasida eng ko’p ta’sirlangan tariqat xojagon sulukidir. Xojai Jahonning “Vasiyatlar” kitobi nazardan o’tkazilganda, Xuroson so’fiylarining malomatiy qarashlari izlari ochiq-oydin ko’rinadi.
Lug’atlarda yozilishicha, “malomat” so’zi “malomat qilish, qoralash, ayblash” kabi ma’nolarni bildiradi. Ya’ni, malomatiylikda inson o’z toat-ibodatlarini noqis bilib, nafsini malomat qilishi, shu bilan bir qatorda boshqalarning ham uni malomat qilishidan qo’rqmasligi asosiy qoida hisoblanadi. Qur’oni karimning “Allohning (toati) yo’lida jiddu jahd qiluvchi, malomatchining malomatidan qo’rqmaydigan bo’lurlar” (Moida, 54) oyati karimasi ushbu qoidaga misol bo’la oladi.
Naqshbandiyaning muhim asoslaridan biri so’fiyning o’z ma’naviy holini yashirishi, shuhrat va riyodan qochishidir. Shu maqsadda ular xalq orasida orif bir so’fiy sifatida yurgandan ko’ra el qatori oddiy bir inson bo’lib yurishni ixtiyor etganlar. Riyodan saqlanish uchun karomatlarini sir tutganlar. Baland ovoz bilan (jahriy) zikr qilishdan, tariqatga mansubligi ko’rsatadigan maxsus kiyim kiyishdan, hatto takya – xonaqoh barpo etmoqdan saqlanadilar. Tariqat marosimlariga ahamiyat bermaydilar. Futuvvat nash’asida esa fidokor va jo’marddirlar. Qo’l mehnati bilan kun kechirishga ahamiyat beradilar. Bu xususiyatlar Abdulxoliq G’ijduvoniy va Bahouddin Naqshband asos solgan xojagon-naqshbandiya tariqati ta’limotlaridir.
Malomatiylarning tasavvufiy qarashlari bilan Abdulxoliq G’ijduvoniy va izdoshlarining fikr-qarashlari qiyoslanganda malomatiylik tushunchasi xojagon ta’limotiga nechog’li ta’sir ko’rsatgani yanada ravshanlashadi.
Abdulxoliq G’ijduvoniy shogirdiga tavsiyalarida: “Xalqning seni maqtashi bilan yomonlashi sening nazaringda bir xil bo’lsin hamda xalqning malomatidan ranjima” deydi. Badavlat oila farzandi Alouddin Attor akalarining to’sqinlik qilishlariga qaramasdan, bozorda olma sotardi. Boshqa bir rivoyatga ko’ra esa Attor Bahouddin Naqshbandga shogird bo’lishni istaganida Naqshband hazratlari ho’kiz ishkambasining ichini tashqariga o’girib, boshiga qo’yib kelishni buyurganida Attor bozordagilarning malomatlariga e’tibor bermay, ustozining amrini bajo keltirgan.
Naqshbandiya tariqatining belgi va qoidalari quyidagilar:
a) el qatori bir inson kabi yurish, tariqat belgisini bildiruvchi maxsus kiyim kiymaslik va shuhratdan saqlanish. Naqshbandiylar o’z ma’naviy ahvolini yashirish uchun so’fiyona xirqa va toj o’rniga savdogar yo ulamolar kiyimini kiyishni ixtiyor etganlar.
Xojagon va naqshbandiyaning ilk davrlariga nazar solinganda, maxsus bir andoza va rangda xirqa yo toj kiyishning mavjud bo’lmaganligi ko’rinadi. Bizdagi ba’zi bir o’zini naqshbandiyman deganlar ajralib turish uchun maxsus qora salla kiyib yurishlari demak mutlaqo xato va asossizdir. Qora salla kiyib yurish hech vaqt tariqatning bosh qoidasi bo’lmagan. Aksincha, barcha naqshbandiya shayxlari ulamo kabi oddiy salla o’raganlar. Husayn Vassof ham bu xususni quyidagi jumlasida maxsus ta’kidlaydi: “Naqshbandiya tariqatida boshqa tariqatlarda bo’lganidek maxsus bir libos yo’q. (Ularda) har kim o’z ilmiy darajasiga ko’ra kiyinadi. Naqshbandiya mashoyixi esa, asosan, ulamo qiyofasida yuradilar…”.
Zero, xojagon-naqshbandiya shayxlari: “Bizga ko’ra xirqa emas, hirfa (maslak, kasb-hunar) muhimdir” deganlar.
b) xilvat. Naqshbandiylikning eng muhim asoslaridan biri shuhratdan qochishdir. Bahouddin Naqshband va u zotning shogirdlari “xilvatda shuhrat bor, shuhratda ofat” fikri bilan xilvatga ko’p ahamiyat bermaganlar va “xalq orasida Haq bilan bo’lish” deya ta’riflangan “xilvat dar anjuman” qoidasini qabul qilganlar. Abdulxoliq G’ijduvoniy “xilvat eshigini yop, suhbat eshigini och”, Bahouddin Naqshband esa “Yo’limiz suhbat yo’lidir, xilvatda shuhrat, shuhratda ofat bor” deganlar.
Rivoyat qilinishicha, Sayyid Amir Kulolning o’g’li va xalifasi Sayyid Amir Hamzadan bir shayx: “Tariqatingizda nima uchun xilvatda o’tirishga kam e’tibor beriladi?” deya so’raganida, Amir Hamza: “Xilvatda ham suhbat qurish uchun bir rafiq kerak”, – deya javob bergan ekan. Bu shayx Amir Hamzaga xilvatda rafiq bo’la olishini aytganida, Amir Hamza: “Sizning xilvatingiz qanday?”, – deya so’radi. Shayx: “Bir ko’za suv va qirq dona mayiz bilan qirq kunni o’tkazamiz”, – deydi. Amir Hamza: “Bizning xilvatimiz esa bir tahorat bilan xilvatga kirish, har kuni bir qo’y yeyish va qirq kun o’sha tahorat bilan namoz o’qishdir”, – deydi. Xoja Naqshband Amir Husaynning savoliga javoban tariqatida xilvat va samo’ning o’rniga “xilvat dar anjuman” qoidasi borligini aytgan.
Jamiyat orasida tanho bo’lish degan ma’noni bildiruvchi “xilvat dar anjuman” atamasi so’fiyning bir chekkada o’tirmasdan, xalq orasida bo’lishi, lekin jisman odamlar orasida bo’lsa ham, botinan ulardan uzoqda, Alloh bilan birga bo’lishni bidiradi. Zohirda xalq bilan, haqiqatda esa Haq bilan, “Dast ba koru dil ba Yor” – qo’l ishda, ko’ngil Yorda, “tan dar bozoru dil ba Yor” – tan bozorda, qalb yorda kabi shiorlar xuddi shu mazmunda qo’llanilgan. “Xilvat dar anjuman” qoidasi: “Ertayu kech U zotni poklaydigan kishilar bordirki, ularni na tijorat va na savdo (ishlari) Allohning zikridan, namozni barkamol ado etishdan va zakot berishdan chalg’ita olmas” (Nur, 37) oyatiga ko’ra qabul qilingan. Bahouddin Naqshband hajga borganida Mino bozorida bir o’smirning besh ming dinorlik savdo qilayotganini, lekin qalbining bir lahza bo’lsa ham Allohdan g’ofil bo’lmaganini mushohada etib, u haqda faxr bilan so’zlagan ekan.
Abdulxoliq G’ijduvoniyning shogirdlaridan Avliyo Kabir “xilvat dar anjuman”ni izohlarkan, shunday degan: “Doimiy zikr qilgan odam zikrdan hosil bo’lgan vajdu istig’roq bilan shunday bir martabaga yetadiki, zikr qalbini qurshab olganidan zokir bozorga kirsa ham hech qanday ovozni eshitmaydi”. Xoja Ubaydulloh Ahror ham zikrga berilgan soliklarning besh-olti kun shunday holni his qilganliklarini, xalqning shovqinini zikr sadolaridek eshitganlarini bayon etadi. Naqshbandiya tariqatining buyuk islohotchisi Maxdumi A’zam Ahmad Kosoniy fikricha, “xilvat dar anjuman”ning botiniy ma’nosi kasratda vahdatni (ko’pchilik orasida birlikni) mushohada etmoqdir. “Bandam menga nafl ibodatlar bilan yaqinlashadi, oqibatda uni sevaman. Uni sevgach, uning eshitadigan qulog’i, ko’radigan ko’zi, gapiradigan tili va ushlaydigan qo’liga aylanaman. Men bilan eshitadi, men orqali ko’radi…” mazmunidagi qudsiy hadisda “xilvat dar anjuman” qoidasi ilgari surilgan. Shu jihati bilan bu qoida o’rta darajali so’fiylarning emas, tasavvufiy tarbiyasi nihoyasiga yetganlarning maqomidir. Xalq orasida Haq bilan birga bo’lish, ya’ni so’fiyning dunyoviy ish bilan mashg’ul bo’lishiga qaramay, el qatori bir inson sifatida yashashi, shu orqali ma’naviy holini atrofidagilardan maxfiy tutishini bildiruvchi bu qoida naqshbandiya tariqatining shioridir.
v) ma’naviy holni yashirish, riyo bo’lmasligi uchun karomatni izhor etmaslik. Naqshbandiylar riyo va shuhratdan qochganlari bois karomatni sir tutishga alohida ahamiyat berganlar. Bahouddin Naqshbandning aynan shu holatni ifodalashga qaratilgan quyidagi bayti uning suhbatlarida o’qilgan ekan:
Az darun shav oshino vaz berun begonavash, In chunin zebo ravish kam mebuvad andar jahon.
(Botinda Haqqa oshno bo’l, zohirda esa begonadek ko’rin. Bunday go’zal bir usul jahonda kam topiladi).
g) raqsu samo’ va jahriy zikrdan qochmoqlik. Ma’naviy hollarini izhor aylashdan saqlangan naqshbandiylar ko’pincha raqsu samo’ (zikrni raqsu musiqa bilan bajarish) va baland ovoz bilan zikr qilishdan uzoq bo’lishni ixtiyor etganlar. Bahouddin Naqshband hazratlari: “Samo’ni inkor etmaymiz, unda qatnashmaymiz ham” deganlar. Xoja Bahouddin Naqshband samo’ qilmagan va muridlarini ham samo’ majlisida o’tirishdan qaytargan.
Abdulxoliq G’ijduvoniy shogirdlariga: “Samo’ majlislarida ko’p o’tirma, zero nifoq hosil bo’lib, samo’ning ortig’i dilni o’ldiradi. Lekin samo’ni inkor etma, samo’ qiluvchilar ko’p. Samo’ faqat qalbi tirik va nafsi o’lik kishigagina joiz. Bunday holga erishmagan kimsaga samo’ halol va muboh emas”.
Xojagon va naqshbandiya shayxlari asosan maxfiy zikrga rioya qilib kelganlar. Zero, Abdulxoliq G’ijduvoniy Xizr alayhissalomning tavsiyasi bilan hovuzda, suv ostida zikri xafiyni boshlab bergan.
d) xizmat ahli, fidokor va jo’mard bo’lmoq. Naqshbandiylik futuvvat tushunchasi ta’siri ostida shakllangani bois fidokorlik va xizmatga alohida ahamiyat beradi. Naqshbandiylar xalqqa xizmat qilishadi, lekin o’zlariga xizmat qilinishini istamaydilar. Ular insonlardan yordam so’ramaydilar. Hamdun Qassor: “Yaratilmishning yaratilmishdan yordam so’rashi zindondagi kishining zindondagi kimsadan yordam so’rashi demakdir”, – deydi. Xojagon-naqshbandiya vakillari ham xalqqa xizmat qilishga alohida ahamiyat berishgan, lekin o’zlari uchun iltifot ko’rsatilishini xohlamas edilar. Bu haqda Abdulxoliq G’ijduvoniyning: “Insonlardan biron narsa tama’ qilma!” va “Javonmard, saxiy bo’l. Alloh taolo senga in’om etgan ne’matlardan xalqqa ehson qil!” kabi tavsiyalari namuna bo’la oladi. Shuningdek, “Rashahot” muallifining otasi, naqshbandiylardan Husayn Voiz Koshifiyning “Futuvvatnomai sultoniy” nomli maxsus asar yozganligi xojagon ta’limotida futuvvat nash’asiga nechog’li e’tibor berilishining qat’iy bir dalilidir.
Abdulxoliq G’ijduvoniy vasiyatlarida: “Mashoyixga badaning bilan jismonan xizmat qil!”, – deydi. Bahouddin Naqshband ham ustozi Amir Kulol xonaqohida yelkasida o’tin tashigan. Xoja Ali Romitaniyning “Do’stimning kelishiga vosita bo’lgan bu hayvondir” deya do’stidan oldin uning ulovini yedirib-ichirgan. Bahouddin Naqshbandning uyiga ziyoratchi yo mehmon kelsa, izzat-ikrom ko’rsatardi. Bir safar betob bo’lib qolganida, Buxorodan muridlari kelishgan. Bemorligiga qaramay, mehmonlarni tabassum bilan kutib olgan, hatto mehmonlar uchun muridlari bilan bozordan qo’y olib kelishayotganida hazrat Naqshband qo’yni yelkasida ko’tarib kelgan ekan. Bular xojagon-naqshbandiya shayxlarining xalqqa xizmat qilishga ko’rsatgan ahamiyatlaridan dalolat beradi.
ye) halol mehnat bilan tirikchilik qilish. “Bir mo»minning halol mehnat qilmasligi tilanchilikda ilgarilashi demakdir”, – degan Hamdun Qassor Naqshbandiylar mehnat qilib kun kechirishgan va topganlarini faqirlarga ehson qilishga ahamiyat berganlar.
Xojagon-naqshbandiya shayxlari ishsiz insonlarni shogirdlikka qabul qilmaganlar, o’zlari albatta biror kasb-hunar bilan mashg’ul bo’lganlar. Xoja Ali Romitaniy to’qimachi, Muhammad Bobo Samosiy bog’bon, Amir Kulol kulol, Bahouddin Naqshband naqqosh – to’qimachi va chorvador, Amir Kulolning o’g’li Amir Hamza ovchi, Xoja Ubaydulloh Ahror chorvador va savdogar bo’lishgan. Bahouddin Naqshband tavakkul holi halol mehnat qilish bilan birga bo’lmog’i lozim degan edi. Bahouddin Naqshbandning uvaysiy piri Hakim Termiziy (vaf. 320/932 y.) ham mehnat bilan kun kechirishga ahamiyat bergan mutasavviflardan bo’lib, bu mavzuda hatto “Bayon ul-kasb” nomli asar bitgan ekan.
Muhammad Porso xojagon-naqshbandiya tariqati Boyazid Bistomiy, Salmoni Forsiy va Abu Bakr Siddiq vositasida hazrat payg’ambarga tutashishi, bu uch zotning ham mehnat ahlining buyuklaridan bo’lganligini ifodalaydi. Xoja Ubaydulloh Ahrorning shogirdlaridan Abdulloh Ilohiy (vaf. 896/1491 y.) bunday deydi: “Naqshbandiylar toifasining maqomi jami maqomotdan balanddir… Sunnati muakkada va farzlarni cho’zmaydilar. Ortiqcha amallardan ko’p umid qilmaydilar, balki Haq taoloning fazlidan umidvorlar” Bahouddin Naqshbandning: “Biz Allohning lutfiga bog’langanlarmiz” va “Bizni lutf eshigidan kirgazdilar. Vazifamiz farz, vojib va sunnati muakkadalarni ado etmoqdir” kabi so’zlari bir-biriga muvofiqdir.
Bahouddin Muhammad Naqshband 71 yoshida 1389 yili o’z muborak maskanlari Qasri Hinduvon (keyinchalik bu yer Qasri Orifon deb atalgan)da olamdan o’tganlar. Qabrlari shu yerda. Ul zot tarbiyasida bemisl xizmatlari singgan onalarining qabri ham shu yerda.
Bahuoddin Naqshband – valiy inson, ulug’ ruhoniy murabbiy, ko’pdan-ko’p pokiza xislatli odamlarni tarbiyalagan, yangi silsilani vujudga keltirgan zot. Shunga qaramay, nihoyatda kamtarona hayot kechirgan, taqvo, halollik, haqgo’ylik, adolatxohlikda namuna bo’lganlar. O’zlariga tegishli yerda dehqonchilik qilib, ba’zan ota kasb – kimxobga naqsh solib, luqmai halol bilan ro’zg’or o’tkazgan. “Bitta sigirimiz bor edi, deb eslaydi u kishi — o’zim boqardim va o’zim sog’ar edim” (“Maqomoti Shohi Naqshband” kitobi, 14-b.).
Bahouddin Naqshband nazru niyoz qabul qilmaganlar, aksincha, o’z ro’zg’orlaridan ortib qolsa, boshqa muhtojlarga berganlar. Qasri Orifon o’ziga xos xonaqohga aylanib, Bahouddin Naqshband shu yerda murid tarbiyalash bilan shug’ullanganlar. U kishi atrofiga qalbi toza, ilohiy ilmlarni puxta egallagan, ma’rifat nuriga tashna odamlar yig’ilgan bo’lib, ilohiy haqiqatlarni kashf etish uchun suhbatlashardilar.
Suhbatning foydasi ko’p, deydi Bahouddin Naqshband, chunki suhbat orqali inson qalbiga kirib borish mumkin. Boshqa tariqatlardagi chilla o’tirish, zikri jahriya (baland ovozda zikr aytish)ni Bahouddin hazratlari xush ko’rmaganlar. Chunki chilla o’tirish, xilvatnishinlik – odamlardan uzoqlashish, o’zini ko’z-ko’z qilish va vasvasaga berilishdir. Suhbat naqshbandiyaning bosh shiori – “xilvat dar anjuman” (odamlar ichra xilvatda bo’lish)ga mos edi. Zero hunar bilan, kasb bilan shug’ullanib yoki biror ish bilan band bo’lib ham, Alloh yodini dilda saqlash, bandalikni bir nafas unutmaslik, hamma vaqt, hamma yerda, istagan sharoitda o’zini ogoh deb bilish, qalbda Alloh nomlarini naqshlash ulug’ fazilatdir.
“Dast ba koru dil ba Yor” shiori ham aynan shuni taqozo etar edi. Qo’ling ishda, qalbingda Allohda bo’lsin,. Ya’ni: dunyoni ham, oxiratni ham, unutma. Xuddi shu ma’noda xojagon tariqatining boshqa qoidalari, chunonchi: “safar dar vatan”, “hush dar dam”, “nazar dar qadam” kabi qudsiy talablar botinni poklash, botinan Allohni sevish va shariat yo’lidan cheklanmaslikni chuqurroq anglash, mustahkamlashga yordam berib kelgan.
Bahouddin Naqshband hazratlari birinchi navbatda amaliy ishlar bilan shug’ullangan murabbiy shayx bo’lgan. Ammo ul zotning xojagon tariqati qoidalarini nazariy jihatdan boyitgan fikr-mulohazalari ham ko’p. Bu haqda manbalarda ma’lumotlar ancha. Bahouddin Naqshband “Hayotnoma”, “Dalil ul-oshiqin”, “Avrod” nomli asarlar yozib qoldirganlar. Biroq bu asarlarning taqdiri hozirgacha bizlarga noma’lum. Faqatgina ul ztning “Al-Avrod” nomli mashhur asarlariga Ali ibn Ahmad al-G’uriy yozgan sharh — “Sharhi avrod” asari mavjud. Bahouddin Naqshband hazratlari aytgan so’zlar aksar manoqib va tazkiralarda uchraydi.
Agar bu so’zlarni jamlab o’rgansak, naqshbandiya tariqatiga oid quyidagi qoidalar kelib chiqadi:
1. Payg’ambar sunnati, shariat ahkomlaridan chetga chiqmaslik. Shu ma’noda zikri jahriya emas, zikri xufiyani ixtiyor etish (“Mo in kor namekunem, ammo inkor ham namekunem”).
2. Tarbiyada botinni poklash va ruhoniy kamolotga asosiy e’tiborni qaratish. Shu ma’noda xilvatnishinlik, uzlatni tark etib, jamiyat ichida bo’lib, Allohni dilda saqlash, zikrni qalb bilan ado etishga erishish.
3. Shundan kelib chiqib, orifona suhbatlar, muroqaba kabi usullardan keng foydalanish. Shogirdlarning ixlosini sinab ko’rish.
4. So’fiy o’z-o’zini nazorat qilib borishi, kirib-chiqayotgan nafasi, faoliyati, umri nimaga sarflanayotganini hisoblab, o’zini ogohlik bilan rostlab borishi darkor. Botinga safar qilish orqali nafsni tarbiyalash, insoniylik xislatlarini ko’paytirib borishga erishish.
5. Faqrlik va tavoze’ni o’z axloq qoidasiga aylantirish. Faqrlik — gadolik yoki o’ta qashshoqlik emas, balki molu davlatga ega bo’lsa ham, o’zini Xudo talabgori, bu dunyoda hech narsaga ega emas deb bilish. Xoksorlikning namunasini ko’rsatish. Faqirlikning birinchi sharti nafsni badnom etish va har lahzada “tabiiy vujudni kafolatlab turish”dir. Faqrlik, shu ma’noda ham axloqiy sifat, ham martaba va maqomdir. Faqr maqomiga yetish uchun “jism fano shu’lasiga yashiringan” (Alisher Navoiy) bo’lishi, qalb Alloh ishqi va jazbasi bilan to’lib-toshishi lozim. Kishi xush xulqi, pokiza sifatlari bilan fazlu kamolot va kashfu karomat sohibiga aylanadi. So’fiy mol-mulki bor-yo’qligiga qaramay, Alloh nazdida faqir va haqirdir. Ham shu bois buyukdir, azizdir, sevimlidir.
6. Shu aqidadan kelib chiqib, naqshbandiylar taxtda o’tirib ham, mansab-amal egasi bo’lib ham darvesh bo’lish mumkin, deydilar. Jumladan, Husayn Boyqaro Jomiy va Navoiy nazarida “ham shoh, ham darvesh”, ya’ni qalban darvesh odamdir.
Hazrat Bahouddin Naqshbandning qarashlarini ifodalovchi hikmatli so’zlaridan yana ba’zi misollar keltiramiz.
1. “O’z nafslaringizni yomonlab, tahqir etib turing, chunki kimki Haq subhonahu va taolo inoyati birla o’z nafsini yomon deb tanigan bo’lsa, bu amal uning uchun osondir”.
2. Imon — qalbni Allohdan boshqa o’ziga rom etuvchi foydali va foydasiz narsalardan uzib, Haqqa bog’lashdir.
3. “Anjumanda xilvat – “zohir yuzidan xalq bilan va botin tarafidin Haq subhanohu taolo bilan bo’lmoqdir”.
4. “Bandalik xojalik bila to’g’ri kelmas, biz qul va xizmatkor tutmadik”.
5. “Elning yukini yengillashtiring, elga yuk bo’lmang”.
Bahouddin Naqshband tariqati osoyishta va chin ma’nodagi ma’rifiy tariqatdir. Tafakkur va taxayyul mevalaridan bahramandlik, badiiy ijod namunalaridan foydalanishga keng yo’l berilgan. Bexudlik, g’uluvga ketish, qavmni tahlikaga solish, avom anglamaydigan harakatlar qilish man’ qilingan.
Naqshband hazratlari muloyim-tabiat, rahmdil odam bo’lganlar va shunday odamlarni yaxshi ko’rganlar. U zotning o’gitlaridan: “Dilozordan Xudo bezor, barcha mo’minlarga, hatto kofirlarga ham rahmdil bo’ling, chumoliga ham ozor bermang” Ustozlari hazrat Sayyid Amir Kulolning mana bu so’zini takrorlab yurardilar:
Mayozor mo’ru mayozor kas, Rahi rastakori hamin astu bas.
(Chumoliga ham, odamga ham ozor berma, najot yo’li shudir).
Bahouddin Naqshband ta’limoti katta ijtimoiy ta’sirga ega edi. “Xudo oldida barcha barobar, shohu gado deb ajratish bo’lmas”, der edilar. Bu:
a) turli ijtimoiy tabaqalar;
b) turli millat va qavmlarni birlashtirishga qaratilgan bo’lib, ayirmachilik va siyosiy to’qnashuvlarning oldini olishga yordam bergan.
Naqshband butun umr ilm istab, ilm o’rganish, jahldan uzoq turishni nasihat qildilar. U kishi Payg’ambarning “Qaerda bo’lmang, ilm talabidan uzoqlashmanglar va agar obu otash ichra g’arq bo’lsangiz ham, g’avvos bo’lib kechib o’tinglar va ilm o’rganinglar”, degan hadisini muridlariga takror-takror uqtirib turganlar.
U kishining muridlari hammasi muayyan kasb egasi bo’lgan, kasb bilan halol luqma topib yeyish talab qilingan. Kamtarinlik ulug’lanib, turli kiyimlar kiyib o’zini ko’z-ko’z qilish, so’fiyman deb iddao qilish, kerilish katta nuqson deb qaralgan.
Mana shu jihatlari bilan ham naqshbandiya ta’limoti obro’-e’tibor qozongan. Butun harakat-faoliyat, o’git-nasihatlar, toat-ibodat ham insoniylik jabhalarini kashf etishga qaratilgan. Insoniylik javhari esa ilohiy axloq va islomiy iymon mustahkamligini ta’minlash orqali qo’lga kiritiladi.
Sho’rolar zamonida hazrat Bahouddin Naqshband ta’limotiga e’tibor qilinmadi, ul zotning maqbarasi, Qasri orifon majmui tashlandiq holda qoldi. Istiqlolning dastlabki yillaridan boshlab, Yurtboshimiz tashabbuslari bilan bu majmua ta’mirlab, obod qilindi. 1993 yilda Naqshband hazratlari 675 yilligi jahon miqyosida nishonlandi. Prezidentimiz shaxsan o’zlari Naqshband qadamjoylarini obod qilish ishlarini ko’zdan kechirish uchun Buxoroga uch marta tashrif buyurdilar. Bu joy hozir Qubbat ul-islom nomi bilan mashhur bo’lgan Buxoroi sharifning eng ko’rkam joylaridan biriga aylandi. Bu yerga dunyoning turli go’shalaridan sayyohlar kelib, ziyorat qilmoqdalar.
Mamlakatimiz rahbari o’z nutqlaridan birida deganlar:
“Buxoroni Buxoroi sharif darajasiga ko’targan ana shunday ajdodlarimiz orasida hazrat Bahouddin Naqshbandning muborak siymosi alohida nufuz va mavqega ega. Bu ulug’ shaxs timsolida inson ruhiyatining naqadar teranligi, bu dunyoda o’z irodasini tarbiyalab, qalbini poklab, nafs balosini yengib yashaydigan odam qanday ma’naviy yuksaklikka qo’tarila olishi yaqqol namoyon bo’ladi.
Bu buyuk zot… ma’rifat yo’lida odamlarning qalbiga chuqur kirib borish orqali ularda ezgu intilishlar, orzu-umidlar uyg’otish mumkinligini… isbotlab berdi”. Shu bois naqshbandiya ta’limoti hozir ham qiziqish bilan o’rganilmoqda, manbalar nashr ettirilmoqda. Bu ta’limot istiqlolga erishgan xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qilaveradi.
Buxoroyi sharifda barpo etilgan xojagon-naqshbandiya tariqati ham o’sha davrda ilm va ma’rifat markazi hisoblangan bu o’lkaning madaniy turmush tarziga uyg’un tarzda shakllandi.
Xulosa
Uzoq yillar ayrim olimlar Naqshbanddan meros qolmaganligini aytsalar-da, keyingi izlanishlar hazratdan yozma meros qolganini isbotladi. Naqshbandshunos olima Gulchehra Navro’zova 1995 yil ingliz tilida chiqqan Shayx Muhammad Xishom Qabboniyning «Naqshbandiya sufiylik yo’li tarixi. Valiylar silsilasi bo’yicha ma’lumotlar» asarida keltirgan Naqshbandning «Al-Avrod al Naqshbandiya», «Xaddiyat as-solikin va tuxfat at-tolibin», «Tanbeh al-g’ofilin» kitoblari bor, degan xabariga tayanib, hazratning «Avrod» nomli asarini Rossiya FA Sharqshunoslik instituti Sankt-Peterburgdagi filialida V 3829 va A 1539 shifrlari ostida saqlanayotgan qo’lyozma asarini topdi.
«Avrod» asari arab tilida yozilgan bo’lib, uning birinchi nusxasi «Avrodi Muhammad Bahouddin Naqshband» deb nomlanib, 14 varaqdan iborat. Ikkinchi nusxasi «Avrodi Baxoyia» deb atalib, 20 varaqdan iborat. Har ikki nusxaning mazmuni aynan o’xshash va muallifi Shayx Muhammad Bahouddin ekanligi qayd etilgan. Asar soliklarning uzluksiz bajarib yurishi zarur bo’lgan vazifalari xususida yozilgan. Agar hozircha Shamsiddin Somiy, G’aspirali Ismoilbey ta’kidlariga, hamda Shayx Muhammad Xishom Qabboniy qaydiga tayanadigan bo’lsak, Bahouddin Naqshbandga quyidagi beshta: «Hayotnoma» yoki «Arbobi urfon», «Dalilul-oshiqin», «Al-avrod al Naqshbandiya», «Xadiyyat us-solikin va tuhfat ut-tolibin», «Tanbeh al-g’ofilin» asarlar nisbat berilmoqda.
Ulardan olima G. Navro’zovaning tadqiqoti sababli «Risolai Bahoiyya» yoki «Avrod» ilmiy jamoatchilikka ma’lum bo’ldi. Qolganlari hali ilmiy izlanishlarni kutmoqda. Naqshband merosi «Avrod» risolasidan tashqari, u hazratning zamondoshlari, shogirdlari asarlarida ham saqlanib qolgan. Ular yozgan asarlarining aksar qismi Naqshbandiya tariqati amaliyoti masalalariga bag’ishlangandir. «Naqshbandiya tariqatiga oid qulyozmalar fixristi» da faqatgina O’zbekiston FA Sharqshunoslik instituti qulyozmalar fondida naqshbandiya tariqatiga oid 191 nomdagi va 632 nusxadagi adabiyotlar mavjudligi qayd etiladi. Ular orasida Xoja Muhammad Porso, Ya’qub Charxiy, Xoja Ubaydullo Ahror, Abdurahmon Jomiy, Voiz Koshifiy, Ali Safiy, Ahmad Xojagiy Kosoniy, Muhammad Boqir, Sufi Olloyor asarlari qayd etiladi. Naqshbandiya tariqati istoriografiyasi haligacha yetarli darajada yoritilmagan va kam tadqiq etilgan mavzuligicha qolmoqda.
Yüklə 110,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin