Mavzu: O‘rta Osiyo xonliklarida davlat boshqaruvi va yer egaligi munosabatlari Kirish I BOB. O‘rta Osiyo xonliklarida davlat tuzilishi va ma’muriy boshqaruv. 1.1. O‘rta Osiyo xonliklarining geosiyosiy o‘rni va davlat boshqaruvi.
2.2. Davlat boshqaruvida lavozim va mansablarning o‘rni.
II BOB. O‘rta Osiyo xonliklarida yer egaligi munosabatlari. Soliq va majburiyatlar. 1.1. Buxoro, Xiva, Qo‘qon xonligida yer egaligi munosabatlarining
o‘ziga xos xususiyatlari.
2.2. Xonliklarda soliq tizimining ahvoli va majburiyatlar.
Xulosa. Foydalanilgan manba va adabiyotlar ro‘yxati Kirish Mavzuning dolzarbligi: Mustaqillik biz o‘tmishimizni to‘la va haqqoniy yoritib berish imkonini yaratib berdi. O‘zbekiston tarixining ko‘plab sahifalari biz uchun “ochilmagan quriqdir”. Shu nuqtai-nazardan vatanimiz tarixining turli davrlardagi ahvoli, uning sohalarida erishilgan muvafaqqiyatlar va muammolarini o‘rganib, keng jamoatchillik e’tiboriga havola qilish bugungi kunning dolzarb vazifasiga aylanmoqda. Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risidagi” PF-4947-sonli Farmoni va unda belgilangan vazifalarni amalga oshirish kun tartibidagi muhim masalalardan biri ekanligini ta’kidlash lozim.1 Mustaqillik tufayli O‘zbekiston tarixini ixtisoslashish jarayoniga keng yo‘l ochildi. Xususan, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy soha tarixlari alohida-alohida tadqiq etilib, mazkur tarmoqlar faoliyati maxsus yoritilgan tarixiy asarlar ko‘paymoqda. Jumladan, birgina iqtisodiy soha tarixining o‘zi bir qator yo‘nalishlarga ega. Masalan, sanoat, qishloq xo‘jaligi, yer egaligi, soliq tizimi tarixi bo‘limlarining har biri o‘z xususiyatlariga ega. Har qanday soha qanchalik chuqur ixtisoslashib borsa, uni o‘rganish shunchalik takomillanib boradi. Tarixda o‘tgan davlatlarda boshqaruv tizimi va yer egaligi munosabatlarini o‘rganish, o‘sha davlat ijtimoiy-siyosiy hayoti haqida yaqqol tassavvur hosil qilishga imkon yaratadi.
O‘zbekiston tarixida uch xonlik davri muhim bosqichlardan biri hisoblanadi. O‘zbek davlatchiligimiz tarixidagi salbiy omillardan biri-bu yagona davlatning bir necha mustaqil siyosiy bo‘laklarga bo‘linib ketishidir. Bu bo‘linish sabablarini eng avvalo bizda “davlatni milliylik belgisiga qarab tashkil etish an’analari”2 shakllanmaganidan, qolaversa shaybonilar hukmronligi yillaridagi qo‘sh hokimmiyatchilik holatidan, XVII-XIX asrlarida kuchayib borgan urug‘-aymoqchilik, mahalliychilik kabi illatlardan qidirish kerak. O‘rta Osiyo xonliklarida davlat mansablari, yer egaligi, soliq va majburiyatlarida ko‘p jihatlarida o‘xshashlik bilan birga jiddiy farqlar ham mavjud edi/
Har uchala xonlikda markaziy boshqaruv to‘laligicha oliy hukumdor amir yoki xon qo‘lida to‘plangan. Bosh vazir o‘rnida qabul qilinadigan qo‘shbegi mamlakat boshqaruvi, moliya, soliq, xazina, poytaxtagi ahvol bilan bog‘liq eng muhim masalalarni nazorat qilgan. Barcha viloyatlar unga bo‘ysungan.
Shuningdek, barcha xonliklarning jamiyat boshqaruvida otalik, inoq, mehtar, shayxulislom, qozi kalon muhim o‘rinni egallagan. Masalan, shayxulislom mamlakatdagi mafkuraviy munosabatlarda eng oliy daraja hisoblanib, jamiyat ma’naviy hayotida, hukmdor xonadoni va oliy hukumdor turish-turmushiga ta’siri jihatidan nihoyatda katta mavqega ega bo‘lgan. Bu davrda siyosiy munosabatlar bashqaruv tartiblari qanchalik murakkab bo‘lishidan qat’iy nazar, yer egaligi va soliq hamda majburiyatga e’tibor susaymagan. Chunki mamlakat iqtisodiy rivoji ko‘p jihatdan mazkur masalalarga ham bog‘liq bo‘lgan. Shu jihatdan, O‘rta Osiyo xonliklari hukmronligi yillarida davlat boshqaruvi, yer egaligi munosabatlari, soliq tizimi va majburiyatlar muammosini o‘rganish dolzarb masaladir. Yuqorida ta’kidlangan omillarning barchasi bizga bitiruv malakaviy ishimiz mavzusini “O‘rta Osiyo xonliklarida davlat boshqaruvi va yer egaligi munosabatlari” tarzida tanlashimizga imkon berdi.
Mavzuning o‘rganilganlik darajasi:O‘zbekiston tarixining barcha sohalari keyingi davrda keng jamoatchilikni va fan fidoyilari e’tiborini o‘ziga jalb etib kelmoqda. Tanlangan mavzu bo‘yicha bir qator fundamintal asarlar ham yaratilgan.3 Quyida nomlari zikr etilgan asarlarda O‘rta Osiyodagi uch xonlikning siyosiy, iqtisody, ijtimoiy va ma’naviy hayotiga oid qimmatli ma’lumotlar beriladi. Abdulazim Somiyning “Tarixiy salotini mang‘itiy” Y. Bayoniyning “Shajarai Xorazimshohiy”, Mirzo Olim Mushrifning “Qo‘qon xonligi tarixi”, Amir Said Olimxonning “Buxoro xalqining hasrati tarixi” asarlari o‘sha davrda yaratilgan manba sifatida qadirlidir. Shuningdek, M.Y. Yo‘ldoshev “Xiva xonligida yer egaligi va davlat tuzilishi”, A.Muhammadjonovning “Buxoroning sug‘orilishi tarixi” asarlari tadqiq etilayotgan mavzuga bevosita aloqadorligi bilan qimmatlidir. Ba’zi tarixiy asarlarda bizning mavzumizga yo‘l-yo‘lakay to‘xtalib o‘tilgan.4 Mavzuning maqsad va vazifalari:bitiruv malakaviy ishning asosiy maqsadi turli manbalar va tarixiy adabiyotlardan foydalangan holda O‘rta Osiyo xonliklarida davlat tuzilishi va yer egaligi munosabatlari tarixini o‘rganish.
Maqsadga muvofiq quyidagi vazifalar belgilandi:
- Buxoro, Xiva va Qo‘qon xonligi tarixiga doir manba va adabiyotlarni o‘rganish va ular tahliliga doir fikrlar bildirish;
- manbalarga tayangan holda O‘rta Osiyo xonliklari hududini geosiyosiy o‘rni, ma’muriy tuzilishi, aholisi tarkibini o‘rganish;
- Buxoro, Xiva va Qo‘qon xonligida davlat mansablar, unvonlar, masalasini tadqiq etish va ularning turli xonliklardagi farq qiladigan jihatlarini ochib berish;
- O‘rta Osiyo xonliklar iqtisodining asosiy negizini tashkil etgan yer egaligi munosabatlarini chuqur o‘rganish;
- xonliklarda soliq va majburiyat tizimini tadqiq etish hamda ularning har biriga alohida ta’riflar berish;
- to‘plangan ilmiy materiallar asosida yakuniy xulosa va takliflarni kiritish.
Tadqiqot obyekti.O‘rta Osiyo xonliklarida davlat boshqaruvi va yer egaligi munosabatlari tadqiqotning obyekti hisoblanadi.