OILA - tarixan tarkib topgan o‘ziga xos va mos ijtimoiy guruh bo‘lib, uning
a’zolari bir-birlari bilan nikoh, qon-qarindoshlik, umumiy turmush va o‘zaro
huquqiy, axloqiy va boshqa munosabatlar bilan bog‘langandir. Oila nikoh zaminida
vujudga keladi. Nikoh esa erkak va ayol orasidagi munosabatlarning jamiyat
tomonidan tan olingan, ma’qullangan ifodasi hisoblanadi. Jamiyat nikoh vositasida
erkak va ayol orasida tabiiy munosabatlarni tartibga solib turadi. Oila tufayli er-xotin,
ota-ona va farzandlar orasida axloqiy, huquqiy munosabatlar qaror topadi. Oila va
jamiyatning mavjud bo‘lishi hamda rivojlanishining birinchi va asosiy sharti oziq-
ovqat, kiyim-kechak, uy-joy, ishlab chiqarish hisoblansa, ikkinchisi kishilarning
yangi avlodni bunyodga keltirishdan iboratdir.
OILA MADANIYATI – jamiyatning muhim ijtimoiy instituti bo‘lgan oilaning
to‘laqonli va mukammal faoliyat yuritishi uchun uning a’zolari (er va xotin, ota-ona
va farzandlar) o‘rtasida birgalikda hayot kechirish va zarur munosabatlar o‘rnatish
ko‘nikmalarining majmuasi.
Oila madaniyati - Oilaning tarbiya muhiti sifatidagi xususiyati, uning o‘ziga
xosligi va tamoyilan muhimligi, undagi munosabatlarning bevositaligi va
mustahkamligini umumiy muhitning emotsionalligi bilan uyg‘unlikda ekanligi bilan
sharhlanadi. Faqat oilada farzandlar kattalardan malaka, bilimlarni o‘zlashtiradilar,
kattalar esa o‘z hayotlarida bosib o‘tgan yo‘llarini farzandlari orqali qayta barpo
etadilar. Oilaviy muhit o‘ziga xos, unikal bo‘lib, uning har bir a’zosi yangi avlodda
mustahkam va barqaror sog‘lom oilani barpo yetishga mas’uldir.
OILADA FARZAND TARBIYASI - oila baxti, farzandlarning tarbiyali
yetuk inson bo‘lib yetishidagi ota–onaning sa’y-harakati hisoblanadi. Oiladagi
farzand tarbiyasi uning kelajakda kim bo‘lib yetishishida muhim o‘rin tutadi.
Demak, bola oilada jamiyatning qiyofasini ko‘radi, bo‘lajak fuqaroning tabiati,
dunyoqarashi va axloqiy qiyofasi oilada shakllanadi hamda shunga ko‘ra kamol
topib boradi. Axloqiy tarbiyaning mohiyati kishini hayotga tayyorlashdan iborat.