Otlarda modal shakl yasalishi Otlarda so‘z o‘zgarish, so‘z yasalish xususiyatlari bir qatorda modal shakl yasash hodisasi ham mavjud.
Otlarning leksik ma’nosiga qo‘shimcha modal ma’no qo‘shilishi bilan hosil qilinadigan shakl modal shakl yasash deyiladi. Otlar o‘z leksik ma’nosiga qo‘shimcha kichraytish, erkalash, hurmat, kuchaytirish, gumon, noaniqlik kabi modal ma’nolarni ifodalaydi.
Otlarda bu modal ma’nolar ikki xil usul bilan yasaladi: morfologik usul va takrorlash (sintaktik) usuli.
Morfologik usulga ko‘ra otning leksik ma’no ifoda etuvchi qismiga modal shakl yasovchi affikslarni qo‘shish orqali modal ma’no yasaladi. Bu usulga ko‘ra otlarning kichraytish, erkalash, hurmat kabi modal shakllari hosil qilinadi.
Otlarda modal shakl yasovchi affikslarga quyidagilar kiradi:
-cha: qizcha, uycha -chak, -choq: kelinchak, qo‘zichoq, toychoq -loq, -aloq: toyloq, bo‘taloq, qizaloq -gina: bolagina, qizgina -xon, -jon, -oy, -boy: otaxon, onajon, Ra’noxon, Qunduzoy, Karimboy. Otni maxsus takrorlash yo‘li bilan gumon, kamsitish, umumlashtirish, noaniqlik kabi modal ma’nolar yasaladi. Bu usulga ko‘ra modal shakl hosil qilishda takrorlanuvchi qismda turli fonetik o‘zgarishlar yuz beradi:
1. Ot unli tovush bilan boshlanganda, takrorlanuvchi qism boshqa p, m, s, ch, d, j, t tovush orttiriladi: un-pun, ot-pot, o‘rik-mo‘rik, irim-sirim, irim-chirim, imi-dimi, alang-jalang kabi.
2. Ot undosh tovush bilan boshlanganda, takrorlanuvchi qismdagi birinchi undosh p, m, s, ch, b tovushlaridan biri bilan almashtiriladi: loy-poy, mosh-posh, non-pon, bosh-mosh, poda-moda, patir-satir, meva-cheva, g‘idi-bidi kabi.
3. Otning takrorlanuvchi qismida keng va cho‘ziq unli qisqa va tor unli bilan almashadi: don-dun, xashak-xushak kabi.
4. Takrorlanuvchi qismda birinchi undosh ham, keng unli tovush ham almashadi: latta-putta kabi.
Ba’zan otning o‘zi aynan hech o‘zgarishsiz takrorlangan holda qo‘llanib, kuchaytirish ma’nosini hosil qiladi: tog‘-tog‘, xirmon-xirmon kabi.