3-mavzu. Otlarning yasalishi: affiksatsiya, kompozitsiya, abbreviatsiya usullari bilan ot yasash. Otlarda modal forma yasalishi. Otlarning tuzilish jihatdan turlari: sodda, qo‘shma, qisqartma, juft otlar
REJA:
1. Otlarning morfologik usul bilan yasalishi.
2. Sintaktik usulda ot yasash.
3. Boshqa turkum so‘zlarining otga ko‘chishi.
4. Otlashish hodisasi.
5. Otlarda modal shakl yasalishi.
6. Otlarning tuzilish jihatdan turlari.
7. Juft so‘zlarning belgilari.
8. Takroriy otlarning xususiyatlari.
TAYANCH SO‘ZLAR: grammatik ma’no, lug‘aviy ma’no, so‘z yasash, morfologik usul, sintaktik usul, otlashish, otga ko‘chish, affiks, suffiks, yasama ot, sodda yasama ot, qo‘shma ot, juft ot, takroriy ot, qisqartma ot, qarashlilik shakli, chegara shakli, leksik shakl yasovchi, sintaktik shakl yasovchi, ma’no kuchaytirish.
Adabiyotlar: 1, 2, 3, 4, 5, 6, 7, 8, 9, 11, 15, 20, 25, 26, 27, 28, 29, 30, 39, 40, 41, 44, 45.
Otlarning morfologik usul bilan yasalishi
Hozirgi o‘zbek tilining lug‘at tarkibidagi ot turkumi juda ko‘p so‘zlarni birlashtiradi. Boshqa so‘z turkumlariga nisbatan ot turkumining yangi so‘zlar bilan boyib borishi ancha faol va uzluksiz davom etmoqda. O‘zbek tilida ot morfologik, sintaktik usullari bilan yasaladi.
Morfologik usul bilan ot yasash. Ot turkumida morfologik usul bilan ot yasash eng faol, eng mahsuldor usuldir. Qo‘shimcha qo‘shish bilan ot yasashda ot, fe’l, sifat, ravish, son, olmosh, taqlid, undov va modal so‘zlar asos bo‘lib keladi: siyohdon, o‘lchagich, yomonlik, ozchilik, beshlik, o‘zlik, jizza, haybarakallachi, borliq.
Bu usul bilan ot quyidagi so‘z turkumidan yasalishi mumkin:
1. Otdan: qalamdon, gulzor, O‘zbekiston, toshloq, odamgarchilik.
2. Fe’ldan: yog‘in, o‘roq, taroq, kurak, elak.
3. Sifatdan: yaxshilik, yomonlik, pishiqchilik, namgarchilik.
4. Ravishdan: tezlik, sekinlik, ko‘pchilik, ozchilik.
5. Sondan: birlik, to‘rtlik.
6. Olmoshdan: o‘zlik.
7. Taqliddan: qahqaha, sharshara, chirildoq, hiqildoq, qarsak.
8. Undovdan: uraurachilik, haybarakallachi.
9. Modaldan: borliq, yo‘qchilik, yo‘qlik.
Sodda yasama otlar qaysi so‘z turkumidan yasalishiga ko‘ra: 1) ot turkumidan yasaluvchilar; 2) fe’l turkumidan yasaluvchilar; 3) boshqa turkumlardan yasaluvchilar.
Ot yasash negizi tarkibiga ko‘ra quyidagicha bo‘ladi:
1. Asos+ot yasovchiga teng bo‘ladi: bichiq, to‘shak, shartnoma.
2. Asos+so‘z yasovchi+ot yasovchidan tarkib topadi: bichiqchi, tinchlik, birikma.
3. Asos morfema+shakl yasovchi+ot yasovchi: isitma, ayiruvchi, bostirma, achitma.
4. Asos +so‘z yasovchi+shakl yasovchi+so‘z yasovchi shaklida: yo‘l+a+v+chi, bosh+ qar+uv+chi.
5. Ot yasovchi+asos: hamqishloq, hamkasb.
6. Qo‘shma so‘zga so‘z yasovchi qo‘shimcha qo‘shiladi: asalarichi, baxtiyorlik.
7. Juft otga ot yasovchi qo‘shiladi: sihat-salomatlik.
8. Takroriy so‘zga ot yasovchi qo‘shiladi: bizbizak, sharshara, g‘arg‘ara.
9. Birikmaga ot yasovchi qo‘shiladi: ko‘p ming kilogrammchilik.
Dostları ilə paylaş: |