Ot yasovchi qo‘shimchalar ma’no jihatdan 5 turli bo‘ladi:
1. Shaxs oti yasovchi qo‘shimchalar: -chi, -dosh, -gar, kor, -bon, -boz, -paz, -kash, -dor, -shunos, -xon, -soz, -do‘z, xo‘r. Ot negiziga qo‘shilib, negizdan anglashilgan predmet bilan bog‘liq shaxs otlarini va ma’lum bir soha, kasb bilan shug‘ullanuvchi kasb-hunar otlarini yasaydi. Shaxs va kasb-hunar oti yasovchi affikslardan -chi eng mahsuldor ot yasovchi affiks sanaladi.
Yuqorida qayd etilgan -kash, -xo‘r, -paz, -do‘z, -boz, -gar, -soz, -xon, -shunos so‘z yasovchi affikslari tojik tilida fe’l o‘zaklari bo‘lib, o‘zbek tilida so‘z yasovchi affiks vazifasini bajaradi.
Yig‘or don el uchun shundan ekinchi,
Erur bor ekmagidindur ilinji. (Sayfi Saroiy “Suhayl va Guldursun”) ekinchi shaxs oti hozirda eskirgan so‘z sanaladi.
2. Narsa-buyum oti yasovchi qo‘shimchalar: -k(-ik), -ak, -oq, -q(-iq, -uq), -gich(-g‘ich, -kich, -qich), -gi(-ki, -qi, -g‘i, -g‘u) -m(-im, -um), -ma, -don, -indi, -qin(-qun, -g‘in, -g‘un), -in(-un, -on), -ak(-oq), -a, -os, -gak(-kak), -doq, -moq(-mak), -cha, -chiq, -ildoq, -machoq, -noma.
Narsa, qurol, o‘lchov birligi otlarini yasovchi affikslari, asosan, fe’l negiziga qo‘shilib negizdan anglashilgan ish-harakat va holatning natijasi bo‘lgan yoki ish-harakatni bajarish uchun qo‘llaniladigan narsa, qurol otini yasaydi. Kam hollarda ot, sifat, taqlid so‘z negizlari narsa, qurol, o‘lchov birligi otlarini yasashga asos bo‘la oladi.
Yuqorida sanalgan affikslardan -a, -os, -gak, -doq, -moq, -cha, -chiq, -ildoq, -machoq affikslari ot yasashda kamunum so‘z yasovchi affikslar sanaladi.
3. O‘rin-joy oti yasovchilar: -zor, -loq, -iston, -xona, -qoq, -goh, -obod. Ot negiziga qo‘shilib, negizdan anglashilgan predmet mavjud bo‘lgan, ekiladigan, dam oladigan, yashaydigan o‘rin-joy otini yasaydi.
«... yigitlar ariq(pok)i, ulu otli, qutlu zotli, ezgu xulqli, islom yoriliq, mo‘g‘ul sanili, musulmon dinli, odamiylar inonchi, mo‘minlar quvonchi, himmati adiz (yuksak), aqli tengiz beg» eski o‘zbek tilida ari fe’lidan -g‘ sifat yasovchi bilan ariq yasalgan, hozirda sodda tub o‘rin oti sanaladi.
4. Mavhum ot yasovchi qo‘shimchalar: -lik, -liq, -chilik, -garchilik. Ot, sifat, son, olmosh, fe’l, ravish, ba’zan modal so‘z negizlariga qo‘shilib, negiz anglatgan tushuncha bilan bog‘liq abstrakt ma’nodagi ot yasaydi.
5. Harakat-holat oti yasovchilar: -ch, -inch, -m, -im, -gi, -gilik(-kilik), -chilik, -garchilik.
Ot yasovchi qo‘shimchalar quyidagilardir:
-chi: suvoqchi, fitnachi, millatchi, respublikachi, tomchi
-dosh: fikrdosh, sifatdosh, sirdosh, yo‘ldosh
-gar, -gor: kimyogar, zargar, duradgor
-kor: g‘allakor, bug‘doykor, xizmatkor
-bon: bog‘bon, saroybon, tarozibon
-dor: chorvador, mulkdor, aybdor
-shunos: zarshunos, adabiyotshunos, o‘lkashunos
-parast: shaxsiyatparast, budparast, maishatparast
-furush: do‘ppifurush, mevafurush, nosfurush
-boz: kaptarboz, bedanaboz, dorboz
-xo‘r: nonxo‘r, choyxo‘r, palovxo‘r
-paz: oshpaz, mantipaz, kabobpaz
-soz: soatsoz, kemasoz, asbobsoz, aravasoz
-do‘z: mahsido‘z, etikdo‘z, kashtado‘z
-kash: aravakash, chizmakash, suratkash
-xon: kitobxon, mushtumxon
-go‘y: nasihatgo‘y, duogo‘y
ham-: hamsuhbat, hamsoya, hamshahar
-iy: Navoiy, Zavqiy, Muqimiy
-vachcha: xolavachcha, tog‘avachcha, amakivachcha
-loq, -luq: o‘tloq, qumloq, toshloq, tuzluq
-lov: yaylov, qishlov
-don: qalamdon, kuldon, tuzdon
-zor: olmazor, lolazor, anjirzor
-iston: O‘zbekiston, qabriston, guliston
-poya: zinapoya, sholipoya, bug‘doypoya
-goh: janggoh, sayrgoh, oromgoh
-noma: shartnoma, aybnoma, baxtnoma
-xona: bosmaxona, oshxona, choyxona
-obod: Davlatobod, Yangiobod, Paxtaobod
-lik: bolalik, kosiblik, byurokratlik, darslik, temirchilik
-chilik: o‘rtoqchilik, echkichilik, yigitchilik, savdogarchilik
-garchilik: odamgarchilik, loygarchilik, oshnagarchilik, og‘aynigarchilik
-lashtirish: avtomatlashtirish, radiolashtirish, elektrlashtirish
-gich (-g‘ich, -kich, -qich): ko‘targich, yelpig‘ich, ko‘rsatkich, ochqich
-ma: qotishma, pistirma, eslatma, qatlama, bo‘g‘ma, yuklama
-m (-im, -um): to‘plam, kiyim, terim, kesim, tilim, tuzum
-gi (-g‘i, -ki, -qi, -g‘u): uzangi, sezgi, yoqilg‘i, tepki, chopqi, cholg‘u, urg‘u
-ch, -inch: quvonch, sevinch, ishonch, qo‘rqinch
-k (-ik): kurak, ko‘rak, tilik, bezak, ko‘rik, teshik, bo‘rtik
-q (-iq, -uq, -oq): o‘toq, tirnoq, sochiq, chiziq, soliq, uchuq, yutuq, buqoq, yotoq
-indi (-undi): qirindi, chiqindi, yuvundi, kuyundi
-cha: qizilcha, olacha.
-in, -un, -on: ekin, yog‘in, yig‘in, bo‘g‘in, tugun, quyun, to‘zon
-mak: yemak, chertmak, ko‘lmak
-moq: topishmoq, quymoq, ilmoq, to‘qmoq
-qoq (-gak, -kak): botqoq, ilgak, eshkak
-dak, -doq: kekirdak, yugirdak, qovurdoq, qo‘ndoq
-ildoq: shaqildoq, shilpildoq, hiqildoq
-g‘in (-qin, -gun, -qun): yong‘in, qirg‘in, bosqin, toshqin, to‘lqin, uchqun
-v, -uv: maqtov, saylov, uchrashuv, tortishuv, to‘qnashuv
-vchi, -uvchi: saylovchi, uchuvchi, o‘qituvchi
-machoq: bekinmachoq, tortishmachoq, quvlashmachoq
-sh, -ish: qurilish, burilish, yig‘ilish
-chak: burchak, kemirchak, belanchak
-it, -at, -ot: chiqit, ko‘chat, o‘lat, sizot, majburiyat, shaxsiyat
-gilik, -kilik: ko‘rgilik, ichkilik
-a: jizza, to‘qa, yara, do‘mbira, quyqa
-mish: o‘tmish, qilmish
-chiq: yopinchiq, suyanchiq
-ak: g‘urrak, qarsak, varrak, bizbizak, yo‘lak, bargak
-diq: hordiq, qoldiq, topildiq
-alak: do‘ngalak
-os: sharros, guldiros
-sil: yo‘qsil
-iz: bo‘g‘iz
-vul: qorovul, yasovul
-n: talon
-gilik, -kilik: ko‘rgilik, ichkilik
Dostları ilə paylaş: |