Siz bunday intihoga loyiq emassiz.
Shu jarayongacha xuddiki mo’miyolangan butga o’xshab o’tirgan sud ijrochisi
birdan o’ziga keldi va deyarli o’lim yoqasida turgan Jualianga sun’iy nafas bera
boshladi. O’lim yoqasidagi Jualianning yonida turgan uning uzun jingalak sochli
o’rinbosari ham unga qandaydir yupanch so’zlarni ohista pichirlar, vaholanki, Julian
ularning hech birini eshitmasdi.
Men Julianni 17 yildan beri taniyman. Biz birinchi marta uchrashganimizda men
yuridik universitetining yoshgina talabasi edim, o’shanda uning sheriklaridan biri
meni yozgi tadqiqot ishlariga amaliyot uchun taklif qilgandi. Julian Mentl esa bu
paytda, xuddi o’zi orzu qilganidek, buyuk huquqshunos nomiga sazovor ko’rkam va
dovyurak shaxsga aylanib ulgurgandi.
U kompaniyasining ko’zga ko’ringan yulduzi, muhim tadbirlarda kompaniyaning
sehrli tayoqchasi edi. Hozirgidek yodimda, kunlardan bir kuni kechqurun ishda
unutib qoldirgan narsamni olib ortga qaytayotganimda Julianning xonasidagi eman
stoli ustida Uinston Cherchillning purma’no so’zlari e’tiborimni tortdi. Bu so’zlar
menga Julianning aslida qanday shaxs ekanligini bot-bot ta’kidlagandek edi go’yo.
|