Ishonchim komilki, bugun biz o’z taqdirimizning egasi sifatida bizni
tushkunlikka tushiradigan sinovlarni ham yengishga qodirmiz. Mehnat qilish
va azob-uqubatlarning qanchalik og’ir bo’lishidan qat’iy nazar, ularni yengib
o’tish o’z qo’limizda. Biz toki o’z imkoniyatlarimizga qat’iy ishonar ekanmiz,
muvaffaqiyat yo’lidagi irodamizni hech narsa buka olmaydi, shunda g’alaba
ham bizni also tark etmaydi.
Julianning harakatlarini so’z bilan ifodalab bo’lmas edi. U g’ayratli, jasur,
muvaffaqiyatga erishish uchun kuniga o’n sakkiz soat ishlashga tayyor, bu uning
nazdida kelajakda muvaffaqiyatga erishish uchun dastlabki qadam edi. Mish-
mishlarga qaraganda, uning bobosi mashur senator, otasi esa juda e’tiborli federal
sudya bo’lgan ekan. Jualian o’ziga to’q oilada ulg’aygan, go’yoki u o’zini
yelkalarida butun oilasining umidlarini ko’tarib yurgandek his qilardi. Xullas, Julian
bu hayot ummonida o’z yo’lini topa olgan insonlardan biri edi.
Sud zalidagi bo’lib o’tgan voqea tezda ovoza bo’lib, mahalliy gazetalarning
dastlabki sahifalarida u haqidagi maqolalar e’lon qilina boshlandi. Boy, mashhur,
tengsiz huquqshunosning sud zalidagi holatini turfa xil fikrlar, o’zgacha usullar bilan
ta’riflashga uringanlar ko’p bo’ldi.
Julianning xulq-atvori yon-atrofdagi deyarli barchaga ma’lum edi. Xususan,
bizning kompaniyamizda uning yoshlikdagi beg’uborligi va kasb malakasini
oshirish amaliyoti jarayonidagi fotosuratlaridan tashqari, o’zining bezori o’rtoqlari
bilan birga yosh va yengiltabiat fotomodellar bilan shahardagi eng yaxshi
restoranlarga tashrif buyurganliklari haqidagi afsonalar tarqalgandi.
O’sha yozda u qotillik ishida himoyachi sifatida ishtirok etdi. Nima sababdan u bu
qotillik ishi uchun aynan meni o’ziga yordamchi sifatida tanlaganini haligacha
tushunolmayman. Garchi Garvard universitetining huquqshunoslik fakultetini
tamomlagan bo’lsamda, shuni tan olishim kerakki, men uning kompaniyasi
tarkibidagi xodimlar orasida eng malakasizlaridan biri edim. Julian o’z
kompaniyasiga meni ishga taklif qilganligidan xabar topgan yaqin qarindoshlarim,
ayniqsa, ota-onam juda-juda xursand edi. Umuman olganda, ota-onam ayni paytda
keksayib qolgandi. Dengizda xizmat qilgandan keyin ko’p vaqt o’tmay, otam butun
umrini mahalliy bankda xavfsizlik xizmatida ishlashga sarfladi. Onam esa Bronksda
ortiqcha hashamatlarsiz ulg’aygandi.
Xullas, Julian meni o’ziga yordamchi qilib tanlab olishidan oldin ko’plab talabgorlar
uning yordamchisi bo’lishni istashgan, lekin u aynan meni “qotillik voqeasini”
ochish uchun tanlab oldi. Balki u o’shanda mendagi o’z ishimga bo’lgan ishtiyoqni
his qilib, shu hislatimni yoqtirib qolgandir. Keyinchalik, biz bu ishda g’alaba
qozondik va xotinini shafqatsizlarcha o’ldirishda ayblangan firma menejeri barcha
ayblovlarni tan oldi.
O’sha yoz juda ko’p narsalarni o’rgandim. Har bir saboq men uchun juda ulkan
foyda berardi. Julian yemoqchi bo’lgan nonini hech qaysi raqibiga bermasdi, uning
har bir burdasi uchun ayovsiz kurash olib borardi. Bu kabi g’alabalar ortida ham
ruhiy, ham aqliy, ham jismoniy kuch yotar, menda esa, ayni paytda, ustozimning ish
faoliyati bilan yaqindan tanishib borishim uchun noyob imkoniyat paydo bo’lgandi.
O’z navbatida, men ham ustozim bergan har bir ilmni, malakani xudddi suvga tashna
odamdek simirib borardim.
Julianning taklifiga ko’ra, men uning kompaniyasidagi doimiy xodimga aylandim.
Ikkimiz o’rtamizda tezda o’rnatilgan do’stona munosabatlar tobora sayqallanib
borardi. Ayni paytda, u bilan ishlashni oson deb ham bo’lmas edi. Julianning
yordamchisiga ba’zida yarim tungacha ishlash kabi qiyin vazifa topshirilardi. Bu
Julianning ish uslubi edi. Chunki, uning xato qilishga haqqi yo’q. Julianning o’tkir
nigohlariga chuqurroq razm solgan kishi odamlar taqdiriga befarq bo’lmagan
jonkuyar kishi yashiringanini payqashi mumkin edi.
U qanchalik band bo’lishidan qat’iy nazar, doimo mendan huquqshunoslik
fakultetiga o’qishga kirishimdan oldin turmush qurgan qaylig’im Jenni haqida
so’rardi. Menda moliyaviy qiyinchiliklar paydo bo’lgan hollarda Julian hisob
raqamimga yaxshigina summa tashlab turardi. Chunki, Julian kuchli raqiblar bilan
shafqatsiz o’yinlar o’ynashni yoqtirishi bilan birga hech qachon do’stlarini
unutmasdi. Birgina muammo shunda ediki, bu nechog’lik g’alati tuyulmasin, u o’z
ishiga nihoyatda qattiq berilib ketgan edi.
Dastlabki yillarda Julian kompaniyasining foydasi uchun uzoq vaqt kunni tunga
ulab mehnat qildi. Tabiiyki, bu harakatlar o’z natijasini berdi. Keyingi yil esa u
jonajon qishlog’i – Kaymanga bir oylik ta’tilga dam olish uchun bordi xolos. Vaqt
o’tgani sari Julian yanada yorqinroq muvaffaqiyatlarga erishish usullarini o’zi uchun
kashf qila bordi va bu usullarni barcha ishlariga tatbiq eta boshladi. Julian
chekinishga odatlanmagan, har bir ishiga o’ziga xos ishiyoq bilan yondoshar, yangi
va qiziqarli ishlarga qo’l urardi. U kamdan-kam hollarda xotirjam uxlardi. Ko’p
o’tmay, u menga eng yaqin do’sti singari suyanishni boshladi. Bundan buyog’iga
bizni faqat obro’-e’tibor, boylik va shon-shuhrat kutardi.
Kutganimdek, Julian ulkan muvaffaqiyatlarga erishishda davom etardi. U ko’pchilik
orzu qilgan hamma narsag erishdi: yettita raqamli daromadga ega bo’lgan yulduzli
obro’-e’tibor, mashhur kishilar istiqomat qiladigan zodagonlar ko’chasidagi
hashamatli koshona, shaxsiy samolyoti, tropic orollardan birida joylashgan villa va
faqat ungagian yarashib turadigan qizil Ferrari. Bularni kim ham tasavvur qila oladi
axir.
Shunga qaramay men hamma narsa ko’ringani kabi ajoyib emasligini bilardim.
Yaqinlashib kelayotgan falokat alomatlarini men firmadagi boshqalarga qaraganda
ancha ziyakroq bo’lganim uchun emas, balki shunchaki Julian bilan ko’proq vaqt
o’tkazganim uchungina his qilardim. Biz ishda doimo birga edik. Bizga barcha-
barchasi hech qachon to’xtamaydigandek tuyulardi. Bizni oldinda doimo oldigisidan
kattaroq bo’lgan yana bir to’siq kutib turar edi. Julianda hech qachon ularga qarshi
tayyorgarik uchun yetarli vaqt bo’lmagan. Tasavvur qiling, masalan, xudo saqlasin,
sudya shunday holatimizda bizga noma’lum u yoki bu masalani o’rtaga tashlasa
nima bo’lar edi? Agar bizning surishtiruvlarimiz bu masalani hal etishga kamlik
qilsa yoki Julian sud zalining o’rtasida mashina faralarining porlab turgan nurida
ushlanib qolgan kiyikka o’xshab ajablansa nima bo’lardi? Shunday qilib, biz haddan
ortiq ishlardik va men tobora Julianning har bir ishida ahamiyatli shaxsga aylana
borardim. Go’yoki biz vaqtning quli edik. Mana men va Julian hozir po’lat va
shishali binoning oltmish to’rtinchi qavatida mehnat qilayapmiz. Aksariyat aqli raso
odamlar bu vaqtda o’z oilalari bilan uyda edilar. Biz esa orqamizda bir dunyo
tashvish bordek ishlardik, go’yoki muvaffaqiyatning hayoliy ko’rinishi
ko’zlarimizni ko’r qilgandek edi.
Julain qancha ko’p vaqt o’tkazgan bo’lsam, men uni o’z g’am-g’ussalari
dengiziga yanada chuqurroq cho’kib ketayotganligiga guvoh bo’lardim. Go’yo
uning yuzida o’lim sharpasi surati tasvirlangandek edi. U bialn yillar davomida birga
ishlagan bo’lsam ham, hech qachon biron bir narsa uni to’la to’kis qoniqtirmadi.
Oxir-oqibat, uning nikohi buzildi, otasi bilan aloqalariga putur yetdi va u hayotda
izlashi kerak bo’lgan narsasini yo’qotib qo’ydi. Bora-bora u o’zini ham ruhan, ham
jismonan, ham ma’naviy jihatdan zaif his qila boshladi.
53 yoshida Julian 70 yoshdan oshgan keksa odamga o’xshardi. Hayotga
nisbatan chigal dunyoqarash, shafqatsiz hayot tarzidan kelib chiqqan dahshatli stress
natijasida uning yuzi chuqur ajinlar bilan to’la edi. Qimmatbaho fransuz
restoranlaridagi kechki ovqatlar, qalin kubik sigaralarini chekish va to’xtovsiz
konyak ichishlarga Julian tobora mukkasidan keta borardi. Balki chindan ham
hayotdan umidini uzgan Julian kabi ba’zi odamlar yuqoridagi uch xil “yoqimli”
narsalardan bahra olib, o’z g’am-qayg’ularini biroz bo’lsa-da kamaytirishni xohlar.
Xullas, Julian hazil tuyg’usini ham yo’qotib qo’ygandek edi go’yo. Hattoki
oddiygina jilmayishni ham unutgandek ko’rinardi. Bir paytlardagi Julianning
g’ayratga to’la tabiati o’lim uyqusi bilan almashdi. Shaxsan men unga hayotda
yashash maqsadini unutgan oddiygina manqurt kishi sifatida qaray boshladim.
Eng achinarlisi shundaki, u sud zalida ham o’z obro’-e’tiborini yo’qotib bordi.
Agar u ilgari o’zining favqulodda iste’dodidan noyob dalillar to’plash, uni sudga
taqdim qilish bilan shug’ullangan bo’lsa, bus afar umuman teskari holat yuz
berayotgan edi, endi o’sha shafqatsiz dalillar uning o’ziga qarshi ishlardi. Avvaliga
u qarama-qarshi tomonning dalil-nusxalarini endigina huquqshunoslik fakultetini
bitirib kelgan yangi xodimdek chalkashtirib yubora boshladi, go’yo bu harakati bilan
sud amaliyotida daho hisoblangan sudyalarning sabrini sinab ko’rdi. Muxtasar qilib
aytganda, Julinning hozirgi hayoti suv yuzasida qalqib turgan bargdek sokin qimirlar
edi.
Hayotdagi kutilmagan shafqatsizliklar Julianni juda erta sahna maydonini tark etgan
aktyorga aylantigan edi. Men bu yerda faqatgina Julianga bog’liq bo’lmagan
sabablar ham chuqur ildiz otib ketganini his qilardim. Menimcha, ushbu holat ruhiy
inqirozga o’xshardi. Deyarli har kuni u menga ishining mazasini sezmayotganini,
miyasini qandaydir bo’shliq egallab olganligi haqida gapirardi. Julianning
ta’kidlashicha
yosh
huquqshunos
ota-onasining
xohish-istagiga
ko’ra
huquqshunoslik sohasiga kirib kelsa ham, qonunni sevishni ota-ona uning ongiga
singdira olmaydi. Axir, bu o’sha yosh huquqshunosning o’ziga bog’liq. Qonunning
murakkabliklari hamda intellektual muammolari Julianni hayratda qoldirardi va
quvvatlantirardi. Ijtimoiy o’zgarishlarga ta’sir qilish kuchi esa uni ilhomlantirardi va
rag’batlantirardi. U shu qadar kuchli yurist ediki, mamlakatning amaldagi
qonunlarini batamom o’zgarishiga ta’sir qilish qobiliyatiga ega edi. U o’sha paytda
Konnektikutdagi boy oilaning farzandiga qaraganda ham omadli edi. Boshqalarning
manfaati uchun esa u o’zining eng sevimli sovg’asini taqdim etishdan ham toymasdi.
Ushbu holat uning hayotiga mazmun bag’ishlardi, unga maqsad berardi va
umdilarini kuchaytirardi. Juianning hayotida ish-faoliyatidagi muvaffaqiyatsiz
urinishlarga nisbatan barbod bo’lganlari nihoyatda ko’p edi. Kompaniyaga ishga
kirishimdan ancha oldin, u bilan bog’liq qandaydir katta fojia sodir bo’lgandi.
Hurmatga sazovor tanishlarimdan birining so’zlariga qaraganda haqiqatdan ham
Julian bilan kimgadir aytish mumkin bo’lmagan bir voqea yuz bergan, lekin o’sha
tanishim bu voqeani hech kimga so’zlab berolmagan. Hattoki, Ritz-Karlton barida
Julian ko’p vaqtini birga o’tkazadigan eski qadrdonlaridan biri Harding ham og’zi
bo’shligiga qaramasdan ofisda sodir bo’lgan dahshatli voqea haqida sir saqlashga
va’da bergandi. Shuning uchun men ham bu sirni nima bo’lishidan qat’iy nazar
birovga oshkor qilmasligim, hattoki bu sirni bilishimni Julianga bildirmasligim
kerak edi. Albatta, men juda qiziquvchan edim, lekin eng muhimi, men Julianga
yordam berishim kerak edi. U nafaqat mening ustozim edi; balki eng yaqin do’stim
ham hisoblanardi.
Keyinroq yuqorida ta’kidlab o’tilgan voqea voqea sodir bo’ldi. Ya’ni, dushanba kuni
ertalab eng asosiy qotillik ishi ko’rib chiqilayotgan sud zalida Julian o’lim bilan
yuzlashishga sababchi bo’luvchi kuchli yurak xuruji sabab hushidan ketdi.
1-qism tugadi
Dostları ilə paylaş: |