I bob. I.1. Cho‘lponning she’riyat olami. Cho‘lponning she’riy ijodiga nazar tashlar ekanmiz, uning nihoyatda nozikta’b, kamtar, xokisor, oliyjanob, tabiat va kishilardagi go‘zallikning kamalak ranglarini ko‘rabiladigan, xalq va uning zarralari bo‘lgan kishilarga ezgulik istagi bilan yashagan insonni ko‘ramiz. Ana shu inson uning lirik qahramonidir.
Odatda, har bir shoir lirik qahramon obrazida o‘zining «men»ini, hayotdan olgan taassurotlari, his-tuyg‘u va kechinmalarini ifodalaydi. Cho‘lpondek mustabid tuzum sharoitida yashagan shoirning faqat bir xil (tabiat yoki sevgi haqidagi) kechinmalarni ifoda etishi aslo mumkin emas. Negaki, uning hayotida baxt va saodat daqiqalaridan ko‘ra, iztirob, g‘am va alam og‘ushida kechgan kunlar oz bo‘lmagan. Mustabid tuzum uning va u mansub bo‘lgan xalqining boshiga ne kunlarni solmagan. Shunday ekan, Cho‘lponning lirik she’rlarida ana shu murakkab tarixiy davrda yashagan kishining ruhiy olamidagi po‘rtanalar o‘z in’ikosini topmasligi mumkin emas edi.
Cho‘lponning «Men shoirmi?» (1928) deb nomlangan she’ri 20-yillarda Toshkentdagi O‘lka o‘zbek bilim yurti o‘qituvchilarining iltimosi bilan shoirning lirik tarjimayi holi sifatida yozilgan.
Cho‘lpon bu «lirik tarjimayi holi»da, o‘qituvchilar xohlaganidek, o‘z hayot yo‘lini emas, balki hali shoirlik iqtidoriga erishmagan qalamkash sifatidagi kechinmalarini tasvirlagan.
Agar har bir she’r tayanch so‘zlar ustiga quriladi, degan fikrdan kelib chiqsak, bu she’rda xayol, jinni yurak, ko‘lanka, sayr, qiynalish, go‘zal holat, rassom, shoirlik, soya so‘zlari tayanch so‘zlar sifatida gavdalanganini ko‘ramiz. She’rda tasvirlanishicha, shoir-she’rning lirik qahramoni shunday xayolparast bir kishiki, uning xayollari falakka ko‘tarilib, «bir zamon bir shirin joyga yetganda nariga o‘tmasdan», to‘xtab qoladi. Xuddi shu chog‘da unda qiynalish jarayoni boshlanadi:
Chunki xayolimning ko‘zlari bilan
Bir go‘zal holatni ko‘rib turaman.
Lazzatga g‘arq bo‘lib, o‘lib turaman.
U holni borliqning so‘zlari bilan
Anglatish qo‘limdan kelmay qoladir...
Lirik qahramonga, agar rassom bo‘lganida, ana shu go‘zal holatni tasvirlashi mumkindek tuyuladi. Lekin, modomiki, u shoir bo‘la turib uni tasvirlashga ojiz ekan, demak, uningcha, shoirligi bamisoli soya kabi omonat hodisadir:
Shoirlik menda bir soyami, deyman,
Har bir tushunchamni yoza olmagach, Rassomdek xayolga chiza olmagach,
Haqir borlig‘imga ko‘p afsus yeyman...
Cho‘lpon bilim yurti o‘qituvchilarining o‘z tarjimayi holini yozib berish haqidagi iltimoslariga javoban shunday she’rni bitgan. Bu she’r, birinchidan, shoirning g‘oyat kamtarin inson bo‘lgani, ikkinchidan, o‘z she’riy iste’dodiga shubha bilan qaragani, uchinchidan, xayolining har bir harakatini, xususan, o‘sha «go‘zal holatni rassom singari chiza olish mahoratiga erishish orzusida ekanidan dalolat beradi. Shu ma’noda bu she’r shoir ruhining muayyan bir holatdagi tarjimatyi holidir.
Endi ana shu shoirning tabiat manzaralari tasviriga bag‘ishlangan she’rlarini ko‘zdan kechiraylik.
Avvalo, shuni ta’kidlash zarurki, Cho‘lpon ohang va hamohanglikni, tabiat bilan inson ruhi o‘rtasidagi garmoniyani yaxshi his etadi.Uning aksar she’rlarida vazn va qofiya tizimlariga izchil rioya qilganligining sababi ham shunda. Ammo shoirning «Bahorni sog‘indim...» (1926) she’ri esa, boshqa she’rlaridan farqli o‘laroq, sarbast vaznida yozilgan.
She’r shunday satrlar bilan boshlanadi:
Bahorni sog‘indim, bahorni...
Ko‘rganda yerlar, olamlar to‘la qorni.
Qor... qor-Zaharli ninalar kabi
Ko‘zlarga qarab oqar...
1926-yil sentabrida Samarqandda bitilgan bu she’rda chizilgan tabiat manzarasi faqat «ko‘zlarga qarab nina kabi oquvchi» ana shu qor tasviridan iborat.
Odatda sentabr oyida O‘zbekistonda qor yog‘maydi. Yoqqanda ham tez erib ketadi. Balki o‘sha yillarda Samarqandda chindan ham qor yoqqan bo‘lishi mumkin. Cho‘lpon 1924-yildan 1926-yilning yoziga qadar Moskvada yashagani, rus qishiga va rus qoriga obdan to‘ygani uchun ham issiq o‘lkada bemahal yoqqan qor shoirda noxush bir kayfiyatni uyg‘otgan. Buning ustiga, bu qor shunchaki oddiy qor emas, balki bahorni o‘g‘irlagan, bahorni odamzod ko‘zidan yiroqlashtirgan qor edi:
Qaydasiz, qaydasiz
Latif siynalar kabi
Dalalarga singgan bahor?
Shoir bu satrlarga kutilmaganda kishida iliq bir kayfiyat uyg‘otuvchi poetik obraz («latif siynalar» )ni olib kiradi. Lekin u fikrni shunday ifodalaydiki, dalalarni ham, bahorni ham shu obraz vositasida idrok etamiz: « latif siynalar kabi dalalar», « latif siynalar kabi dalalarga singgan bahor». Keyingi bandda mavzu, yana kutilmaganda, o‘zgaradi. Endi o‘sha mudhish qor tufayli «g‘amgin-g‘amgin so‘la boshlagan» ekin-tikin, «sarg‘aygan yaproq»va «bo‘yanib o‘la boshlagan»tuproq obrazlari ko‘z oldimizda yaqqol gavdalanadi. Bu band tufayli kitobxonda kuchaya boshlagan ma’yus bir kayfiyat she’rning so‘nggi bandida nekbin tuyg‘ular to‘lqini («Yo‘q, o‘lim yo‘qdir!..»)ga urilib, chilparchin bo‘ladi.
She’r bunday satrlar bilan tugaydi:
Yo‘q... o‘lim yo‘qdir!
Yolg‘iz bir o‘chib, bir so‘nish bordir...
Bir o‘chib, so‘nib... yana yonish bor.
Yana bahorlar,
Yana lolalar,
Yana siz, ey... erkin tilaklar!...
Agar shoir oldingi bandda ekin-tikin, yaproq va tuproqning o‘la boshlaganini ko‘rib, iztirob chekkan bo‘lsa, endi u hayotning abadiyligi haqidagi falsafadan kelib chiqqan holda o‘limning yo‘qligi, balki «bir o‘chib, so‘nib... yana yonish bor»ligini aytib hayqiradi. Hayotning bu temir qonuni oldida boyagi qor erib ketgandek bo‘ladi. Abadiyotning, tabiatdagi hayotbaxsh kuchning timsoli bo‘lgan «latif siynalar» obrazining esa dalalarga tegishli ekani oydinlashadi. Lekin yuqoridagi parchani diqqat bilan qayta o‘qisak, undagi «erkin tilaklar» obrazining she’r to‘qilmasiga bejiz kiritilmagani ma’lum bo‘ladi.
Shoir bir o‘chib, so‘nib, yana yonayotgan hodisalarni, xilqatlarni tilga olar ekan, «Yana bahorlar, Yana lolalar, Yana siz, ey... erkin tilaklar!..» deydi. Bir o‘chib, so‘nib, yana yongan tilaklar nima? Shubhasiz, mustamlakachilik kishanlaridan ozod bo‘lish, mustaqil bo‘lish, emin-erkin yashashdir. Cho‘lpon 1921-yilda «Buzilgan o‘lkaga» she’rida oshkora aytilgan bu tilaklarni 1926-yilda, mustabid sovet tuzumining tishlari qanchadan qancha kishilarni g‘ajib o‘tkirlashgan paytda ochiq ifodalay olmas edi. Agar shu haqiqatdan kelib chiqsak, she’rdagi qor obrazi mustamlakachi davlatning, tuzumning, «latif siyna» esa dalalarning-ona diyorning timsoli o‘laroq, ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladi. Binobarin, Cho‘lpon oddiy tabiat lirikasida ham o‘z ijodining bosh g‘oyasi-erk va hurriyat g‘oyalarini tarannum etadi. Ammo bu g‘oya oshkora yangramagani, balki she’r to‘qilmasiga ustalik bilan singdirib yuborilgani uchun ushbu she’rni Cho‘lpon tabiat lirikasining namunasi sifatida o‘rganish joizdir. «Kuz yomg‘iri» she’ri esa o‘sha yilning oktabr oyida Moskvada yozilgan. Bu she’r tabiatning rangin tasviri emas, balki qora qalam bilan chizilgan eskizidir.
Biz she’rning yaratilish tarixini shunday tasavvur etamiz: Cho‘lpon Moskvadagi bekatlarning birida, ehtimol, tramvayning kelishini kutib turganida kuz yomg‘iri asta yog‘a boshlaydi. Shoir yomg‘ir tomchilarining daraxt yaproqlarini yuvib, so‘ng yerga to‘kilayotgani va chuqurcha hosil qilayotganini ko‘radi. Chuqurchaga tushayotgan yangi tomchilar uni, xuddi chakich singari, ko‘pirtirib yuboradi. Chuqurcha shoir tasavvurida jajji bir kulchaga aylanadi. Xayolning bu erkin o‘yinidan zavqlangan va hatto, ilhomlangan shoir bunday falsafiy xulosaga keladi: «Tomchilar-Ko‘klarning so‘zlari Yerlarni qamchilar...» Ushbu she’r garchand lirik eskiz shaklida qolgan bo‘lsa-da, uning tugallanmasi bo‘lgan yuqoridagi satrlar bizni o‘ylashga majbur etadi. Shoir she’rdagi Jajji kulcha» obrazi yordamida yana ham moddiylashgan, hatto hayotbaxsh ma’no kasb etgan kuz yomg‘irini «ko‘klarning so‘zlari» deb ta’riflaydi va bu obraz vositasida endi unga ilohiy ma’no ham bag‘ishlaydi.
Cho‘lpon yuqorida tahlil etilgan «Men shoirmi?» she’rida o‘zining rassom bo‘lib tug‘ilmaganidan afsuslangan edi. Endi bir o‘ylab ko‘ring: agar shu she’rda tasvirlangan tabiat hodisasini hatto mashhur bir rassom bir xil rang bilan eskiz tarzida chizganida, bu rasm bizni shunchalik o‘ylantirgan va katta falsafiy ma’noni ifodalay olgan bo‘larmidi?..
Cho‘lpon ilohiy bir iste’dod egasi ediki, uning hatto yuqoridagi jajji bir she’rining ham tagida katta ma’no va mazmun qatlami yotadi.
Har bir shoir ijodida intim lirika namunalari bo‘lganidek, Cho‘lpon ijodida ham qalbning nozik tuyg‘u va kechinmalari tasvirini ko‘ramiz.
«Bir tutam sochlaring...» she’ri (1925) avtobiografik mazmunga ega. Shoir ushbu she’rda muhabbat va vafo mavzuyim ruhiy kurashlar, ziddiyatli tuyg‘u va kechinmalar to‘lqinida yoritgan. Qisqa qilib aytganda, bu she’rda muhabbat dramasi haqqoniy hayotiy hodisa tasviri orqali ochiladi. Cho‘lpon bu she’ri bilan har qanday muhabbat ham chin muhabbat emas, modomiki, hayotda tabiiy gullar bilan birga, qog‘oz gullar ham mavjud ekan, chin muhabbat bilan birga, soxta muhabbat ham bo‘lishi mumkin, degan fikrni ilgari suradi.
Ammo biz o‘quvchi e’tiborini she’rning mazmuniga emas, shakliga qaratmoqchimiz.
Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, she’r lirik qahramonning hayqirig‘i tarzida, o‘zi sevgan, biroq o‘zining sevimli emasligini sezgan, shuning uchun ham sevimli ayol bilan o‘zi o‘rtasidagi ko‘prikni yondirib yuborayotgan kishining faryodi tarzida yozilgan. Odatda bunday she’rlarda tasvirlangan tuyg‘u va kechinmalar qanchalik samimiy va haqqoniy bo‘lsa, ularni ifoda etish usullari, ya’ni she’rning shakliy xususiyatlari shunchalik bir yoqlama va g‘arib bo‘ladi. Bunday she’rlar, asosan, tuyg‘u va kechinmalar po‘rtanasining shovqini bilan kitobxonni o‘ziga jalb etadi.
Tahlil etilayotgan she’rda biz butunlay boshqa bir manzarani ko‘ramiz.
She’r uch banddan iborat bo‘lib, dastlabki ikki band abab, so‘nggi band esa abba tarzida qofiyalanadi. She’rda qabul qilingan 11 hijolik barmoq vazni ham, so‘nggi banddagi qofiya tizimi ham Cho‘lponning sevimli vazni va qofiyalash usulidir. Endi ana shu qofiyalarga nazar tashlasak, fikr va tuyg‘uning mantiqiy harakatidan qofiyaning tabiiy ravishda tug‘ilganini ko‘ramiz. She’rning har bir satridagi so‘nggi so‘z o‘z ohangdoshini topibgina qolmagan, balki qofiya bo‘lib kelgan so‘zlar she’rning tayanch so‘zlari bo‘lib ham keladi: qo‘limda-qo‘ynimda, siring-deding, taning saning kabi.
Ma’lumki, qofiya she’rning ichki musiqasini uyushtirib turuvchi omillardan biridir. Uning tovush komponentlari aksar hollarda butun misra yoki bayt davomida tug‘ilib, uning qofiya sifatida shakllanishida faol ishtirok etadi. Agar ushbu she’rni shu fikr nuqtayi nazaridan o‘qisak, aksar satrlardagi tovush tovlanishlari qofiyani tayyorlabgina qolmay, she’rda ifodalanayotgan mazmunni ham sharhlab, uni o‘z ohangi bilan kuchaytirib ham turadi. Mana, e’tibor bering:
Bir tutam sochlaring mening qo‘limda,
G‘ijimlab o‘paymi yo tarab, yechay?
Bu satrlardagi g‘,j, ch tovushlari yechay qofiyasini ozmi-ko‘pmi tayyorlash bilan birga, lirik qahramon holatida g‘ijinish tuyg‘usi paydo bo‘lganini ko‘rsatib turibdi. Shu bandning keyingi misralarida s tovushi takrorlanib kelib, keyingi bandda go‘zal tashbeh hosil qilgan: «Sochilgan sochingday sochilsa siring... « Ana shu s tovushi she’rning ichki musiqasida faol ishtirok etadi, bu musiqaning turli ritm va ohanglar kasb etishini boshqarib turadi va, nihoyat, sir so‘zidan o‘ziga maskan topib, shu siming shifri o‘laroq jaranglab turadi. Ko‘ramizki, Cho‘lpon lirik qahramon ruhiyatida yuz bergan po‘rtanalarni tasvirlashda faqat tuyg‘u va kechinmaning baland «parda»si bilan kifoyalanibgina qolmay, ularni ifoda etishda ham tasvirning turli usullari va vositalaridan katta mahorat bilan foydalangan.
Poetik obrazlar maʼlum ijodkorlar tomonidan ishlanib, qiyomiga yetkazilsa ham muayyan adabiy muhit doirasida shakllanib, mukammallik kasb etadi va maʼlum vaqt oraligʻida anʼanaga aylana boradi. Jamiyatdagi insonlar tafakkurining oʻzgarishi bilan poetik obrazlarda ham yangilanish sodir boʻladi[1]. XIX asrning soʻnggida yashab ijod etgan shoirlar ijodida poetik obrazlar sof dunyoviy, milliy, ijtimoiy asosga qurila boshlandi. Shu bilan bir qatorda mumtoz anʼanaviy sheʼriyat taʼsirida oʻzlashgan obrazlar tarkibida, ularni qoʻllanilish doirasida ham evrilish, yangilanishlar yuz berdi. Ayrim shoirlar sheʼriyatida poetik obrazlar sof dunyoviy, boshqalarida esa sof milliy, ijtimoiy asosga qurila boshlandi. Bu jarayon ijodida yorqin aks etgan shoirlardan biri Abdulhamid Choʻlpondir. Ayniqsa, shoirning XX asr boshlarida yaratgan asarlarida poetik obrazlarning yangilanishi, ularning yangicha talqinlarda qoʻllanishi koʻzga tashlanadi. Bu borada professor Dilmurod Quronovning “Biz Choʻlponni haqli ravishda yangicha ijodkor deb ataymiz… Ayni paytda hech bir ijodkor, hatto eng buyuk isteʼdod sohiblari-da oʻzini voyaga yetkazgan xalq madaniyati taʼsiridan butkul uzilib ketolmaydi. Tabiiyki, Choʻlpon sheʼriyati ham quruq joyda yuzaga kelgani yoʻq, mumtoz adabiyotimizning eng yaxshi anʼanalari unga asos boʻlib xizmat qildi. Buni, xususan, Choʻlpon sheʼriyatida “oshiq” va “yor” obrazlari talqinida ham kuzatamiz…[2] degan fikrlari oʻrinli. Anʼanaviy poetik obrazlar: “oshiq”, “maʼshuqa”, “raqib”, “doʻst” shoir sheʼriyatida yangicha talqinlar: birinchidan, shoir eʼtiqodi, isteʼdodi tabiati va uning yangilikka intilish niyati bilan bogʻliq holda; ikkinchidan, ijtimoiy hayot talablari va mavjud ziddiyatlarni yengishga harakat tarzida yuzaga chiqdi.
Mumtoz adabiyotda eng koʻp qoʻllangan, Choʻlpon ham eʼtibor qaratgan poetik obrazlardan biri oshiq boʻlib, bu obraz jadid sheʼriyatida keng miqyosda tadqiq etilgan. U “bulbul”, “qul”, “koʻngil”, “jon”, “daraxt” kabi poetik timsollar bilan tanosubiy munosabatda keladi. U qaysi koʻrinish yoki timsol vositasida ifodalanmasin baribir “oshiq” timsoli orqali shoirning “men”i tasvirga olinadi:
Keng dalada kiyik oʻynar, Kiyik koʻzin yigit oʻylar, Kiyik koʻzi koʻngil tortar, Oshiq koʻrsa dardi ortar. Shoir istiora vositasida yorni “kiyik” timsoli orqali poetik idrok etadi, keng dalada oʻynayotgan kiyik, bu oʻz yurtida emin-erkin yurgan maʼshuqadir. Kiyik koʻzli yor oshiq dilini tortadi va buni koʻrgan oshiqning dardi ortib, uning muhabbati yanada alangalanadi[3]. Shoirning xulosasiga koʻra, Tangri sevgini yaratgan ekan, u bek, xonlarning oʻrdalarida maskan tutishi, dushmanlar bilan yovlashishi uning “hunar”i emas. Mumtoz adabiyotdagi muhabbat mavzusi Choʻlpon sheʼriyatida erk timsolida oʻzining yangicha talqinini topadi. Yaʼni sevgi dala-yaylovlarga tarqalgan boʻlib, u erklilikni yoqtiradi, shuning uchun ham kiyik timsoli va “yaylov” majozi keladi.
“Poʻrtana” sheʼrida oshiq obrazi anʼanaviydek tuyulsa-da, nozik didli, tez fahmli oʻquvchi boshqa bir maʼnoni ham topa oladi.
Koʻpiklar… u oppoq, sanoqsiz koʻpiklar Yulduzdek jimirlab turalar, Koʻpiklar… u kichik, chiroyli koʻpiklar Oshiqning koʻnglidan uralar… Bu yerdagi “oshiq” shoirning oʻzi. Asarning oʻtgan asrning 20-yilida yozilganiga eʼtibor beradigan boʻlsak, bolsheviklar tomonidan berilgan vaʼdalar asli puchligi, rus bosqinchilik siyosatining boshqacha koʻrinishi ekanligini ziyolilarimiz keyinroq tushundi. Bizningcha, ushbu sheʼr ham mana shunday idrokning bir namunasidir. “Oppoq”, “sanoqsiz” koʻpiklar – millatimizga berilgan yolgʻon vaʼdalardir. Achinarlisi shundaki, ular “oshiq”ning koʻnglidan urganligidir. Negaki, xalq hali oʻzining holini idrok qila olish imkoniyatiga erishgan emas. Zamon va tuzum oʻrtasidagi nomutanosiblik, xalqni zoʻrlik bilan savodsizlik botqogʻiga itarish natijasi oʻlaroq xalq oʻzligidan judo boʻlgan. Shuning uchun ham “oshiq” obrazi orqali shoir siymosi namoyon boʻlib, u mustabid tuzum qarshisida zohiran ham botinan himoyasiz xalq holiga achinadi. Choʻlpon soddadil elning yangi bir qiyofasini, ishonuvchanligini yuqoridagi kabi yashirin maʼnolar orqali ochib berarkan, poʻrtana timsoliga qoʻshimcha maʼno yuklaydi. Endi poʻrtana mumtoz sheʼriyatdagi anʼanaviylikdan uzoqlashib, haqsizlikka qarshi isyonkor timsolga aylanadi. Natijada sheʼr oʻch olishga chorlovchi soʻzlar bilan yakunlanadi: “Koʻp ezgan dushmandan, past jondan Oʻchni ol, oʻchni ol, oʻch ol…”
“Sharq qizi”da “oshiq” soʻzi oʻz maʼnosida ham, koʻchma maʼnoda ham koʻzga tashlanadi:
Aytalarkim, sovuq, shumli qora qish Oʻtib ketib, kelmish chiroyli bahor. Gulga oshiq boʻlib, sayrar emish qush, Gul ham ul qushlarga nozlanib qarar. Bulbulning gulga oshiq boʻlishi adabiyotimiz uchun anʼanaviydir. Lekin sheʼrning ikkinchi bandida boshqacharoq oʻxshatmaga duch kelamiz:
Aytalar, dalada yer beti tamom Koʻm-koʻk duxobadan koʻylaklar kiymish. Xoʻrozlar chaqirib, yuzin ochsa tong, Saboning labini oshiqlar emmish… Xoʻsh, saboning labini emayotgan oshiqlar kim? Bu ham erkni kutayotgan xalq timsolidir. Qishda bahorga intiq yerlar yashil baxmal – duxoba kiygan fursatni kutayotgan millat bu.
Shoir sheʼriyatida “maʼshuqa” obrazi ham oʻziga xos tasvirga ega. “Maʼshuqa” obrazining “Tangri”, “xalq”, “maʼrifat”, “malak”, “xayol” shakllari mavjud. Bu shakllar bevosita ijtimoiy-ilohiy mazmunni ifodalashda shoirga qoʻl keladi. Uning “Oʻzbegim” sheʼrida quyidagi lavha chizilgan:
Soʻlqildab kelasan, oʻzbegim, Maʼrifat otiga otlanib, Bir miri topgan boladay – Ogʻzingni irjaytib… suyunib. Dunyoda hamma xalq qiziqqan Gavhardek bebaho ot edi. Hurriyat boʻlganda sen kelding, Minayin semirgan otga deb, misralarida shoirning alamli kechinmalari oʻz aksini topgan. Maʼrifat otiga otlanishga daʼvat shoir ijodidagi maʼshuqa obrazini ifodalaydi. Maʼrifat oʻz nomiga koʻra Yaratgan bilan bogʻliq. Ammo shoir bu oʻrinda “maʼshuqa” obrazi orqali Ollohni emas, ijtimoiy oʻzlikni yoqlaydi va unga intiladi.
Xayol, xayol… Yolgʻiz xayol goʻzaldir, Haqiqatning koʻzlaridan qoʻrqaman. Xayoldagi yulduzlarkim, amaldir, Olovimni alar uchun yoqaman. Goʻzal xayol, kel, boshimda gul oʻynat, Manim istak-tilagimni erkalat! Sheʼr mazmunidan bilish mumkinki, lirik qahramon ruhiyatida xayol poklik ramzi. U haqiqatga eltuvchi koʻprik – agar u toza dilda makon tutgan boʻlsa. Shuning uchun ham shoir xayol ummoniga gʻarq boʻladi. Shoir uchun xayol ijtimoiy hayot iztiroblaridan forigʻ boʻlish vositasi emas, maʼshuqaga yetishish uchun “oshiq”ning yagona yoʻli. Aks holda shoir ongli boʻla turib, insonlar tilida soʻzlashishga qodir boʻlmagan yaratiqlar bilan tillashmagan boʻlardi. U butun koinot mehvari boʻlmish – inson, yaʼni oshiq. Uning tilagi sof. Xayoli esa yorga yetishishga koʻmak beruvchi doʻstdir. Bu timsol (xayol) Umar Xayyom, Pahlavon Mahmud, Lutfiy singari ijodkorlarda ham ana shu mazmunda kelgan. Ammo mumtoz shoirlar ijodidagi xayol Choʻlponnikidan farqli. Bu shoirlarning yori biror shaxs yoki Yaratuvchi Haq boʻlsa, Choʻlponning yori haqiqat, istiqlol va erk. Shu bilan birga mustabid tuzum zugʻumida oʻrtanayotgan millat.
Ayni yoʻnalishda Choʻlpon sheʼrlaridagi “maʼshuqa” obrazi talqinida uni vatanga mengzash, yor muhabbati orqali diyorga boʻlgan munosabatni ifodalashni professor Dilmurod Quronov shunday qayd etgan: “Mumtoz sheʼriyatimizda faol qoʻllaniladigan mazkur ramzlarga Choʻlpon yangi maʼno yukladi: uning talqinida “yor” – yurt ozodligi-yu, “oshiq” – erkka tashna koʻngil. Yaʼni, mutasavvif shoirlar intilgan maʼnaviy estetik ideal Haq boʻlsa, Choʻlpon intilib yashagan ijtimoiy-estetik ideal yurt ozodligi boʻlib qoldi. Bundan anglashiladiki, Choʻlpon ijodiyotidagi ramzlar, asarlari qatidagi botiniy mazmun mumtoz sheʼriyatimizdan turtki olgan holda tushunilishi lozim. Zero, Choʻlpon tasavvuf sheʼriyatidan nafaqat quruq shaklni, ruhini-da oʻzlashtirgandek”[4].
Badiiy adabiyotda “doʻst” obrazining eng koʻp qoʻllanilgan varianti “koʻngil” boʻlib, uni har bir ijodkor oʻzicha talqin qilgan. Hazrat Navoiy sheʼriyatida “koʻngil” soʻzining arabcha – qalb, forscha – dil kabi muqobillari boʻlgani holda ayni mana shu turkiy soʻzni juda koʻp qoʻllagan va har bir gʻazal yoki boshqa janrdagi asarining ichki mohiyatidan kelib chiqqan holda oʻzgacha talqin bergan. Lutfiy gʻazallarida esa, koʻngil oshiq hayotini boshqaruvchi, hayot sirlarini ochuvchi deb qaralgan. Shuning uchun ham bu timsolni talqin qilgan olimlar “koʻngil” soʻzi shaklan oʻzgarmasa-da, matnda oʻz mohiyatini oʻzgartira borganini taʼkidlaydilar:
Suyuningiz: koʻpdan beri zindonda Quyosh koʻrmay, zaxlab qolgan koʻngillar… “Koʻngil” degan soʻzni tilga olish yoki koʻngil hayotiga tegishli fikrlardan sheʼr yaratishni ijtimoiy anʼanalar, hurlik bilan bogʻliq koʻrinishi Choʻlpon sheʼriyatiga xos.
Koʻngillarga qora toldi, sezmadim, Sezdim sening ketganingni koʻngildan… Insoniyat koʻnglidan ketgan maʼshuqa bu – erk. Shoir nazdida elimiz erksizlikka koʻnikib ketishgan. Gʻaflatda qolgan “koʻngil”da maʼshuqaning siyrati qolmagani millatni qullik girdobida qoldirdi. Mutelik ularning turmush tarziga aylanib qoldi. Nafaqat shoir, balki millatning har bir vakili buni sezib turadi, ammo bunga qarshi biror chora qoʻllamaydi. Aksincha, shu qismatga ham rozi.
Ilk avval koʻzimi ishq ila ochdim, Ishqing maydoniga qonimi sochdim. Ishqsiz oʻlkalardan u onda qochdim, Na zamon bogʻladim zunnor ishqi. Ishq bir necha ming yillik milliy va mumtoz adabiyotimiz taraqqiyotida qoʻllanilib kelingan anʼanaviy poetik timsollardan biri. Chunki u, birinchidan, inson oʻzligini anglashi va Haqqa yetishishidagi asosiy vosita – doʻst mazmuniga ega boʻlsa, ikkinchidan, majoziy dunyo neʼmatlari bilan bogʻliq, oʻzida “shavq”ni mujassam etgan raqib sifatiga ham ega. Va bu timsol turli ijodkorlarda turlicha talqin etilgan. Choʻlpon oʻzining usmonli shevasida yozgan “Ishq” sheʼrida ham bu timsoldan muvaffaqiyatli foydalangan boʻlishiga qaramay, uni butunlay yangicha maʼnoda qoʻllaydi. Lirik qahramon “Ishq deya ayrildim dindan, imondan” deydiyu, lekin bu yerdagi ishq na-da majoziy ishq va na-da ilohiy ishqni nazarda tutadi. Tutqun oʻlkadagi tutqun millat oshiq timsolida kelsa, “erk” maʼshuqa sifatida tarannum etiladi.
Sodda dil bunlardan na maʼni anglar. Bilmaz kuch oʻldugʻun izhor ishqi, – deya yakunlanayotgan sheʼr oshiq ishqining izhori, maʼshuqa, yaʼni erkka erishuv jarayoni “kuch oʻldugʻuni” soddadil oʻquvchi sezmasligi mumkin, biroq erkka erishuv jarayoni hech qaysi millat va hech qaysi mamlakatda sokin kechgan emas. Choʻlpon butun eʼtiborni ana shu kuch, yaʼni erk uchun kurashga qaratgan. Shoir ijodida “oshiq” obrazi orqali millat, “maʼshuqa” deya erk, “raqib”da mutelik, “doʻst” sifatida koʻngil birlamchi qoʻyilib, bu obrazlarning yangi shaklda zamonaviy sheʼriyat nuqtai nazaridan talqin qilinishi, jamiyat, millat tafakkurini oʻzgartirishga chogʻlangan shoir dunyoqarashi bilan bogʻliq.
Shoir “Suygan choqlarda” sheʼrida murojaat etgan anʼanaviy poetik obrazlardan yana biri “bulbul” timsoli boʻlib, unga lirik qahramon qalb kechinmalari singdirilgan:
Gunafshalar qulogʻimga madhingni Soʻzlab-soʻzlab charchadilar, bitmadi… Alamzada bulbul yigʻlab, kechalar Alamingning soʻngin tamom etmadi. Mumtoz sheʼriyatdagi bulbul odatda, kechalar alamli yigʻlasa ham oʻz dardini aytib, yaʼni gul ishqida oshiqligidan nolon yigʻlar edi. Shoir bu oʻrinda bulbul timsolining mumtoz sheʼriyatdagi vazifasini saqlab qolgan boʻlsa ham, biroq uning talqinidagi bulbul oʻz dardini emas, shoir maʼshuqasining hikoyasini alamli soʻylab, bu hikoyani aytib tamom qila olmaydi. Shoir tasavvuridagi qismatni falsafiy ifodalashda “bulbul” timsolidan foydalangan:
Koʻzingdagi hikoyaning mazmunin, Shoir boʻlsam, aytib-aytib yigʻlardim. Oʻshal, eski jarohatli qalbimni Satrlarning nashtari-la tilardim. Choʻlpon “eski jarohatli qalb” sifatida asrlar boʻyi ezilgan, jafozada va mehnat bilan kun koʻrgan xalq dardini nazarda tutadi, natijada yor koʻzidagi hikoyaning “mazmuni” millat dardi ekani maʼlum boʻladi. Millat holiga achinish bilan birga xalq qalbi jarohatli ekanini anglaydi. Shoir bu timsol orqali anʼanaviy obraz “oshiq”ni tasvirlasa ham u faqatgina yor ishqida kuygan jafokor emas, balki millat va elning aʼzosi sifatida u bilan darddosh boʻlgan insondir. Shuning uchun sheʼrning soʻnggi bandida bulbulning musiqali ovozi faqat oʻz sevgisini emas, balki dardli elning hasratini ifodalashga qaratiladi.
Koʻringanidek, Choʻlpon sheʼriyatida koʻhna adabiyotdagi yuzlab anʼanaviy obrazlardan faqat ayrimlarigina ishtirok etgan boʻlsa ham ular mumtoz timsollarning aynan takrori boʻlib qolmadi, balki zamon talablari asosida yangilandi. Shuningdek, baʼzi anʼanaviy timsollar mohiyatan mumtoz xususiyatlarni saqlab qolgan boʻlsa-da, ularni ichdan yangilashga, yangicha maʼno qatlamlarini ochishga xizmat qilganligi kuzatiladi.