II bob. 2.1.Ijtimoiy mavzular tasviri. Cho‘lpon tabiatan lirik shoir edi. Ammo u yashagan davr shoirdan lirik qahramonning ruhiy olamidagi jilvalardan ko‘ra xalq va mamlakat hayotidagi po‘rtanalarni tasvirlashni ko‘proq taqozo etdi. Shuning uchun ham Cho‘lpon siyosiy va ijtimoiy mazmun bilan yo‘g‘rilgan she’rlarni ko‘proq yozdi va biz Cho‘lponni eng avvalo «Ko‘ngil», «Kurash», «Kishan», «Vijdon erki» singari she’rlar muallifi sifatida bilamiz.
Shoirning 20-yillarda yozgan ayrim she’rlariga, masalan, quyidagicha so‘zlar epigraf (peshso‘z) sifatida berilgan: «Talanmagan, yiqilmagan yer yo‘q. Go‘daklar nayza boshida... (Xabar)». Bu so‘zlarda ifodalangan dahshatli voqealar o‘sha yillari bizning mamlakatimizda ro‘y bergan. Bizning yerimiz talangan. Bizning go‘daklarimiz bir askar tomonidan otilib, ikkinchi bir askarning nayzasi bilan ilib olingan. Cho‘lpon mustamlakachilikning, zo‘ravonlikning, xunrezlikning bunday o‘ta dahshatli ko‘rinishlariga tinch qarab turolmas edi. Shuning uchun ham shoir bunday voqealarni, xususan, «Yong‘in» (1921) singari she’rlarida tasvirga tortishga urindi.
Biz bu she’rni o‘qir ekanmiz, yuqorida epigraf tarzida keltirilgan so‘zlar real kartinalar, dahshatli hayotiy lavhalar shaklida jonlanganini, 20-yillarda mustamlakachi bolsheviklar tufayli o‘zbek yurti va o‘zbek xalqining boshiga tushgan falokatlarni ko‘rgandek bo‘lamiz. Shoir bu balo-ofatlarni keltirgan, o‘lkamizni vayron etib, daryo-daryo qonlarni oqizgan yovuzlarni la’natlamaydi, ularga g‘azab va nafrat toshlarini otmaydi, balki mudhish tarixning shohidi sifatida yuragidan oqib turgan ko‘z yoshlari bilan tarix sahifalariga qayd etadi:
Ko‘nglim kabi yiqiq uylar, qishloqlar
Boyqushlarga buzuq ko‘ksin ochganmi?
Ota-ona, tanish-bilish, o‘rtoqlar
Yurtni tashlab tog‘ va toshga qochganmi?
Shunday katta bir o‘lkada yonmagan,
Yiqilmagan, talanmagan uy yo‘qmi?
Bir ko‘z yo‘qmi qonli yoshi tommagan,
Butun ko‘ngil umidsizmi, siniqmi?..
Qilichlarning tillarida qizil qon
Buloqlarning suvi kabi toshdimi?
Yalang bola, yalang go‘dak -ma’sum jon
Nayzalarning boshlaridan oshdimi?..
Ehtimol, 20-yillarda nashr etilgan gazetalarda tariximizning shunday fojiali sahifalari o‘z aksini topgandir. Lekin hayotiy haqiqatdan farqli o‘laroq, Cho‘lpon she’ridagi badiiy-hujjatli haqiqat o‘sha davr ruhini, O‘zbekistonning daryo-daryo qonlar va kultepalar evaziga sovetlashtirilganini olovlangan his-tuyg‘ular to‘lqini osha ifodalaydi va bizni, kelajak avlodlarni baravar larzaga solib turadi. Eng muhimi, u gazeta sahifalarida qolib, unutilib ketmay, Cho‘lponning o‘lmas she’rlaridan biri sifatida yashashda davom etadi.
Yuqorida aytganimizdek, Cho‘lpon yovuzlik daholariga la’nat, hattoki malomat toshlarini otmay, she’rni kinoyaning zaharli suvi tomchilab turgan bunday bayt bilan tugatadi:
Keng yaylovga o‘tmi ketdi, yondimi?
«Madaniyat» istagiga qondimi?
Bu satrlardagi «madaniyat» so‘ziga singdirilgan kinoya har qanday la’nat va nafrat so‘zlaridan kuchlidir.
Bu she’rning kuchi shundaki, u olis 20-yillardagi dahshatlar-nigina emas, balki hozirgi zamonda «madaniy» davlatlar tufayli ro‘y berayotgan xunrezliklarni ham aks ettirayotgandek taassurot uyg‘otadi.
Cho‘lponning 20-yillarga oid she’rlarida mustamlakachilik mavzusi yetakchilik qiladi. Shunday she’rlardan biri “Qo‘zg‘alish» (1922) deb nomlangan bo‘lib, shoir unda «ustidan bir umrga xo‘ja bo‘lmoq istagan», «bo‘yniga kishan solib, halokatga sudragan» «afandi»ga murojaat etib, deydi:
«Kishanlaring zang bosgandir, sergak bo‘lkim, uzilur,
Tomirimda qo‘zg‘alishning vahshiy qoni gupurdi...»
Bu she’rdagi «qo‘zg‘alish» so‘zidan zulmga qarshi ko‘tarila boshlagan va «bosmachilik harakati» shaklida davom etayotgan qo‘zg‘olon uchqunlari sachrab turgandek bo‘ladi.
Zulm-keng ma’noli tushuncha. Mustamlakachilik davrida el-yurt boshiga tushgan barcha savdolarni faqat bir so‘z bilan-»zulm» so‘zi bilan ifodalash mumkin. Zulmning turlari va pog‘onalari ko‘p. Agar zolim insofsiz va odamlik siyohidan mahrum bo‘lgan bo‘lsa, uning zulmiga bo‘yin egmaslikning iloji yo‘q.
«Zulm oldida har bir narsa,
Ehtimolki, bo‘yin egar.
Agar zulm avjga kelsa,
Ko‘k boshi-da yerga tegar», -
deydi Cho‘lpon « Vijdon erki» (1922) she’rida. Shunga qaramay, shoir shu she’rida tutqunlar bilan ezilganlarga, «qiynalgan yo‘qsil ellar» bilan «dor oldiga chizilganlar»ga murojaat etib, zolimlarga yalinmaslikni so‘raydi. “Bo‘rilardan omon kutmak Tentaklarning ishidir ul!»-deydi u va «erk uchun ovoralar»ga «har moneni hatlab o‘tish»ni maslahat beradi. Lekin shu bilan birga u: «Hayvonlarga, insonlarga Zolim ega bo‘lmay qolmas», deb moneni hatlab o‘tish «so‘zlari tagida yotgan ma’no va maqsadni mavhumlashtirib yuboradi. Kitobxonda, modomiki, “Hayvonlarga, insonlarga Zolim ega bo‘lmay qolmas» ekan, u holda nega shoir zamondoshlariga murojaat etmoqda, degan savol tug‘iladi.
Gap shundaki, Cho‘lpon insonlarni ikki toifaga ajratadi: agar u birinchi toifaga barcha insonlarni kiritsa, «erkin vijdon» ahli, uning nazdida, ikkinchi toifani tashkil etadi. Bu ikkinchi toifadagi kishilar uchun vijdon erkinligi hamma narsadan aziz va tansiqdir. Shuning uchun ham faqat ulargina zulm va zolimga qarshi kurashishlari mumkin:
Hayvonlarga, insonlarga
Zolim ega bo‘lmay qolmas.
Faqat erkin vijdonlarga
Ega bo‘lmoq mumkin emas, -
deb hayqiradi shoir. Ana shu hayqiriqda, da’vatda shoirning g‘oya-maqsadi o‘z in’ikosini topgan.
Cho‘lpon ijodini kuzatish-tarix sahifalarini varaqlash, degan gap.
20-yillarda vaziyat shu qadar tez o‘zgarib turganki, buni inobatga olmay turib, Cho‘lpon she’rlarini to‘g‘ri tushunish aslo mumkin emas. Mana qarang, shoir 1921-yilda «Buzilgan o‘lkaga» she’rini yozib, unda bosqinchiga bo‘lgan g‘azab-nafratini ochiqdan ochiq aytgan va xalqni unga qarshi kurashga chaqirgan. Shoirning 1922-yildagi she’rlarida o‘sha oshkora nafrat ham, da’vat ham birmuncha susaygan. 1923-yilda esa yana boshqa bir manzara...
Turkiston Muxtoriyati tugatilgandan keyin boshlangan va yosh Sovet davlatini esankiratib qo‘ygan «bosmachilik harakati» yildan yilga pasaya boshladi. Bir tomoni, bu harakatning rahbarlari o‘rtasida ahillik bo‘lmadi. Ikkinchi tomoni, ular xalqqa ozor bera boshladilar. Uchinchi tomoni, qishloqlar «bosmachilar»cha kiyingan qizil askarlar tomonidan talanib, qizlar va ayollar haqoratlandi. Natijada xonavayron bo‘lgan xalq «bosmachilar»ni qo‘llab-quvvatlamay qo‘ydi. Xullas, 1923-yilga kelib, «bosmachilik harakati»ning istiqbolsiz ekani ma’lum bo‘ldi. Agar bu harakatga nuqta qo‘yilmasa, oddiy xalq ommasining ham, «bosmachilar» orasida harakat qilayotgan qora ko‘zlarning ham qirilib ketishi hech gap emas edi. Shuning uchun ham respublika rahbariyati va Turkiston fronti siyosiy boshqarmasining tashabbusi bilan «bosmachilik harakati»ni tugatish maqsadida Andijonda «Darxon» gazetasi tashkil etiladi. Cho‘lpon andijonlik bo‘lgani tufayli shu gazetaga ishga yuboriladi. U gazetadagi faoliyati davomida o‘z vijdoniga qarshi o‘laroq, biror maqola yozmaydi, biror xatti-
harakat qilmaydi. Lekin uning hurriyat haqidagi bitun orzu-umidlari shu harakat bilan bog‘liq» bo‘lgani uchun u umidsizlikka
beriladi, o‘zini muhit girdobida, oqayotgan somon parchaga qiyos qiladi. Shoir hayotining ana shu voqea bilan bog‘liq ruhiy dramasi uning ..Somon parcha» she’rida (1923) o‘z ifodasini topgan. Cho‘lpon bu she’rni garchand
«Kirmayman ko‘chaning boshi berkiga,
Chunki taslim bo‘ldim muhit erkiga»
satrlari bilan tugatgan bo‘lsa-da, bu umidsizlik, erksizlik undagi oniy tuyg‘ular hosilasi edi. Oradan birmuncha vaqt o‘tgach, Farg‘onada, mahalliy gazeta idorasida xizmat qilayotgan shoir kuz manzaralari tasviriga bag‘ishlangan «Xazon» she’rini (1923) yozadi:
Kuz chog‘i... tuproqlar gezarib qoldilar,
Gezarib qoldilar kuz chog‘i tuproqlar.
So‘ng damda yaproqlar qizorib yondilar,
Qizorib yondilar so‘ng damda yaproqlar.
O‘zbek kuzining bu go‘zal manzarasini chizishda Cho‘lpon takror san’atidan mohirona foydalanadiki, har bir so‘zning ma’no va tovush sig‘imlari favqulodda kengayib ketgandek bo‘ladi. Bor-yo‘g‘i ikki obraz-»gezargan tuproq» bilan «qizorgan yaproq» obrazlari kuzning o‘zbek diyoriga o‘ziga xos xislatlari bilan kirib kelayotganini yaqqol ko‘rsatadi. Bu satrlardan oqib turgan musiqadan kuzning sokin va mungli kuylari eshitilgandek bo‘ladi.
Cho‘lpon kuz manzarasini chizishda davom etar ekan, bu manzara tasviriga bog‘larda «qag‘lashib», yong‘oqqa yopishgan qarg‘a obrazini olib kiradi va kutilmaganda bu obrazni timsol darajasiga ko‘taradi:
Ey, sovuq ellardan muz kiyib kelg‘onlar,
U qo‘pol tushingiz qorlarda yo‘q bo‘lsin!
Ey, mening bog‘imdan mevamni terg‘onlar,
U qora boshingiz yerlarga ko‘milsin!
Sovuq ellardan kelib, bog‘dagi yong‘oq mevalariga changal solgan qarg‘a lirik qahramonning ko‘ziga talonchi-mustamlakachi bo‘lib ko‘rinadi. Va shoir uning daf bo‘lishini istaydi...