Oʻzbek tili va adabiyoti yoʻnalishi guruh talabasi


Undov taqlid modal so‘zlar



Yüklə 71,52 Kb.
səhifə7/8
tarix20.10.2023
ölçüsü71,52 Kb.
#157829
1   2   3   4   5   6   7   8
Alohida olingan so‘zlar

2.2 Undov taqlid modal so‘zlar
So‘zlovchining anglatayotgan fikrga munosabatini ifodalab, gapda kirish so‘z vazifasida qo‘llanadigan so‘zlar modal so‘zlar deyiladi. Modal so‘zlar mustaqil so‘zlar kabi narsa, belgi, harakat va shu kabilarni atamaydi va gap bo‘lagi bo‘lib kela olmaydi. Shu bois ular gap bo‘laklari bilan sintaktik jihatdan bog‘lanmaydi: Demak, ishalasa bo‘ladi. Ehtimol, ketmon bilan yer ag‘darishga ham to‘g‘ri kelar.
Modal so‘zlar quyidagicha ma’noviy guruhlarni tashkil etadi:15

  1. Fikrning aniqligiga ishonch: albatta, shubhasiz, haqiqatdan ham, haqiqatan, o‘z-o‘zidan, tabiiy, darhaqiqat, ma’lumki.

  2. Gumon, noaniqlik: ehtimol, balki, hoynahoy, shekilli, aftidan.

  3. Maqsad, talab, shart: kerak,lozim, zarur, darkor.

  4. Mavjudlik, tasdiq: bor, mayli, xo‘p, ( bazan to‘g‘ri, yaxshi, tuzuk sifatlari ham vazifadoshlik asosida shu ma’noda ishlatiladi).

  5. Mavjud emaslik, inkor ma’nosini: yo‘q.

  6. Ma’qullash: durust, bo‘pti.

  7. Yakunlash, ta’kid: demak, xullas, modomiki.

  8. Eslatish: darvoqe, aytganday, aytmoqchi.

  9. Achinish, taassuf: afsus, attang, essiz.

  10. Fikrning tartibi: avvalo, oxiri, nihoyat (ba’zan shu vazifada birinchidan, ikkinchidan…kabi tarib sonlardan ham foydalaniladi).

Modal so‘zlar, aslida, mustaqil so‘zlardan ajralib chiqqan bo‘lib, ularning bir qismi, ham mustaqil so‘z, ham modal ma’no ifodalovchi so‘z sifatida, ba’zilari esa hozirgi tilda faqat modal ma’no ifodalashga xoslanib qolgani sababli, o‘ziga xos ikki guruhni tashkil etadi: 1) sof modal so‘zlar: darhaqiqat, haqiqatan, afsuski, attang, albatta, avvalo, xullas; 2) vazifadosh modal so‘zlar: chamasi, ehtimol, shubhasiz, aftidan.
Modal so‘zlar quyidagi turkumga oid so‘zlardan ajralib chiqqan-ligi bilan ham o‘zaro farqlanadi: aftidan, ehtimol, haqiqatan, darhaqiqat kabilar otdan; shubhasiz, bor, yo‘q, so‘zsiz, tabiiy kabilar sifatdan; albatta ravishdan; o‘z-o‘zidan olmoshdan; chiqar, bo‘pti fe’ldan ajralib chiqqan.
Modal so‘zlarni u ajralib chiqqan mustaqil so‘zdan quyidagi belgilariga ko‘ra farqlash mumkin: a) modal so‘z mustaqil yasama so‘zdan ajralgan bo‘lishi mumkin. Bunday modal so‘z yasovchi qismlarga ajratilmaydi. Aynan shu ko‘rinishdagi mustaqil so‘z esa yasovchi qismlarga ajratiladi. Qiyoslang: Uning har qanday topshirig‘i so‘zsiz bajariladi(.So‘zsiz, bu kirdikorlarning boshida sen turibsan. Birinchi misoldagi so‘zsiz mustaqil so‘z bo‘lib, so‘z+siz qismlardan iborat, ikkinchi misoldagi so‘zsiz esa qismlarga ajratilmaydi, bir butun holda so‘zlovchining anglatilayotgan fikrni dallash munosabatini bildiradi; b) modal so‘z mustaqil so‘znig biror grammatik shaklidan kelib chiqqanda ham u morfemalarga ajralmaydi. Modal so‘z ko‘rinishidagi mustaqil so‘z esa morfemalarga ajraladi: Har bir ishning chamasi bor (egalik shaklidagi ot: chama+si). Ular, chamasi, bir yildan so‘ng uchrashdilar (modal so‘z). 16
Mustaqil so‘zning bu kabi o‘z ma’nosini yo‘qotgan holda yordamchi so‘zga aylanishi natijasida omonimlik yuzga keladi.
Modal so‘zlar gapda, asosan, kirish so‘z vazifasini bajaradi. Bundan tashqari, ularning gapda quyidagi vazifalarda kelishini kuzatish mumkin: a) kesim yoki kesimning tarkibiy qismi vazifasida: Bu yoqqa keling, sizga gap bor. Inson uchun suv va havo zarur; b) so‘z gap vazifasini bajarishi ham mumkin: -Ertaga dam olish kunimi? -Yo‘q (yoki -Albatta).
Undov so‘zlar
His–hayajon, buyruq - xitob ifodalash uchun ishlatiladigan so‘zlar undov so‘z deb ataladi. Undov so‘zlar 1) his-hayajon: eh, oh, uh, obbo, bas, marsh, hormang, rahmat, barakalla, xayr, salom kabilardan; 2) buyruq - xitob: qurey - qurey, tu -tu, pish - pish, kisht kabi so‘zlardan iborat bo‘ladi. Undovlar boshqa so‘z turkumlaridan lug‘aviy ma’noga ega emasligi bilan farqlanadi.
1. His – hayajon undovlar quyidagi ma’nolarni ifodalaydi: 1) so‘roq: Men ham boraman, a? 2) ajablanish: Buni qarang, a! 3) kamsitish: E, shu ham ish bo‘ldi-yu. 4) qo‘rqinch: I-i, yiqilib ketaman; 5) taajjub, hayrat: Iye, keldingizmi!? 6) ishonchsizlik: Be, qo‘ysang-chi bu gapingni; 7). achinish, norozilik: Obbo, yana ish pachava, deng; 8) norozilik: E, qo‘ying-ye; 9) mamnunlik: Ehe, ishlar joyida-ku! kabilar shular jumlasidandir.
2. Buyruq-xitob undovlari biror ish-harakatni bajarishga undash yoki harakatdan to‘xtatish, tinchlantirish uchun qo‘llanadi. Bu tur undovlardan pish-pish (mushukni), beh-beh, tu-tu-tu (tovuqni), bah-bah (itni) kabi undovlar hayvon va qushlarni chaqirish uchun, hayt (hayvon-larni), pisht (mushukni), kisht (tovuqni), chuh (otni), xix (eshakni), qurey-qurey (qo‘yni) kabi undovlar hayvon va qushlarni haydash uchun ishlatilsa, dirr, tak (otni), xush, xuush (sigirni), huk (ho‘kizni), ishsh (eshakni), chix (tuyani) kabi undovlar hayvonlarni harakatdan to‘xta-tish, tinchitish yoki harakatga undash uchun ishlatiladi.
Yuqoridagilardan tashqari, ko‘rsatishni ifodalovchi huv, hu kabi so‘zlar, urf-odat bilan bog‘liq: assalomu alaykum, vaalaykum assalom, hormang, bor bo‘ling, rahmat, tashakkur, balli, barakalla, ofarin kabi so‘zlar ham undovlardir.
Nutqda ba’zi mustaqil so‘zlar o‘z ma’nosini yo‘qotgan holda undovga ko‘chishi mumkin: Kel, bir miriqib dam olaylik.
Undovlarda morfologik usul bilan so‘z yasalish yo‘q, biroq ulardan fe’l yasovchi qo‘shimchalar bilan so‘z yasash mumkin: dod+la, voy-voy+la, salom+lash. Undovlar tuzilishiga ko‘ra juft va takror shakllarga ega bo‘ladi: Beh-beh, oh-oh, e-voh, voy-bo‘y kabi.
Undov so‘zlar gapda quyidagi kabi vazifalar bajaradi: 1) undalma vazifasida: Hoy, kim bor!? 2) degan, deb so‘zlari bilan birikib (qo‘shma fel hosil qiladi), sifatlovchi aniqlovchi, hol vazifasida: Olisdan ehe...he... degan ovoz eshitildi. Unga javoban u ham ehe...he... deb chaqirdi; 3) so‘z-gap vazifasida: - Assalomu alaykum, ustoz! –Va alaykum assalom; 4) ayrim undovlar egalik, kelishik va ko‘plik qo‘shimchalarini olib otlashadi va gapda bosh va ikkinchi darajali bo‘lak vazifalarini bajaradi. Masalan, a) ega: Shu payt uning qulog‘iga kimningdir ohi chalindi; b) kesim: Orqada qolganning holiga voy; v) qaratqich aniqlovchi: Ko‘rinar daxshatlar to‘la tush kabi, Mazlumlar ohining ko‘kda tutuni. (G‘.G‘.)
Taqlid so‘zlar
Taqlid so‘zlar sharpa, tovush, sho‘la, harakatlarning obrazi bo‘lgan so‘zlardir. Taqlid so‘zlar ikki guruhni tashkil qiladi: 1) tovushga taqlid so‘zlar. Tovushga taqlid so‘zlar tabiat va jamiyatda uchraydigan xilma-xil tovushlarni nutqqa ko‘chirilishi asosida yuzaga keladi: inga-inga, pix-pix, vov, uv, qag‘-qag‘, taq, gurs, gumbur kabilar; 2) harakat va holatga taqlid so‘zlar. Harakat va holatga taqlid so‘zlar tabiatda uchraydigan turli narsa va hodisalarning harakat va holatlarni so‘zlar vositasida ifodalanishi asosida vujudga keladi: yalt, lip, lik - lik, yalp - yalp, bij - bij kabilar.17
Taqlid so‘zlar yakka va takror holda ishlatiladi. Takroriy taqlid so‘zlar asosida davomiylik, takrorlanish kabi ma’nolarni ifodalanadi. Qiyoslang: U piq etib kuldi. U piq-piq kuldi. Tovushga taqlid so‘zlarga, ba’zan –ir, -ur kabi unsurlar qo‘shilib takror shaklda ishlatilganda, ularning ma’nolari kuchaytiriladi: taq+ir-tuq+ur, tas+ur-tus+ur, dup+ur-dup+ur.
Taqlid so‘zlar boshqa turkumlardan yasalmasa ham, biroq ular asosida ot va fe’l turkumiga doir so‘zlarni yasash mumkin: qars+ak, bizbiz+ak, sharshar+a, g‘arg‘ar+a, jizz+a kabi otlar, taq+illa, duk+illa, lapang+la, milt+illa, taq etmoq, lik etmoq kabi fe’llar shular jumlasidandir.
Taqlid so‘zlar gapda, asosan hol va sifatlovchi aniqlovchi vazifalarini bajaradi. Bunda ular etgan va etib kabi so‘zlar bilan birikib kelishi ham mumkin. Masalan: Sobir yaxna ko‘k choyni qult-qult yutdi. O‘rmon bo‘ylab boltaning taq-taq etgan tovushi taralib sokinlikni buzardi. Simyog‘ochga ilingan chiroq shamolda taq-taq etib ovoz chiqarardi.
Taqlid so‘zlar otlashganda ega, to‘ldiruvchi, qaratqichli aniqlovchi kabi vazifalar bajaradi.
Xulosa
Xulosa qilib aytganda so‘zlarning lug‘aviy va grammatik ma’no jihatdan o‘xshashligiga ko‘ra ayrim leksik - grammatik guruhlariga ajratilish so‘z turkumlari deyiladi. So‘zlarni turkumlarga ajratishda ularning grammatik ma’no-lari bilan bir qatorda, lug‘aviy ma’nosi ham asosiy belgilardan hisob-lanadi. Ham grammatik, ham leksik ma’nolarga ega bo‘lib, gapda mustaqil sintaktik bo‘lak sifatida ishtirok etadigan so‘zlar mustaqil so‘zlar deyiladi. Mustaqil so‘zlarga: ot, sifat, son, olmosh, fe’l, ravish kiradi.
Shuni ham ta’kidlash joizki, tilimizdagi ba’zi mustaqil so‘zlar ham nutq jarayonida o‘zining mustaqil lug‘aviy ma’nosini yo‘qotib, gram-matik ma’no ifodalashga xoslangan holda, yordamchi so‘z vazifasiga o‘tishi mumkin. Bu hodisa tilshunoslikda grammatikalizatsiya deb yuritiladi. Masalan: ko‘rib qolmoq, bilib olmoq, xafta ichi kabi birikmalardagi qol, ol, ich so‘zlari o‘zining mustaqil lug‘aviy ma’nosni yo‘qotgan holda yordamchi so‘z sifatida qo‘llangan. Mustaqil leksik ma’noga ega bo‘lmaydigan, gap bo‘lagi vazifasini bajara olmaydigan, biroq so‘z va gaplarni o‘zaro bog‘lash yoki ularga qo‘shimcha ma’no nozikligi kiritish (yuklash) uchun xizmat qiladigan so‘zlar yordamchi so‘zlar deyiladi.
Yordamchi so‘zlar umumiy vazifalarga ko‘ra uch turli bo‘ladi:1) ko‘makchi; 2) bog‘lovchi; 3) yuklama. Undov, taqlid va modal so‘zlar esa, yordamchi so‘zlarning alohida guruhini tashkil etadi. Chunki undov va taqlid so‘zlar gap bo‘lagi sifatida ham, mustaqil so‘z-gap sifatida ham qo‘llanadi. Ayni paytda mustaqil so‘zlarning yasalishida ham ishtirok eta oladi. Biroq bu so‘zlar harakat va hodisaning atamasi bo‘la olmasligi, ya’ni lug‘aviy ma’no ifoda eta olmasligi bilan yordamchi so‘zlarga o‘xshashdir. Shuning uchun ham undov, taqlid, modal so‘zlarning har biri o‘ziga xos xususiyatlari bilan alohida - alohida turkumni tashkil etadi. Ko‘rinadiki, so‘zlarni turkumlarga ajratishda, birinchidan, lug‘aviy ma’no, ikkinchidan, morfologik shakl, uchinchidan, biror sintaktik vazifa bajarish xususiyati, to‘rtinchidan, qo‘llanish qurshovi (distributsiyasi) e’tiboridan kelib chiqiladi.



Yüklə 71,52 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin