I BOB So‘z turkumlari 1.1 O‘zbek tilidagi so‘z turkumlari So‘zning leksik ma’nosi bilan ularning predmetiklik, belgi, harakat singari ma’nolarini ifodalovchi umumiy grammatik ma’nolari o‘rtasida uzviy aloqa mavjud. So‘zlarni turkumlarga ajratishda so‘zlarning leksik ma’nosi ustiga qo‘yilgan umumiy grammatik ma’no asosiy tayanch nuqta bo‘lib xizmat qiladi.
So‘zlar anglatiladigan umumiy grammatik ma’nolariga ko‘ra so‘z turkumlariga ajratiladi. Tildagi so‘zlarning ma’no vazifalariga ko‘ra ma’lum guruhlarga bo‘linishi so‘z turkumi deb yuritiladi. So‘zlarning lug‘aviy va grammatik ma’no jihatdan o‘xshashligiga ko‘ra ayrim leksik-grammatik guruhlariga ajratilish so‘z turkumlari deyiladi. So‘z turkumlari- so‘zlarning so‘rog‘i va qanday umumlashgan ma’no ifodalashiga ko‘ra guruhlarga bo‘linadi So‘zlarni turkumlarga ajratishda ularning grammatik ma’nolari bilan bir qatorda, lug‘aviy ma’nosi ham asosiy belgilardan hisoblanadi. So‘zlar turkumlarga quyidagi xususiyatlariga ko‘ra ajratiladi:2 Leksik ya`ni atash ma’nosiga ega yoki egamasligi va biror so‘roqqa javob bo‘la olish-olmasligiga ko‘ra;
Grammatik shaklga ega bo‘lish – bo‘lmasligiga ko‘ra;
Gapda biror sintaktik vazifa bajara olish-olmasligiga ko‘ra.
So‘zlarni turkumlarga ajratish
So‘z turkumlari ma’no va vazifasiga ko‘ra quyidagi guruhlarga bo‘linadi:
Mustaqil so‘zlar
Yordamchi so‘zlar
Alohida olingan so‘zlar
Mustaqil so‘z turkumlari -atash va umumiy grammatik ma’noga ega bo‘lib, biror so‘roqqa javob bo‘ladigan, gap ichida ma’lum sintaktik vazifa bajaradigan so‘zlardir. Bu guruhga ot, sifat, son, olmosh, fe`l, va ravish kiradi. Masalan: Gul-nima?, Chol-kim?, Chiroyli- qanday?, Yuztacha-nechta? Keldi-nima qildi?.
Yordamchi so‘z turkumlari - atash ma’noga ega bo‘lmaydigan, faqat grammatik ma’nolarni ifodalashga xizmat qiladigan, so‘roq berib, bo‘lmaydigan so‘zlardir. Ular mustaqil so‘zlar va ayrim gaplar orasidagi munosabatni anglatishga xizmat qiladi, so‘zga va gapning mazmuniga turli qo‘shimcha grammatik ma’nolar qo‘shadi. Yordamchi so‘zlarga ko‘makchi, yuklama, bog‘lovchi kiradi.
Oraliqdagi so‘zlar (alohida olingan so‘zlar) lug‘aviy ma’no bildirmaydigan, lekin ba’zan gap bo‘lagi vazifasini bajaradigan so‘zlardir. Ular mustaqil va yordamchi so‘zlarning har ikkalasiga xos belgilarni o‘zida aks ettiradi. Bularga modal so‘zlar, taqlid so‘zlar va undov so‘zlar kiradi.
Ot so‘z turkumi
Ot- shaxs, narsa ma’nolarini, shuningdek, joy nomlarini bildirib, kim?, nima?, qayer? So‘roqlariga javob bo‘ladigan so‘zlar. Kim? so‘rog‘i shaxsni bildiruvchi so‘zlarga, nima? so‘rog‘i narsa-buyumni, faoliyat-jarayonni bildiruvchi so‘zlarga, qayer? so‘rog‘i joy nomini bildiruvchi so‘zlarga beriladi. Shunga ko‘ra otlar shaxs otlari, narsa-buyum otlari, o‘rin-joy otlari, faoliyat-jarayon otlariga bo‘linadi.3 Otlar egalik, kelishik kabi so‘z o‘zgartirish, turli ma’no va vazifa uchun qo‘llanuvchi vazifadosh shakllarga hamda o‘ziga xos so‘z yasalish tizimiga egaligi bilan ajralib turadi. Otlarning muhim belgilaridan biri ularning sifat, son, olmosh, ravish va fe`l distributsiyasida kelishi, ya`ni ular bilan birika olishidir: katta bino, ikkinchi kurs, barcha inson, kitob o‘qimoq, ko‘p odam.
Ot gapning barcha gap bo‘lagi vazifasida keladi. Otning bu kabi sintaktik vazifasi uning qanday grammatik shakldagi bilan bog‘liq bo‘ladi. Otning quyidagi turlari mavjud:
Turdosh otlar- bir turdagi shaxs, narsa, o‘rin-joy, faoliyat-jarayon kabilarning umumiy nomlarini bildiruvchi otlar turdosh otlar sanaladi. Masalan: ota, aka, o‘rtoq, kishi, ketmon, paxtazor, choyxona.
Atoqli otlar- bir turdagi shaxs, narsa, o‘rin-joy, faoliyat-jarayon kabilarning umumiy nomidan ajratib olingan nomini bildiruvchi otlar atoqli otlardir. Masalan: Alisher Navoiy, Orol dengizi, Mustaqillik bayrami, Olapar, baroq.
Shaxs otlari shaxslarni quyidagicha nomlab keladi:
Yoshiga ko‘ra : chol, yigit,kampir, qiz
Yashash joyiga ko‘ra: shaharlik, qishloqlik, toshkentlik
Narsa otlari-nima? so‘rog‘iga javob bo‘lib, jonli va jonsiz narsalarning nomini bildirgan otlar kiradi. Masalan: arslon, boychechak, sho‘rva, ko‘ylak, lagan, tovoq, ruchka, o‘chirg‘ich.
O‘rin-joy otlari- qayer? so‘rog‘iga javob bo‘lib, o‘rin-joy ma’nosini bildiruvchi otlar kiradi. Bunday otlar o‘rin-joy ma’nosi bilan birga narsalik ma’nosini ham anglatadi, shuning uchun qayer? so‘rog‘i bilan birga nima? so‘rog‘ini olishi ham mumkin. Masalan: gulzor, saylgoh, guliston, o‘rtoq
Aniq otlar- sezgi a’zolarimiz orqali bilishimiz mumkin bo‘lgan narsalarni bildiruvchi otlar kiradi. Masalan: kitob, qalam, uy, eshik, deraza, bola.
Mavhum otlar- sezgi a’zolarimiz orqali bilishimiz mumkin-u ammo ko‘ra olmaydigan ushlay olmaydigan otlar kiradi. Masalan: do‘stlik, muhabbat, nafrat, hasrat, havas, aql, bilim, o‘y, hayol go‘zallik.
Atoqli otlar – biror shaxs, narsa yoki joyga atab qo‘yilgan nomlar.
Otlar tuzilishiga ko‘ra sodda, qo‘shma, juft va takroriy otlarga bo‘linadi.
Sifat so‘z turkumi
Otga bog‘lanib, uning belgisini bildiradigan va qanday?, qanaqa?, so‘roqlariga javob bo‘ladigan so‘zlar sifat deyiladi. Masalan: Chiroyli, devoriy, kuzgi, baland.
Ma’lum belgi bir necha so‘zlar orqali ifodalanishi ham mumkin: masalan: katta, ulug‘, ulkan, buyuk, chiroyli. Bunday so‘zlar muayyan bir umumiy ma’no asosida birlashsalar ham, lekin ular bir-biridan ma’lum farqlanishga ham ega. Bunday farqlanish ularning boshqa so‘zlar bilan bog‘lanishida, ma’lum uslubga xoslanishida aniq namoyon bo‘ladi shuning uchun ham sifatlarning ma’nodoshlarini bilish va o‘z o‘rnida qo‘llay olish so‘zlovchining nutqiy mahoratini ko‘rsatadi.