VOZ- xalqaro sog`likni saqlash tashkiloti. Atrof-muhitni muhofazasining sanitary-gigiyenik masalalari bilan shug`ullanadi.
VMO- xalqaro meteorologik tashkilot. Iqlimdagi umumsayyoraviy o`zgarishlar bilan shug`ullanadi.
IMKO- dengizlar bo`yicha davlarlararo maslahat tashkiloti. Bu tashkilot dunyo dengiz va okeanlaridan foydalanishning ekologik jihatlari bilan shug`ullanadi. Yuqoridagilardan tashqari, BMTning ijtimoiy va iqtisodiy masalalar bilan shug`ullanuvchi kengashi EKOSOS faoliyatida ham atrof-muhit muhofazasiga jiddiy e’tibor beriladi.
1974-yil BMT ning atrof-muhit muhofazasi va tabiiy resurslardan foydalanishga bag`ishlangan maxsus Bosh sessiya o`tkazildi. Unda «Yangi xalqaro ekologik tartiblarni o`rnatish haqida Deklaratsiya» va bu tartiblarni o`rnatishning harakat dasturidan iborat 2 ta muhim xalqaro hujjat tasdiqlandi. Bu hujjatlarda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ko`paytirish muammosiga katta e’tibor berildi, jumladan, sahrolashish va yerlarning sho`rlanishini oldini olish, tabiiy va oziq-ovqat resurslariga zararli ta’sirlarni kamaytirish, ifloslanishga qarshi kurash, resurslarni muhofazalash va qayta tiklash bo`yicha zudlik bilan choralar ko`rishga chaqirildi. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Xelsinki (Finlyandiya) kengashida ham ekologik masalalarga keng o`rin berildi.
Xalqaro hamjamiyatning tarkibiy qismi hisoblangan Markaziy Osiyo mintiqasining barkaror rivojlanishini ta’minlovchi ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolarni yechishda O`zbekiston XEH masalalariga katta e’tibor bermoqda. Respublikada tabiatni muhofaza qilish ishlari boshqa davlatlar va Xalqaro tashkilotlar bilar har tomonlama hamkorlik qilish orqali amalga oshirilmoqda. Mustaqillik yillarida atrof-muhit muhofazasi va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishning turli jihatlarini tartibga soluvchi ko`plab xalqaro shartnomalar va bitimlar tuzildi. Respublikamiz XEHning turli yo`nalishlari bo`yicha amalga oshirilayotgan xalqaro tadbirlarda faol ishtirok eta boshladi. O`zbekiston Respublikasi 1992-yilgi biologik rang-baranglikni saqlash Konvensiyasi, 1992-yilgi iqlim o`zgarishi to`g`risidagi Konvensiyalarga qo`shildi. Ekologiya va tabiatni muhofaza qilish sohasidagi har qanday davlarlararo hamkorlik ekologik vaziyatni mahalliy, regional va umumbashariy darajada yaxshilashning asosidir.
O`zbekiston 1992-yilda imzolagan MDH Davlatlararo Ekologiya Kengashining teng huquqli a’zosi hxisoblanadi. Respublikaning Xalqaro ekologik hamkorlik borasidagi faoliyati, ayniqsa, Orol muammosiga qaratilgan masalalarda yanada yakkolroq namoyon bo`lmoqda.
O`zbekistonning faol ishtiroki va sa’y-harakatlari tufayli Orol dengizi muammolari bo`yicha Davlatlararo Kengash va uning ishchi organi Ijroiya qo`mitasi, Orolni qutqarish Xalqaro jamg`armasi tashkil etildi va faoliyat ko`rsatmoqda.
Insoniyat boshiga ko`lanka solib turgan ekologik falokatlarning oldini olish bo`yicha xalqaro hamkorlik ma’lum darajada shakllangan va muhim tadbirlar amalga oshirilgan bo`lsa-da, hali bu boradagi ishlarni yanada izchil faollashtirish zarur. Chunki hozirgacha atrof-muhit muhofazasi va insoniyatga yetarli, qulay yashash sharoitlarini yaratish masalalarini boshqarib turuvchi tom ma’nodagi keng ko`lamli, ta’sirchan, xolis, yagona xalqaro tizim vujudga kelgani yo`q. Xalqaro ekologik hamkorlik takomillashib borishi insoniyat taraqqiyotining bundan keyingi bosqichlarida ham muhim hayotiy zaruratlardan biri bo`lib qolaveradi.