3.Xorazmshohlar davlatida unvon va mansablar. Manbalarda Xorazmshohlar saroyida turli mansablar haqida qiziqarli ma’lumotlar saqlanib qolgan. Hukmdorlarning a’yonlari va mulozimlari saroyda yashab turgan sulola a’zolari hamda saroy hayotiga oid tashriflarni tashkil etishga safarbar qilingan xizmatchilardan tashkil topgan.
Xonadon a’zolari. Turkiy hokimiyat an’anasiga ko‘ra, davlat hukmron sulola a’zolarining barchasiga tegishli hisoblangan. Xonadonning bunday yuksak darajasiga muvofiq, sulola a’zolalari zamona rasm-rusumlariga ko‘ra saroyda eng yuqori mavqeini egallagani tabiiy bir xoldir. Hukmdorning onasi, umr yo‘ldoshi, farzandlari (shahzodalar) xonadon a’zolari hisoblangan. Bundan tashqari, sultonning aka-ukalari, amaki-jiyanlari ham xonadon mansublari edilar.
Hojiblar. Biz yuqorida aytib o‘tganimizdek, hojib saroy marosimlarini tashkil etgan va boshqarib turgan. Xususan, u hukmdorning qabul marosimlari vaqtida mavjud qoidalarga rioya etilishini ta’minlagan. Hukmdor bilan davlatning muhim mansabdorlari o‘rtasidagi aloqani ta’minlash ham hojibning zimmasida bo‘lgan. Jaloliddin davrida – ehtimol otasining davridan e’tiboran – hojiblikka saroyga mansub bo‘lmagan va turkiy amirlarning avlodi bo‘lgan kishilar tayin etilgan. Hojiblar saroy g‘ulomlari orasidan tanlab olingani va tayyorlangani e’tiborga olinsa, hojiblik muassasasi bu davrda mazmunan o‘zgarib, kengaygani ma’lum bo‘ladi. Buning natijasi o‘laroq, hatto, Jaloliddin uning zamonasigacha hech ko‘rilmagan bir ishni amalgam oshirdi, ya’ni hojiblar orasidan bir kishini vazir lavozimiga tayinladi. Uning vaziri SHarafulmulk ilgari hojib bo‘lgan edi.
Sultonning hojibi Badriddin Inonj fors adabiyotining zukko bilimdoni edi. Jaloliddin davrida eng katta hojibga “xos hojib” yoki “hojibi xos” deyilgan. Hojibi xos hukmdorning qabul marosimlarini tashkil etar va marosim qatnashchilarining o‘z mavqeiga mos holda joy olishlarini ta’min qilar edi. Sultonga keltirilgan hadyalarni elchilardan olib, hukmdorga bitta-bitta sanab ko‘rsatish ham xos hojibning vazifalaridan biri edi.
Sulton hojibi xoslariga ba’zan elchilik vazifasini ham yuklagan.
Masalan, u hojibi xos Xonbardini Nasaviy bilan isyon ko‘targan Ganjaga yuborgan va elchilar xalqni itoatga da’vat qilgan edilar. Shuningdek, sulton hojibi xoslaridan Badriddin Tutoqni xalifaga elchi qilib jo‘natgan.
Sulton ba’zi hojibi xoslariga “malik ul-xos” unvonini ham bergan.
Sulton hukumat va saroy tashkilotining eng muhim mansabdorlarigagina bu
unvonni bergan. Agar hojibi xoslikka madaniyatli, bilimli kishilar tayin etilgani
hisobga olinsa, u holda ularning sultonga yaqin bo‘lganligini va maslahat
kengashlarida ham qatnashganligini taxmin qilish mumkin.
Mahramlar. Jaloliddinning saroyida mahramlari ham bo‘lgan. Ularga “xodimoni xos” ham deyilgan. Mahramlar “malik ul-xos” unvoniga ega bo‘lganlar.
Saroy amirlari. Saroy tashkilotiga mansub bu amirlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri hukmdorga bo‘ysungan. Saroy amirlari o‘z xizmat lavozimi va unvoniga
ko‘ra quyidagicha bo‘lgan:
Ustozdor (yoki ustoz – ud-dor) Xorazmshohlar saroyida xizmatkorlar va
g‘ulomlarga bosh bo‘lib, xazinaga tushgan foydadan va soliq tushumlaridan
muayyan bir qismini olib, bu mablag‘ni saroy oshxonasi, nonvoyxonalar,
sharobxonalar, otxonalar, saroydagi barcha xizmatchilarning sarf-
xarajatiga ajratgan. SHuningdek, u ushbu mablag‘dan maosh berish va boshqa
xarajatlar uchun ham foydalangan.
Xorazmshohlar davlatida ustozdorlar xizmat talabi bilan mamlakat boyliklari va xazinaga kirim qilinadigan mablag‘larning ma’lum qismidan foydalanish huquqiga ega edilar. Keyin bu mablag‘larni nonvoyxona, oshxona, otxona saroy zaruratlari uchun ishlatar, evaziga qancha pul ishlatgani haqida ulardan muhr bosilgan tilxat yozdirib olardi. U bunday muhrli tilxatlarni vazirdan, mustavfiydan, mushrif, nozir va ularning noiblaridan ham olar edi. Saroydagi lashkarlar, lashkarboshilarga oid chiqimlar tilxati esa arid (harbiy devon) tomonidan muhr bilan tasdiqlanardi. Jami bo‘lib yuqori lavozimda xizmat qiluvchi o‘n ikki
odamning va ularning noiblarining muhri talab etilardi
Amiri – oxur (miroxur) – sayischi, sulton otxonalari boshlig‘i. Otlarning soni 30 minggacha bo‘lgani ma’lum.
Tashtdor – Bu lavozim egasi hukmdor qo‘l yuvganda unga qumg‘on va
chilopchin tutgan. Oltindan qilingan bu idishlarning saqlanishi uchun mas’ul bo‘lgan.
Tashtdor – yana sulton hammomlari va hovuzlarining boshlig‘i ham
tashtdor deyilgan. Uning qo‘l ostida bir necha g‘ulom bo‘lgan. Tashtdorlik mansabiga sulton juda ishonchli odamlarini tayinlar edi. Yuqorida tilga olganimiz Anushtagin saljuqiy sulton Malik saroyida xuddi mana shunday tashtdor mavqeiga erishganda, unga mazkur mansabga viloyatda mutanosib keluvchi shihnalik, ya’ni (raisi, qal’a boshlig‘i) Xorazm shihnaligi. CHunki tashtdor xizmati bilan bog‘liq barcha xarajatlar Xorazm viloyatidan tushadigan soliqlar bilan qoplanardi.
Tashtxona – saroyda tog‘aralar saqlanuvchi xona.
SHarobdor – sulton sharobxonasining boshlig‘i va kuzatuvchisi. SHarobxonada shirin ichimliklarni tayyorlash uchun shakar ham saqlanar edi. Odatda amirlardan biri sharobdor bo‘lib, uning qo‘l ostida bu ishga mohir
g‘ulomlari bor edi. Sulton Jaloliddinning sharobdori amir Sa’diddin
Davotdor (arabcha davot – siyohdon) – sultonlikda yozuv qurollarini
tashuvchi odam. Hukmdorning yozuv-chizuv asboblari shay bo‘lishi va saqlanishi uchun javobgar shaxsdir.
Qissador – bir hafta davomida sulton nomiga yozilgan ariza, shikoyatlar va iltimosnomalarni yig‘ib olib, Sultonga etkazib beruvchiga hamda undan tegishli javoblarni oluvchiga aytilardi. Sulton odatda shikoyat va arizalarni juma oqshomida ko‘rib chiqardi. Xorazmshohlar saroyida qissador eng obro‘li mansablardan biri edi. Zero, hukmdor bilan oddiy xalq o‘rtasida aloqa bog‘lab raiyat ahvoli va zoridan xabardor qilib turish savobli ishini hamma ham halol bajara olmasligi tabiiy.
Sulton yo‘lug‘ining boshlig‘i (hakim yo‘luk as-Sulton, al-mazalim) – ya’ni devonda shikoyatlar bilan shug‘ullanuvchilar boshlig‘i. Keyingi ikki mansab egasining amirlik rutbasiga ega bo‘lishi yoxud ega bo‘lmagani haqida manbalarda biron-bir ma’lumot yo‘q. SHuningdek, manbalarda jomador (liboschi) va ibrikdor (hukmdor tahorat olgan vaqtda qo‘liga suv quygan) mansablar to‘g‘risida ham hech qanday ma’lumot yo‘q. Biroq, Xorazmshohlar davlat tashkilotida bu mansablar bo‘lgan. Binobarin, Jaloliddinning a’yonlari orasida ham bu ikki
mansabdor har holda bo‘lgan.
Nozir – moliyaviy ishlar bo‘yicha amaldor (Devon an-nozir yoki devoni
nozir).
Al-hojiblar – saroylarda, odatda, sulton yoki shohlarning, umuman,
hukmdorlarning ishlarini al-hojiblar, erkak odamlar qilishgan. Bu lavozimni Naxichevonda ayol kishi ham bajargan. Tarixda bundan boshqa hojibalik qilgan ayol bo‘lmasa kerak.
CHoshnigir – sulton sharoblarini tatib ko‘ruvchi221. U dasturxon yozilganida sulton taomlardan zaharlanmasligi uchun o‘zi birinchi bo‘lib tatib ko‘rar edi.
Omil (ko‘pligi omilon, ummol) – devonda moliyaviy rahbarlar ichida eng kichik vazifa. Har bir tuman, shahar, aholi yashaydigan maskan (buk’a), qishloqning soliq yig‘ish bo‘yicha rahbari bo‘lgan.
Mushrif – devonda moliyaviy nazorat ishlarida xizmat qiladigan
odamga aytilgan.
Al-farroshiya – yotoqxona boshlig‘i.
Farrosh – sulton o‘rin-to‘shaklari saqlanadigan farroshxona boshlig‘i. Uning ixtiyorida gilamlar, chodirlar; ko‘rpa-to‘shaklar bo‘lardi. Farrosh va maxsus o‘rgatilgan g‘ulomlar sulton atrofida doimo hozir turar edilar. Sulton Alouddin va Jaloliddinlarning bosh farroshi Muqarrabiddin Muhammad ibn Ibrohim Pahlavon Xorazmiy edi. U, davlatning eng obro‘li amirlaridan bo‘lib, Jaloliddin uni ko‘p xursand qilardi.
Farroshxona – sultonga tegishli o‘rin, gilam va chodirlar saqlanadigan ombor.
Faqihlar – davr an’anasiga muvofiq, sulton saroyida islom huquqi (fiqh) ilmi ustozlari – faqihlar ham ishlaganiga oid ba’zi ma’lumotlar mavjud. Masalan, sulton faqih Najmiddin Xorazmiyni Amidga, faqih Rukniddinni saljuq sultoni Alouddin Qayqubod huzuriga elchi qilib yuborgan. Hukmdor davlat boshlig‘i sifatida juda ko‘p huquqiy masalalar ustida bosh qotirgani turgan gap. Bu ikki omil hisobga olinsa, faqihlar ham saroy a’yonlaridan bo‘lganliklari va huquqiy masalalarda maslahat berish uchun kengashlarda qatnashganliklari muqarrardir.
Munajjimlar – zamona zayliga muvofiq Jaloliddin saroyida munajjimlar ham bo‘lgan. Zotan, sulton munajjimlarning so‘zidan chiqmas, ularning romlariga astoydil ishonar edi. Masalan, Isfaxon yaqinida mo‘g‘ullar bilan to‘qnashganlarida munajjimlar sultonga uch kun kutib, to‘rtinchi kuni jang boshlashni tavsiya etdilar. Sulton ham ularning so‘ziga kirib, zafar soatini kutdi, ammo g‘alabani boy berdi.
Mustaxdamlar – saroyning umumiy ishlari bilan shug‘ullangan xizmatchilarga muqaddimi chovushon boshchilik qilardi. Uning qo‘l ostida chovushlar va mustaxdamlar xizmat qilgan. Binobarin, armiyada chovush unvonli kichik boshliqlar bo‘lganidek, saroyda ham chovushlar xizmat qilgan. Ular safarda sultonga hamrohlik qilganlar, choparlik xizmatini o’taganlar.
O‘z vazifasini lozim darajada uddalamagan, tanbal mansabdorlar sulton tomonidan jazolangan.
Mehtari mehtaron – sultonning xos xizmatchilari bo‘lgan mehtarlarning boshlig‘i edi. Sultonning bulardan boshqa xodimlari ham bo‘lgan.
Xorazmshohlar, jumladan, Jaloliddin davrida saroy amirlari hukmdorlar ishongan g‘ulomlar orasidan, ya’ni ota-bobosi turkiy bo‘lgan qullar orasidan tayinlangan. Bu amirlarning qo‘l ostida etarli miqdorda askariy quvvatlar mavjud bo‘lib, bu qo‘shinlar bevosita hukmdorning gvardiyasini tashkil etgan. Bundan tashqari saroy amirlari orasidan elchilar tayinlangani haqida manbalarda ma’lumotlar ko‘p. Masalan, sulton o‘z tashtdorini Gurjiston qirolichasi huzuriga elchi qilib yuborgani ma’lum.
Saroy amirlarining o‘z bayroqlari bo‘lgan. Tashtdorning bayrog‘iga qo‘mg‘on, silohdornikiga yoy, jomadornikiga bo‘xcha, amiri oxurnikiga taqa, davotdornikiga esa davot tasviri tushirilgan edi. Sulton Alouddin, shuningdek, Jaloliddin davrida saroy amirlariga amir va malik rutbalaridan ham yuksakroq bo‘lgan “xon” unvoni ham berilgan.