Ekologiyaning buzilishi (iqlim o‘zgarishi, cho‘llashish, bio xilma-xillikning yo‘qotilishi), tabiiy kapitalning tugab borayotganligi, kambag‘allik miqyosining ortib borishi, chuchuk suv, oziq-ovqat, energiyaning etishmasligi, odamlar va mamlakatlar o‘rtasidagi tengsizlik kabi muammolar amaldagi iqtisodiy tizimning mukammal emasligi sabablaridir. Shuning uchun amaldagi iqtisodiy model «jigar rang» iqtisodiyot deb ataladi. Ekologiyaning buzilishi, iqlim o‘zgarishining bir qator xatarli oqibatlari bugungi kunda insoniyatga juda katta tahdid tug‘dirmoqda. Bugungi kunda atmosferada karbonad angidrid gazi (CO2) konsentratsiyasi ekologik sarhadga yaqinlashib qoldi va kerakli chora-tadbirlar ko‘rilmasa, yaqin kelajakda bu ko‘rsatkich yanada yomonlashishi mumkin. Iqlim o‘zgarishi ko‘plab mamlakatlarda dengiz sathining ko‘tarilishiga olib kelmoqda. Xatarli jihat shundaki, rivojlanayotgan mamlakatlarda 14 foiz aholi va 21 foiz shaharliklar suv toshqini xavfi mavjud sohilbo‘yi mintaqalarida istiqomat qiladi.40 Dunyoda yoqilg‘i inqirozi tahdidi kuchayib bormoqda. Xususan, jahon iqtisodiy-moliyaviy inqirozi sodir bo‘lishidan avval, bir barrel neftning bahosi 150 AQSh dollaridan oshgan edi. Retsessiya sabab neftning bir barreli 40 AQSh dollaridan ham tushib ketgan bo‘lsada, Xalqaro energetika agentligi prognozlariga ko‘ra, talabning oshishi va ishlab chiqarish hajmi chegaralangani bois 2030-yilda neftning bir barreli 200 AQSh dollariga qadar ko‘tarilishi mumkin.
Global inqirozlarning barchasi ish o‘rinlari qisqarishi, ijtimoiy himoyasizlik va qashshoqlik kabi, ham rivojlangan, ham rivojlanayotgan mamlakatlardagi barqarorlikni izdan chiqaruvchi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni yanada chuqurlashtiradi.
Zamonaviy ekologiyani asrashning bosh maqsadlaridan biri bo‘lgan qayta tiklanish xususiyatiga ega manbalar va atrof-muhitga zararli bo‘lgan chiqindilardan oqilona foydalangan holda olinadigan biogazlardan mamlakat iqtisodiy-ijtimoiy riovjlanishida keng foydalanishdir. Qayta tiklanuvchi energiya – bu atrof-muhit energiya oqimidan olinadigan energiya manbaidir. Bularga quyosh, shamol, suv resurslari, geotermal manbalar, sanoat va munitsipal, qishloq xo‘jalik chiqindilaridan olingan biogaz kiradi. Muqobil energiya manbalari shaharlarda birlamchi uglevodorod resurslarini tejash, mamlakat energetika xavfsizligini ta’minlashda katta rol o‘ynaydi. Sanoatda va binolarda energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanish, transport tizimini rivojlantirish “yashil iqtisodiyot” shakllanishida muhim o‘ringa ega. Ushbu choralar nafaqat energiya sarfini kamaytirish orqali atrofmuhitga zararli chiqindilar chiqarilishini kamaytiradi va energiyaga sarflanayotgan harajatlar qisqarishiga olib keladi. Atmosferaga uglerod chiqarishda sanoatdan keying o‘rinda turuvchi transport tizimida elektromobillar ishlab chiqarish (ularga xizmat ko‘rsatuvchi infratuzilmani rivojlantirish), jamoat transportini rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Chiqindilarni qayta ishlash ularning ekologiyaga salbiy ta`sirlarini kamaytiradi, resurslarni tejash, mahsulot tannarxlarini kamaytirish, ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.
Shuni ta’kidlash kerakki, «Yashil iqtisodiyot» barqaror rivojlanish o‘rnini bosa olmaydi, balki barqaror rivojlanishga erishishga xizmat qiluvchi muhim mezon hisoblanadi. Barqaror rivojlanishning mazmuni hozirgi avlod o‘z iqtisodiy faoliyatini shunday tashkil etishi zarurki, keyingi avlodlar ulardan kam bo‘lmagan iqtisodiy imkoniyatlar va turmush farovonligiga ega bo‘lishlari lozimligida namoyon bo‘ladi. Barqaror rivojlanish iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik komponentlarni yaxlit, o‘zaro bog‘liqlikda rivojlantirishni taqozo etadi. «Yashil iqtisodiyot» konsepsiyasi tarafdorlari amal qilayotgan iqtisodiy tizim aholi turmush darajasining yaxshilanishida muayyan ijobiy natijalarga olib kelganligiga qaramasdan mukammal emas, deb hisoblashadi. Ekologiyaning buzilishi (iqlim o‘zgarishi, cho‘llashish, bio xilma-xillikning yo‘qotilishi), tabiiy kapital cheklanganligi, tugab borayotganligi, kambag‘allik miqyosining ortib borishi, chuchuk suv, oziq- ovqat, energiyaning etishmasligi, odamlar va mamlakatlar o‘rtasidagi tengsizlik kabi muammolar amaldagi iqtisodiy tizimning mukammal emasligi sabablaridir. Yuqoridagi sabablarga ko‘ra amaldagi iqtisodiy model “jigar rang iqtisodiyot”, deb ataladi. Jahonda «Yashil iqtisodiyot»ni rivojlantirish tashabbusi UNEP tomonidan 2008-yilda ilgari surilgan bo‘lib, quyidagi tamoyillarga asoslanadi: ekologiya bilan bog‘liq muammolarni milliy va xalqaro darajada baholash va birinchi kun tartibiga aylantirish; “yashil” ishchi o‘rinlarni yaratish hisobidan aholi bandligini ta’minlash va tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish; barqaror rivojlanishga erishish uchun bozor mexanizmlaridan foydalanish.
Tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha qat’iy choralar ishlab chiqilmas ekan, metallar, biyoqilg‘i, minerallar va boshqa resurslarning yillik iste’moli 85 mlrd. tonnadan 186 mlrd. tonnagacha ko‘payishi mumkin. Iqlim o‘zgarishining oldini olish uchun sarflanayotgan investitsiyalar aholi jon boshiga to‘g‘ri keluvchi yalpi ichki mahsulot ulushining 3,7%ga qisqarishiga olib kelgani holda resurslardan samarali foydalanish amaliyotini joriy etish ushbu yo‘qotishni qoplab ketishi mumkin. Misol uchun, Buyuk Britaniyada 2005-2010 yillarda maxsus dasturlar doirasida 7 mln. tonna chiqindi qayta ishlangan va ulardan ikkilamchi marta foydalanilgan. Bu esa 6 mln. tonna issiqxona gazlarini atmosferaga chiqarish, 10 mln. tonna birlamchi materiallar va 10 mln. litr suvni tejash imkonini berdi. Ushbu sohada 8 700 nafar ishchi o‘rinlari yaratilgan.
«Yashil iqtisodiyot»ga o‘tish jarayoni har bir mamlakat uchun alohida ahamiyat kasb etib, tabiiy kapital, inson kapitali va mamlakatning iqtisodiy rivojlanish darajasiga kabi xususiyatlarga bevosita bog‘liq holda ro‘y beradi. Shuning uchun avvalo, o‘tish jarayoni uchun qulay (huquqiy infratuzilma, rag‘batlantiruvchi omillar va h.k.) muhit yaratish zarur. Agar milliy darajada qo‘llanilayotgan rag‘batlantirishuvchi omillar, jumladan, investitsiyalar va davlat xaridlari «Yashil iqtisodiyot»ni rivojlantirishga yo‘naltirilsa, iqtisodiy tizimni “yashillashtirish” jarayoni yanada faollashadi.
Shamol energiyasi texnologiyalariga yo‘naltirilgan global investitsiyalar so‘nggi 8 yil davomida juda katta miqdorni tashkil etmoqda. 2004-yilda ushbu sohaga jalb qilingan sarmoya sal kam 20 mlrd. AQSh doll.ini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2010-yilga kelib 100 mlrd. AQSh dollaridan oshib ketdi. Keyingi 3 yil ichida pasayishni kuzatishimiz mumkin. Shamol energiyasi texnologiyalariga yo‘naltirilgan global investitsiyalar hajmining bugungi davrgacha bo‘lgan eng yuqori ko‘rsatkichi 2015-yilda kuzatildi, ya’ni 124,7 mlrd. AQSh doll. demakdir.
«Yashil iqtisodiyot»ni yaratish va rivojlantirishning jahon tajribasi ko‘rsatishicha, ushbu jarayon uzoq muddatli davr, katta miqdorda investitsiyalar talab etishi, asosiy e’tibor qayta tiklanadigan energiya manbalaridan samarali foydalanish, energiyani tejaydigan texnologiyalarni rivojlantirishga qaratilganligi bilan ajralib turadi. McKinsey Global instituti mutaxassislari fikricha, «Yashil iqtisodiyot»ni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar samarasi tufayli jahon iqtisodiyotining energiya sig‘imkorligi 2050-yilga qadar 50%ga qisqarishi, yaqin 20 yilda tabiiy resurslarni iste’mol qilish hajmining kamayishi hisobiga 0,9-1,6 trln. dollar mablag‘ tejalishi mumkin. McKinsey tadqiqotlariga ko‘ra 2000-2015 yillarda xom-ashyo bozorida yirik sikl o‘z nihoyasiga etgan. Xitoyda 2000-yillarning boshlarida ro‘y bergan jadal sanoatlashish va urbanizatsiya jarayonlari tabiiy resurslarga bo‘lgan talabning keskin o‘sishiga olib keldi. 2015-yilda jahon mis iste’molining 40%i, temir va tosh ko‘mir iste’molining esa 50%i Xitoy iqtisodiyoti hissasiga to‘g‘ri keldi. Xitoyning tabiiy resurslarga sarflagan xarajatlarining jahon yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 6% dan oshib ketdi.
Qayta tiklanadigan energiya manbalarini o‘zlashtirishga yo‘naltirilgan jami investitsiyalar tarkibida quyosh energiyasini o‘zlashtirish yetakchi mavqega ega. Jumladan, 2015-yilda quyosh energiyasini o‘zlashtirish uchun 161 mlrd. dollar (2014-yilga nisbatan 12% ga o‘sgan) sarflangan va ushbu ko‘rsatkich jami investitsiyalarning 56% ini tashkil etadi. Shamol energiyasini o‘zlashtirish uchun esa 109,6 mlrd. doll. (jami investitsiyalarning 39%i) sarflangan.
Muqobil energiya ishlab chiqarish sohasi ayrim mamlakatlarda aholi bandligini oshirishda strategik ahamiyat kasb etib, mazkur sohaga yo‘naltirilgan investitsiyalar oqimi va bandlik darajasi ortib bormoqda.
Masalan, investitsiyalar oqimi va bandlik darajasi Hindistonda quyosh energiyasi, Braziliyada esa shamol energiyasi ishlab chiqarish sohasida yuqori bo‘lmoqda. 2015-yilda Xitoyda quyosh energiyasi ishlab chiqarish sohasida 1,7 mln. va muqobil energiya moslamalarini o‘rnatish hisobidan esa 3,5 mln. ishchi o‘rni yaratildi.
Yer yuzida tinchlik va hamkorlikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyotni ta’minlash borasida samarali faoliyat olib borishda Birlashgan Millatlar Tashkilotining roli kattadir.
Dastavval, BMT haqida qisqacha ma’lumot. Ushbu xalqaro tashkilot boshqa yetakchi uyushmalardan farqli o‘laroq, fuqarolik xizmatiga ixtisoslashgani, a’zo davlatlarning xalqaro huquq sub’yekti sifatida tan olinishi, o‘z byudjetiga egaligi, vakolatlari doirasida xalqaro shartnomalar tuzish va majburiyatlarni zimmasiga olish kabi qator xususiyatlari bilan ajralib turadi. Hozirgi kunda dunyoda turli g‘oya va maqsadlar yo‘lida tuzilgan 2,5 mingdan ortiq xalqaro tashkilot mavjud bo‘lib, ular hududiyligi, ikki yoki ko‘p tomonlama hamkorlikka asoslangani bilan tavsiflansa-da, ammo hech biri bashar qismatini bog‘lagan million-million rishtalarni o‘zida birlashtira olmaydi. Dunyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, ona sayyorani asrab qolish, xalqaro va millatlararo munosabatlarda hamjihatlikka erishish BMTning asosiy vazifalaridandir. Tashkilotning jahon siyosatidagi o‘rni haqida to‘xtalar ekanmiz, 2000-yil 6-8 sentabr kunlari Bosh Assambleyaning 55-maxsus sessiyasida Mingyillik deklaratsiyasi imzolangani, unda uchinchi mingyillik tamaddunining asosiy maqsadlari, ya’ni insoniyat taqdirida real ahamiyatga ega bo‘lgan sakkizta muhim masalaning qabul qilinganini alohida qayd etish joiz. Bular: haddan ortiq qashshoqlik va ocharchilikni bartaraf etish; yalpi boshlang‘ich ta’limga erishish; ayollar va erkaklar tengligini rag‘batlantirish hamda xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish; bolalar o‘limini kamaytirish; onalar salomatligini yaxshilash; OIV/OITS, bezgak va boshqa kasalliklarga qarshi kurash olib borish; ekologik barqarorlikni ta’minlash; taraqqiyot maqsadlarida global sheriklikni shakllantirish va dastlabki bosqichda butun insoniyat 2015-yilgacha erishishi kerak bo‘lgan olamshumul ahamiyat kasb etgan taraqqiyot maqsadlaridir.
Xulosa «Yashil iqtisodiyot» mamlakat tabiatini yaxshilashga ko‘maklashuvchi iqtisodiyotning yangi tarmoqlari sifatida tadqiq qilinsa, ba’zi tadqiqotlarda «Yashil iqtisodiyot» tabiatga yordam beruvchi va foyda keltiruvchi yangi texnologiyalar, ekotizimlar sifatida o‘rganiladi, uchinchi guruh tadqiqotlarda esa «Yashil iqtisodiyot» – bu ekologik toza mahsulotlar yaratishga yo‘naltirilgan rivojlanishning yangi bosqichiga o‘tish, uning asosini sof yoki «Yashil» texnologiyalar tashkil etadi deyiladi.
Qayta tiklanuvchi energiya – bu atrof-muhit energiya oqimidan olinadigan energiya manbaidir. Bularga quyosh, shamol, suv resurslari, geotermal manbalar, sanoat va munitsipal, qishloq xo‘jalik chiqindilaridan olingan biogaz kiradi. Muqobil energiya manbalari shaharlarda birlamchi uglevodorod resurslarini tejash, mamlakat energetika xavfsizligini ta’minlashda katta rol o‘ynaydi.
Fikrimcha, yaqin kelajakda u yoki bu davlatning barqaror rivojlanishi uchun energetika tarmog‘ida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish salmog‘iga uzviy bog‘liq bo‘lib qolishi ehtimoldan xoli emas.
«Yashil iqtisodiyot»ga o‘tish jarayoni har bir mamlakat uchun alohida ahamiyat kasb etib, tabiiy kapital, inson kapitali va mamlakatning iqtisodiy rivojlanish darajasiga kabi xususiyatlarga bevosita bog‘liq holda ro‘y beradi. Shuning uchun avvalo, o‘tish jarayoni uchun qulay (huquqiy infratuzilma, rag‘batlantiruvchi omillar va h.k.) muhit yaratish zarur.