O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarining flagmaniga aylantirish



Yüklə 208,49 Kb.
səhifə1/5
tarix13.01.2023
ölçüsü208,49 Kb.
#79109
  1   2   3   4   5
PF-5847 08.10.2019




[OKOZ:

1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.02.00 Ta’lim tizimini boshqarish]

[TSZ:

1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ta’lim]

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, zamonaviy bilim va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, oliy ta’limni modernizatsiya qilish, ilg‘or ta’lim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida:
[OKOZ:

1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.01.00 Davlat dasturlari, konsepsiyalar va boshqalar]

1. Quyidagilar:
a) O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda — Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin va unda quyidagilar nazarda tutilsin:
oliy ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, hududlarda davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish asosida oliy ta’lim bilan qamrov darajasini 50 foizdan oshirish, sohada sog‘lom raqobat muhitini yaratish;
O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarining flagmaniga aylantirish;
respublikadagi kamida 10 ta oliy ta’lim muassasasini xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1 000 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga, shu jumladan O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini birinchi 500 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kiritish;
oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga o‘tkazish;
xalqaro tajribalardan kelib chiqib, oliy ta’limning ilg‘or standartlarini joriy etish, jumladan o‘quv dasturlarida nazariy bilim olishga yo‘naltirilgan ta’limdan amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan ta’lim tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish;
oliy ta’lim mazmunini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror rivojlanishiga munosib hissa qo‘shadigan, mehnat bozorida o‘z o‘rnini topa oladigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish;
oliy ta’lim muassasalarining akademik mustaqilligini ta’minlash;
oliy ta’lim muassasalarida ta’lim, fan, innovatsiya va ilmiy-tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish faoliyatining uzviy bog‘liqligini nazarda tutuvchi “Universitet 3.0” konsepsiyasini bosqichma-bosqich joriy etish;
xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, pullik xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va boshqa budjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga oliy ta’lim muassasalarida texnopark, forsayt, texnologiyalar transferi, startap, akselerator markazlarini tashkil etish hamda ularni tegishli tarmoq, soha va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tadqiq qiluvchi va prognozlashtiruvchi ilmiy-amaliy muassasalar darajasiga olib chiqish;
oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, ilmiy izlanuvchilari, doktorantlari, bakalavriat va magistratura talabalarining yuqori impakt-faktorga ega nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalar chop etishi, maqolalarga iqtiboslik ko‘rsatkichlari oshishi, shuningdek respublika ilmiy jurnallarini xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazasiga bosqichma-bosqich kiritilishini ta’minlash;
O‘zbekiston oliy ta’lim tizimini Markaziy Osiyoda xalqaro ta’lim dasturlarini amalga oshiruvchi “xab”ga aylantirish;
oliy ta’limning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xorijiy ta’lim va ilm-fan texnologiyalarini jalb etish;
talaba-yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan beshta tashabbusni amaliyotga tatbiq etish;
oliy ta’lim muassasalarining infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasini, shu jumladan xalqaro moliya institutlarining imtiyozli mablag‘larini keng jalb qilish hisobiga yaxshilash, ularni bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash;
ta’limning ishlab chiqarish korxonalari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorligini yo‘lga qo‘yish;
aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan imkoniyati cheklangan shaxslarning oliy ta’lim bilan qamrov darajasini oshirish, ular uchun infratuzilmaga oid sharoitlarni yaxshilash;
b) O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini 2019-yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Konsepsiya tegishli davrga mo‘ljallangan maqsadli parametrlar va asosiy yo‘nalishlardan kelib chiqib, har yili alohida tasdiqlanadigan “Yo‘l xaritasi” orqali bosqichma-bosqich amalga oshirilishi belgilab qo‘yilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi hamda O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari rektorlari kengashi negizida nodavlat notijorat tashkilot shaklidagi Respublika oliy ta’lim kengashini (keyingi o‘rinlarda — Kengash) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Kengashning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
professor-o‘qituvchilar, talabalar o‘rtasida so‘rovlar o‘tkazish, jamoatchilik va ish beruvchilarning fikrini o‘rganish hamda ilg‘or xorijiy tajribalarni tahlil qilish orqali oliy ta’lim sifatini oshirish, o‘quv dasturlarini takomillashtirish va zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish;
oliy ta’limni davlat tomonidan boshqarish tizimi samaradorligiga va professor-o‘qituvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, ular tomonidan ta’lim berishda qo‘llanilayotgan ta’lim-tarbiya usullarining ta’sirchanligiga xolisona baho berish;
ta’lim berishda yuqori sifatni ta’minlash yuzasidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, bu borada ommaviy axborot vositalari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqindan hamkorlik qilish;
oliy ta’lim muassasalarida shaffoflik, xolislik va obyektivlikni ta’minlash, korrupsiyaga sharoit yaratuvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirilishi bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;
oliy ta’lim tizimida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish va pedagoglarning ilmiy-innovatsion faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni mazmunli va maqsadli tashkil etish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish;
xalqaro aloqalar natijadorligini tahlil qilib borish, qo‘shma dasturlar samaradorligini baholash, hamkorlikning yangi shakllarini rivojlantirish, chet ellik professor-o‘qituvchilar va xorijdagi vatandoshlarni oliy ta’lim tizimiga jalb etish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
oliy ta’lim muassasalari faoliyati samaradorligini baholash va takomillashtirish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish asosida ularni respublika oliy ta’lim muassasalari sharoitida qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
Kengashning faoliyati natijalari, ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining hay’at majlisida yiliga kamida ikki marta Kengash a’zolari bilan birgalikda ko‘rib chiqiladi, natijasi yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinadi;
Kengash tomonidan tayyorlangan taklif va tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, tarkibida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar hamda oliy ta’lim muassasalari tomonidan majburiy tartibda ko‘rib chiqiladi, ular Kengashga vazifalarini amalga oshirishda har tomonlama ko‘mak beradilar, so‘ralgan zarur ma’lumotlarni taqdim etib boradilar;
Kengash faoliyati natijalari, oliy ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar yuzasidan har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib boradi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda Kengash faoliyatini tashkil etish bo‘yicha Hukumat qarorini qabul qilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Ta’lim sifatini yaxshilash borasidagi ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va amaliyotga tatbiq etish jarayonlarini jadallashtirish maqsadida davlat oliy ta’lim muassasalari (O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi tizimidagi oliy ta’lim muassasalari bundan mustasno) rahbar xodimlarining xorijiy mamlakatlarga xizmat safariga chiqishini bo‘ysunuvi bo‘yicha tegishli vazirlik va idorani xabardor qilgan holda amalga oshirish tartibi joriy qilinsin.
(5-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-apreldagi PF-5987-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.04.2020-y., 06/20/5987/0521-son)
Bunda oliy ta’lim muassasasi rahbar xodimlari tomonidan xorijiy mamlakatga xizmat safari oldidan asosiy ma’lumotlar, jumladan mamlakat nomi, tashrif maqsadi va rejasi, safar natijalari yuzasidan esa oliy ta’lim muassasasi kengashiga amalga oshirilgan ishlar va xarajatlar to‘g‘risida taqdim etilgan hisobot oliy ta’lim muassasasi veb-saytiga joylashtiriladi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:
2019-yil 1-dekabr kuniga qadar 2030-yilga qadar respublikadagi kamida 10 ta oliy ta’lim muassasasini xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1 000 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga, shu jumladan O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini birinchi 500 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kiritishni, bunda mazkur oliy ta’lim muassasalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
har yili 1-dekabrga qadar o‘tayotgan yil bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” bajarishi yakunlarini puxta o‘rganish asosida Konsepsiyani kelgusi yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
“Yo‘l xaritalari”ning bajarilishi yuzasidan doimiy monitoring yuritsin va uning natijalarini har chorakda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etib borsin.
7. Quyidagilar mazkur Farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;
oliy ta’lim muassasalarining budjetdan tashqari mablag‘lari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy davlatlar va boshqa donorlar kreditlari (qarzlar), grantlari mablag‘lari;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
8. Quyidagilarga:
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A. Abduhakimovga — mas’ul vazirliklar va idoralarning Konsepsiya hamda “Yo‘l xaritalari”ni bajarish bo‘yicha faoliyati va o‘zaro hamkorligini samarali tashkil etish, “Yo‘l xaritalari” bajarilishini monitoring qilish davomida aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, mas’ul vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlariga — Konsepsiya va “Yo‘l xaritalari”da nazarda tutilgan tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq bajarish;
O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U. Madjidovga — Konsepsiyaning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
9. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida mazkur Farmonning maqsad va vazifalarini keng yoritish bo‘yicha chiqishlar va tematik ko‘rsatuvlar tashkil etsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A. Abduhakimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 8-oktabr,
PF-5847-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktabrdagi PF-5847-son Farmoniga
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish
KONSEPSIYASI
1-bob. Umumiy qoidalar
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda — Konsepsiya) oliy ta’lim tizimini ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, fan, ta’lim va ishlab chiqarishning mustahkam integratsiyasini ta’minlash asosida ta’lim sifatini yaxshilash, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-iyuldagi PQ-4391-son “Oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan.
Konsepsiya O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’limni rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo‘nalishlari, vazifalari, o‘rta va uzoq muddatli istiqboldagi bosqichlarini belgilaydi hamda sohaga oid dasturlar va kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun asos bo‘ladi.
2-bob. Oliy ta’lim tizimining joriy holati va mavjud muammolar
Bugungi kunda respublikada 114 ta oliy ta’lim muassasasi mavjud bo‘lib, ulardan 93 tasi mahalliy hamda 21 tasi xorijiy oliy ta’lim muassasasi va ularning filiallari hisoblanadi. Jumladan, so‘nggi 3 yilda yangi 6 ta oliy ta’lim muassasasi, 17 ta filial va 14 ta xorijiy oliy ta’lim muassasasi filiali tashkil etildi.
Kadrlar buyurtmachilari takliflari asosida Oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga 329 ta ta’lim yo‘nalishi va 582 ta magistratura mutaxassisligi kiritildi.
2019/2020 o‘quv yilida 59 ta oliy ta’lim muassasasida sirtqi ta’lim, 10 ta oliy ta’lim muassasasida kechki ta’lim shakli joriy etildi.
Respublika oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar soni bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 410 ming, magistratura mutaxassisligi bo‘yicha esa 13 ming nafarni tashkil qilib, so‘nggi 3 yilda 1,7 baravarga oshdi.
Talabalarning 54,8 foizi gumanitar va pedagogik, 25,2 foizi ishlab chiqarish-texnik, 5,2 foizi ijtimoiy soha, iqtisod va huquq, 5,9 foizi qishloq va suv xo‘jaligi, 4,4 foizi sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot, 4,5 foizi xizmat ko‘rsatish bilim sohalariga oid ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha tahsil olmoqdalar.
Magistratura talabalarining 40,8 foizi gumanitar va pedagogik, 23,3 foizi ishlab chiqarish-texnik, 13,3 foizi ijtimoiy soha, iqtisod va huquq, 5,9 foizi qishloq va suv xo‘jaligi, 13,5 foizi sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot, 3,2 foizi xizmat ko‘rsatish bilim sohalariga oid ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olmoqdalar.
2019/2020 o‘quv yili uchun qabul parametrlari 121 mingtani tashkil etdi va o‘tgan yilga nisbatan 18 foizga, 2016-yilga nisbatan esa 92 foizga oshdi.
Respublikaning 16 ta oliy ta’lim muassasasida 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Milliy universiteti huzurida Nanotexnologiyalarni rivojlantirish markazi, Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy-tadqiqot instituti, Biofizika va biokimyo instituti, Intellektual dasturiy tizimlar ilmiy-amaliy markazi tashkil etildi.
Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalaridagi ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar soni 84 tani tashkil qilmoqda (2017-yilda 48 ta). So‘nggi 3 yilda 1 693 nafar professor-o‘qituvchi doktorlik dissertatsiyasini himoya qilishi natijasida oliy ta’lim muassasalarida ilmiy darajaga ega pedagog xodimlar soni 9 636 nafarga yetdi (shundan 2 130 nafari fan doktori (DSc), 7 506 nafari fan nomzodi (PhD) hamda respublika oliy ta’lim muassasalarining ilmiy salohiyati 5,1 foizga oshishiga erishildi.
So‘nggi 3 yilda oliy ta’lim muassasalarining 1 611 nafar professor-o‘qituvchisi xorijiy oliy ta’lim muassasalarida stajirovka o‘tashi va malaka oshirishi ta’minlandi. Xalqaro hamkorlik doirasida xorijiy oliy ta’lim va ilmiy muassasalar magistratura mutaxassisligiga 112 nafar, doktoranturasiga 51 nafar yoshlar ta’lim olishga qabul qilindi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali 46 nafar professor-o‘qituvchining Kanada, Buyuk Britaniya va Italiya davlatlarida stajirovka o‘tashi ta’minlandi.
2017 — 2019-yillarda ta’lim jarayoniga 1 154 nafar xorijlik yuqori malakali pedagog xodim va olim jalb etildi (AQShdan 94 nafar, Yevropa mamlakatlaridan 445 nafar, Osiyo mamlakatlaridan 299 nafar, MDH mamlakatlaridan 316 nafar).
Oliy ta’lim muassasalarida fan doktori ilmiy darajasiga ega professorlarning bazaviy lavozim maoshlari 2016-yilga nisbatan 3,2 baravarga oshirildi.
Yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasida oliy ta’lim tizimi oldida bugungi kunda o‘z yechimini kutayotgan bir qator dolzarb muammo va kamchiliklar saqlanib qolmoqda, shu jumladan:
a) oliy ta’lim bilan qamrov va ta’lim sifatini ta’minlash sohasida:
oliy ta’lim bilan qamrov darajasi pastligicha qolmoqda;
amaldagi malaka talablari, o‘quv reja va dasturlari mazmun jihatidan bitiruvchilarda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilmagan, o‘quv rejalarida nomutaxassislik fanlari ulushi yuqoriligicha qolmoqda;
oliy ta’lim muassasalari va kadrlar buyurtmachilari bilan o‘zaro hamkorlikda kadrlar tayyorlash bo‘yicha ishlar samarali yo‘lga qo‘yilmagan, ish beruvchilarning oliy ta’lim mazmunini shakllantirishdagi ishtiroki yetarli emas;
talabalarda tanqidiy fikrlash, axborotni mustaqil izlash va tahlil qilish ko‘nikmalari shakllantirilmagan;
ishlab chiqarish korxonalarida amaliy mashg‘ulotlar samarali tashkil etilmagan, tayyorlanayotgan mutaxassislar malakaviy darajasi mehnat bozorining zamonaviy talablariga yetarlicha javob bermaydi;
professor-o‘qituvchilarning xorijiy tillar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o‘zlashtirish darajasi pastligi sababli ularning kasbiy mahorati bugungi kun talablaridan ortda qolmoqda;
o‘quv adabiyotlari yetishmovchiligi saqlanib qolib, mavjudlarining aksariyat qismi zamon talablariga javob bermaydi, o‘quv adabiyotlari sifatini yaxshilash, xorijiy adabiyotlardan qo‘shimcha yoki muqobil o‘quv adabiyotlari sifatida foydalanish ishlari yetarli darajada tashkil etilmagan;
oliy ta’lim muassasalarida fan olimpiadalarini o‘tkazishning shaffof mexanizmlari joriy etilmagan, olimpiadalar g‘oliblari bilan ishlash tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilmagan;
iqtidorli yoshlar orasidan oliy ta’lim muassasalariga talabalarni saralab olish mexanizmlari mavjud emas;
pedagog xodimlarning malaka oshirish tizimi samarali tashkil etilmagan, jumladan malaka oshirish muassasalarida o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazish uchun yuqori malakali professor-o‘qituvchilar jalb qilinmagan, malaka oshirishga jalb etishda tinglovchilarning salohiyati inobatga olinmaydi;
oliy ta’limda ma’naviy-axloqiy mazmunni kuchaytirish, yoshlarni milliy qadriyatlarga hurmat, insonparvarlik va yuksak ma’naviy g‘oyalar asosida vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda yot g‘oya va mafkuralarga qarshi immunitetni mustahkamlash borasidagi ishlarni yanada rivojlantirish zarurati mavjud;
b) ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyat sohasida:
oliy ta’lim muassasalari ilmiy faoliyati hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish istiqbollaridan kelib chiqib tashkil etilmagan, tahlillar asosida innovatsion rivojlanishni prognozlashtirish faoliyati yo‘lga qo‘yilmagan;
innovatsion faoliyat, tadqiqot natijalarini amaliyotga keng joriy etish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, ilmiy-tadqiqot ishlariga iqtidorli yoshlarni jalb etish natijadorligi yetarli emas, ta’lim, fan va ishlab chiqarishning mustahkam integratsiyasi ta’minlanmagan;
oliy ta’lim muassasalarining ilmiy salohiyati atigi 36,4 foizni tashkil etmoqda;
ilmiy darajaga ega xodimlarning o‘rtacha yoshi 49 bo‘lib (fan doktorlari — 56 yosh, falsafa doktorlari va fan nomzodlari — 43 yosh), yuqoriligicha qolmoqda, fan doktorlari orasida nafaqa yoshidagilarning ulushi 45 foizni tashkil etmoqda;
ilmiy-tadqiqot ishlari ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlaridagi mavjud muammolar yechimiga qaratilmagan;
so‘nggi yillarda nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda chop etilgan maqolalarga iqtiboslar soni kamaymoqda;
ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanayotgan professor-o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar va yosh olimlar faoliyatini rag‘batlantirishning ta’sirchan mexanizmlari yaratilmagan;
v) oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash sohasida:
talabalar turar joylari, kutubxona, o‘quv ustaxonalari, laboratoriyalar, sport sog‘lomlashtirish va ijtimoiy infratuzilma obyektlari quvvatlari mavjud ehtiyojni qanoatlantirmaydi, ularning aksariyat qismida bugungi kun talablariga javob beradigan moddiy-texnik baza shakllantirilmagan;
oliy ta’lim muassasalarining zamonaviy o‘quv va ilmiy laboratoriyalar bilan jihozlanish darajasi yetarli emas, xalqaro standartlarga javob beradigan o‘quv laboratoriya uskunalarining salmog‘i atigi 10 foizni tashkil etadi, shu bilan birga o‘quv jarayoni laboratoriya materiallari (reaktivlar, kimyoviy idish, butlovchi, biologik materiallar va boshqa obyektlar) bilan yetarlicha ta’minlanmaydi;
oliy ta’lim muassasalari moliyaviy xarajatlarining asosiy qismi ish haqiga sarflanib, o‘quv va ilmiy laboratoriyalarni yangilashga, bino va inshootlarni ta’mirlashga yetarlicha mablag‘ yo‘naltirilmayapti;
g) oliy ta’limning jozibadorligini oshirish, xalqaro miqyosda raqobatbardoshlikni ta’minlash sohasida:
respublika oliy ta’lim muassasalari xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytingining birinchi 1 000 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga, ularning rasmiy veb-saytlari Webometrics xalqaro reytingining 1 000 talik ro‘yxatiga kirmagan;
ta’lim dasturlari va talabalar bilimini baholash tizimi xalqaro standartlarga moslashtirilmagan;
mavjud talabalar turar joylari hamda ijtimoiy infratuzilma obyektlari xorijiy talabalar ehtiyojlariga moslashtirilmagan;
xorijiy fuqarolarni mamlakatimizda ta’lim olishga keng jalb qilish borasidagi targ‘ibot ishlari, jumladan PR-loyihalar (O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari kunlarini tashkil qilish, taqdimotlar o‘tkazish va boshqalar) yetarli darajada tashkil qilinmagan, bu borada interaktiv virtual platforma mavjud emas.
3-bob. Oliy ta’lim tizimini rivojlantirishning strategik maqsadlari va ustuvor yo‘nalishlari
Oliy ta’lim tizimining rivojlanishi mazkur Konsepsiya ilovasida belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishishga asoslanadi.
Quyidagilar oliy ta’lim tizimini rivojlantirishning strategik maqsadlari hisoblanadi:
mamlakatni modernizatsiya qilish, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlantirish uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, inson kapitalini mehnat bozori talablari asosida rivojlantirish;
oliy ta’lim bilan qamrov darajasini oshirish, xalqaro standartlar asosida yuqori malakali, kreativ va tizimli fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan kadrlar tayyorlash, ularning intellektual qobiliyatlarini namoyon etishi va ma’naviy barkamol shaxs sifatida shakllanishi uchun zarur shart-sharoit yaratish;
sohada sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, uning jozibadorligini oshirish, jahon miqyosidagi raqobatbardoshligini ta’minlash.
Uzoq istiqboldagi maqsadli vazifalardan kelib chiqib, oliy ta’lim tizimini rivojlantirish quyidagi ustuvor yo‘nalishlar asosida amalga oshiriladi:
oliy ta’lim bilan qamrovni kengaytirish, oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish;
ta’lim jarayoniga raqamli texnologiyalar va zamonaviy usullarni joriy etish;
oliy ta’lim muassasalarida ilmiy-tadqiqot ishlari natijadorligini oshirish, yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish, ilm-fanning innovatsion infratuzilmasini shakllantirish;
ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar ta’sirchanligini oshirish;
yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash jarayoniga kadrlar buyurtmachilarini faol jalb etish;
oliy ta’lim muassasalarining moliyaviy mustaqilligi va barqarorligini ta’minlash, moddiy-texnik ta’minotini mustahkamlash;
oliy ta’lim muassasalarini tizimli rivojlantirish va boshqaruv faoliyatini takomillashtirish;
korrupsiyaga qarshi kurashish, shaffoflikni ta’minlashning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish;
oliy ta’lim tizimining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xalqaro miqyosda tanilishi va raqobatbardoshligini ta’minlash.
1-§. Oliy ta’lim bilan qamrovni kengaytirish, oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish
Oliy ta’lim bilan qamrovni kengaytirish, oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish bo‘yicha quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
oliy ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, hududlarda davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari, shuningdek investitsiyalarni jalb qilgan holda nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari filiallari faoliyatini tashkil etish orqali oliy ta’limda raqobat muhitini yaratish;
xalqaro standartlar va milliy an’analar uyg‘unligida yuqori malakali, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mustaqil fikrlaydigan, vatanparvar, professional kadrlarni tayyorlovchi, yetakchi ta’lim va ilm-fan markazi — Prezident universitetini tashkil etish;
oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlashning maqsadli parametrlarini Investitsiya dasturlari, hududiy va tarmoq dasturlari, vasiylik kengashlari talablari, jahon miqyosidagi texnologik o‘zgarishlarni inobatga olgan holda shakllantirish, ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarini optimallashtirish, bunda STEAM yo‘nalishlarini (aniq fanlar, texnologiya, injiniring, ijodiy san’at va matematika) rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish;
oliy ta’lim muassasalarining quvvati, ilmiy salohiyati va boshqa asosiy ko‘rsatkichlaridan kelib chiqqan holda to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlarini oliy ta’lim muassasasi tomonidan mustaqil belgilash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish;
davlat granti asosida kadrlar tayyorlash parametrlarini bosqichma-bosqich oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida tanlov o‘tkazish yo‘li bilan taqsimlash mexanizmlarini joriy etish;
xotin-qizlarning oliy ta’lim olishga bo‘lgan huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish, ta’lim olishda gender tengligi tamoyillari ustuvorligini ta’minlash, mahallalar, umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida muntazam ravishda xotin-qizlarni oliy ta’limga keng jalb qilishga yo‘naltirilgan keng targ‘ibot ishlarini olib borish;
ta’limning uzluksizligiga erishish maqsadida umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va oliy ta’lim dasturlarining uyg‘unligi va izchilligini ta’minlash;
oliy ta’lim muassasalarining o‘quv rejalarini kredit-modul tizimiga o‘tkazish mexanizmlarini ishlab chiqish va ularni bosqichma-bosqich mazkur tizimga o‘tkazish;
individual ta’lim trayektoriyalariga asoslangan, talabalarda kreativ fikrlash, amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan o‘quv rejalar ishlab chiqish orqali talabalar qiziqishlari hamda kadrlar buyurtmachilari ehtiyojlariga muvofiq ta’lim dasturlarini shakllantirish, ularni tasdiqlash bo‘yicha oliy ta’lim muassasalariga bosqichma-bosqich akademik mustaqillik berish;
mustaqil ta’lim soatlari ulushini oshirish, talabalarda mustaqil ta’lim olish, tanqidiy va ijodiy fikrlash, tizimli tahlil qilish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, o‘quv jarayonida kompetensiyalarni kuchaytirishga qaratilgan metodika va texnologiyalarni joriy etish, o‘quv jarayonini amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirish, bu borada o‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik texnologiyalar, o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy materiallarni keng joriy etish;
talabalar bilimini baholash tizimi texnologiyalarini takomillashtirib borish va xolisonaligini ta’minlash, jumladan baholashning talabalar bilan bevosita aloqasiz shakllarini rivojlantirib borish;
fanlarni o‘zlashtirishda talabalar orasida sog‘lom raqobatni rivojlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish;
o‘quv rejalarida fanlar sonini nomutaxassislik fanlari hisobiga bosqichma-bosqich kamaytirish hamda tutashlikdagi fanlarni tanlov fanlari ro‘yxatiga kiritish;
gumanitar va pedagogik yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash sifatiga e’tiborni kuchaytirish, pedagogik ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv reja va dasturlarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish, mazkur yo‘nalishda tahsil olayotgan talabalarda ta’lim jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirish, pedagogik ta’lim infratuzilmasini yaxshilash, hududlardagi barcha umumta’lim maktablariga xorijiy tillarni o‘zlashtirgan, yuqori malakali professional pedagog kadrlarni yetkazib berish;
ilg‘or xorijiy tajribalar asosida oliy ta’lim muassasalariga yuqori malakali pedagog kadrlarni maqsadli tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirib borish;
oliy ta’lim muassasalarida o‘quv-uslubiy faoliyat uchun mas’ul bo‘lgan mutaxassislar malakasini muntazam oshirib borish;
ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha xorijiy tillarda o‘qitiladigan mutaxassislik fanlari salmog‘ini oshirib borish;
magistratura talabalarining yuqori saviyada ilmiy izlanishlar olib borish, pedagogik faoliyat yuritish, boshqaruv, tanqidiy fikrlash va tizimli tahlil qilish qobiliyatiga ega bo‘lishi uchun mazkur ta’lim bosqichi o‘quv reja va dasturlarini muntazam takomillashtirib borish;
o‘quv adabiyotlari sifatini yaxshilash, zamonaviy o‘quv adabiyotlarini yaratish tartibini soddalashtirish, eng yangi xorijiy adabiyotlarni xarid qilish va tarjima qilish ishlarini jadallashtirish, xorijiy adabiyotlardan qo‘shimcha yoki muqobil o‘quv adabiyotlari sifatida foydalanishni kengaytirish, kutubxonalar fondlarini muntazam ravishda yangilab borish;
tanlov asosida aniqlangan va o‘quv adabiyotlariga mualliflik qilayotgan professor-o‘qituvchilarning yillik o‘quv yuklamasini taqsimlash mexanizmini takomillashtirish, bunda ularning umumiy yillik yuklamalarida o‘quv adabiyotlarini yaratish uchun ajratilgan vaqtni dars o‘tish yuklamasi vaqti hisobidan oshirishni nazarda tutish;
imkoniyati cheklangan talabalarga ko‘rsatiladigan ta’lim xizmatlari turlarini ko‘paytirish va ularning sifatini yaxshilash, ta’limda inklyuziv jarayonlarni rivojlantirish, adaptiv texnologiyalarni joriy etish;
barcha oliy ta’lim muassasalarida dars mashg‘ulotlari bo‘yicha talabalar fikrini o‘rganish (feedback) hamda o‘zaro tashrif (peer review) tizimini rivojlantirish asosida talabalarga ta’lim xizmatlari ko‘rsatish sifatini yaxshilab borish;
fan sohalari bo‘yicha professor-o‘qituvchilarning kasbiy muloqot maydonchalarini yaratish, ta’lim sifatini ta’minlash jarayoniga talabalarni keng jalb etish hamda “tyutorlik” tashkiliy-metodik yordam tizimini joriy etish orqali talabalarning mustaqil ta’lim olish faoliyatini rivojlantirish;
xorijiy mamlakatlar tajribasidan kelib chiqib, talaba-yoshlarning akademik faoliyati, muammolari va turmush tarzi, o‘quv jarayoni hamda yaratilgan sharoitlar bo‘yicha talabalar fikr-mulohazalarini o‘rganish maqsadida ular o‘rtasida har yili respublika miqyosida milliy so‘rov o‘tkazish;
oliy ta’lim muassasalari, qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida o‘quv-pedagogik va ilmiy faoliyat yuritish uchun xorijlik yuqori malakali professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar, ta’lim va ilm-fan sohasida faoliyat yuritib, salmoqli yutuqlarga erishgan, yurt rivojiga hissa qo‘shish istagida bo‘lgan xorijdagi vatandoshlarni jalb etish, bu borada ularga akademik va infratuzilmaga oid qulayliklar yaratib berish;
yuqori malakali professor-o‘qituvchilar, olimlarni ta’lim jarayoniga jalb qilishning samarali mexanizmlarini yaratish, muayyan ko‘rsatkichlar asosida ularning faoliyatini baholash tizimini rivojlantirish;
oliy ta’lim muassasalarida milliy hamda xalqaro baholash tizimlari sertifikatlariga ega bo‘lgan, xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirgan professor-o‘qituvchilar va talabalar ulushini tizimli ravishda oshirib borish;
“El-yurt umidi” jamg‘armasi ko‘magida professor-o‘qituvchilarni xorijiy mamlakatlarda malaka oshirish, stajirovka o‘tash, magistratura va doktoranturada o‘qitish orqali ularning kasbiy mahoratini oshirib borish;
ko‘p yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan amaliyotchi mutaxassislarni ta’lim jarayoniga keng jalb qilish, professor-o‘qituvchilarning tegishli soha korxona va tashkilotlarida stajirovka o‘tashini tizimli tashkil etish;
ijtimoiy soha va iqtisodiyotning barcha tarmoqlari mutaxassislari uchun uzluksiz malaka oshirish va qayta tayyorlash tizimlarini joriy etishning me’yoriy-huquqiy va o‘quv-metodik asoslarini takomillashtirib borish, bu borada masofaviy ta’lim imkoniyatlaridan keng foydalanish;
oliy ta’lim muassasalarida talabalarning ishdan ajralmagan holda o‘qishini ta’minlash maqsadida sirtqi va kechki ta’lim shakllarida kadrlar tayyorlashni rivojlantirish, bunda raqamli texnologiyalarga asoslangan zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish;
iqtisodiyotning zamonaviy talablariga muvofiqlikni ta’minlash maqsadida davlat ta’lim standartlarini takomillashtirib borish;
talabalarning ishlab chiqarish, malakaviy va boshqa turdagi amaliyotlarini mazmunli tashkil etish uchun uslubiy bazani ishlab chiqish va rivojlantirib borish;
respublika oliy ta’lim muassasalariaro ichki akademik mobillik dasturlarini, o‘zaro tajriba almashish mexanizmlarini amaliyotga tatbiq etish;
xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik doirasida professor-o‘qituvchilar va doktorantlar akademik mobilligi dasturlarini rivojlantirish;
oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirishda ichki nazorat va hisobdorlik mexanizmlarini takomillashtirish;
oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlarida bitiruvchilarning attestatidagi o‘rtacha bahoni inobatga olgan holda, ta’lim yo‘nalishlariga mos bo‘lgan fanlardan milliy va xalqaro baholash tizimlari sertifikatlariga ega bo‘lgan abituriyentlarni oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tajribasini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish;
milliy baholash tizimi sertifikatlari taqdim etiladigan fanlar ro‘yxatini kengaytirish, bunday xizmatlar ko‘rsatadigan davlat va nodavlat muassasalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash;
oliy ta’lim muassasalari fan olimpiadalarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish, shaffoflikni ta’minlash, baholash mexanizmlarini xalqaro olimpiada va tanlovlar mezonlariga moslashtirish.
2-§. Ta’lim jarayoniga raqamli texnologiyalar va zamonaviy usullarni joriy etish
Ta’lim jarayoniga raqamli texnologiyalar va zamonaviy usullarni joriy etish bo‘yicha quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
raqamli iqtisodiyot uchun yuqori malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini tashkil etish;
zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ta’lim texnologiyalarining mustahkam integratsiyasini ta’minlash, bu borada pedagog kadrlarning kasbiy mahoratini uzluksiz rivojlantirib borish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish;
ta’lim jarayonlarini raqamli texnologiyalar asosida individuallashtirish, masofaviy ta’lim xizmatlarini rivojlantirish, vebinar, onlayn, “blended learning”, “flipped classroom” texnologiyalarini amaliyotga keng joriy etish;
zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida masofaviy ta’lim dasturlarini tashkil etish;
ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar, seminarlarni onlayn kuzatish va o‘zlashtirish imkonini beruvchi, shuningdek ularni elektron axborot saqlovchilarga yuklovchi “E-MINBAR” platformasini amaliyotga joriy etish, ta’lim jarayonlarida “bulutli texnologiyalar”dan foydalanish;
masofadan turib foydalanish imkonini beruvchi elektron kutubxona tizimini keng joriy etish, talabalarning oliy ta’lim muassasasida o‘qishni tamomlaganlaridan so‘ng kutubxona fondi, axborot bazalaridan foydalanishini yo‘lga qo‘yish orqali ularning kasbiy malakasini uzluksiz oshirib borish imkoniyatlarini kengaytirish;
milliy elektron ta’lim resurslari yaratilishini jadallashtirish, xorijiy elektron ta’lim resurslarini tarjima qilish ishlarini tashkil etish, ta’lim jarayonida elektron resurslar salmog‘ini bosqichma-bosqich oshirib borish, elektron o‘quv adabiyotlar yaratish, ularni mobil qurilmalarga yuklab olish maqsadida kutubxonalarda QR-kod yordamida elektron resurslar haqidagi axborotlarni joylashtirish tizimini yaratish;
oliy ta’lim muassasasining konferensiya materiallari, bitiruv-malakaviy ishlar, magistrlik va doktorlik dissertatsiyalaridan iborat ilmiy-texnik ma’lumotlar elektron bazasini yaratish, kelgusidagi ilmiy-texnik ma’lumotlar yangiligini ta’minlash maqsadida antiplagiat tizimidan foydalanishni keng joriy etish;
ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarining o‘ziga xosligidan kelib chiqib, ta’lim jarayonida xalqaro miqyosda keng qo‘llaniladigan zamonaviy dasturiy mahsulotlardan foydalanishni rivojlantirish;
oliy ta’lim muassasalaridan olinadigan turli hisobot va ma’lumotlar sonini keskin kamaytirish, ularni tayyorlashning qog‘oz shaklidan voz kechish, boshqaruv tizimi va o‘quv jarayonlari, kutubxona va hujjatlar aylanmasini elektronlashtirishni ta’minlovchi “Elektron universitet” platformasiga bosqichma-bosqich o‘tish, ta’lim jarayoni ishtirokchilari faoliyati samaradorligini monitoring qilishning elektron tizimini joriy etish;
oliy ta’lim muassasalari pedagog xodimlari, bakalavriat, magistratura talabalari va doktorantlariga oid ma’lumotlarni o‘zida aks ettiruvchi va muntazam yangilanib boruvchi elektron baza (Student Record System) yuritilishini yo‘lga qo‘yish asosida uning milliy tizimini yaratish;
xalqaro moliya tashkilotlari ko‘magida oliy ta’lim sohasidagi o‘quv-uslubiy, me’yoriy-huquqiy hujjatlar, statistik ma’lumotlar, shuningdek davlat interaktiv xizmatlari ko‘rsatishga doir ma’lumotlarni o‘zida mujassam etgan va muntazam yangilanib turadigan oliy ta’limning yagona axborot platformasi — “Oliy ta’lim boshqaruvi axborot tizimi”ni ishga tushirish, unda vakant o‘rinlarga o‘tkazilayotgan tanlovlarga oid e’lonlarni hamda arizalarni onlayn qabul qilish imkoniyatlarini nazarda tutish.
3-§. Oliy ta’lim muassasalarida ilmiy-tadqiqot ishlari natijadorligini oshirish, yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish, ilm-fanning innovatsion infratuzilmasini shakllantirish
Oliy ta’lim muassasalarida ilmiy-tadqiqot ishlari natijadorligini oshirish, yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish, ilm-fanning innovatsion infratuzilmasini shakllantirish bo‘yicha quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
oliy ta’lim muassasalarida ta’lim, fan, innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish uzviy bog‘liqligini nazarda tutuvchi “Universitet 3.0” konsepsiyasini bosqichma-bosqich joriy etish;
xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, pullik xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va boshqa budjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga oliy ta’lim muassasalari tarkibida texnopark, forsayt, texnologiyalar transferi, startap, akselerator markazlarni tashkil etish hamda ularni tegishli tarmoq, soha va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tadqiq qilish va prognozlashtirish bo‘yicha faoliyat olib borishlarini ta’minlash;
professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar, doktorantlar, magistratura va bakalavriat talabalarini tashkil etiladigan texnoparklarda ilmiy va innovatsion faoliyat olib borishlariga erishish;
budjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga startap loyihalari asosida tijoratlashtirish salohiyati yuqori bo‘lgan yangi mahsulotlar va texnika-texnologiyalarni yaratish orqali oliy ta’lim muassasalari huzurida ilmiy-tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish bilan shug‘ullanuvchi “spin-off” va “spin-out” korxonalarini tashkil etish, akademik tadbirkorlikni rivojlantirish;
xalqaro SsiVal axborot-tahlil tizimi yordamida jahondagi ilmiy-tadqiqot natijalarini tahlil qilib borish asosida ilm-fanning ilg‘or yutuqlari bilan uyg‘un rivojlanishini ta’minlash;
nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish;
oliy ta’lim muassasalari ilmiy jurnallarining Scopus, ScienceDirect va boshqa xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazalariga bosqichma-bosqich kiritilishini ta’minlash;
fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, mavjud ilmiy maktablarni saqlab qolish va yangilarini yaratish, ularning kadrlar salohiyatini mustahkamlash, bunda iqtidorli yoshlarning ilm-fanga keng jalb etilishini rag‘batlantirish;
xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazasiga kiruvchi nufuzli ilmiy nashrlarda maqolalar e’lon qilish orqali faoliyatining ilmiy natijalari xalqaro darajada tan olinishini belgilovchi ko‘rsatkich “Xirsh” indeksi (h-indeks) yuqori bo‘lgan olimlar, professor-o‘qituvchilar hamda yosh ilmiy izlanuvchilarni budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan moddiy rag‘batlantirib borish tizimini joriy etish;
oliy ta’lim muassasalarida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar sifatini ko‘tarish, ularni statistik, texnik va boshqa ma’lumotlar bilan ta’minlash mexanizmlarini yaratish, bu borada tegishli me’yoriy-huquqiy hujjatlarni qabul qilish;
professor-o‘qituvchilar tarkibining ilmiy daraja va unvonlarga ega xodimlar yoshi nuqtai nazaridan optimal nisbatiga erishish;
ilmiy-tadqiqot muassasalari olimlarini ta’lim jarayoni va ilmiy rahbarlikka jalb qilish, magistratura va doktorantura bosqichlaridagi ilmiy ishlarni mazkur ilmiy-tadqiqot muassasalarida olib borilishi hamda himoya qilinishini ta’minlash;
jahon ilmiy tadqiqotlar bozori tendensiyalaridan kelib chiqib, har bir oliy ta’lim muassasasida (fakultet, kafedra va laboratoriyalar kesimida) ilmiy tadqiqotlarni tor va fanlar tutashligidagi sohalarga ixtisoslashtirish, ularni ishlab chiqarish va hududiy rivojlanish ehtiyojlariga moslashtirish, qiyosiy ustunlikka ega bo‘lgan istiqbolli ilmiy yo‘nalishlarni belgilash, ushbu yo‘nalishlarda yuqori malakali professor-o‘qituvchilar va talabalar salmog‘ini oshirish;
Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi O‘zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti huzuridagi O‘quv-amaliy to‘qimachilik texnoparki hamda Urganch davlat universiteti huzuridagi “Xorazm” innovatsion texnoparkining faoliyati samaradorligini oshirish;
xalqaro moliya institutlarining imtiyozli mablag‘larini keng jalb qilish orqali innovatsion faoliyat infratuzilmasini takomillashtirish maqsadida “Hujayra va molekulyar biotexnologiya”, “Tibbiy genetika”, “Ekofiziologiya”, “Materialshunoslik”, “Energiya tejovchi texnologiyalar, nazorat-o‘lchov va avtomatlashtirilgan tizimlar”, “Qurilish materiallari” hamda “Oziq-ovqat mahsulotlari va texnologiyasi” yo‘nalishlari bo‘yicha 7 ta oliy ta’lim muassasalariaro ilmiy-tadqiqot laboratoriyasini tashkil etish;
O‘zbekiston Milliy universiteti huzurida Nanotexnologiyalarni rivojlantirish markazi, Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy-tadqiqot instituti, Biofizika va biokimyo instituti, Intellektual dasturiy tizimlar ilmiy-amaliy markazida zamonaviy ilmiy-tadqiqotlar amalga oshirilishini ta’minlash va rivojlantirib borish;
ilm-fan sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining tegishli institutlari hamda nufuzli xorijiy oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalari bilan yetakchi mahalliy oliy ta’lim muassasalarining faol hamkorligini yo‘lga qo‘yish, bunda mentorlik modelidan keng foydalanish;
professor-o‘qituvchilar tomonidan yuritilishi lozim bo‘lgan turli jurnal va o‘quv-uslubiy hujjatlar sonini qat’iy qisqartirish orqali ularning ilmiy faoliyatini jadallashtirish;
ilmiy-tadqiqot ishlarini ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlaridagi, shu jumladan hududiy miqyosdagi mavjud muammolarning innovatsion yechimiga qaratish, fanlar tutashligidagi muammolarni keng tadqiq etish;
iqtidorli yoshlarni aniqlash, akademik litseylarga jalb qilish, oliy ta’lim muassasalariga saralab olish, chuqurlashtirilgan ta’lim dasturlari asosida o‘qitish, ularning fan olimpiadalaridagi ishtirokini kengaytirish, ilmiy faoliyatga bo‘lgan qiziqishini oshirish, “ustoz-shogird” tizimi asosida tegishli sohada yuqori natijalarga erishgan malakali mutaxassislarga biriktirish, bu boradagi ma’lumotlar elektron bazasini yaratish;
oliy ta’lim muassasalarining Yoshlar akademiyasi hamda Fan va texnologiyalar bo‘yicha respublika kengashi bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirib borish;
oliy ta’lim muassasalari ilmiy salohiyatini oshirish, maqsadli doktorantura orqali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish;
xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma ilmiy daraja dasturlarini ishlab chiqish;
oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim institutlari faoliyatini xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, ilmiy kengashlar va himoyalar tizimini xalqaro tajribaga muvofiqlashtirish;
ilmiy darajalar va unvonlar berish vakolatini bosqichma-bosqich oliy ta’lim muassasalariga berish;
doktoranturaga qabul qilish shartlarini belgilashda oliy ta’lim muassasalariga erkinlik berish, talabgorlarni saralab olishda ularning ilmiy yutuqlariga alohida e’tibor qaratish;
ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar majlislarini hududlardagi oliy ta’lim muassasalaridan turib onlayn kuzatish platformasini yaratish.
4-§. Ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar ta’sirchanligini oshirish
Ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar ta’sirchanligini oshirish bo‘yicha quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
talaba-yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan beshta tashabbusni amaliyotga tatbiq etish, jumladan talaba-yoshlarni madaniyat va san’at, jismoniy tarbiya va sportga jalb qilish, ularning kompyuter va internet texnologiyalaridan foydalanish savodxonligini oshirish, kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, talaba-qizlarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish;
oliy ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli tashkil etish, bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish, yoshlarning intellektual salohiyati, tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, vatanparvarlik, xalq manfaatlari uchun xizmat qilish tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol avlod sifatida tarbiyalashga qaratilgan talaba-yoshlarning ma’naviy-axloqiy ongini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish;
davlat va jamiyat oldida turgan muhim vazifalarni hal etishda mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir, yurtparvar, tashabbuskor, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirgan, insoniy fazilatlarga ega yoshlarni professional kasb egasi sifatida tayyorlash, bu borada yangicha yondashuvlarni talab etadigan ta’lim-tarbiya usullaridan foydalanish;
oliy ta’lim muassasalarida sportni qadriyat sifatida rivojlantirish, talabalar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish;
yoshlarning qonun hujjatlari mazmun-mohiyatidan xabardorligi, huquqiy ongi va madaniyatini rivojlantirish, ularda sog‘lom turmush tarziga rioya etish, inson huquqlari, gender tengligi, tinchlikparvarlik va millatlararo totuvlik, vijdon erkinligi, barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analarini hurmat qilish kabi umuminsoniy qadriyatlar bilan birga milliy-axloqiy qadriyatlarni kamol toptirish, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy faollik, mustahkam fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish;
imkoniyati cheklangan talabalarning ijtimoiy moslashuvi uchun keng sharoitlar yaratish, inklyuzivlik g‘oyalarini targ‘ib qilish;
yoshlar tarbiyasida ota-onalar, mahallalar va oliy ta’lim muassasalari hamkorligini tizimli tashkil etish;
oliy ta’lim muassasalarida sotsiologik va pedagogik-psixologik xizmat guruhlari ishini takomillashtirib borish, talaba-yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oilani mustahkamlash borasidagi targ‘ibot ishlarini kuchaytirish;
talaba-yoshlarni hunar o‘rganish, yangi bilim egallash, o‘z ustida ishlash, zamonaviy texnologiya yutuqlaridan maqsadli foydalanish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga undash orqali ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish uchun ta’lim muassasalarida shart-sharoitlar yaratish;
talaba-yoshlarni turli axborot xurujlari, yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishi, ular tomonidan ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etilishi holatlarining oldini olish, Vatanimiz istiqboli yo‘lida birlashtirish maqsadida ta’lim-tarbiyaning ta’sirchan usullari, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etishda ularning qiziqishini e’tiborga olish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash;
“Maktab — ma’naviyat va ma’rifat o‘chog‘i” konsepsiyasi doirasida oliy ta’lim muassasalarining umumta’lim maktablari bilan o‘quvchi-yoshlarni ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashini shakllantirish, huquqiy savodxonligini oshirish, kasbga yo‘naltirish va mustaqil hayotga tayyorlash kabi masalalarda mentorlik modeli asosida hamkorligini rivojlantirish.
5-§. Yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash jarayoniga kadrlar buyurtmachilarini faol jalb etish
Yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash jarayoniga kadrlar buyurtmachilarini faol jalb etish borasida quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarining o‘ziga xosligidan kelib chiqib, o‘quv rejalari va dasturlari mazmuni hamda mutaxassislik fanlari bo‘yicha soatlar taqsimotini kadrlar buyurtmachilari bilan hamkorlikda fan va texnologiyalarning so‘nggi yutuqlari asosida shakllantirish;
bitiruv-malakaviy ishlar, magistrlik va doktorlik dissertatsiyalari mavzularini iqtisodiyotning real sektori, shuningdek hududiy (viloyat, tuman, shahar, mahalla, hududiy obyekt) muammolardan kelib chiqib shakllantirish hamda mavzularni tor qamrovda chuqur tadqiq qilishga o‘tish;
oliy ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish korxonalari aloqalarini mustahkamlash hamda klaster usulida faoliyat yuritishini tashkil etish;
ishlab chiqarish rivojlangan hududlar va iqtisodiy zonalarda oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
talabalarning tegishli soha bo‘yicha ishlab chiqarish korxonalari va tashkilotlarda ta’lim jarayonidan tashqari vaqtda mehnat faoliyati olib borishlariga shart-sharoit yaratish;
ilmiy-texnik buyurtma va grantlarni amalga oshirish, ishlab chiqarishda mavjud muammolarga yangicha yechim topish, tajribali amaliyotchilarni o‘quv jarayoniga faol jalb qilish, ta’limda ishlab chiqarish infratuzilmasi va amaliy misollardan keng foydalanish kabi yo‘nalishlarda oliy ta’lim muassasalarining ishlab chiqarish korxonalari, tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan o‘zaro manfaatli hamkorligini ta’minlash;
ishlab chiqarish korxonalarida mutaxassislik kafedralari filiallari, oliy ta’lim muassasalari huzurida ishlab chiqarish korxonalari tarkibiy bo‘linmalarini, texnoparklar, biznes inkubatorlar, kovorking markazlari faoliyatini tashkil etish, texnologiyalar transferini amalga oshirish orqali ta’limning ishlab chiqarish bilan samarali hamkorligini rag‘batlantirish;
pedagog xodimlarning ishlab chiqarish jarayonida malaka oshirish tizimini joriy etish, shuningdek ishlab chiqarishda katta tajribaga ega, biroq ilmiy darajasi bo‘lmagan mutaxassislarni ta’lim jarayoniga, jumladan taklif etilgan va faxriy o‘qituvchi sifatida jalb etishning ta’sirchan mexanizmlarini amaliyotga tatbiq etish, bunda ushbu mutaxassislarni muayyan sohadagi stajiga muvofiq tegishli lavozimlarga ishga qabul qilish;
ishlab chiqarish korxonalarida dars mashg‘ulotlari va talabalar amaliyotini samarali tashkil etish tartibini takomillashtirish, bunda amaliy ko‘nikmalarni tasdiqlovchi sertifikatlar berish tizimini joriy etish;
kadrlar buyurtmachilari murojaati asosida oliy ta’lim muassasalari bazasida ishlab chiqarishdan tajribali amaliyotchilarni jalb etish yo‘li bilan maqsadli ta’lim dasturlari, professional malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslari, treninglar tashkil etish mexanizmlarini yaratish;
oliy ta’lim muassasalari tuzilmasini isloh qilish asosida faoliyati talabalar amaliyoti va ishga joylashishiga har tomonlama ko‘maklashish, potensial ish beruvchilar ro‘yxatini shakllantirib borish va hamkorlik qilish, shuningdek avvalgi bitiruvchilar salohiyatidan unumli foydalanishga qaratilgan “Karyera markazlari”ni tashkil etish;
oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bilim hamda ko‘nikmalarini baholovchi markazlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash;
ilmiy tadqiqotlar olib borish, ularning natijalarini tijoratlashtirish kabi masalalarda kadrlar buyurtmachilari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, biznes inkubatorlar va venchur moliyalashtirish faoliyatini rivojlantirish, mazkur masalalarda tegishli me’yoriy-huquqiy hujjatlarni takomillashtirib borish;
doktorlik dissertatsiyalari ilmiy natijalarining amaliyotga tezkor joriy etilishini ta’minlash, yoshlarning ilmiy faoliyatga qiziqishlarini oshirish va rag‘batlantirish, ilmiy faoliyat nufuzini ko‘tarish maqsadida doktorlik (tayanch doktorlik) ilmiy darajasini beradigan binar (ikkitalik) himoyalar tizimini joriy etish;
fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar tanlovlarida ilmiy natijalarning tijoratlashtirilishi, ularning amaliyotga joriy etilishi muddatidan kelib chiqqan holda grantlar miqdori va davomiyligini belgilash;
vasiylik kengashlari tarkibini kadrlar buyurtmachilari, yirik ish beruvchilar, jamoat arboblari va tegishli sohada katta yutuqlarga erishgan tadbirkorlar hisobidan shakllantirish;
bitiruvchilar malakasining ishlab chiqarish talablariga mos kelishini aniqlash, kadrlar tayyorlashda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar va ularni bartaraf qilish maqsadida har yili respublika miqyosida kadrlar buyurtmachilari o‘rtasida milliy so‘rovlar o‘tkazish an’anasini yo‘lga qo‘yish.
6-§. Oliy ta’lim muassasalarining moliyaviy mustaqilligi va barqarorligini ta’minlash, moddiy-texnik ta’minotini mustahkamlash
Oliy ta’lim muassasalarining moliyaviy mustaqilligi va barqarorligini ta’minlash, moddiy-texnik ta’minotini mustahkamlash bo‘yicha quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
oliy ta’lim muassasalarini bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazish, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, mehnatga haq to‘lash tizimini takomillashtirish, moliyalashtirishning samarali va shaffof mexanizmlarini joriy etish;
iqtisodiyot tarmoqlarining kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini inobatga olgan holda, shuningdek istiqbolda oliy ta’lim muassasalarining reytingi va o‘z xarajatlarini qoplash darajasidan kelib chiqib bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari (magistratura mutaxassisliklari) bo‘yicha to‘lov-kontrakt miqdorlarini mustaqil belgilash tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish;
oliy ta’lim muassasalarining ta’lim xizmatlari eksporti va qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatishga doir faoliyatini rivojlantirish;
qurilish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ishlarini zamon talablari asosida tashkil etish, ushbu jarayonda innovatsion texnologiyalarga asoslangan, resurstejamkor va tez barpo etiladigan konstruksiya va materiallardan foydalanish bo‘yicha ilg‘or texnologiyalar va muhandislik yechimlarini qo‘llash;
oliy ta’lim muassasalarini zamonaviy dasturiy mahsulotlar bilan ta’minlash, o‘quv va ilmiy jarayonlarni o‘quv va laboratoriya uskunalari, shuningdek laboratoriya materiallari (reaktivlar, kimyoviy idish, butlovchi, biologik materiallar va boshqa obyektlar) bilan muntazam ravishda zarur miqdorlarda ta’minlab borishning samarali mexanizmlarini yaratish;
talabalar turar joylari, kutubxona, o‘quv ustaxonalari, laboratoriyalar, sport sog‘lomlashtirish va ijtimoiy infratuzilma obyektlariga nisbatan o‘sib borayotgan ehtiyojni o‘z vaqtida ta’minlash va zamon talablari asosida ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
imkoniyati cheklangan talabalarga oliy ta’lim muassasalari va talabalar turar joylari binolarida qo‘shimcha sharoitlar yaratish, ular uchun ta’lim muassasalarini zarur adabiyotlar, metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlash choralarini ko‘rish;
oliy ta’lim muassasalarida xorijiy fuqarolarning istiqomat qilishi va ta’lim olishi bo‘yicha qulay shart-sharoitlar yaratish;
innovatsion kutubxonalarni tashkil etish, ulardagi kitob fondini yangi avlod o‘quv adabiyotlari bilan muntazam boyitish;
oliy ta’lim muassasalarini yuqori tezlikdagi internet bilan uzluksiz ta’minlash, talabalarning mustaqil ta’lim olishi uchun infratuzilma imkoniyatlarini kengaytirish;
talabalar, o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilarning elektron ta’lim resurslari, zamonaviy ilmiy adabiyotlarning elektron kataloglari va ma’lumotlar bazalaridan bepul foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;
aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlaridan bo‘lgan talabalarni moddiy rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash;
oliy ta’lim muassasalarida homiylik va ilmiy-tadqiqot natijalarini tijoratlashtirishdan tushgan, maqsadli kapital va boshqa mablag‘lar hisobiga moliyalashtiriladigan endaument jamg‘armalarini (endowment fund) tashkil etish.
7-§. Oliy ta’lim muassasalarini tizimli rivojlantirish va boshqaruv faoliyatini takomillashtirish
Oliy ta’lim muassasalarini tizimli rivojlantirish va boshqaruv faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
a) kadrlar tayyorlash sifati va ko‘lamini inobatga olgan holda oliy ta’lim muassasalarini quyidagi toifalarga ajratish va ularni rivojlantirish strategiyalarini belgilash:
birinchi toifa — flagman universitetlar (O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universiteti);
ikkinchi toifa — ilm-fan va innovatsion markaz funksiyasini bajaruvchi hududiy oliy ta’lim muassasalari;
uchinchi toifa — sohalar uchun ta’lim va ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha tayanch muassasalar rolini bajaruvchi tarmoq oliy ta’lim muassasalari;
b) institut maqomidagi oliy ta’lim muassasalari faoliyati ko‘lamini kengaytirish va institutsional salohiyatini kuchaytirish orqali ularni universitetga aylantirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish;
v) oliy ta’lim muassasalarini ularning quvvati, ilmiy salohiyati va boshqa asosiy ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib bosqichma-bosqich yiriklashtirib borish;
g) tajriba tariqasida davlat ulushining 51 foizdan kam bo‘lmagan qismini saqlab qolgan holda ayrim davlat oliy ta’lim muassasalarini (oliy harbiy ta’lim muassasalari bundan mustasno) davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, ularda korporativ boshqaruv tamoyillarini joriy etish;
d) oliy ta’lim sohasini rivojlantirish bo‘yicha hujjat loyihalarini ishlab chiqish va muhokama etishda Respublika oliy ta’lim kengashi nufuzi va faolligini oshirish, mas’uliyatini kuchaytirish, oliy ta’lim muassasalarida jamoatchilik nazoratining zamonaviy mexanizmlarini joriy etish;
e) oliy ta’lim tizimida boshqaruv jarayonlarini axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida optimallashtirish, davlat interaktiv xizmatlari ko‘lamini kengaytirish;
j) oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirishda strategik rejalashtirish tamoyillarini joriy etish, bunda vasiylik kengashlari mas’uliyati va rolini oshirish;
z) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi funksiyalarini xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, bunda ta’lim sifatini baholashning yangi mexanizmlarini joriy etish, kadrlar buyurtmachilari va talabalar o‘rtasida o‘tkazilgan milliy so‘rov natijalarini chuqur tadqiq qilish orqali muammolarni bartaraf etish, davlat va nodavlat ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini ta’sirchan instrumentlar yordamida nazorat qilib borish, bitiruvchilar sifati va ularning ixtisosligi bo‘yicha ishga joylashish masalalariga e’tibor qaratish;
i) ta’lim sifatini nazorat qilish va oliy ta’lim muassasalari reytingini yuritishning nodavlat tizimini yaratish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilash;
y) oliy ta’lim muassasalarida ishga qabul qilish va yuqori lavozimlarga tayinlashda oliy ta’lim tizimi rivoji uchun o‘zining munosib hissasini qo‘shuvchi kadrlarni tanlash, ularning faoliyati, professional xususiyatlari, soha oldidagi alohida xizmatlarini adolatli va xolisona baholashni nazarda tutuvchi meritokratiya tamoyillarini qo‘llash, rahbarlik lavozimlariga tayinlashda gender tengligi tamoyillariga qat’iy rioya qilish;
k) oliy ta’lim muassasalari rahbarlik lavozimlariga zaxira kadrlarni shakllantirish, maqsadli o‘qitish va tayyorlash samaradorligini oshirish;
l) oliy ta’lim muassasalari rahbar xodimlarini rotatsiya qilish mexanizmini joriy qilish.
8-§. Korrupsiyaga qarshi kurashish va shaffoflikni ta’minlashning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish
Korrupsiyaga qarshi kurashish va shaffoflikni ta’minlashning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
oliy ta’lim sohasida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini izchil davom ettirish, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga barham berish;
oliy ta’lim muassasalarini tajribali, halol, pok vijdonli, mas’uliyatli professor-o‘qituvchi va xodimlardan shakllantirib, ularning vazifalarini aniq belgilab berish;
oliy ta’lim muassasalarining jamiyat oldidagi hisobdorligi va ta’lim sifatini ta’minlashdagi mas’uliyatini oshirish, keng jamoatchilikni shaffoflik va xolislik tamoyillari asosida ta’lim xizmatlari sifati to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan xabardor qilib borish;
professor-o‘qituvchilar bilan talabalar o‘rtasidagi byurokratik omillarni bartaraf etish, baholash mezonlaridagi shaffoflikni kuchaytirish, talabalar bilimini baholashda adolatni ta’minlash;
abituriyentlar va magistraturada ta’lim olish uchun talabgorlar hujjatlarini qabul qilish, barcha kasbiy (ijodiy) imtihonlarni o‘tkazish, ularning bilimini baholash, o‘qishni ko‘chirish yoki qayta tiklash jarayonlarida suiiste’molchilik holatlarining oldini olish, bu borada jamoatchilik kengashlarining rolini oshirish, shaffoflikni ta’minlash;
professor-o‘qituvchilarning jamiyatdagi mavqeyini mustahkamlash, ushbu kasb jozibadorligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda oliy ta’lim muassasalari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, fuqarolik jamiyati institutlari bilan aloqalarini mustahkamlash, jamoatchilikka axborot taqdim etishning tezkor va zamonaviy shakllarini joriy etish;
malaka oshirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini tayyorlash va amaliyotga tatbiq etish, nazorat-monitoring, xodimlarni ishga qabul qilish va lavozimga tayinlash, oliy ta’lim muassasalari faoliyatini o‘rganish va tizimdagi boshqa jarayonlarda shaffoflikni ta’minlash;
professor-o‘qituvchilarning o‘quv yuklamalarini optimallashtirish, kasbiy faoliyatga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish asosida oliy ta’lim tizimi xodimlarining mehnat unumdorligini oshirish;
oliy ta’lim tizimida pedagog kadrlarni ishga qabul qilish, lavozimlarga tanlov o‘tkazishda adolat va ochiqlikni ta’minlash, o‘quv yili yakunlari bo‘yicha pedagog kadrlar faoliyatiga baho berish, bu borada jamoatchilik nazoratining yangi va samarali mexanizmlarini amaliyotga joriy etish;
oliy ta’lim muassasalarini moliyalashtirishning amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlariga rioya qilinishi, xarajatlar smetalarini shakllantirish tartibiga amal qilish va ichki moliyaviy taftish ishlarini takomillashtirish, ushbu jarayonda korrupsiyaga oid holatlarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etilishini ta’minlash;
oliy ta’lim tizimida kadrlar zaxirasini shakllantirish, odob-axloq normalariga rioya etilishini ta’minlash masalalarini tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va joriy etish.
9-§. Oliy ta’lim tizimining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xalqaro miqyosda tanilishi va raqobatbardoshligini ta’minlash
Oliy ta’lim tizimining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xalqaro miqyosda tanilishi va raqobatbardoshligini ta’minlash bo‘yicha qo‘yidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
respublikadagi kamida 10 ta oliy ta’lim muassasasini xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1 000 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga, shu jumladan O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini birinchi 500 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish, bunda mazkur oliy ta’lim muassasalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish;
oliy ta’lim muassasalarining O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti oshishidagi ishtirokini va mamlakat ijobiy xalqaro imidjini shakllantirishdagi rolini oshirish;
respublika oliy ta’lim tizimini xalqaro ta’lim standartlari bilan uyg‘unlashtirish, ilg‘or xorijiy tajribani chuqur o‘rganish va tahlil qilish asosida ta’lim dasturlarini jahonda tan olingan xalqaro standartlar talablariga moslashtirish bo‘yicha asoslangan takliflar ishlab chiqish;
ta’lim to‘liq xorijiy tillarda olib boriladigan ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari, fakultetlar salmog‘ini oshirib borish;
xorijiy fuqarolarni oliy ta’lim muassasasi tomonidan belgilanadigan tartibda o‘tkaziladigan suhbat asosida magistratura va doktoranturaga qabul qilish bo‘yicha tegishli me’yoriy-huquqiy hujjat qabul qilish;
ta’lim xizmatlari eksportini rivojlantirish bo‘yicha xorijiy mamlakatlar bilan ta’lim sohasida hamkorlikni kengaytirish va ularning me’yoriy-huquqiy bazasini takomillashtirib borish;
“Study in Uzbekistan” (“O‘zbekistonda tahsil ol”) loyihasini amalga oshirish, mamlakat ta’lim jozibadorligini targ‘ib qiluvchi maxsus veb-portal yaratish va uni barcha oliy ta’lim muassasalari bo‘yicha batafsil va ishonchli ma’lumotlar bilan to‘ldirib borish;
ta’limda brendlar, ilmiy an’analar tizimini yaratish asosida oliy ta’lim va oliy ta’lim muassasalari imijini shakllantirish strategiyasi bo‘yicha dastur qabul qilish;
oliy ta’lim muassasalariaro xalqaro fan olimpiadalarini tashkil etish;
xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash faoliyatini kengaytirish, hamkorlikda o‘tkaziladigan ilmiy konferensiyalar va seminarlar sonini ko‘paytirish, xalqaro ilmiy va ta’lim loyihalarini amalga oshirish;
rivojlangan xorijiy davlatlar oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikda xalqaro qo‘shma ilmiy jurnallar, shuningdek ta’lim forumlari, rektorlar konferensiyalari va boshqa anjumanlar tashkil etish;
oliy ta’lim muassasalari rasmiy veb-saytlarini Webometrics tashkiloti reyting tizimida egallagan o‘rinlarini yaxshilab borish, shu jumladan oliy ta’lim muassasalari tomonidan yetakchi tashkilotlar va korxonalarda bitiruvchilarning ishga joylashishi haqidagi ma’lumotlar, ta’lim yo‘nalishlari, magistratura mutaxassisliklari, ilmiy-texnik salohiyati, professor-o‘qituvchilar, infratuzilmasi, erishgan yutuqlari kabi asosiy ma’lumotlarni veb-saytlarda muntazam ravishda e’lon qilib borish;
xorijiy mamlakatlarda mahalliy oliy ta’lim muassasalari filiallarini tashkil etish, qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish;
O‘zbekiston Respublikasida ta’lim olish uchun xorijiy fuqarolarni jalb etish bo‘yicha mahalliy va xorijiy agentliklar tomonidan konsalting xizmatlari ko‘rsatilishining me’yoriy-huquqiy asoslarini takomillashtirish;
respublika oliy ta’lim tizimining xalqaro imijini yaratishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, xorijiy mamlakatlardagi elchixonalar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, zamonaviy PR-loyihalarni amalga oshirish;
oliy ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida xalqaro moliya institutlari, yetakchi xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni mustahkamlash, bu borada mamlakat ta’lim tizimi manfaatlariga mos keluvchi innovatsion tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash.
4-bob. Konsepsiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar
Konsepsiya doirasida belgilangan vazifalarni bajarish orqali O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirishda quyidagi natijalarga erishish nazarda tutilmoqda:
oliy ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, hududlarda davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasasalari, shu jumladan nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari filiallari faoliyatini tashkil etish asosida oliy ta’lim bilan qamrov darajasining 50 foizdan yuqori bo‘lishi ta’minlanadi, sohada raqobat muhiti yaratiladi;
O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarining flagmaniga aylantiriladi;
respublikadagi kamida 10 ta oliy ta’lim muassasasi xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1 000 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga, shu jumladan O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetining birinchi 500 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kirishiga erishiladi;
oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayoni bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga o‘tkaziladi;
xalqaro tajribalardan kelib chiqib, oliy ta’limning ilg‘or standartlari joriy etiladi, jumladan o‘quv dasturlarida nazariy bilim olishga yo‘naltirilgan ta’limdan amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan ta’lim tizimiga bosqichma-bosqich o‘tiladi;
oliy ta’lim mazmuni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tariladi, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror rivojlanishiga munosib hissa qo‘shadigan, mehnat bozorida o‘z o‘rnini topa oladigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
oliy ta’lim muassasalarining akademik mustaqilligi ta’minlanadi;
oliy ta’lim muassasalarida ta’lim, fan, innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish faoliyatining uzviy bog‘liqligini nazarda tutuvchi “Universitet 3.0” konsepsiyasi bosqichma-bosqich joriy etiladi;
xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, pullik xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va boshqa budjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga oliy ta’lim muassasalarida texnopark, forsayt, texnologiyalar transferi, startap, akselerator markazlari tashkil etiladi hamda ular tegishli tarmoq, soha va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tadqiq etuvchi va prognozlashtiruvchi ilmiy-amaliy muassasalar darajasiga olib chiqiladi;
oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, ilmiy izlanuvchilari, doktorantlari, bakalavriat va magistratura talabalarining yuqori impakt-faktorga ega nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalar chop etishi, maqolalarga iqtiboslik ko‘rsatkichlari oshishi, shuningdek respublika ilmiy jurnallari xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazasiga bosqichma-bosqich kiritilishi ta’minlanadi;
O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi Markaziy Osiyoda xalqaro ta’lim dasturlarini amalga oshiruvchi “xab”ga aylantiriladi;
oliy ta’limning investitsiyaviy jozibadorligi oshiriladi, xorijiy ta’lim va ilm-fan texnologiyalari jalb etiladi;
talaba-yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan beshta tashabbus asosida rivojlantiriladi;
oliy ta’lim muassasalari infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasi, shu jumladan xalqaro moliya institutlarining imtiyozli mablag‘larini keng jalb qilish hisobiga yaxshilanadi, ularni bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkaziladi va moliyaviy barqarorligi ta’minlanadi;
ta’limning ishlab chiqarish korxonalari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorligi yo‘lga qo‘yiladi;
aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan imkoniyati cheklangan shaxslarning oliy ta’lim bilan qamrov darajasi oshiriladi, ular uchun infratuzilmaga oid sharoitlar yaxshilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasining
maqsadli ko‘rsatkichlari


Yüklə 208,49 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin