O‘zbekiston milliy universiteti z. Z. Abdushukurova, S. Q. Zakirova, S. Sidiqov, S. Abdullaev O‘zbekiston tuproqlarining agrokimyoviy tavsifi



Yüklə 1,31 Mb.
səhifə12/52
tarix19.12.2023
ölçüsü1,31 Mb.
#185859
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   52
Ozbekistontuproq.agr.tavsifi-09.12.16

Sinov savollari:

  1. O‘zbekiston erlarining umumiy maydoni qancha?

  2. Er resurslari Davlat qo‘mitasi qachon tashkil qilingan?

  3. O‘rta Osiyo tuproqlarini o‘rganish to‘g‘risidagi ma’lumotlar qachondan boshlab adabiyotlarda mavjud?

  4. Qaysi allomalarimiz tomonidan tuproqlar, ularning xossa va hususiyatlari to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlar keltirilgan?

  5. Rus olimlaridan kimlar tomonidan O‘zbekiston tuproqlari to‘g‘risida nisbatan aniq ma’lumotlar keltirilgan?

  6. O‘zbekiston tuproqlarining geografik tarqalishi, ularning klassifikatsiyasi, xossa va xususiyatlari ustida mamlakatimizning qaysi olimlari ishlagan?

  7. O‘zbekiston erlarining tabiiy-tarixiy sharoitlari qanday?

  8. O‘zbekistonda nechta tabiat majmuasi mavjud?

  9. Insonning tuproqqa ta’siri qanday sodir bo‘lish mumkin?

  10. O‘zbekiston tuproqlarini o‘rganishda o‘zbek olimlarining hissasi qanday?

  11. O‘zbekiston erlari rel’ef jihatdan qanday shakllarga ega?

  12. Tuproq hosil qiluvchi asosiy jinslar nimalardan iborat va ularning roli.

  13. O‘zbekiston hududining iqlimi va o‘simliklar dunyosi to‘g‘risida ma’lumot bering.

  14. Tuproq hosil bo‘lish jarayonida insonning roli.

2 BOB. O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI LANDSHAFTLARI, TUPROQLARINING MINTAQAVIY TARQALISHI VA KLASSIFIKATSIYASI


2.1. O‘zbekiston Respublikasining hududi va landshaftlari

O‘zbekiston Respublikasining hududi tog‘, tog‘ oldi erlari va tekisliklardan iborat bo‘lib, xilma-xil landshaftlarni qamrab oladi. Bu landshaftlar orografiyasi va gidrotermik rejimiga ko‘ra asosiy tuproq-geografik qonuniyatlari aniq namoyon bo‘ladigan balandlik mintaqalari va sahro-kenglik zonalariga ajratiladi.


Respublikaning tog‘lari uchlamchi davrning oxiri-to‘rtlamchi davrning boshlanishida, kuchli alp orogenezi tektonik harakatlari natijasida hosil bo‘lgan. Natijada uchlamchi davrda hududni egallagan dengizning transgressiyasi – chekinishi ro‘y bergan. Alp orogenezi natijasida tog‘larning ko‘tarilishi va dengizning tez chekinishi Orol va Kaspiy dengizlari oralig‘idagi keng tekisliklarning quruqlikka aylanishiga sabab bo‘lgan va ular tezlik bilan kontinental yotqiziqlarga to‘la boshlagan.
Baland ko‘tarilgan tog‘ tizmalari to‘rtlamchi davrda shiddatli denudatsiyaga uchrashi natijasida tog‘lardan tushayotgan materiallar qalin prolyuvial yotqiziqlar shaklida tog‘ oldi tekisliklarini to‘ldirgan va tog‘ hududlaridan yiroqda bo‘lgan Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon, Qashqadaryo va boshqa allyuvial tekisliklargacha olib chiqilgan. Daryo vodiylari yuvilgan uchlamchi yotqiziqlarda shakllanib, uni alohida massivlarga ajratgan. Kontinental yotqiziqlar qatlamlarining shakllanishi, ko‘tarilishi davom etayotgan tog‘ tizmalari sharoitida faol tektonik harakatlar fonida yuz berib, tog‘ oldi tekislik hududlarida adirlarning hosil bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Bu holat o‘z navbatida daryo o‘zanlarining chuqurlashishiga hamda bir qator terrasalarning hosil bo‘lishiga olib kelgan.
Tog‘larning ko‘tarilishi hududni Hind okeanidan to‘sib, iqlimning qurg‘oqchil bo‘lishiga olib kelgan. Bu davrda ko‘tarilayotgan tog‘ tizmalarining buzilgan mahsulotlari tekisliklarga olib chiqilib, dengiz yotqiziqlari ustiga to‘shalgan. Keyingi davrda bu erlardagi yotqiziqlar daryolar va shamol ta’sirida juda ko‘p marotaba qayta yotqizilgan. Daryolar o‘zanlari hamda suvining miqdorini o‘zgarishi natijasida hududlarning namlanishi ham o‘zgarib borgan. Ana shu jarayonlar ta’sirida O‘zbekiston hududining bir qismi tekislik rel’efiga ega bo‘lgan. Paleozoy zamini keyingi yotqiziqlar orasidan ko‘tarilgan joylarda Sultonuiztog‘, Tomditog‘, Kuljuktog‘, Bo‘kantog‘ va boshqalar hosil bo‘lgan. Bu tog‘larning dengiz sathidan balandligi 900 metrgacha etadi. Tyon-Shon va Pamir-Oloyning burmali qismlari esa juda katta balandliklarga ega.
Respublikaning har bir tabiiy rayoni o‘ziga xos rel’ef shakllarining tizimlariga ega. Ustyurt platosining dengiz sathidan balandligi 300 metrgacha bo‘lib, kuchsiz to‘lqinsimon relefga, Amudaryo va Orol dengizi bo‘yiga yaqin erlarda 150 metrgacha bo‘lgan keskin kesilmalarga ega. Quyi Amudaryo qayir-allyuvial tekisliklari tekis rel’efga ega bo‘lib, bu erlarda 60-80 metr balandlikka ega bo‘lgan qoldiq rel’ef shakllari ham uchraydi. Qizilqumda ham qoldiq tog‘ rel’efi bilan birga kuchli shamollar yo‘nalishiga mos ravishda to‘planma qum shakllari: tizmalar, tepaliklar, barxanlar uchraydi. Sharqda esa o‘rta va baland tog‘ rel’efi shakllari ustunlik qiladi. Respublikamiz hududiga G‘arbiy Tyon-Shon (Ugam, Pskom, Chotqol, Qurama) va Pomir-Oloy (Zarafshon, Hisor, Ko‘hitang, Boysun tizmalari) tizmalari oxiri va yon bag‘irlar kiradi. Nurota tog‘i tizmalarining balandligi 2169 metrgacha bo‘lib, alohida ajralib turadi. Shu bilan birga Oqtog‘, Qaroqchitog‘, Gobduntog‘, Zarafshon tizmasining g‘arbiy oxiri kabi juda baland bo‘lmagan, cho‘qqilari yassi tog‘lar ham bor. Bu hududlar baland tizimlar va tog‘ oldi adirlari bilan tavsiflanadi.
O‘zbekiston hududini shartli ravishda 3 qismga bo‘lish mumkin: respublikaning sharq va janubiy-sharq qismida joylashgan tog‘lar; tog‘ oldi hududlari; tog‘ osti tekisliklari. Tog‘ hududlari rel’efning tipik shakllaridan iborat bo‘lib, balandlikning keskin o‘zgarishi, keskin yon-bag‘irlar, chuqur daralar, o‘tkir cho‘qqilar bilan tavsiflanib, bu hududlar shiddatli eroziya va ma’lum miqdorda akkumulyasiya arenasidir. Bu shakllar tog‘ etagi tomon yassilanib boradi, bu huddudning eng pastki qismi “tog‘ osti yassi tekisliklari”- deb nomlanadi. Tog‘ osti yassi tekisliklarining quyi qismidan tog‘ va tekislik hududlarining chegarasi o‘tadi.
Tekislik qismida balandlikning kam o‘zgarishi uning suv ostida hosil bo‘lganligi natijasidir. Bu erlar qurigan dengizlarning tekis cho‘kmalari yoki o‘tmish daryo va ko‘llarining yoyilmalaridir. Tekislik hududining katta qismida rel’ef eroziya va akkumulyativ jarayonlar ta’sirida shakllangan. Bu erlar qadim jinslardan tashkil topgan tog‘ qoldiq hududlari bo‘lib, ular uchlamchi va to‘rtlamchi davrlar yotqiziqlari bilan qoplangan. Bu hududlar “sahro past tog‘lari” deb ataladi.
Respublika hududida yog‘in-sochinlar har xil taqsimlangan. Sahro tekisliklarida yog‘in-sochinlar 1 yilda 100-200 mm ni tashkil etadi. Tog‘ oldi va tog‘ hududlarida yog‘in-sochinlar miqdori 900 mm gacha etadi.
Tog‘ tizimlari, tog‘ oldi-tog‘ osti to‘lqinsimon tekisliklari, uchlamchi platolar, allyuvial-delta va keng sahro tekisliklari turli geologik tuzilishlari, tuproq hosil qiluvchi jinslarining va gidrogeologik sharoitlarining har xilligi, turli gidrotermik rejimlari hamda o‘simlik qoplami bilan tavsiflanadi. Bu holat respublika hududida genetik jihatdan turli tuproqlarning rivojlanishiga sabab bo‘lgan.
Balandlik mintaqalari hududida yuqori yarusni subbareal va boreal o‘tloqi-dasht sharoitlarida, ko‘p hollarda buloqlar va doimiy qorliklar atrofidagi torf-botqoqli va o‘tloqi tuproqlar kompleksida shakllangan baland tog‘lik och qo‘ng‘ir-o‘tloqi dasht tuproqlari egallagan.
Och qo‘ng‘ir-o‘tloqi dasht tuproqlardan pastda, o‘rta tog‘liklarda, ayrim hollarda past tog‘larda ham, tog‘ subareal va subtropik iqlim sharoitlarida, butazor-tog‘li o‘tlardan iborat o‘simliklar va siyrak archazor o‘rmonlar qoplami ostida tog‘ jigarrang tuproqlari shakllangan.
Och qo‘ng‘ir-o‘tloqi dasht va tog‘ jigarrang tuproqlardan iqlim sharoitining keskinligi va yon bag‘irlarning kuchli qiyalikga egaligi tufayli asosan yaylov sifatida foydalaniladi. Bu tuproqlar asosan (kamayuvchi qatorda) Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari tog‘ tizimlarida keng tarqalgan.
Bu tog‘ tizimlarining tekisliklar bilan tutashgan hududlarda balandlik mintaqasiga kiruvchi bo‘z tuproqlar tarqalgan. Ular subtropik iliq va issiq tog‘ osti yarim sahro sharoitlarida shakllanadi. Bo‘z tuproqlar to‘rtlamchi davrning g‘ovak yotqiziqlarida asosan lyosslarda va lyossimon qumoqlarda, kam hollarda toshlik prolyuvial hamda delyuvial yotqiziqlarda rivojlangan. Bo‘z tuproqlar tipchalar darajasida to‘q tusli, tipik va och tusli bo‘z tuproqlarga ajratiladi.
To‘q tusli bo‘z tuproqlar bo‘z tuproqlar mintaqasining ustki qismini egallab, rel’ef sharoitlariga ko‘ra past tog‘larga kiritish mumkin bo‘lgan tog‘ oldi er maydonlarida shakllanadi. Bu tuproqlar Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida keng tarqalgan. Bu erlardagi sug‘oriladigan tuproqlarning eng katta er maydonlari Toshkent viloyatida, lalmikor tuproqlari esa Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida uchraydi.
Tipik va och tusli bo‘z tuproqlar tog‘ oldi va tog‘ osti hududlarida, ko‘pincha lyoss va lyossimon qumoqlardan, kam hollarda mayin-skeletli prolyuvial yotqiziqlardan tashkil topgan to‘lqinsimon va nishabsimon tekisliklarda shakllanadi. Bu tuproqlar respublikaning ko‘pgina viloyatlarida tarqalgan bo‘lib, faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Xorazm viloyatlarida uchramaydi.
Tog‘ osti nishabliklarida, yaqin joylashgan (1-2,5 m) bosimli er osti grunt suvlari ta’sirida o‘tloqi saz tuproqlar shakllanadi. Bo‘z tuproqlar mintaqasida, daryolarning quyi terrasalarida va konus yoyilmalarining chegara qismida grunt suvlari chuqur joylashmagan sharoitlarda (1-2,5 m) odatda sug‘orma dehqonchilikda foydalaniladigan o‘tloqi allyuvial tuproqlar shakllanadi. Bo‘z tuproqlar mintaqasining sug‘oriladigan allyuvial va saz o‘tloqi tuproqlari respublikaning boshqa tuproqlariga nisbatan eng yaxshi agrotexnik va agronomik xossa hamda xususiyatlarga ega. Bu tuproqlar tipik va och tusli bo‘z tuproqlar mintaqalarida tarqalgan.
Kenglik sahro zonasi hududida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Xorazm viloyatlari joylashgan bo‘lib, unga Qashqadaryo viloyatining g‘arbiy qismi, Navoiy viloyatining katta qismi, Surxondaryo viloyatining janubiy qismi va Farg‘ona vodiysining markaziy qismi ham kiradi.
Sahro zonasining uchlamchi qoldiq platolaridan, qadimiy konus yoyilmalaridan hamda Markaziy Qizilqum va boshqa past tog‘lar prolyuvial shleyflaridan iborat qadimiy yuzalarda shimoliy, tipik va kam rivojlangan sur tusli qo‘ng‘ir tuproqlar shakllangan.
Tub jinslar elyuviyida rivojlangan sug‘oriladigan sur tusli qo‘ng‘ir, sur tusli qo‘ng‘ir-o‘tloqi va o‘tloqi tuproqlar kam unumdor bo‘lib, meliorativ jihatdan yaxshilash hamda ishlab chiqarish qobiliyatini oshirishga muhtoj. Bu tuproqlarning eng ko‘p er maydonlari Buxoro, Navoiy, Namangan, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida uchraydi.
Sahro-qumli tuproqlar o‘simliklar bilan mustahkamlangan qumlarda shakllanadi. Doimiy sug‘orish va grunt suvlari sathining 2-3 metrgacha ko‘tarilishi sahro-qum tuproqlari gidrogeologik sharoitlarining o‘zgarishiga va ularning sahro-o‘tloqi tuproqlarga aylanishiga olib keladi.
Sur tusli qo‘ng‘ir va sahro-qum tuproqlar hamda tekis tubli pastqamliklardagi qumlar orasida o‘ziga xos tuproqlar-taqirlar shakllanadi. Taqirlarning usti poligonal yorilgan, zich va o‘simliksizdir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarining allyuvial tekisliklarida, Surxondaryo viloyatining prolyuvial tekisliklarida taqirli tuproqlar shakllanadi. Sug‘oriladigan taqirli tuproqlar Buxoro, Surxondaryo va boshqa viloyatlarda uchraydi. Sug‘orish natijasida taqirli tuproqlar taqirli-o‘tloqi tuproqlarga aylanadi.
Sahro zonasining daryo terrasalari va allyuvial-qayir tekisliklari hududida o‘tloqi allyuvial tuproqlar keng tarqalgan.
Sahro zonasida sho‘rxoklar ham keng tarqalgan bo‘lib, ular orasida egallagan er maydoni bo‘yicha eng ko‘p tarqalgani Orol dengizining qurigan tubida rivojlangan sho‘rxoklar hisoblanadi.
Sahroni tashkil etuvchi qumlar genezisi turlicha. Ular neogen qumliklar, qadimiy va zamonaviy allyuvial yotqiziqlar va boshqa jinslarning parchalanishi hosilasidir.
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi hozirgi kunlarda katta yuksalish davrini o‘tkazmoqda. O‘lkamizdan olinadigan qishloq xo‘jalik mahsulotlarining hosilini yanada oshirish suv, qishloq xo‘jalik texnikasi va mineral o‘g‘itlarni samarali qo‘llash bilan bir qatorda tuproq unumdorligidan to‘g‘ri va ongli foydalanish, tuproq sirlarini yaxshi bilish, uni jamiyat uchun foydali tomonga bura olish va boshqarishning yangi usullarini topishga asoslangan va ishlab chiqilgan yangi texnologiya va ilmiy tavsiyalar asosida tuproq unumdorligi tiklanib bormoqda.

Yüklə 1,31 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   52




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin