1 BOB. O‘ZBEKISTON TUPROQLARINI O‘RGANISH TARIXIDAN BA’ZI-BIR LAVHALAR O‘zbekiston erlarining umumiy maydoni 447,4 ming kv kilometr bo‘lib, shundan 4313,1 ming gektarida sug‘orilib dehqonchilik qilinadi.
Mustaqil O‘zbekistonimiz paxta, g‘alla makoni bo‘lishi bilan birga chorvachilik, sabzavotchilik, uzumchilik va boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yuqori va sifatli etishtiruvchi etakchi respublika hisoblanadi.
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish, xalqimizni turmush farovonligini yanada yuqori darajaga ko‘tarish davlatimizning moddiy texnika bazasini to‘la-to‘kis yaratish xususida va qishloq xo‘jaligining boshqa tarmoqlarini yuksaltirish sohasida respublikamiz oldida katta vazifalar turadi.
Shundan kelib chiqib, 1998 yilda Er resurslari Davlat qo‘mitasi tashkil qilinib, er to‘g‘risidagi bir qancha qonun va qarorlar qabul qilindi. Qo‘mita tasarrufidagi ilmiy tadqiqot muassalari tomonidan erlardan to‘g‘ri, oqilona va samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash, kimyo sanoatini rivojlantirish, suv xo‘jaligi qurilishini tubdan yaxshilash va undan to‘g‘ri hamda samarali foydalanish, qo‘riq erlarni o‘zlashtirish, mineral, organik, noan’anaviy o‘g‘itlarni yaratish va ulardan to‘g‘ri foydalanish hisobiga tuproq unumdorligini yanada oshirish va uni saqlash ustida jiddiy ishlar olib borilmoqda.
Hozirgi kunda respublikamizda yirik sug‘orish va irrigatsiya inshootlari qurilgan bo‘lib, sug‘oriladigan erlarning meliorativ holatini yaxshilash hamda qishloq xo‘jalik ekinlarini butun vegetatsiya davomida suv bilan ta’minlash maqsadida Sirdaryo, Amudaryo va Zarafshon daryolari yo‘nalishi bo‘ylab 50 dan ortiq suv havzalari qurilgan, bularning hammasi xalqimizning qishloq xo‘jalik mahsulotlariga o‘sib borayotgan ehtiyojini yanada mukammal ta’minlash va mahsulotlarning sifatli, ekologik jihatidan toza hamda arzon bo‘lishiga qaratilgandir.
Ma’lumki, qishloq xo‘jalik ekinlarining hosildorligi, uning sifati va ekologik tozaligi ko‘p jihatdan tuproq unumdorligiga bog‘liqdir. Shuning uchun ham mustaqil davlatimiz tuproqlarini o‘rganish, saqlash, unumdorligini yil sayin oshirib borish, sug‘orish oqibatida erlarning buzilishi (sho‘rlanishi, eroziyaga uchrashi, ekologik muhitini buzilishi) sabablarini o‘rganish bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy va amaliy ishlari uchun juda katta mablag‘ sarflamoqda. Turli mintaqa tuproqlarini o‘rganish, tuproq xaritalarini tuzish va uni baholash uchun hozirgi kunda ilmiy tadqiqot va loyihalash institutlarida bir qancha ekspeditsiyalar tuzilgan bo‘lib, tuproq unumdorligi va uni boshqa hususiyatlari har tomonlama chuqur o‘rganilmoqda hamda kerakli tavsiyanomalar yaratilmoqda. Darhaqiqat tuproqning asosiy xossa, xususiyati va sifatini hamda rivojlanish tarixini bilmay turib, uning unumdorligini muttasil oshirish mineral va organik o‘g‘itlar hamda suv va erdan to‘g‘ri foydalanishni tashkil qilish mumkin emas, shu sababli O‘rta Osiyo, xususan O‘zbekiston hududlarida tarqalgan tuproqlar ustida to‘plangan ma’lumotlar to‘g‘risida qisman ma’lumotlarga ega bo‘lish maqsadga muvofiqdir.
Tarixdan ma’lumki, O‘rta Osiyo tuproqlarini o‘rganish to‘g‘risidagi ma’lumotlar Pyotr davridan boshlab adabiyotlarda mavjud bo‘lib, bizgacha etib kelgan, lekin mustaqillik davrining birinchi kunlaridanoq olimlarimizning olib borgan izlanishlari, horijiy manbalar shundan dalolat beradiki, asrimizning minginchi yillarida ijod qilgan buyuk allomalarimiz Al Beruniy, Al Xorazmiy asarlarida tuproqlar, ularning xossa va hususiyatlari to‘g‘risida bir qancha qimmatli ma’lumotlar keltirilgan. Masalan, Beruniy asarlarida tuproq tarkibidagi minerallar va ularning fizik xossalarini turli omillar ta’sirida o‘zgarishi to‘g‘risida ilk ma’lumotlarni bergan. Shu bilan birga Sirdaryo, Amudaryo va Zarafshon daryolarining oqish yo‘llari ularning sug‘orishdagi roli to‘g‘risida ham qimmatli ma’lumotlar keltirilgan.
Tuproq to‘g‘risidagi nisbatan aniq ma’lumotlar, faqat o‘tgan asrning o‘ninchi yillarida rus olimlari tomonidan berilgan. Masalan, 1908-1910 yillarda birinchi tuproq izlanuvchilaridan K.D.Glinka, N.A.Dimo, S.S.Neustruev, I.P.Gerasimov va boshqalar tomonidan tekislik va tog‘ tuproqlari ajratilib, tekislik qismida bo‘z, qo‘ng‘ir va qora tuproqlar, tog‘larda esa ularning anologi tarqalgan deb tasniflashadi.
Shu yo‘llar bilan to‘plangan ma’lumotlar va olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida Dimo, Neustruev va Gerasimovlar bo‘z tuproqlarni alohida zonal tuproqlar deb ajratishgan. Keyinchalik N.A.Dimo (20-30 yillarda) bir qancha ekspeditsiyalarda qatnashib to‘plagan tajribalariga asoslanib, O‘rta Osiyo tuproqlarini sahro tuproq hosil bo‘lish jarayoni deb belgilaydi va ularni oddiy sahro bo‘z tuproqlari, sahro sariq tuproqlari va sahro gipslangan bo‘z tuproqlarga bo‘ladi. Tog‘ tuproqlariga esa: yarim sahro yoki sahro-cho‘l mintaqasining tog‘ va tog‘ oldi och tusli bo‘z, quruq cho‘l zonasining tog‘li qo‘ng‘ir tuproqlari va tog‘li qora tuproqlarga o‘xshash tuproqlarni ajratadi. Undan keyin E.N.Ivanova, I.P.Gerasimov, Tarasovlar Amudaryo quyi oqimi sug‘oriladigan tuproqlari va ularni bo‘linishi to‘g‘risida bir qancha ilmiy asarlar yozishgan (1930-1932). 1938 yilda E.P.Korovin va A.N. Rozonovlarning “O‘rta Osiyo tuproq va o‘simlik qoplamini ishlab chiqarish kuchi” nomli ilmiy ishi chop etiladi, so‘ngra B.V.Gorbunov; N.V.Kimberg va S.A.Shuvalovlarning 3 tomli “Почвы Узбекской ССР” nomli monografiyasi 1945 yilda chop qilindi.
Shundan so‘ng bu olimlarning izdoshlari va shogirdlari O‘zbekiston tuproqlarining geografik tarqalishi, ularning klassifikatsiyasi, xossa va xususiyatlari hamda ularni sug‘orish tasirida o‘zgarishi haqida bir qancha nazariy va amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan asarlar chop qilishgan. M.A.Pankov, M.A.Orlov, S.N.Rijov, S.P.Suchkov, M.A.Rasulov, M.U.Umarov, X.A.Abdullaev, O.Komilov, M.Baxodirov, N.F.Bespalov, J.Sattarov, Q.Mirzajonov, X.Maxsudov, I.Turapov, X.T.Risqieva, X.X.Tursunov, L.T.Tursunovlar shular jumlasidandir. Bugungi kunda ularni davomchisi bo‘lgan, R.Qo‘ziev, S.Abdullayev, L.A.Gafurova, M.M.Toshqo‘ziev, R.Qurvontoev, T.Abdraxmanov, S.Sidiqov va bir qancha olimlar borki, ular tuproqlarning butun xossa-xususiyatlarini o‘rgangan holda tuproq unumdorligini tiklash, oshirish va muhofaza qilish borasida katta asarlar, qo‘llanmalar va tavsiyalar yaratib, ijod qilmoqdalar.