(rel’efi, geografiyasi, tuproq hosil qiluvchi ona jinslari) O‘zbekistonning rel’efi-er ustining tuzilishi bilan tanishish maqsadida, O‘rta Osiyo xaritasini oldingizga qo‘yib, yaxshilab qarab chiqing. Xarita bo‘yicha sayohat qilsangiz, dastlab O‘rta Osiyo er usti rel’efining juda xilma-xilligi ko‘zga tashlanadi.
O‘rta Osiyoning janub va sharq tomonlari dunyodagi eng buyuk tog‘ tizmalari bilan o‘ralgan, g‘arb va shimolida esa eng katta tekisliklar va hatto er sharidagi eng katta ko‘llar - Orol va Kaspiy dengizlari joylashganligini ko‘ramiz.
Endi siz xaritadan O‘zbekiston joylashgan maydonlarni ajratib oling va uning ham er yuzasi tuzilishi bilan tanishib chiqing. Bu o‘lkada ham katta tekisliklar, plato va qirlar, adirlar va tog‘lar mavjud ekanligini ko‘rasiz. Shu narsa diqqatga sazovorki, tog‘lar, qirlar va tekisliklarning geografik tarqalishida qandaydir qonuniyat borligi sezilib turadi. Darhaqiqat, tekisliklar asosan Amudaryo, Zarafshon va Sirdaryoning o‘rta va quyi oqimlariga joylashgan bo‘lib, o‘lkamiz maydonining 70-75 % ni egallagan. Bu tekisliklarda Buxoro, Xorazm, Qashqadaryo, Samarqand, Farg‘ona vodiysi kabi eng manzarali vohalar bilan bir qatorda «Qush uchsa qanoti, odam yursa oyog‘i kuyadigan» Qizilqum, Sunduklikum, Malik cho‘li, Qarshi va Karnob cho‘li singari bepoyon cho‘llar ham joylashgan.
O‘zbekistondagi bu tekislik buyuk Turon past tekisligining davomi hisoblanadi. Uning shimoliy-g‘arbida esa bebaho boyliklari yashirinib yotgan baland tekislik -Ustyurt platosi bor. Shuni ham ta’kidlash lozimki, hozirda mazkur cho‘llarning ko‘pchilik qismi o‘zlashtirib borilmoqda.
O‘zbekistonning g‘arbidan sharqiga qarab yursangiz, rel’efning asta sekin ko‘tarilib borishini ko‘rasiz. Masalan, respublikamizning shimoliy-g‘arbiy qismi-Amudaryo quyi oqimining balandligi dengiz sathidan 60-100 metr bo‘lsa, Qizilqum cho‘li 100-150 metr, Ustyurt platosi esa 200-250 metrdir. O‘zbekistonning janubiy va sharqiy qismidagi tog‘ oldi qiyaliklari va adirlari dengiz sathidan 400-800 metr balandlikda joylashgan. Toshkent, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Farg‘ona kabi o‘lkamizning yirik shaharlari va eng ko‘p ekin ekiladigan erlari mana shu balandlikdadir.
Respublikamizning sharqida Tyan-Shan va Oloy tog‘larining g‘arbiy tarmoqlari, Hisor, Turkiston, Zarafshon, Chotqol, Pskom va Qurama tog‘ tizmalari mavjud bo‘lib, ushbu tog‘larning o‘rtacha balandligi 2000-2500 metr, ayrim cho‘qqilarining balandligi esa 4600 metrdan oshadi. Baland tog‘ qoyalari,ayniqsa ularning cho‘qqilari yoz oylarida ham erib tugamaydigan qorliklar va muzliklar bilan qoplangan bo‘lib, qorlik va muzliklar daryolarimizning asosiy suv manbalari hisoblanadi.
Tog‘li erlarning rel’efi baland-pastlikliklardan iborat bo‘lib, ularda bir-biriga ketma-ket ulanib ketgan go‘zal vodiylar, tik balandliklar, nihoyatda tor daralar va do‘ngliklar bilan bir qatorda manzarali yaylovlar, tog‘ tekisliklari mavjud.
Shundan kelib chiqib, O‘zbekistonning rel’efi er yuzasi juda xilma-xil ekanini ko‘rish mumkin. U asosan sharqdan va janubiy- sharqdan g‘arbga va shimoliy-g‘arbga tomon asta sekin pasayib boradi. Shu sababli katta daryolarimizning xammasi shu tomonga qarab oqadi.
O‘lkamiz tabiati, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda tuproqlarining xilma-xil bo‘lishiga rel’ef to‘g‘ridan-to‘g‘ri katta ta’sir qiladi. Mana shularni hisobga olib, atoqli o‘zbek olimi K.Z.Zokirov O‘zbekistonda to‘rtta tabiat majmuasi mavjudligi va ular bir-biridan har tomonlama farq qilishini ko‘rsatib berdi (1-jadval).
1-jadval