Bolaning har tomonlama rivojlanishini ta’minlash uchun maktabgacha ta’lim muassasasi ota-onalar bilan o‘zaro hamkorlikning quyidagi shakllarini tashkil qilishi mumkin:
ota-onalarning maktabgacha ta’lim muassasasi borasidagi fikrlarini hisobga olish;
ilk rivojlanish masalalarida ota-onalarga bilim berish;
ota-onalarni o‘quv-tarbiyaviy jarayonda faol qatnashishga jalb etish;
ota-onalarning muassasa hayotida ishtirok etish borasidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash.
3-bob. Maktabgacha yoshdagi bolalarga ta’lim berishda kompetensiyaviy yondashuv Maktabgacha yoshdagi bolalarga ta’lim berishda kompetensiyaviy yondashuv o‘sib borayotgan bola shaxsini hayotga tayyorlash, unda hayotiy muhim masalalarni hal qilish uchun zarur bo‘lgan, axloqiy me’yor va qadriyatlarni o‘zlashtirish, boshqa insonlar bilan muloqot qilish, «Men» obrazini qurish bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyat usullarini shakllantirishga tayyorgarlikni ko‘zda tutadi.
Boshlang‘ich muhim kompetensiyalar bolaning faoliyat va axloq sub’ekti sifatidagi yaxlit rivojlanishini talab etadi.
Kompetensiya bolaning bilim, ko‘nikma, malaka va qadriyatlari majmuidir. Boshlang‘ich kompetensiyalar, rivojlanish sohasidan qat’i nazar, bola shaxsi shakllanishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
3.1. Maktabgacha yoshdagi (6-7 yosh) bolaning umumiy muhim kompetensiyalari
Kommunikativ kompetensiya – muloqot vositalaridan turli vaziyatlarda foydalana bilish ko‘nikmasi.
O‘yin kompetensiyasi – bolaning o‘yin jarayoni va uni tashkil qilishda tajriba, bilim va ko‘nikmalardan ijodiy foydalanishi. O‘quv-tarbiyaviy faoliyat uchun asos hisoblanadi.
Ijtimoiy kompetensiya – hayotiy vaziyatlarda kattalar va tengdoshlar bilan muloqotda axloq qoidalari va me’yorlariga rioya qilgan holda o‘zini tutish mahorati.