Mavzu: O‘qitish shakllari va ularning uzviyligi
Reja
1. Dars va unga qo‘yilgan talablar.
2. Darsdan tashqari ishlarni tashkil etishda o‘quvchilar o‘quv-tadqiqot ishlarini
tashkil etish metodikasi
3. Sinfdan tashqari ishlar va ekskursiyalarni kompetensiyaviy yondashuv asosida
tashkil etish.
Dars va unga qo‘yilgan talablar. Biologiya o‘qitish metodikasida o‘qitish
jarayonini tashkil etishning turli shakllari belgilangan. Ularga dastur talablarini
amalga oshiradigan o‘qitishning asosiy shakli bo‘lgan dars, unga bog‘liq holda
ekskursiyalar, uy ishlari, darsdan tashqari ishlar va ixtiyoriy ravishda tashkil
etiladigan sinfdan tashqari mashg‘ulotlar kiradi. Mazkur o‘qitish shakllari
birgalikda biologiya o‘qitish shakllari tizimini tashkil etadi.
Dars-maktab
taʼlimining asosiy tashkiliy shakli. Dars muayyan miqdordagi doimiy oʻquvchilar
tarkibi bilan qatʼiy tartibda uyushtiriladigan va aniq maqsadga yoʻnaltirilgan
didaktik tadbirdir.
Dars bevosita о‘qituvchi rahbarligida aniq belgilangan vaqt
davomida muayyan о‘quvchilar guruhi bilan olib boriladigan ta’lim jarayonining
asosiy shakli sanaladi. O‘qitishning asosiy shakli bo‘lgan – dars, ularni bog‘lovchi
vazifasini bajaradi va o‘qitishda yetakchi o‘rinni egallaydi.
Dars–biologiyani o‘qitishning asosiy shakli bo‘lib, uning tuzilishi, tashkil
etilishi, unda o‘quvchilarning bilish faoliyatini tashkil etish, boshqarish va
faollashtirish masalalari biologiya o‘qitish metodikasining asosiy muammosi
sanaladi.
Darsda o‘quv dasturi talablari asosida ta’lim-tarbiya uzviyligini ta’minlash,
bu jarayonda o‘qitish metodi, vositalaridan samarali foydalanish orqali
o‘quvchilarning ilmiy dunyoqarashini kengaytirish, DTS bilan me’yorlangan
ta’lim mazmuni va uning tarkibiy qismlarini shakllantirish, ma’naviy-axloqiy
tarbiyalash amalga oshiriladi.
O‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berish sifati va o‘qitish samaradorligi darsning
tashkil etilishi, ularda o‘quvchilarning bilish faoliyatini tashkil etish, boshqarish va
faollashtirish masalalariga bog‘liq bo‘ladi.
Dars biologiya o‘quv dasturi bilan me’yorlangan mazmunni o‘rganish
maqsadida yoshi, tayyorgarlik darajasi bir xil, doimiy tarkibga ega bo‘lgan
o‘quvchilardan iborat guruh (sinf)larda belgilangan vaqt doirasida, qat’iy jadval
asosida biologiya o‘quv xonasida tashkil etiladi. O‘rganiladigan mavzu
mazmunidan kelib chiqqan holda, darslar tirik tabiat burchagida, o‘quv tajriba
maydonida, biologik muzeylarda tashkil etilishi ham mumkin.
Dars o‘qitish hamma o‘quvchilar uchun umumiy bo‘lgan o‘quv dasturi
asosida tashkil etiladi. O‘qituvchi o‘rganilayotgan mavzu mazmuni, ta’limiy,
tarbiyaviy va rivojlantiruvchi maqsadlariga muvofiq, o‘quvchilarning bilish
faoliyatini tashkil etish, boshqarish va faollashtirishga qaratilgan pedagogik
faoliyatni amalga oshiradi. Demak, o‘quvchilarning darsdagi faoliyati ularning
o‘quv-bilish faoliyatini, o‘qituvchining faoliyatini tashkil etish, boshqarish va
faollashtirishga qaratilgan pedagogik faoliyat sanaladi. Darsda o‘quvchilarning
o‘quv-bilish faoliyati, o‘qituvchining pedagogik faoliyati bilan uyg‘un tashkil
etilgandagina o‘qitish maqsadlariga erishish mumkin.
Har bir dars o‘quvchilarning mavzuga oid bilim, ko‘nikma va malakalarni
egallash, kompetensiyalarni shakllantirish, ilmiy dunyoqarashini kengaytirish,
aqliy rivojlanishi, shaxs sifatida tarbiyalash, atrof-muhitga ongli munosabatni
tarkib toptirishga xizmat qiladi va biologiyani o‘qitishdan nazarda tutilgan umumiy
maqsad va vazifalarning bajarilishiga o‘z hissasini qo‘shadi. Darsning
muvaffaqiyatli tashkil etilishi ko‘p jihatdan o‘qituvchining darsga qo‘yiladigan
talablarni bilishi, unga amal qilishiga bog‘liq. Mazkur talablar jamiyatimizning
ijtimoiy-iqtisodiy
taraqqiyoti,
ma’naviy-ma’rifiy
qarashlari,
ta’lim
muassasalarining maqsadi va vazifalari, o‘qitish qonuniyatlari va prinsiplaridan
kelib chiqqan holda belgilanadi.
Biologiya o‘qitish metodikasida darsga qo‘yiladigan talablar uch guruh
(metodik, tarbiyaviy va tashkiliy talablar)ga ajratiladi.
Metodik talablar jumlasiga:
har bir darsning ta’limiy maqsadlari va uning darslar sistemasida tutgan
o‘rnini aniq belgilash;
o‘quvchilarning tayyorgarlik darajasi, o‘qitish maqsadlari, o‘quv
dasturining talablariga mos holda o‘quv materialini optimal darajada tanlash;
darsda rivojlantiriladigan umumiy va shakllantiriladigan xususiy biologik
tushunchalar, tarkib toptiriladigan ko‘nikma va malakalar, kompetensiyalarni
aniqlash;
darsning har bir bosqichini amalga oshirish maqsadida o‘qitishning samarali
metodlari, vositalari, bilimlarni nazorat qilish va rag‘batlantirish metodlarini
aniqlash va ularni uyg‘unlashtirish orqali o‘quvchilarning bilish faoliyatini
faollashtirish;
darsda o‘quvchilarni yalpi o‘qitish bilan bir qatorda yakka va kichik
guruhlarda mustaqil ishlarini tashkil etish orqali ularda tahsil olishga bo‘lgan
ehtiyojini qondirish, qiziqishini orttirish, mustaqillikni rivojlantirish kabilarni
kiritish mumkin.
Darsga qo‘yiladigan tarbiyaviy talablar:
o‘quvchilarning ilmiy dunyoqarashini kengaytirish, ma’naviy-axloqiy, aqliy,
gigiyenik, jismoniy, jinsiy, iqtisodiy tarbiya berish, estetik tuyg‘u, mehnatsevarlik,
ekologik madaniyatni tarkib toptirish imkoniyatlarini hisobga olgan holda
tarbiyaviy maqsadlarining aniq qo‘yilishi;
o‘quvchilar tomonidan bilimlarni mustaqil o‘zlashtirish ko‘nikma va
malakalari, biologiyani o‘rganishga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, qiziqishini
rivojlantirish, ularning faoliyatidagi ijodiy faollik va tashabbuskorlikni
rag‘batlantirish;
o‘qituvchi tomonidan yuqori darajadagi pedagogik takt va muloqot
madaniyatiga amal qilish kabilarni o‘zida mujassamlashtiradi.
Darsga qo‘yiladigan tashkiliy talablar o‘z ichiga quyidagilarni oladi:
mavzuli reja asosida darsning ilmiy-metodik saviyada loyihalangan
ishlanmasi mavjudligi;
darsning har bir bosqichini tashkil etishning aniq rejalashtirilganligi;
mavzuga oid tarqatma va didaktik materiallar, o‘quvchilar bilimini nazorat
qilish va baholash uchun o‘quv topshiriqlari, differensial topshiriqlarning
tuzilganligi;
vaqtdan unumli foydalanishni yo‘lga qo‘yish uchun darsning texnologik
xaritasining mavjudligi;
o‘qitish vositalarining mavjudligi va ulardan samarali foydalanishni yo‘lga
qo‘yilishi kabilarni oladi.
Biologiya o‘qituvchisi ushbu talablarni yaxshi bilishi, darslarga tayyorgarlik
ko‘rish va o‘tkazishda, albatta, ularga amal qilishi lozim. Dars, ekskursiyalar, uy
ishlari, darsdan tashqari ishlar va sinfdan tashqari mashg‘ulotlar birgalikda
biologiyani o‘qitishdan ko‘zda tutilgan umumiy o‘quv maqsadlariga erishishni
ta’minlaydi. O‘quvchilar tomonidan o‘quv materialini o‘zlashtirish, olingan
natijalarni tahlil qilishga xizmat qiladi.
O‘qitishni tashkil etish tizimining tarkibiy qismlari bo‘lgan dars, ekskursiya,
uy ishlari, darsdan tashqari ishlar va sinfdan tashqari mashg‘ulotlarning har biri
biologik ta’lim oldiga qo‘yilgan umumiy maqsadlarni amalga oshirishga xizmat
qiladigan alohida o‘z ulushi mavjud.
O‘qitish jarayonini tashkil etishning turli shakllarida ta’lim mazmuni,
maqsadi, vazifasiga bog‘liq holda muayyan metod va vositalardan foydalaniladi.
Shu sababli, o‘qituvchi tomonidan o‘qitish shakllarini tanlash muhim ahamiyat
kasb etadi. Ya’ni, ta’lim mazmuni, mazkur shakllarning maqsadi, vazifasi, ta’lim-
tarbiya jarayonida tutgan o‘rni, ularning xususiy maqsadlariga mosligi e’tiborga
olinishi lozim. Biologiyani o‘qitish shakllari: dars, ekskursiya, uy ishlari, darsdan
tashqari ishlar va sinfdan tashqari mashg‘ulotlar muayyan tizimni hosil qilib, ular
o‘quvchilarda belgilangan bilim, ko‘nikma va malakalarni o‘zlashtirish, ilmiy
dunyoqarashini kengaytirish, tabiatga nisbatan ongli munosabatni tarkib toptirish,
bilish faoliyati usullarini egallash va o‘qitish samaradorligini orttirishga xizmat
qiladi.
Dars o‘qitishning asosiy shakli bo‘lib, unda biologiya o‘quv dasturidan o‘rin
olgan o‘quv materialining asosiy qismi o‘rganiladi. Darsda o‘qituvchi ta’lim
mazmuni, o‘qitish metodi va vositalarining uyg‘unligi orqali o‘qitish maqsadlariga
erishishni nazarda tutadi. Lekin, hamma masalalarni ham darsda o‘rganish imkoni
bo‘lmaydi. Masalan: Uzoq muddatli kuzatish ishlarini talab etadigan tajribalarni
o‘tkazishda darsdan tashqari ishlardan foydalaniladi.
Uy ishlari dars bilan uzviy bog‘langan bo‘lib, u darsda o‘rganilgan
mazmunning mantiqiy davomi va o‘quvchilarning mustaqil bilim olish omili
sanaladi. O‘qituvchining topshirig‘i va ko‘rsatmasiga binoan, o‘quvchilar uncha
murakkab bo‘lmagan tajribalarni o‘tkazish, tabiatda kuzatishlar olib borish,
qo‘shimcha adabiyotlarni o‘rganish, muayyan mavzularda ma’ruza yoki referat
tayyorlash, kolleksiyalar tayyorlash ishlarini amalga oshiradilar. O‘quvchilar o‘quv
topshiriqlarini bajarish orqali bilish faoliyati usullarini egallashga zamin
tayyorlanadi. Uyda bajariladigan amaliy ishlar tabiiy material bilan mustaqil
amaliy ish bajarishni talab etuvchi har xil topshiriqlar katta ahamiyatga ega. Uy
vazifalari morfologik va fiziologik xarakterda bo‘lishi mumkin. Morfologik
xarakterdagi vazifalar gerbariy tayyorlash, gul qismlarini ajratish kabilar. Darsda
tegishli materialni o‘rganilgandan so‘ng bilimni mustahkamlash uchun beriladi.
Fiziologik mazmundagi topshiriqlarni tajriba yoki kuzatish natijalaridan tegishli
darslardan foydalanish uchun olidindan berish ma’qul.
Dastlabki eksperimental ishlarni ma’lum muddatda qaysi darsda foydalanish
uchun ularni o‘quvchilarga topshirish vaqtini hisoblab chiqish zarur. Bunday uy
vazifalari ko‘proq botanikadan bo‘lishi mumkin. Ularni bajarish uchun taxminan
necha kun kerakligi quyida keltirilgan.
Gerbariy quritish uchun – 7 kun
Urug‘ning har xil sharoitda unib chiqishi – 7 kun
Ildizning o‘sishini kuzatish – 10 kun
Qalamcha va parxishdan o‘simlik o‘stirish uchun – 14 kun
Tajribalar natijasini o‘quvchilar o‘qituvchining ko‘rsatmasiga binoan
tegishli darslarga olib keladilar. Tajribalar haqida ma’lumot beradilar. O‘z
tajribasini o‘qituvchi bajarayotgan tajriba bilan taqqoslaydilar. Zoologiya bo‘yicha
amaliy ishlar asosan kuzatishlar bilan bog‘liqdir. Masalan: qushlarning in qurishi,
tuxum bosib yotishi, qaldirg‘ochlarning jo‘jalariga hasharotlar olib kelishi
kabilardir.
Odam va uning salomatligi kursidan uy vazifalari ham amaliy va tadqiqiy
mazmunda bo‘lishi mumkin. Bularga uy sharoitlarida suyaklarni kuydirish, ularni
kislotaga solish, hayvonlarda shartli reflekslar hosil qilish kabilarni olish mumkin.
Shunday qilib, o‘quvchilarning uy vazifalari xilma-xil bo‘lishi mumkin:
darslik bilan ishlash;
savollarga javoblar topish;
jadvallar tuzish;
mavzu yakunidagi topishmoqlarning javoblarini topish, krossvordlarni
ishlash;
qo‘shimcha adabiyotlar, jurnal va badiiy adabiyotlar o‘qish;
mavzular uchun maqola va rasmlar tanlash;
tabiiy obyektlar bilan ishlash;
o‘simlik va hayvonlarni kuzatish;
tajribalar qo‘yish va h.k.
Darsdan tashqari ishlar o‘qituvchining ko‘rsatmasi asosida o‘quvchilar
tomonidan bajariladigan majburiy o‘qitish shakli sanaladi. Dastur talablari asosida
o‘quvchilar darsdan tashqari ishlarni yakka tartibda yoki kichik guruhlarda
bajarilishi lozim.
Darsdan tashqari ishlar jumlasiga muayyan mavzularda kuzatish olib borish,
tajribalar o‘tkazish, o‘quv jihozlari, ko‘rgazma materialini tayyorlash kiradi.
Darsdan tashqari ishlar mohiyati va mazmuniga ko‘ra biologiya o‘quv
xonasida, tirik tabiat burchagida, tabiatda bajarilishi mumkin. Masalan, botanikani
o‘qitishda urug‘ning unishi uchun zarur shart-sharoitlar, urug‘ning nafas olishi,
o‘simtaning o‘sishi va rivojlanishiga oziq moddalar miqdorining ta’siri kabi
tajribalar mavzuni o‘rganishdan avval o‘quvchilar tomonidan o‘tkaziladi va
natijasi darsda muhokama etiladi. Darsdan tashqari ishlarning davomiyligiga ko‘ra:
qisqa muddatli, mavsumiy yoki yillik bo‘lishi mumkin. Yuqorida qayd etilgan
tajribalar qisqa muddatli, botanika va zoologiya o‘quv fanlaridan beriladigan yozgi
topshiriqlar mavsumiy, o‘simliklardagi mavsumiy o‘zgarishlarni kuzatish yillik
darsdan tashqari ishlar sirasiga kiradi.
Dostları ilə paylaş: |