I BOB. MILLIY IQTISODIYoTNING SHAKLLANISHI VA RIVOJLANISHI REJA: § 1. Milliy va jahon iqtisodiyot tushunchasi, mazmuni, kursning predmeti. § 2. O’zbekiston Respublikasining bozor iqtisodiyotiga o’tishi va milliy iqtisodiyotni shakllanishi. 1.1. Milliy iqtisodiyot tushunchasi, mazmuni, kursning predmeti. Iqtisodiyot keng ma’noda – bu bir tomondan, o’ziga xos qonunlar asosida
rivojlanadigan ishlab chiqarish va noishlab chiqarish tarmoqlarini birlashtirgan
xo’jalik bo’lib, ikkinchi tomondan iqtisodiyot, yuqori mehnat unumdorligiga
erishish, aholini turmush darajasini yaxshilash va cheklangan resurslardan unumli
foydalanish maqsadida iqtisodiy qonunlarni o’rganish bilan shug’ullanadigan eng
qadimiy fanlardan biridir.
Iqtisodiyotning 3 xil tushunchasi bor:
· Ishlab chiqarish munosabatlarining yig’indisi;
· Tuman xo’jaligi, mamlakat yoki mamlakatlar xo’jaligi yoki dunyo xo’jaligi;
· Iqtisodiy munosabatlarni tarmoqlararo yoki funktsional aspektlarini
(tomonlarini) o’rganadigan fan tarmog’i.
“Milliy iqtisodiyot” atamasi esa keyingi yillarda “mamlakat iqtisodiyoti”,
“respublika iqtisodiyoti”, “milliy xo’jalik”, “xalq xo’jaligi”, “ijtimoiy ishlab
chiqarish” tushunchalarining sinonimi sifatida ilmiy adabiyotga, boshqarish va
xo’jalik amaliyotiga kirib keldi.
Milliy iqtisodiyotning quyidagi xarakterli belgilari va shart-sharoitlari
mavjud:
- milliy va davlat suvereniteti;
- hududiy yaxlitlik;
- iqtisodiy maydon va huquqiy muhit birligi;
- yagona to’lov vositasi – milliy pul birligi, moliya tizimi yaxlitligi;
-
ichki bozorning rivojlanganligi, tashqi iqtisodiy va geopolitik
munosabatlarning barqarorligi va boshqalar.
Milliy iqtisodiyot murakkab tizim sifatida tashkiliy, tuzilmaviy, resurs,
institutsional va boshqa kichik tizimlar, komponentlardan tarkib topadi.