5-modda. Qonuniylik prinsipi Kiberxavfsizlikni ta’minlashda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining, ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlarining talablariga og‘ishmay rioya etilishi hamda ular bajarilishi shart.
Qonunchilik talablarini aniq bajarishdan va ularga rioya etishdan har qanday tarzda chetga chiqish, buning sabablari qanday bo‘lishidan qat’i nazar, qonuniylikning buzilishidir va u belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
6-modda. Kibermakonda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilishning ustuvorligi prinsipi Kibermakonda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilish davlatning kiberxavfsizligini ta’minlashda ustuvor hisoblanadi.
7-modda. Kiberxavfsizlik sohasini tartibga solishga nisbatan yagona yondashuv prinsipi Kiberxavfsizlik sohasini tartibga solishga nisbatan yagona yondashuv ma’lumotlarga ishlov berish hamda ularni himoya qilish bo‘yicha dasturiy va texnik vositalarni ishlab chiqish hamda joriy etish jarayonini tashkil etish, uning monitoringini va nazoratini amalga oshirishga qaratilgan axborot tizimlarini hamda resurslarini kiberhimoya qilishning yagona davlat tizimi joriy etilgan holda ta’minlanadi.
Kiberxavfsizlikni ta’minlash ushbu sohadagi munosabatlarni huquqiy, ma’muriy va texnik jihatdan tartibga solish tizimini shakllantirishda yagona yondashuvlar asosida amalga oshirilishi kerak.
8-modda. Kiberxavfsizlik tizimini yaratishda mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirokining ustuvorligi prinsipi Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining kiberxavfsizligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) xarid qilishda O‘zbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqarilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) xorijda ishlab chiqarilgan mahsulotga nisbatan ustuvorlikka ega bo‘ladi.
9-modda. O‘zbekiston Respublikasining kiberxavfsizlikni ta’minlashda xalqaro hamkorlik uchun ochiqligi prinsipi O‘zbekiston Respublikasi kiberxavfsizlikni ta’minlash sohasida xalqaro shartnomalar doirasida xalqaro tashkilotlar, chet davlatlar va ularning vakolatli idoralari bilan xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.