Uslubiy xoslangan va uslubiy betaraf so‘zlar
Adabiy tilning ijtimoiy hayotdagi ma’lum soha doirasiga, ma’lum nutqiy vaziyatga xoslangan ko‘rinishi nutq uslubi hisoblanadi. So‘zlar ma’lun nutq uslubiga xoslanish – xoslanmaslik belgisiga ko‘ra uslubiy xoslangan va uslubiy betaraf so‘zlarga bo‘linadi. Ayrim nutq uslubi doirasidagina qo‘llanadigan so‘zlar uslubiy xoslangan so‘zlar, bunday xususiyatga ega bo‘lmagan so‘zlar uslubiy xoslanmagan yoki betaraf so‘zlar deyiladi.
Tovush, urg‘u, bo‘g‘in, undalma, morfema, omonim, sinonim, uslubiyatkabi qator so‘zlar uslubiy xoslangan so‘zlardir. Chunki bu so‘zlar asosan tilshunoslik fani doirasida qo‘llaniladi.
Osmon, xalq, bayram, o‘quvchi, dars, tushlik, salomatlik, odam kabi so‘zlar barcha nutq uslublari doirasida birdek qo‘llanish imkoniga egaligi sababli uslubiy betaraf so‘zlar qatoriga kiradi
. So‘zlashuv uslubi va uning xususiyatlari. Shevaga xos so‘zlar.
Oilada, ko‘cha – ko‘yda kishilarning fikr almashish jarayonoda qo‘llanadigan nutq uslubi so‘zlashuv uslubi deyiladi. So‘zlashuv uslubiy adabiy va oddiy so‘zlashuv uslublarini o‘z ichiga oladi. Adabiy til me’yorlariga qat’iy amal qilingan so‘zlashuv uslubi adabiy so‘zlashuv uslubi, bunday xususiyatga ega bo‘lmagan so‘zlashuv uslubi esa oddiy so‘zlashuv uslubidir. So‘zlashuv uslubining har ikki turi ko‘pincha dialog shaklida ro‘yobga chiqadi. Bu uslubda so‘zlar odatda kinoya, piching, qochirmalarga boy bo‘ladi. So‘zlashuv uslubining yana bir o‘ziga xos xususiyati erkinligidir. Jumlalar qisqa va ta’sirli bo‘lib, ko‘pincha so‘z – daplar, to‘liqsiz gaplar, maqol va matallar hamda iboralardan keng foydalaniladi.
Umumxalq tili ma’lum bir xalqning so‘zlashuv tilidir. Adabiy tilesa ma’lum bir til qoidalari asosida tuzilgan, ishlangan, sayqal berilgan tildir. Umumxalq tili kengroq hajmda bo‘lib, u sheva va lahjalar, kasb-hunarga oid so‘zlar, atamalar, jargonlar, ma’lum toifa (biror ijtimoiy guruh) ga oid so‘zlarni ham o‘z ichiga oladi. Bu xil tilda nutq erkin bo‘lib, til qoidalariga asoslanilmaydi.
Faqat muayyan bir hududga xos ayrim belgilarni o‘zida namoyon qilgan til shakli sheva hisoblanadi. Bir qancha shevalar yig‘indisi lahja deyiladi. Sheva va lahjalar ma’lum bir hududda yashovchi aholining mahalliy so‘zlashuv tilidir (masalan, Toshkent shevasi, Farg‘ona shevasi kabi).
Dostları ilə paylaş: |