9) murid o‘z shayxining barcha takliflarini nazarda tutib, uning
mushkulotini oson qilmog‘i, pandu nasihatlarini bajo keltirmog‘i shart;
10) murid xudo visoli uchun o‘z shayxi yo‘lida butun molu jonini
nisor etmoqqa tayyor turishi, uning do‘stiga do‘st, dushmaniga dushman
bo‘lib yashamog‘i shart
13
.
Ahmad Yassaviy o‘z tariqatini she’riy uslubda «Hikmat» nomli asarida
bayon etgan. Yassaviy ta’limoti kishilar o‘rtasida poklik, halollik, to‘g‘rilik,
mehr-shafqat, o‘z qo‘lining kuchi va peshona teri bilan hayot kechirish orqali
Olloh
visoliga yetish mumkin, degan g‘oyani olg‘a surgan. Yassaviya
ta’limoti ba’zi kishilarning mol-dunyoga hirs qo‘yishini qoralaydi,
kamtarlikka, g‘aribparvarlikka da’vat qiladi. Shunday qilib, Ahmad Yassaviy
Markaziy Osiyoda ilk tasavvuf ilmiga asos solgan, islom dinining
taraqqiyotiga hissa qo‘shgan.
Islom dini taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan yana bir vatandoshimiz
Xorazmning Xivaq shahrida dunyoga kelgan
Najmiddin Kubro (1145–1221)
hisoblanadi. Islomshunoslik ilmida uning ta’limoti kubraviya tariqati nomi
bilan mashhurdir. Yoshligidan
ilmga chanqoq Najmiddin Misr, Eron va
Sharqning boshqa mamlakatlarida tahsil olgan. Uning islom diniga qo‘shgan
hissasi shundaki, zikrni ovoz chiqarmasdan (xufiya) ijro etish usulini
kiritgan. Kubraviya tariqati hadis va shariatga asoslanadi. Bu ta’limotga
ko‘ra, inson o‘z mohiyat-e’tibori bilan kichik olamni tashkil etadi va katta
dunyo bo‘lmish koinotdagi barcha narsalarni o‘zida mujassamlashtiradi.
Ilohiy sifatlar yuqori samoviy doiralarda birin-ketin o‘ziga xos maqomlarda
joylashtirilgani sababli, haqiqat yo‘lini qidiruvchilar bunday yuksaklarga
ko‘tarilib, ilohiy sifatlarga ega bo‘lish, ya’ni kamolotga erishish uchun,
ma’lum riyozatli yo‘llarni bosib o‘tishlari zarur. Buning uchun quyidagi
o‘nta asosga tayanmoq lozim: tavba, zuhd fi-dunyo,
tavakkal, qanoat, uzlat,
mulozamat az-zikr, tavajjuh, sabr, muroqaba va rizo.
Ushbu o‘nta talabning qisqacha mohiyati shundaki, kishi bu dunyo
lazzatlari va mol-dunyoga hirs qo‘yishdan o‘zini tiyishi, sabr-qanoatli bo‘lishi,
o‘zligidan kechib, xudoga muhabbat qo‘yishi, unga cheksiz ishonishi lozim.
Najmiddin Kubrodan qator asarlar meros qolgan. Masalan, «Favo‘ix al-jamol
va favotix al-jalol», «Al-usul al-ashara», «Risolat al-xo‘if al-xa’im min
laumon al-la’im» kabilar shular jumlasidan. Uning yana bir asari – «Risolatun
odob ul-zokirin» («Zikr aytuvchilar odobi haqida risola») fors tilida bizgacha
yetib kelgan bo‘lib, hozir O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
Sharqshunoslik institutining kutubxonasida saqlanmoqda.
13
\ . – >. 136.
155
Najmiddin Kubro tariqati Movarounnahr, Xuroson, Hindiston va
boshqa musulmon xalqlari orasida keng tarqalgan. Uning ta’limoti asosida
kubraviya maktabi vujudga kelgan va deyarli
XV asrgacha tasavvuf
ta’limotini ifodalovchi asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘lgan.
Najmiddin Kubro Urganch shahrini mo‘g‘ul bosqinchlaridan himoya
qilishda shiddatli jangda shahid bo‘lgan. O‘shanda u 70 yoshda bo‘lgan.
Uzoq vaqt mobaynida mo‘g‘ul mustamlakachiligiga qarshi olib
borilgan kurashlar XIV asrning ikkinchi yarmiga kelib Markaziy Osiyoda
sohibqiron Amir Temur boshchiligidagi mustaqillik uchun urushlar
g‘alabasi va Movarounnahrda yagona davlat barpo etilishi bilan
yakunlangan. Islom dini bu davrda Amir Temur va temuriylar siyosatida,
mamlakatdagi ma’naviy birlik, madaniy yuksalish, adolat o‘rnatish va
saqlash ishiga qaratilgan. Islom dini asosida shakllangan tasavvuf, ayniqsa,
naqshbandiya o‘sha davr ma’naviyatining g‘oyaviy asosi bo‘lib xizmat
qilgan. Naqshbandiya islomga tayangan
holda insonning axloqiy poklik,
mehnat va bilim egallashiga keng yo‘l ochib beruvchi g‘oyalarni targ‘ib
qilib, ma’naviy-ijtimoiy hayotda katta ijobiy ahamiyatga ega bo‘lgan.
Bahovuddin Naqshband, Yoqub Charxiy, Xo‘ja Muhammad Porso, Xo‘ja
Akrom kabi naqshbandiya nazariyotchilari shu davrda yashab ijod
etganlar.
Markaziy Osiyoda XIV asrda tasavvuf ilmi sohasida vujudga kelgan
tariqat
Xoja Muhammad Bahovuddin Naqshband (1318–1389)
nomi bilan
bog‘liqdir. Bahovuddin Naqshband 1318 yilda Buxoro yonidagi Qasri
Hinduvon qishlog‘ida tug‘ilgan (keyinchalik Naqshband sharofati bilan
Qasri Orifon deb atala boshlangan).
Naqshband ta’limoti asosida ixtiyoriy faqirlik yotadi. Atoqli
sharqshunos olim YE. E. Bertelsning
yozishicha, u umr bo‘yi dehqonchilik
bilan kun kechirgan va o‘z qishlog‘idagi uncha katta bo‘lmagan yeriga
bug‘doy va mosh eksa-da, uyida hech qanday mol-dunyo va boylik
saqlamagan. Naqshband bo‘yra ustida yotib kun kechirgan va butun umrini
o‘z ixtiyori bilan faqirlikda, yo‘qchilikda o‘tkazgan. Naqshband
tariqatining asl aqidasi – «dil ba yoru, dast ba kor», ya’ni «doimo
ko‘ngling Ollohda, qo‘ling esa ishda bo‘lsin», degan g‘oyani olg‘a suradi.
Naqshbandiya ta’limoti XV asrda Afg‘oniston, Eron, Hindiston singari
musulmon mamlakatlarida keng tarqalgan. Bu ta’limot tarafdorlari
asketizm (tarkidunyochilik)ga, boy-zodagonlarning
zulmi va istibdodiga
qarshi bo‘lganlar, faqat o‘z qo‘l kuchi, peshona teri bilan halol mehnat
qilib kun kechirishga kishilarni chaqirganlar. Ular shu bilan birga savdo-
sotiq, dehqonchilik, hunarmandchilik, badiiy adabiyot, musiqa, ilm-
156
ma’rifat, xattotlik, naqqoshlik, miniaturachilik, quruvchilik kabi barcha
foydali va xayrli yumushlar bilan shug‘ullanishga da’vat etganlar.
Xoja Bahovuddin Naqshbandni Markaziy
Osiyo xalqlari juda yuksak
qadrlaydilar. 1993 yilda mamlakatimizda Bahovuddin Naqshband
tavalludining 675 yilligi keng nishonlanganligi bejiz emas. Naqshbandning
nafaqat diniy, balki dunyoviy hunarlarni ham egallashga da’vat etganligi
mustaqilligimiz taqozo etgan xalq bunyodkorligiga g‘oyaviy madad
bo‘ladi. Shu bois xalqimiz tasavvuf ilmining darg‘alaridan biri bo‘lmish
Xoja Bahovuddin Naqshband ta’limotiga asrlar osha yana murojaat qilishi
tabiiydir. Zero, tarixiy xotirasiz kelajak bo‘lmaydi.
Dostları ilə paylaş: