O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasining
Tahririyat-noshirlik kengashida maqullangan
N-28
Narbekov A. V.
Dinshunoslik asoslari: O‘quv qo‘llanmasi. – T.: O‘zbekiston
Respublikasi IIV Akademiyasi, 2007. – 211 bet.
Qo‘llanma O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi
va amaldagi qonunlari
asosida, diniy siyosatdagi o‘zgarishlar, uning ijtimoiy hayotimizdagi o‘rni va
ahamiyatini hisobga olgan holda tuzildi. Unda dinshunoslik fanining predmeti va
vazifalari, dinning vujudga kelishi, ilk shakllari, davlat, milliy va jahon dinlari
xususida fikr yuritiladi. Shu bilan birga, diniy fundamentalizm va ekstremizm,
ularning maqsad va tahdidi, mamlakatimizda olib borilayotgan diniy siyosat kabi
masalalar batafsil tahlil qilinadi.
IIV
Akademiyasi tinglovchilariga, oliy o‘quv yurtlarining talabalari,
o‘qituvchilari, shuningdek barcha qiziquvchilarga mo‘ljallangan.
BBK 86.3ya73
T a q r i z c h i l a r :
falsafa fanlari nomzodi, dotsent
A. O‘. O‘tamurodov;
tarix fanlari nomzodi, dotsent
E. Q. Arifdjanov
O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi, 2007
SO‘Z BOSHI
Komil insonni tarbiyalash milliy mafkuraning asosiy g‘oyasi va davlat
siyosatining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.
Mazkur vazifani
ijtimoiy hayotga tatbiq etish davlat tashkilotlari, muassasalari va jamoat
birlashmalarining doimiy diqqat markazida turadi. Zero, yosh avlod
nafaqat bizning kelajagimiz, balki hozirgi dolzarb muammolarni hal
etishda ilg‘or g‘oyalar bilan ishtirok etuvchidir.
Ma’lumki, ma’naviy yetuk, bilimli, mustaqil fikrga ega va jismonan
sog‘lom avlodni tarbiyalash ilg‘or maorif tizimi va malakali mutaxassis
kadrlar tomonidan ta’minlanadi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan
islohotlar natijasida ijtimoiy
hayotning turli sohalarida, shu jumladan yosh
avlodga ta’lim-tarbiya berishda katta yutuqlarga erishildi. Maorif sohasida
uzluksiz ta’lim tizimiga o‘tildi. Zamonaviy o‘quv dargohlari qurilib, yangi
texnik vositalar bilan jihozlandi. Ta’lim jarayoni xalqaro tajriba va milliy
mentalitetimizni hisobga olgan holda tashkil etildi. Bilim dargohlari yangi
darsliklar, qo‘llanmalar va o‘quv-metodik materiallar bilan ta’minlandi.
Ushbu o‘quv qo‘llanma respublikamizda olib borilayotgan diniy
siyosatdagi o‘zgarishlar, uning ijtimoiy ahamiyatini hisobga olgan holda
yozildi. Unda
dinshunoslik fanining predmeti, maqsad va vazifalari, yosh
avlodni tarbiyalashdagi o‘rni va ahamiyati to‘g‘risida so‘z boradi. «Din»
tushunchasi, dinning tarkibiy qismlari, vazifalari, vujudga kelish va
jamiyatda saqlanib qolish sabablari, tarixiy davrlarda unga munosabat kabi
masalalar tahlil qilinadi. Mazkur qo‘llanma dinning jaholat, aqidaparastlik,
o‘zgalar fikriga toqatsizlik va ijtimoiy taraqqiyotga to‘sqinlik
qiluvchi
kuch ekanligi haqidagi noto‘g‘ri tasavvurlarga qarshiligi to‘g‘risidagi
ijtimoiy fikrning vujudga kelishiga ko‘maklashadi.
Dinning ilk shakllari insoniyat tarixining dastlabki davrlarida ibtidoiy
odamning dunyoqarashi sifatida vujudga kelgan. O‘sha davrlardan buyon
din insonning tabiiy ehtiyojlari va mayllarini jilovlash vositasi,
madaniyatning rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatgan ijtimoiy ong shakli
hisoblanadi. Ijtimoiy hayotdagi o‘zgarishlar diniy ta’limotda ham o‘ziga
xos jarayonlarni keltirib chiqargan. Ular ta’sirida davlat va milliy dinlar
vujudga kelgan. Qudratli xudolarga sig‘inish va ko‘pxudolik shakllangan.
Xalqlar o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning rivojlanishi, yirik
imperiyalarning paydo bo‘lishi natijasida dinlar davlat va elatlar doirasidan
3
chiqib, umuminsoniy ahamiyat kasb etgan
va shu tariqa jahon dinlari
vujudga kelgan. Lekin diniy qarashlarning rivojlanish jarayoni hozir ham
davom etmoqda.
Mazkur qo‘llanmada jahon dinlari ta’limoti, aqidalari va ma-
rosimlariga ko‘proq e’tibor berilgan. Zero, ular xalqlarning ijtimoiy,
siyosiy va madaniy taraqqiyotiga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Jumladan,
millatlarning urf-odatlari, an’ana va marosimlaridagi umumiylikda jahon
dinlarining ta’sirini yaqqol ko‘rish mumkin. Bu jarayonlar dinlarning
keskin raqobati sharoitida rivojlangan. Hozirgi davrda ular o‘rtasidagi
raqobat global muammo darajasiga ko‘tarildi. Bunga sabab vayronkor
kuchlarning dindan siyosiy manfaatlar yo‘lida foydalanishga intilishidir.
Dunyoviy taraqqiyot yo‘lini tanlagan O‘zbekistonda
dinning ijtimoiy
ahamiyati qayta tiklandi. Diniy konfessiyalarning rasmiy faoliyati uchun
barcha shart-sharoitlar yaratildi. Millatlar o‘rtasida tinchlik, hamjihatlik va
o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlarni shakllantirishda dinlarning
imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda. Bu esa dinning yosh avlodni
ma’naviy tarbiyalash va dunyoqarashini shakllantirishdagi faol ishtiroki
bilan bog‘liq.
Mazkur qo‘llanmani tayyorlashda dinshunoslik fanini IIV Aka-
demiyasida o‘qitish davrida to‘plangan tajriba va materiallardan,
O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlarda chop
etilgan manbalar va ada-
biyotlardan, jumladan 1, 7, 8, 9 va 10-mavzularni yozishda falsafa fanlari
doktori, professor A. Q. Qodirovning materiallaridan unumli foydalanildi.
Shuningdek, respublikamiz oliy o‘quv yurtlari talabalarining dinshunoslik
fanidan muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan olimpiadalarda
to‘plangan ayrim manbalar ham kiritildi.
«Dinshunoslik asoslari» o‘quv qo‘llanmasi mazkur predmetni o‘r-
ganish va o‘qitishdagi tajriba va bilimlarni umumlashtirish natijasidir. Shu
bois muallif kitobxonlarning ushbu qo‘llanma yuzasidan bildirgan
mulohazalarini minnatdorlik bilan qabul qiladi.