Sekta
(mazhab)
– diniy qarashlari va marosimlaridagi tafovutlariga ko‘ra
rasmiy cherkovdan ajralib chiqqan guruh yoki tashkilot. Diniy sektalar,
odatda, davlat hokimiyati va rasmiy cherkovga muxolafatda turadi. Shu bois
sekta a’zolari davlat hokimiyati va rasmiy din vakillari tomonidan ta’qib
qilinishi mumkin. Sektaga a’zolik qat’iy tartibga solinadi, ularning boshqa
tashkilotlar bilan aloqasi cheklanadi yoki taqiqlanadi. Sekta a’zolarining
tengligi e’tirof etiladi. Ular ruhoniylar va dindorlarga bo‘linmaydi.
Xarizmatik marosim
tashkil etilish prinsipi (tamoyili)ga ko‘ra sektaga
o‘xshaydi. Tashkilot o‘tkir zakovat (xarizma)ga ega shaxs atrofida
maslakdoshlarining jipslashuvidan yuzaga keladi. Unda rahbarning shaxsi
ilohiylashtirilib, xudo darajasiga ko‘tariladi. Tashkilot a’zolari o‘rnatilgan
tartib-intizomga qat’iy amal qiladilar. Tashqi aloqalari cheklanadi yoki
butunlay to‘xtatiladi, rahbarga so‘zsiz itoat etiladi.
Hozirgi dinlarda «denominatsiya» (lotincha
denominatio
– boshqa
nom qo‘yish, nomini o‘zgartirish) degan diniy-tashkiliy hodisani ham
kuzatish mumkin. Ilmiy adabiyotda bu hali chuqur o‘rganilmagan. Biroq
denominatsiya hozirgi zamonda buddaviylik, xristianlik, islom va iudaizm
kabi dinlarda katta ahamiyatga ega.
17
Denominatsiya
diniy tashkilotlarning oraliq yoki vositachi shakli
bo‘lib, cherkov va mazhablar oralig‘ida turadi. Uni din falsafasi va din
sotsiologiyasi fanlari o‘rganadi.
Diniy tashkilotlarning yuqorida qayd etilgan tartibda tasniflanishi
shartli ahamiyatga ega. Ijtimoiy hayotda yuz berayotgan murakkab
jarayonlar ta’sirida ularning sifati o‘zgarishi mumkin. Sektalar cherkovga
aylanishi yoki yangi sektalar yuzaga kelishi mumkin. Hozirgi davrda jahon
dini darajasiga ko‘tarilgan dinlarning dastlab sekta sifatida yuzaga kelgani
va uzoq rivojlanish bosqichidan o‘tgani fikrimizning isbotidir.
Mamlakatimizda diniy tashkilotlar O‘zbekiston Respublikasining
«Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi 1998 yil 1 may (yangi
tahrirdagi) qonuni asosida faoliyat yuritadi. Mazkur qonun 1991 yil 14
iyunda qabul qilingan variantidan farq qilib, diniy tashkilotlar faoliyatini
huquqiy jihatdan mukammalroq kafolatlaydi. Dinlar tarkibida, diniy
tashkilotlardan tashqari, turli mazhablar ham muhim o‘rin tutadi. Mazhab
muayyan diniy mafkuraning xususiy ko‘rinishi, ortodoksal, ya’ni
fundamental diniy ideologiyadan qisman farq qiluvchi yoki unga
muxolafatda bo‘lgan diniy maslakdoshlar birlashmasidir. Masalan,
xristianlikda baptistlar, yevangelistlar, kalvinistlar, lyuteranlar, murmonlar
va boshqa diniy sektalar mavjud. Ular rasmiy xristian dinining ayrim
g‘oyalaridan farq qiluvchi diniy tasavvurlarni targ‘ib qiladilar.
Islom dinida ham shunga o‘xshash ismoiliy, zaydiy, nizoriy, druz va
boshqa diniy mazhablar mavjud. Shuni alohida qayd etish joizki, mazhablar
nafaqat sof diniy, balki ko‘pincha siyosiy va huquqiy asosga ham ega
bo‘ladi. Ular ko‘pincha o‘zlarining siyosiy va huquqiy manfaatlarini diniy
niqobda ifoda etadilar. Jamiyatdagi muayyan tabaqaning hukmron siyosiy
tartibdan ijtimoiy noroziligini ochiq ifoda eta olishi uchun yetarli shart-
sharoitlarning mavjud emasligi ham bunga sabab bo‘ladi. Jamiyatdagi
ijtimoiy adolatsizlik, davlatning byurokratlashuvi fuqarolarda norozilikni
shakllantirishi mumkin. Sektalar esa buni diniy qiyofada yoki din vositasida
ham ifoda etishga harakat qiladilar. Bunday urinishlar rivojlana borib,
ochiqdan-ochiq siyosiy tus olishi, diniy davlat qurish da’vosini yuzaga
keltirishi mumkin. Buning oldini olishning yagona yo‘li dunyoviy
qadriyatlarning ustuvorligiga erishish, qonuniylikni mustahkamlash, inson
huquqlari va erkinliklarining ro‘yobga chiqishi uchun real sharoit yaratishdir.
18
Din o‘z mavqei va inson hayotidagi o‘rniga ko‘ra ijtimoiy hayotning
muhim qismi hisoblanadi. Shuning uchun ham u inson va jamiyat hayotida
muhim o‘rin tutadi va ahamiyatiga ko‘ra turli vazifalarni bajaradi. Odatda,
din dunyoqarash, regulyativ, integrativ, kompensatorlik, legitim (qonuniy)
va shu kabi boshqa vazifalarni bajaradi.
Dinning
dunyoqarash
vazifasi shundan iboratki, dindor atrofdagi narsa
va hodisalarni o‘tkinchi deb, ya’ni insonning real hayotdagi faoliyati narigi
(boqiy) dunyo uchun faqat asos, tayyorgarlik deb biladi. Dindor (diniy
dunyoqarashga asoslangan kishi) umr mazmunini narigi dunyoga
tayyorlanish, bu dunyoning azob-uqubatlari va adolatsizliklariga sabr-
qanoat qilish, chidashdan iborat deb hisoblaydi. U o‘limni hech qanday
qo‘rquvsiz qabul qilishi kerak, chunki o‘lim insonning boqiy hayotga
o‘tish yo‘li, deb bilinadi. Dunyoqarash vazifasi shu o‘rinda dinning taskin
berish (kompenatorlik) vazifasi bilan uyg‘unlashib ketadi.
Dinning
kompensatorlik
(lotincha
compensare
– tenglashtirish,
muvozanatlashtirish, to‘ldirish degan ma’nolarni anglatadi) vazifasi
kishilarning hayotini boyitadi, diqqatlarini kundalik muammolardan
boshqa narsalarga jalb qiladi, ularni ovutadi. Mazkur vazifa orqali din
kishilarda ertangi kuniga ishonch tuyg‘usini shakllantiradi. Ularni hayotiy
qiyinchiliklarga taslim bo‘lmaslikka va har qanday sharoitda xudoga
ishonchini yo‘qotmaslikka o‘rgatadi.
Dinning
integrativ
vazifasi jamiyat a’zolarini – ijtimoiy kelib chiqishi,
mavqei, millati kabi xususiyatlaridan qat’i nazar – birlashtiruvchi kuch
ekanligida namoyon bo‘ladi. Integrativ yoki funksionalistik yondashuvning
asoschilaridan biri E.
Dyurkgeymning fikricha, din xuddi yelim kabi
kishilarni umumma’naviy qadriyatlar, e’tiqod, urf-odat va an’analar asosida
birlashtirishga, yaxlit bir majmuaga aylantirishga xizmat qiladi.
E. Dyurkgeym ayniqsa diniy sig‘inish masalasiga alohida e’tibor beradi.
Uningcha, din sig‘inish orqali jamiyatni bir butun qiladi, shaxsni ijtimoiy
hayotga tayyorlaydi va itoat etishga undaydi, ijtimoiy yaxlitlikni mustahkam-
laydi, an’analarni qo‘llab-quvvatlaydi, kishida qanoat hosil qiladi.
Dinning integrativ vazifasi bilan
regulyativlik
(lotincha
reguiare
–
muayyan tartibga bo‘ysundirish, tartibga solish, o‘rnatish degan
ma’nolarni anglatadi) vazifasi uzviydir. Regulyativlik vazifasi diniy xulq-
atvor normalari vositasida ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi, ushbu
normalarni dindorlarning bajarishlarini nazorat qiladi. Bunday normalarga
19
diniy urf-odatlar, marosimlar, an’analar va bayramlarni misol qilib
keltirishimiz mumkin.
Dinning regulyativlik vazifasi dindorlar faoliyatining tartibga solinishi
qonuniylashtirilishini taqozo etadi. Bu esa uning
legitimlik
vazifasini
keltirib chiqaradi. Mazkur vazifani birinchi bo‘lib amerikalik sotsiolog
olim T. Parsons ajratgan. Uning fikricha, muayyan qonuniyliksiz, ya’ni
legitimliksiz hech bir ijtimoiy tizim mavjud bo‘la olmaydi. Legitimlik
vositasida jamiyat a’zolarining xatti-harakatlari muayyan qolipga solinadi,
jamiyatda barqarorlik ta’minlanadi. T. Parsons diniy normalarni jamiyat
taraqqiyoti davomida shakllanib, o‘zgarib va rivojlanib boruvchi boshqa
ijtimoiy normalardan ustun qo‘yadi, chunki diniy normalar jamiyatning
axloqiy-ma’naviy tartibini belgilaydi.
Legitimlik dindorlarning e’tiqod bilan bog‘liq o‘zaro aloqalarini
taqozo etadi. Bu esa uning navbatdagi aloqa vazifasini yuzaga keltiradi.
Dinning aloqa vazifasi dindorlarni diniy mafkura vositasida birlashtiradi.
Shu bilan birga, jamiyat va shaxs o‘rtasida o‘zaro aloqa o‘rnatilishiga
yordam beradi.
Yuqoridagi tahlildan ko‘rinib turibdiki, din o‘z tarkibiga ko‘ra juda
murakkab va rang-barang mazmunga ega. U insonning hissiy-obrazli
faoliyatidan tortib hayot ma’nosini anglashi bilan bog‘liq bo‘lgan yuksak
axloqiy-ma’naviy faoliyati, tafakkuri va ijodiga xos hodisalarni qamrab
oladi. Din tarkibida axloqiy elementlar bilan birga huquqiy va siyosiy
jihatlar ham mavjud. Shu bois dinga faqat axloqiy-ma’naviy hodisa deb
qarash noto‘g‘ri. Unda qonuniylik va uni siyosiy jihatdan
mustahkamlashga qaratilgan ruhiy imkoniyat ham mavjud. Dinning
bunday jihatlarini mazkur qo‘llanmada alohida mavzu tarzida o‘rganamiz.
Dostları ilə paylaş: |