Qadimgi Misrning shahar-davlatlari yagona markazga birlashti-
rilganidan keyin umumdavlat ahamiyatiga
ega xudolar guruhi vujudga
kelgan. Guruhga bosh xudo rahbarlik qilgan. Bosh xudo sifatida Quyosh
xudosi – Amon Ra tan olingan. Miloddan avvalgi III ming yillik
oxirlaridan boshlab Fiva shahrining homiysi Amon Raning bosh xudo
sifatidagi mavqei yanada mustahkamlangan.
Qadimgi Misrda umumdavlat xudolariga sig‘inishning vujudga kelishi
to‘g‘risida turli diniy ta’limotlar mavjud. Ular orasida Geliopol maktabining
ta’limoti alohida ahamiyatga ega. Unda to‘qqizta umumdavlat xudosi haqida
hikoya qilinadi. Ushbu ta’limot «yenneada» deb ataladi. Unga ko‘ra, dastlab
ibtidoiy ummon timsoli sifatida Nun mavjud bo‘lgan. Nundan abadiyat
xudosi – Atum ajralib chiqqan. Atum qanotli ilon qiyofasida tasvirlanadi. U
xudolar – Shu va Tefnutlarni yaratgan. Ulardan xudolar – Geb va Nut
tug‘ilgan. Keyinchalik havo xudosi – Shu osmon ma’budi Nutni yer xudosi –
Gebdan ajratgan. Geb va Nut nikohidan o‘lib-tiriladigan tabiat timsoli,
narigi
dunyo xudosi – Osiris,
hosildorlik, suv va shamol ma’budi – Isida, o‘lgan
odamlar ruhiga homiylik qiluvchi ma’bud – Neftida, cho‘l xudosi – Set
tug‘ilgan. Umumdavlat xudolariga dastlab Atum rahbarlik qilgan. Lekin
hokimiyatga da’vogarlik qiluvchi xudolar bilan raqobatda u quyosh xudosi
Ra (Amon Ra)ga yengilgan. Miloddan avvalgi III ming yillikning oxiri – II
ming yillikning boshlarida Ra o‘z hokimiyatini yanada mustahkamlagan.
Memfis shahri maktabining kosmogonik (grekcha
kosmogonia
–
dunyoning paydo bo‘lishi degan ma’noni anglatadi) ta’limotiga ko‘ra, Ptax
(yaratuvchi xudo, Memfisda o‘liklar xudosi sifatida ulug‘lanadi, u
mumiyolangan odam qiyofasida tasvirlanadi) borliqni va barcha xudolarni
yaratgan. Ptax borliqni so‘z va ijodiy qobiliyati yordamida yaratadi, deb
hisoblangan. Ilohiy iroda uning yuragida paydo bo‘lgan. Xristianlikda ham
borliqning vujudga kelishi to‘g‘risida shunga o‘xshash ta’limot mavjud.
Havariy (apostol) Ioanning yevangeliyasida xudo borliqni so‘z orqali
yaratganligi qayd etilgan.
Qadimgi misrliklar xudolarni qudratli va qasoskor g‘ayritabiiy
mavjudotlar deb bilganlar. Odamlar xudolarga xizmat qilish uchun
yaratilgan, agar ular o‘z burchlarini unutsalar yoki ularni sidqidildan
bajarmasalar, xudolarning g‘azabiga duchor bo‘ladilar, deb hisoblangan.
Shu bois davlat xazinasi va fuqarolar shaxsiy daromadining juda katta
qismi xudolarga bag‘ishlangan, ya’ni ibodatxonalar qurilishi, qurbonliklar
va boshqa ko‘plab diniy marosimlarni bajarishga xarajat qilingan.
Masalan, fir’avn Xufuning maqbara (piramida)si
miloddan avvalgi XXVII
asrda yuz mingdan ortiq kishilar tomonidan 20 yil davomida qurilgan.
44
Xudolar totemizm ta’sirida dastlab asosan xo‘jalikda foydalaniladigan
uy hayvonlari qiyofasida tasvirlangan. Keyinchalik diniy ta’limotning
takomillashib borishi bilan ular odam yoki yarim odam, yarim hayvon
qiyofalarida tasvirlangan. Masalan, Osiris, Isida, Xator kabi xudolar odam
qiyofasida, Gor burgut boshli odam, Set xo‘tik boshli, Tot laylak boshli
mavjudot qiyofalarida tasvirlangan.
Diniy qarashlarda totemizm bilan birga animizmning ta’siri kuchli
bo‘lgan. Bu o‘lgan odamlarni ko‘mish marosimida yaqqol namoyon
bo‘lgan. Rivoyatlarda aytilishicha, odamning ruhi o‘lmaydi. Insonda «Ka»
va «Ba» ruhlari mavjud. Ular turli vazifalarni bajaradilar. «Ka» ruhi odam
vafot etganidan keyin jismda qoladi. «Ba» ruhi esa tanani tark etib, narigi
dunyoda safarini davom ettiradi va oxir-oqibatda ilgarigi jasadga qaytib
keladi. Shundan keyin odam qayta tiriladi va abadiy rohat-farog‘at
hukmron bo‘lgan ilohiy jamiyatda hayotini davom ettiradi.
Odamning qayta tirilishi uchun bir qator vazifalarning hal etilishi talab
qilingan. Birinchi navbatda «Ka» ruhini tanada saqlab qolish kerak
bo‘lgan. Buning uchun marhumning jasadi mumiyolangan. Agar mumiyo
vaqt va tabiat kuchlarining ta’sirida chirib ketsa, qo‘shimcha vosita sifatida
qabrga kishining tasviri chizilgan yoki haykali qo‘yilgan. «Ka» ruhining
tanada saqlanib qolishi «Ba» ruhining narigi dunyoda xudo bilan savol-
javob va turli xavf-xatarlardan muvaffaqiyatli o‘tishiga yordam beradi deb
hisoblangan; ikkinchidan, «Ba» ruhi narigi dunyoda kishining tirikligida
qilgan ishlari uchun xudo oldida javob beradi deb hisoblangan.
Bundan
o‘ta olmasa ruhni ajdaho yutib yuborgan, oqibatda uning narigi dunyodagi
safari yakunlangan. So‘rovdan ijobiy natija bilan o‘tgan ruh esa tanaga
qaytgan va odamning qayta tirilishiga qadar Ialu vodiysi (jannat)ga
tushgan.
Qadimgi Misrda siyosiy hokimiyatning markazlashuvi va davlat
rahbarining cheklanmagan hokimiyatga ega ekanligi jahonda birinchi
bo‘lib yakkaxudolilik ta’limotining yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan.
Miloddan avvalgi XV asrning oxirlarida mamlakatni boshqargan fir’avn
Amenxotep IV (oqsuyak zodagonlar va kohinlarning hokimiyatni undan
tortib olish uchun kurashiga zarba berish maqsadida) diniy islohot
o‘tkazgan. Islohot natijasida ko‘pxudolilik bekor qilingan va yagona xudo
Aton (Quyosh)ga sig‘inish joriy qilingan. Eski ibodatxonalar yopib
qo‘yilgan va ularning mulklari musodara qilingan. Mamlakatning poytaxti
yangi qurilgan Axetaton shahriga ko‘chirilgan. Fir’avn o‘zini Exnaton
(Atonga xush yoqadigan) deb atalgan. Lekin
islohot uchun hali tarixiy
zarurat pishib yetilmagan va jamiyat yakkaxudolikni qabul qilishga ham
45
tayyor bo‘lmagan. U ko‘proq siyosiy ahamiyatga ega bo‘lib, oqsuyak
zodagon va kohinlarning jamiyatdagi iqtisodiy va siyosiy qudratiga zarba
berish maqsadida amalga oshirilgan. Shu bois uning muvaffaqiyatsizlik
bilan tugashi oldindan ma’lum bo‘lgan. Fir’avn vafot etganidan keyin
diniy islohot bekor qilingan va u dahriy deb la’natlangan. Vaqt o‘tishi
bilan avvalgi xudolarga sig‘inish yana qayta tiklangan.
Xulosa sifatida qayd etish kerakki, Qadimgi Misr dinining g‘oyalari
O‘rta dengiz havzasidagi G‘arb va Sharq xalqlari madaniyatining vujudga
kelishi va rivojlanishida juda katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Ruhning
o‘lmasligi, narigi dunyo, kishining xudo oldida javobgarligi va qayta
tirilishi kabi fikrlar keyinchalik mintaqada vujudga kelgan yakkaxudolik
ta’limotlarining g‘oyalari sifatida qabul
qilingan hamda Qadimgi Misr
madaniyatining rivojlanishiga ta’sir etgan. Qadimgi Sharq madaniy
markazlarining ta’sirida O‘rta dengiz havzasida antik (lotincha
antique
–
qadimgi degan ma’noni anglatadi), ya’ni Yunoniston (Gretsiya) va Rim
davlatlarining madaniyati vujudga keldi.
Dostları ilə paylaş: