Diniy tizim deb g‘ayritabiiy kuchga ega, tabiat va jamiyatdagi
hodisalar rivojlanishini belgilaydigan, ishlab chiqarish sohalariga homiylik
qiladigan va ijtimoiy hayotdagi mavqei bilan o‘zaro farq qiladigan qudratli
xudolarning mavjudligiga ishonishga aytiladi.
Qudratli xudolarga sig‘inish diniy tizimning asosini tashkil etsa-da, u
bir qadar kengroq tarkibiy tizimga ega. Bu borada, birinchi navbatda,
ibtidoiy din shakllarining unga ta’sirini hisobga olish talab qilinadi, chunki
yangilik o‘z-o‘zidan vujudga kelmaydi, balki ijtimoiy taraqqiyotni aks
ettiruvchi zanjirning bir halqasi hisoblanadi. Bunda ijtimoiy ong darajasini
ham hisobga olish zarur. Oddiy xalq vujudga kelayotgan yangi diniy
tizimga o‘zining kundalik tasavvurlari, hayot normalari, urf-odatlari va
an’analarini ham olib kiradi. Bu munosabatlar diniy tizimda o‘tmish
qoldiqlarining saqlanishini ta’minlash bilan birga, jamiyatda mustahkamla-
nib qolishiga ko‘maklashadi.
Diniy tizimdagi o‘tmish qoldiqlariga turli xil xurofiy qarashlar,
sehrgarlik usullaridan foydalanish, belgilarga ishonish va shu kabilarni
misol qilib keltirishimiz mumkin. Lekin ularga o‘tmish qoldiqlari deb
e’tiborsizlik bilan munosabatda bo‘lish noto‘g‘ri. O‘tmishdan saqlanib
qolgan ta’sirlar mazmunan keskin o‘zgarib, yangilikning muhim qismiga
aylanishi mumkin. Masalan, ibtidoiy jamiyatdagi ruhlarga sig‘inish diniy
tizimlarda ruhning ko‘chishi (buddaviylikda) va abadiyligi (xristianlik va
islom dinlarida) to‘g‘risidagi aqidalarga asos bo‘ldi. Demak, o‘tmishning
ta’siri nafaqat xurofiy qarashlar misolida yangilikda saqlanib qoladi, balki
uning muhim tarkibiy qismiga aylanishi mumkin.
Diniy tizimning shakllanishida diniy kompleks katta ahamiyatga ega
bo‘lsa ham, eski diniy qarashlardan sifat jihatdan farq qiladi. Uning muhim
farqlaridan biri shundaki, diniy kompleks asosiy va asosiy bo‘lmagan
qismlarga bo‘linmaydi. Ibtidoiy jamiyat qabilasida diniy kompleksning bir
turi boshqalariga nisbatan ko‘proq qo‘llanilsa ham, uning boshqa turlari bu
yerda ahamiyatini yo‘qotgan, degan xulosaga kelish xatodir. Chunki diniy
kompleksning alohida bir turining qabiladagi ustuvorligi nisbiy bo‘lib, u o‘z
38
o‘rnini osonlik bilan boshqasiga bo‘shatib berishi mumkin. Diniy tizimda
xudolar jamiyatdagi mavqei jihatidan guruhlarga bo‘linadi. Har bir
guruhning aniq belgilangan vazifalari mavjud. Qudratli xudolar diniy
tizimning eng yuqori bo‘g‘inini tashkil etadi va ularga boshqa qismlar
bo‘ysundiriladi. G‘ayritabiiy kuchlar o‘rtasidagi munosabatlar sinfiy jamiyat-
dagi kabi quyidan yuqoriga bo‘ysunish tamoyili asosida tashkil etiladi.
Diniy tizimning muhim xususiyatlaridan yana biri diniy tashkilotning
mavjudligidir. Ishlab chiqarish kuchlarining rivojlanishi ta’sirida aholi
punktlari yiriklashib borgan, ma’muriy, hunarmandchilik va savdo-sotiq
markazlari hisoblanuvchi shaharlarning paydo bo‘lishi, diniy ta’limot,
marosim va urf-odatlarning tobora murakkablashuvi kabilar ta’sirida diniy
tashkilotlar – ibodatxonalar vujudga kelgan. Ibodatxonalar dinga aloqador
vazifalarni amalga oshirish bilan birga iqtisodiy, siyosiy va madaniy
markaz sifatida ham faoliyat yuritgan.
Diniy tizimlarda davlat boshlig‘ining mavqei yuqori bo‘lib, uning
shaxsi ilohiylashtirilib, xudo darajasiga ko‘tarilgan. Ta’kidlash joizki,
hukmdorning shaxsini ilohiylashtirish amaliyoti barcha xalqlarda
qo‘llanilmagan. Bu faoliyat ko‘proq siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan.
Davlat tuzumini mustahkamlash yoki barqarorligini ta’minlash maqsadida
aholining ongiga mavjud siyosiy tartib xudoning irodasi bilan vujudga
keltirilgan, hukmdor esa xudoning nazari tushgan shaxs, ya’ni yerdagi
vakili degan g‘oyalar singdirilgan.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, diniy tizim diniy kompleksning
mantiqiy davomi, ijtimoiy taraqqiyotning obyektiv hosilasi sifatida paydo
bo‘lgan. Qudratli xudolarga e’tiqod qilish yangi ijtimoiy-siyosiy
tuzumning mafkurasi vazifasini bajarish bilan birga madaniyatning
rivojlanishiga ham xizmat qilgan.
Insoniyat tarixida ilk diniy tizimlar vujudga kelgan qadimgi
markazlardan biri Mesopotamiya (Ikki daryo oralig‘i)dir. U yerda diniy
tizim miloddan avvalgi IV va III ming yilliklar chegarasida paydo bo‘lgan.
Mesopotamiyada diniy tizimning paydo bo‘lishi va rivojlanishini
o‘rganishda ijtimoiy-siyosiy shart-sharoitlarni hisobga olish talab etiladi.
Mintaqada Qadimgi Sharqning boshqa markazlaridan farqli o‘laroq, ayrim
istilochi hukmdorlar (Sargon, Xammurapi) siyosiy rejimlarini hisobga
olmaganda, kuchli, barqaror, markazlashgan davlat tashkil topmagan.
Mintaqadagi shahar-davlatlar o‘rtasida siyosiy hukmronlik uchun o‘zaro
urushlar to‘xtovsiz davom etgan. Shuning uchun Mesopotamiyadagi
siyosiy vaziyatning o‘ziga xosligi shahar-davlatlar hukmdorlarining
mavqeiga ta’sir etgan. Bu yerda davlat boshliqlarining shaxsi ulug‘lanib,
39
xudolar darajasiga ko‘tarilmagan, ularga «xudoning farzandi», «yerdagi
xudo» degan unvonlar berilmagan. Mahalliy hukmdorlar bosh ruhoniy va
xudo bilan bevosita aloqada bo‘luvchi vakil, diniy marosimlarga rahbarlik
qiluvchi va xalqning iltijolarini xudoga yetkazuvchi vositachi hisoblangan.
Mesopotamiyada davlat boshliqlarini sakrallashtirish (lotincha sacer –
muqaddas degan ma’noni anglatadi)ning o‘ziga xosligi, mintaqada
markazlashgan davlatning tashkil topmaganligi, xudolar o‘rtasidagi o‘zaro
munosabatlarga ham ta’sir etgan. Xudolar o‘zaro siyosiy hukmronlik
uchun keskin kurash va raqobat girdobiga tortilmagan. Shu sababli bo‘lsa
kerak, turli xudolarga sig‘inuvchi aholi tinch-totuvlikda yashagan, haqiqiy
va soxta e’tiqod tarafdorlari o‘rtasida dushmanlik munosabatlari va
to‘qnashuvlar vujudga kelmagan.
Mesopotamiya diniy tizimi ko‘pxudolikka asoslangan. Mintaqadagi
xudolarni, ijtimoiy hayotdagi ahamiyatiga ko‘ra, mahalliy va umumdavlat
xudolariga bo‘lish mumkin.
Mahalliy xudolarga har bir shahar, qishloq va mahallaga homiylik
qiluvchi xudolarni misol qilib keltirishimiz mumkin. Shahar, qishloq va
mahallaning markazida unga homiylik qiluvchi xudoga bag‘ishlab
sajdagoh (zikkurat) qurilgan. U konussimon shakldagi to‘rtburchak bino
bo‘lib, tashqi ko‘rinishidan yuqoriga qarab qisqarib boradigan zinani
eslatadi. Sajdagoh 3–7 qavat qilib pishiq g‘ishtdan qurilgan. Binoning
yuqori qavatlariga zinalar yoki nishab shaklda qurilgan yo‘laklar orqali
ko‘tarilgan. Odatda zikkuratning yuqori qavati osmon jismlari harakatini
kuzatishga mo‘ljallangan observatoriya vazifasini bajargan.
Odamlar homiy xudolariga sig‘inganlar, qurbonliklar qilganlar. Homiy
xudo, qaysi sohaga ixtisoslashganligidan (osmon xudosi, yer xudosi,
hosildorlik xudosi va hokazo) qat’i nazar, undan najot so‘rab murojaat
qilgan odamga ilohiy yordam beradi deb hisoblangan.
Ikki daryo oralig‘i xalqining ijtimoiy ongida umumdavlat xudolari
qadimdan shakllana boshlagan. Afsonalarga ko‘ra, ilk shahar-davlatlar
paydo bo‘lgan davrlarda Shumer panteoni (grekcha pantheioh – barcha
xudolar degan ma’noni anglatadi) vujudga kelgan. Qadimgi Shumer
xudolari odamlardek hayot kechirgan va ko‘paygan. Masalan, osmon
xudosi – An va yer ma’budi – Kidan havo xudosi – Enlil va suv xudosi –
Ea tug‘ilgan. Xudolar o‘zaro murakkab munosabatlarga kirishgan. Bu
munosabatlarga tarixiy davrlar, siyosiy vaziyat va sulolalarning o‘zgarishi
ta’sir etgan.
Shumer xudolariga havo xudosi – Enlil boshchilik qilgan. Uning
hokimiyati rasmiy ahamiyatga ega bo‘lgan. Enlil tenglar orasida birinchi
40
bo‘lgan. Hokimiyatni qo‘lga kiritish uchun uning qarindoshlari bo‘lmish
yetti juft buyuk xudolar o‘zaro kurashganlar. O‘zaro kurashda mag‘lub
bo‘lgan xudo hokimiyatdan chetlatilib, yer ostidagi o‘liklar podsholigiga
badarg‘a qilingan. Xudolar boqiy bo‘lganligi bois yer ostidagi o‘liklar
podsholigiga tushib qolgan xudo uzoq qiyinchiliklar va sinovlardan
o‘tganidan keyin jahannamdan qaytib chiqib, xudolar panteonidagi avvalgi
mavqeini qayta tiklagan yoki vazifasining o‘zgarishi sababli xalq
xotirasidan asta-sekin unutilib ketgan.
Xudolar darajasidagi hokimiyat uchun kurashning natijalari ko‘proq
yerdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat, sulolalarning almashishi yoki shahar-
davlatlar o‘rtasidagi kuchlar nisbatining o‘zgarishiga bog‘liq bo‘lgan.
Mintaqada siyosiy hukmronlikni qo‘lga kiritgan shahar-davlat o‘zining
xudosini bosh xudo deb e’lon qilgan.
Xudolarning ko‘pchiligi antropomorf (grekcha anthropos – odam,
morphe – shakl degan ma’nolarni anglatadi) qiyofada tasvirlangan. Lekin
ularning ayrimlari (suv xudosi – Ea yoki urush xudosi – Nergal) yarim
odam, yarim hayvon (zoomorf) qiyofasida tasvirlangan. Bu ibtidoiy din
shakllari, xususan totemizmning kuchli ta’siridan dalolat beradi. Xudolarni
tasvirlashda hayvonlar qiyofasining saqlanib qolishi bilan birga aholi
hayvonlarga sig‘inishni ham davom ettirgan. Muqaddas hayvonlar orasida
buqa va ilon alohida ulug‘langan. Mesopotamiyaliklar xudolarni «qudratli
buqalar» deb ataganlar. Shuningdek, buqa hosildorlik timsoli va erkaklik
ibtidosi bo‘lgan. Ilon (donishmandlik, uddaburonlik, epchillik timsoli)
ayollik ibtidosi ramzi bo‘lgan.
Ikki daryo oralig‘i xalqlarining diniy ta’limotini aks ettiruvchi
muqaddas bitiklar yaratilmagan, ammo uning asoslari xalq og‘zaki ijodi
namunalari (afsona, doston, rivoyat, matal, ertak kabilar)da bayon qilinadi.
Bizgacha «Dunyoning yaratilishi haqidagi doston», «Aguayoya haqidagi
doston», «Adapa haqidagi doston», «Gilgamesh haqidagi doston» va
boshqalar yetib kelgan. Bu manbalardan Ikki daryo oralig‘ining diniy
tizimi to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlarni olish mumkin.
Ikki daryo oralig‘ining diniy tizimi asrlar davomida rivojlanib,
takomillashib borgan. Bu jarayonda turli qadimgi xalqlarning ishtirok
etishi ham yangi qirralarning ochilishiga xizmat qilgan. Miloddan avvalgi
II ming yillikning boshlarida mintaqada rivojlangan diniy tizim uzil-kesil
shakllangan. Shu davrda Bobil shahar-davlati kuchaygan va uning
hokimiyati Ikki daryo oralig‘iga o‘rnatilgan. Bobil shahrining homiysi
Marduk (olamdagi tartibni ta’minlovchi xudo) bosh xudo sifatida tan
olingan. Afsonalarda qayd etilishicha, Marduk xudolarga qarshi chiqqan
41
maxluq Tiamat (ibtidoiy tartibsizlik timsoli)ni yenggan. Bosh xudoning
o‘zgarishi sababli, xudolar va boshqa g‘ayritabiiy mavjudotlarning
vazifalari qayta ko‘rib chiqilgan. Bobil shahri inqirozga uchraganidan
keyin Marduk ham boshqa qudratli davlatning homiy xudosiga o‘rnini
bo‘shatib bergan. Shu tariqa diniy tizimda o‘zgarishlar davom etgan.
Mesopotamiyada xudolar odamlardek yashaydi deb hisoblangan.
Odamlar hayotidagi o‘zgarishlar xudolar turmushida ham shunga o‘xshash
jarayonlarni vujudga keltirgan. Jamiyatda sinflar va davlatning vujudga
kelishi bilan g‘ayritabiiy kuchga ega mavjudotlar orasida ham tabaqalarga
bo‘linish boshlangan. Diniy tizimda bosh xudo va unga xizmat qiluvchilar
guruhi paydo bo‘lgan. G‘ayritabiiy mavjudotlar ham quyidan yuqoriga
bo‘ysunish (iyerarxiya) prinsipi asosida boshqarilgan. Hanuzgacha
sehrgarlik va folbinlik kabi ibtidoiy din turlari xudolarga xizmat qiluvchi
vositalar sifatida saqlanib qolgan.
Odatda, xudolar sharafiga bag‘ishlangan diniy marosimlarga kohinlar
rahbarlik qilgan. Davlat boshlig‘i ayni paytda bosh kohin vazifasini bajarar
edi. Hukmdorning bosh kohinlik maqomi kohinlarning jamiyatdagi
mavqeini mustahkamladi. Kohinlar ibodatxonalarda yashaganlar,
ibodatxona mulklariga egalik qilganlar va boshqarganlar. Din peshvosi,
ilm sohibi, murabbiy va mulkdor sifatida kohinlarning jamiyatdagi nufuzi
juda baland bo‘lgan.
Ibodatxona diniy vazifalar bilan birga dunyoviy vazifalarni ham
bajargan: katta ekin maydonlari, chorva mollari va yaylovlarga egalik
qilgan; ichki va tashqi savdo ishlarida ishtirok etgan. Uning qoshida
hunarmandchilik ustaxonalari qurilgan. Ibodatxona madaniyat va ma’rifat
markazi vazifasini bajargan. Ularda davlat arxivi, kutubxona va maktab
joylashgan. Maktablarda esa kohinlar muallimlik qilganlar.
Diniy e’tiqodda axloqiy qadriyatlar alohida ahamiyatga ega bo‘lgan.
Kohinlar diniy marosimlarda kishilarni xudolarga shak keltirmaslik, ularni
hurmat qilish, yolg‘on guvohlik bermaslik va yolg‘on gapirmaslik,
o‘g‘rilik qilmaslik, odam o‘ldirmaslik, zino qilmaslik, ota-ona va kattalarni
hurmat qilish, zaif va kambag‘al odamlarga zulm qilmaslik, qarindosh-
urug‘lar orasiga raxna solmaslik, qabiladoshlarga yordam berish, qabila
ishlariga e’tiborsizlik qilmaslik kabi fazilatlarga da’vat etganlar.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, Ikki daryo oralig‘i (Mesopotamiya)
diniy tizimi mintaqadagi ijtimoiy-siyosiy sharoit ta’sirida jamiyat
hayotining barcha jabhalarini qamrab olishga da’vogarlik qilmagan;
jamiyatda din bilan bog‘liq bo‘lmagan munosabatlar, qarashlar va
tartiblarning amal qilishiga to‘sqinlik qilmagan. Diniy tizimning ushbu
42
xususiyati keyinchalik O‘rta dengiz havzasida uning ta’sirida paydo
bo‘lgan madaniyatlarda hurfikrlikning rivojlanishiga qulay shart-sharoit
yaratgan.
Dostları ilə paylaş: |