96-modda. Vakolat muddati tugagach, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
Qonunchilik palatasi va Senati tegishincha yangi chaqiriq Qonunchilik palatasi
va Senati ish boshlaguniga qadar oʻz faoliyatini davom ettirib turadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining
birinchi majlislari tegishincha Qonunchilik palatasiga saylovdan keyin ikki oydan
kechiktirmay va Senat tarkib topganidan keyin bir oydan kechiktirmay Markaziy
saylov komissiyasi tomonidan chaqiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi majlislari
sessiyalar davrida oʻtkaziladi. Sessiyalar, qoida tariqasida, sentyabrning birinchi
ish kunidan boshlab kelgusi yilning iyun oyi oxirgi ish kuniga qadar oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati majlislari zaruratga
qarab, lekin yiliga kamida uch marta oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining majlislari, agar ular
ishida barcha deputatlar, senatorlar umumiy sonining yarmidan koʻpi ishtirok
etayotgan boʻlsa, vakolatli hisoblanadi.
Konstitutsiyaviy qonunlarni qabul qilishda barcha deputatlar, senatorlar
umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etishi shart.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati
majlislarida, shuningdek ularning organlari majlislarida Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti, Bosh vazir, Vazirlar Mahkamasining aʼzolari, Konstitutsiyaviy sud,
Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi raislari, Bosh prokuror, Markaziy bank
boshqaruvining raisi ishtirok etishlari mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy
Majlisining Qonunchilik palatasi va uning organlari majlislarida Senat Raisi,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati va uning organlari majlislarida
Qonunchilik palatasi Spikeri ishtirok etishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati
alohida-alohida majlis oʻtkazadilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining
qoʻshma majlislari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qasamyod qilganda,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining,
ichki va tashqi siyosatining eng muhim masalalari yuzasidan nutq soʻzlaganda,
chet davlatlarning rahbarlari nutq soʻzlaganda oʻtkaziladi. Palatalarning
26
kelishuviga binoan qoʻshma majlislar boshqa masalalar yuzasidan ham
oʻtkazilishi mumkin.