VIII bob. Siyosiy huquqlar 36-modda. O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega. Bunday ishtirok etish o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda shakllantirish, shuningdek davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati vositasida amalga oshiriladi.
Davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish tartibi qonun bilan belgilanadi.
37-modda. O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa egadirlar.
Davlat xizmatini o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar qonun bilan belgilanadi.
38-modda. Fuqarolar o‘z ijtimoiy faolliklarini O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq mitinglar, yig‘ilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqiga ega. Hokimiyat organlari faqat xavfsizlik nuqtai nazaridangina bunday tadbirlar o‘tkazilishini to‘xtatish yoki taqiqlash huquqiga ega.
39-modda. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga egadirlar.
Siyosiy partiyalarda, jamoat birlashmalarida, ommaviy harakatlarda, shuningdek davlat hokimiyati vakillik organlarida ozchilikni tashkil etuvchi muxolifatchi shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qadr-qimmatini hech kim kamsitishi mumkin emas.
40-modda. Har kim bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda davlat organlariga hamda tashkilotlariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga, mansabdor shaxslarga yoki xalq vakillariga arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega.
Arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqilishi shart.
IX bob. Iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlar 41-modda. Har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqli.
Bank operatsiyalarining, omonatlarning va hisobvaraqlarning sir tutilishi, shuningdek meros huquqi qonun bilan kafolatlanadi.