DAVLAT TALABLARI, O‘QUV DASTURLARI, METODIK QO‘LLANMALAR O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MAKTABGACHA TA’LIM VAZIRINING
BUYRUG‘I
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING ILK VA MAKTABGACHA YOSHDAGI BOLALAR RIVOJLANISHIGA QO‘YILADIGAN DAVLAT TALABLARINI TASDIQLASH HAQIDA [O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 3-iyulda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3032] O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-sentabrdagi PQ-3305-son “O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 29-dekabrdagi PQ-2707-son “2017 — 2021-yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. O‘zbekiston Respublikasining ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo‘yiladigan Davlat talablari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Vazir A. ShIN Toshkent sh.,
2018-yil 18-iyun,
1-mh-son
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirining 2018-yil 18-iyundagi 1-mh-son buyrug‘iga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasining ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo‘yiladigan davlat talablari Mazkur O‘zbekiston Respublikasining ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo‘yiladigan davlat talablari (bundan buyon matnda Davlat talablari deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 29-dekabrdagi PQ-2707-son “2017 — 2021-yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 21-noyabrdagi 929-son “O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi to‘g‘risidagi nizomni hamda Maktabgacha ta’lim muassasalari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti ustavini tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan ilk va maktabgacha yoshdagi bolalarni (bundan buyon matnda bolalar deb yuritiladi) har tomonlama rivojlantirish, ta’lim-tarbiya berish, maktab ta’limiga tayyorlash bo‘yicha davlat talablarini belgilaydi.